OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abul Bozorov. Ajdodingizni bilasizmi?

O‘zbeklar O‘rta Osiyodagi eng qadimiy xalqlardan sanaladi. Yer yuzidagi barcha millatlar, elatlar, qabilalar singari, o‘zbek ulusi va uning ko‘p sonli urug‘-aymoqlari ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan. Shulardan eng diqqatga sazovori o‘z ajdodlarini — yetti pushtini unutmaslikdir. O‘tmishda o‘zbeklar bobokalonlarining nomlari kelajak avlodlarga ma’lum bo‘lishi uchun shajaralar bitishgan, ota-bobolarini bilmaslik ayb sanalgan. Millatning urf-odati, rasm-rusmini buzganlarni to‘pga qo‘shmaganlar.

Biz mazkur mavzuda o‘quvchiga kengroq tushuncha berish uchun millatimiz tarixiga murojaat qilamiz. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Ahmadali Asqarovning yozishicha, Movarounnahr hududida miloddan burun ham ko‘chmanchi qipchoq-o‘zbeklar elat holida yashashgan. Eramizning dastlabki asrlarida ikki daryo oralig‘iga turk qabilalari kelib joylashib, yerli elatlar bilan birodarlikda istiqomat qila boshlaydilar. Oltinchi asrning yarmiga kelib bu elatlar Shosh, Farg‘ona va Zarafshonning quyi oqimi hamda Buxoro vohasi chegaralarigacha yetib, joylashib olishadi. Bungacha turklar qadimdan Sirdaryo qirg‘oqlaridan Olmaota va Markaziy Yettisuvgacha bo‘lgan yerlarda qipchoq-o‘zbeklar bilan yonma-yon yashab kelganlar. Ikki daryo oralig‘iga ko‘chib o‘tib, muqim yashab qolganlaridan keyin mahalliy xalq bilan aralashib ketadilar va ularni ham o‘troq holda hayot kechirishga odatlantiradilar. Keyin urug‘-aymoqqa bo‘linib yashash taomilga aylanadi. Milliy jihatdan turklashgan yerlilar arablar istilosi davrida ham o‘zlarining qabilachilik urf-odatlarini saqlab, turkiy zabonda gaplashishni tark etmaydilar. Ular o‘z yurtlari va manfaatlarini g‘animdan asrashda hamda turmush osoyishtaligini kelajak avlodlarga yetkazishda birlashish yo‘lini tutganlar.

O‘sha zamondan boshlab so‘g‘d xalqi turk tilida so‘zlashga o‘tgan. Aslida turkiy tilda so‘zlashuvchi qabilalar Sirdaryoning o‘rta, quyi oqimi hamda sharqiy qismida rivoj topgan. Qabila, urug‘ tarkibining eng burungi holatini H. Doniyorovning «O‘zbek xalqining shajara va shevalari» («Fan» nashriyoti, 1968 yil) tadqiqiy asarida ko‘rish mumkin. Muallif bu kitobida urug‘larga ajralib yashashning kelib chiqishidan shunday ma’lumot beradi: «Ko‘chmanchi qipchoq-o‘zbeklar ilk davrlarda turkiy xalqlarning qipchoq guruhiga kiruvchi ming, yuz, qirq, qipchoq (urug‘), nayman, qangli, qiyot, qo‘ng‘irot, mang‘it, o‘yshinlar va kenagas, jaloyir, do‘rman, qutchi, burqut, bahrin kabi urug‘ va qabilalar asosida tashkil topgan bo‘lib, ko‘hna zamonlardan Idil (Volga), Dunay daryolari, Hazar (Kaspiy) dengizi, Orol dengizi, Urol tog‘lari va G‘arbiy Sibirdagi Irtish va Yenisey daryolari hamda Yettisuvda makonlashganlar. Yettisuvda tuzilgan turk hoqonligida, undan keyin markazi qadimiy Yassi yonidagi Sig‘noq (Suvnoq) shahri bo‘lgan Oqo‘rda davlati davrida ham turklar ancha katta mavqega ega bo‘ldilar».

