OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ubay Orifov (1905-1976)

http://www.ziyouz.uz/images/ziyoli/ubay_orifov.jpgOrifov Ubay Orifovich (1905.15.6, Qo‘qon — 1976.24.12, Toshkent) — fizik olim, davlat va jamoat arbobi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1956), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1959). Fizika-matematika fanlari doktori (1954), professor (1956).

O‘zbekiston pedagogika akademiyasini tugatgan (1931). Qo‘qon paxtachilik institutida (1932—34), O‘zDUda (1935—41) ishlagan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti (1945-56, 1963-67), Yadro fizikasi instituti direktori (1956-62, 1967-69), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti (1962— 66), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Elektronika instituti direktori (1966—76)bo‘lib ishlagan.

Ubay Orifovning asosiy ilmiy ishlari fizik elektronika, yadroviy va radiatsion fizika, gelioenergetika, paxta xom ashyosiga dastlabki ishlov berish masalalariga bag‘ishlangan. Ubay Orifov tomonidan fanda hali noma’lum bo‘lgan hodisalar: qattiq jismga atom zarralari ta’sir etganda ro‘y beruvchi ko‘plab murakkab jarayonlar, ikkilamchi ionlar va elektronlarning har xil guruxlarini topish va ajratish, qattiq jismlar sirtining xossalarini o‘zgartirish usullari aniqlangan va shu asosda elektron texnika, mikroelektronika va mashinasozlik materiallariga ishlov berish usullari yaratilgan. U paxtachilik va paxta sanoatining taraqqiyotiga hamda xalq xo‘jaligida quyosh energiyasidan foydalanish muammolariga katta e’tibor berdi.

Ubay Orifov rahbarligidagi tadqiqotlar natijasida urug‘lik va texnik chigitni to‘la tuksizlantirish, ularni saralash va tozalash muammolari hal etildi, quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantirish va geliotexnik qurilmalar yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshiriddi.

Ubay Orifov tashabbusi bilan 1965 yildan boshlab Toshkentda «Geliotexnika» xalqaro jurnali nashr etila boshlandi.

Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Elektronika institutiga va Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi ko‘chalardan biriga uning nomi berilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.