Shunday ulkan hududni egallagan turkiy xalqlarning irqiy turlari va urf-odatlari har xil bo‘lishi tabiiy. Biz mazkur maqolada hozirgi jumhuriyatimiz hududida yashagan, yashayotgan o‘zbeklarning o‘z dasturlari to‘g‘risida so‘z yuritmoqchimiz. Umuman ilmiy manbalarda o‘zbek xalqining 92 qabiladan iborat ekanligi xususida rivoyatlar borligi aytiladi. Bunga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, urug‘larning shartli miqdoridan qat’iy nazar, ularning qabila, urug‘lari nomi bilan ataladigan joylar O‘rta Osiyo jumhuriyatlari va undan tashqaridagi hududlarda hali-hanuz saqlanib qolgan. Tarixchi-etnograf va tilchi olimlarimiz «nasabnoma», shajara va vasiyatnomalarni o‘rganib, tadqiq etib, aniq xulosalar chiqarish yo‘lida ishlamoqdalar.

Yodgorlik nomlar to‘g‘risida gap ketganda Xorazm, Buxoro, Toshkent viloyatlarida Do‘rmon, Qo‘ng‘irot, Qiyot, Mang‘it, Jaloyir, Qutchi, Qipchoq, Boyovut, Qotog‘on, Qolach (Xalach), Og‘ar, Ming kabi qishloqlar shu kunlarda ham o‘sha nomlari bilan yuritilishini aytish kerak. Turkiston kenti atrofidagi elatlarda nayman, qipchoq, qang‘li, org‘in, ming, olchin singari urug‘larning nasllari mavjud. Ming yillik tarixi bor Kungay (Chog‘a) qishlog‘ida esa, mingboy (ming, do‘lonboy, chuvulloq), tog‘ay to‘plaridan bo‘lgan avlodlarning kenja urug‘lari yashamoqdalar. Lekin afsuslanarlisi, shunday ko‘hna tarixga ega bo‘lgan elatlarimizning vakillari o‘z xalqi, avlodi, yurti tarixini, o‘z millatining urf-odatlarini unutish darajasiga yetdilar.

Til millatning millat ekanligini bildiruvchi asosiy belgilardan sanaladi. Keyingi yetmish yil mobaynida u ham obdon bulg‘anib, musaffoligini yo‘qotdi. Xalq orasida ovro‘palashgan, o‘zini o‘ta madaniyatli inson hisoblaydigan, lekin ko‘pchilik o‘rtasida to‘rt og‘iz so‘zni o‘z ona tilida gapirishga qiynaladigan kishilar paydo bo‘ldi.

Men Ittifoqimizning ko‘p joylarida, turli millatlar istiqomat qiladigan shahar va qishloqlarda bo‘lganman. Sizlar ham bo‘lgansiz, albatta. Ammo menga hammasidan o‘zimizning Turkiston xalqlari, ayniqsa, o‘zbek xalqining urf-odatlari, odamgarchiligi ko‘proq yoqadi. Odamlarning o‘z yurtida muqim yashab, unib-o‘sishi, tug‘ishganlari — avlod-ajdodi, yor-do‘stlariga, umuman mo‘minlarga mehribonligi, bobokalonlarini yodda tutishi, ularning ruhlarini shod etishi, kattalarni hurmat qilib, kichiklarga, kambag‘allarga mehr-shafqatli bo‘lishi xalqning otadan bolaga o‘tib kelayotgan azaliy odatlaridir. O‘tmishda xalqimizning odilona, halol, xushchaqchaq kun kechira bilganligini aytmaysizmi! Farzand tug‘ilganidagi, turmush qurgandagi to‘ylar, tabiat uyg‘onishi, hosil pishishi bilan bog‘liq hamda diniy bayramlar juda ham zavqli o‘tgan. Qarindosh-urug‘, quda-anda, yor-birodarlar bir-birlariga mehr-oqibatli bo‘lishgan. Shahar va qishloqlar o‘rtasida do‘stona muloqot, hunarmand bilan dehqonlar o‘rtasida halol munosabatlar qaror topgan. Bozordagi do‘konning ham, uydagi eshikning ham qulfi bo‘lmagan... Bugunga kelib esa bularning hammasi tushda ko‘rgandek g‘oyib bo‘ldi-ketdi.

Nima uchun shunday bo‘ldi? Bu millat evolyutsiyasidagi qonuniy jarayonmi yoki kazarma sotsializmi va zo‘rma-zo‘raki baynalminallikning keyingi yetmish yilda ungan «mevasimi»? Harholda zo‘rma-zo‘raki baynalminallikning «mevasi» bo‘lsa kerak.

Endilikda esa mana shu xatolarni tuzatish, viloyatlarimizning ayrim shahar va qishloqlarida qisman saqlanib qolgan, millatni bezaydigan, qadr-qimmatini oshiradigan, unga o‘ziga xoslik baxsh etadigan go‘zal urf-odatlarimizni aniqlab, keng targ‘ib qilishimiz kerak.

Toshkent viloyatining Xumson kentida 76 yoshli Qudratilla Akram o‘g‘li yashaydi. Mehnat, partiya, Ulug‘ Vatan urushi veterani bo‘lgan Qudratilla aka asli tarix o‘qituvchisi bo‘lib, ancha yillar partiya, sovet idoralarida ishlagan. Bu kishi tug‘ilib o‘sgan Jiydali qishlog‘ida bobokolonlarini bilmaslik ayb hisoblanadi.

— Rahmatliklarning arvohlari shod bo‘lsin, otam Akram, bobolarim Said, Mirzabek, Temur, Davlat, Xolmat, Karimbek deganlar bo‘lgan, — dedi biz bilan suhbatda Qudratilla aka. — Hammalari o‘z tug‘ilgan yerida muqim turib, ziroat va chorva bilan shug‘ullanganlar.

— Ayting-chi, quda-andachilik masalasi qanday hal etilgan?

— Ba’zilar o‘zingdan topilsa, o‘zgaga borma, tarzida, urug‘imiz tarqalib, begonalashib ketmasin deb, qarindosh bilan qiz olib, qiz berishgan. Ochig‘i, bundaylar nasli yaxshi o‘smagan. Biznikilarning aksariyati yot bilan og‘ayinlashgan. Masalan, meni Toshkentning Olmazor mavzeidagi Nurulla xo‘janing qizi Karimaga uylantirishgan. Nurulla xo‘ja G‘ulomjon eshonning o‘g‘li. Avlodlari Toshkentning ilgarigi mashhur qozisi — Olim qozi, mulla A’zam ulamo va Tursunxo‘ja, Toshxo‘jalar kabi hurmatli, obro‘li zotlar bo‘lishgan. Karimaning onasi, mening qaynonam Manzura aya Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romanidagi Yusufbek hojining qizi ekanlar. Yusufbek hojining ayolini — qaynonamni Qinta buvi deyishgan. Shunday qilib, Karima Yusufbek hojiga chevara bo‘ladi. Yusufbek hojining oilasi Kallaxona mavzeida, Katta masjid yonidagi hovlida istiqomat qilgan.

Shukr, olti o‘g‘il, ikki qiz tarbiyalab o‘stirdik. Chetdan kelin oldik. Katta o‘g‘limiz Furqat, kelinimiz Gulchehradan Hasan-Husan, kichik o‘g‘limiz Farhod bilan kelinimiz Ra’nodan Fotima-Zuhralar dunyoga keldi. Jami 17 nevara, 6 chevara, 9 evaralik bo‘ldik, hammasi sog‘-salomat.

Avlodni unutmaslik nasllar, joylar, davrlar tarixini ham aniqlaydi. Avlodlarni unutmaslik, ayniqsa, Janubiy Qozog‘istonda yashovchi o‘zbeklar orasida kuchli. Bu ma’lum darajada qo‘shni xalq urug‘lari turmush tarzi ta’siri natijasi deyish mumkin. Qozoqlarda yetti naslini bilmaslik hozir ham katta ayb hisoblanadi. Janubiy Qozog‘istondagi o‘zbek jamoalarida avvaldan shajara bitish odat bo‘lgan. Turkiston shahridagi Xilvat masjidi imomi Abduqodir va Po‘latxo‘ja, Maqsudxo‘ja, Murot Otaxon o‘g‘li, Olimxo‘ja, Maman maxsum, Tarag‘ay to‘pi, Karimxo‘ja kabi avlodlarning barchasida shajaralar mavjud. Ko‘p oilalarning shajaralari inqilobdan so‘ng, ayniqsa arab alifbosi man etilgan yillarda yo‘q qilingan. Shunga qaramay nomlari og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan avlodlar bor. Shahardagi Chiroqchi to‘pi, Yunus xo‘ja avlodi, Olti og‘a-ini to‘pi, Halimchi xo‘jalar, xonko‘chaliklar, Oltinjilov avlodi kabi urug‘larning uzoq tomirlarigacha ma’lum. Yettiota mavzeida (hozir O‘rtoq mahalla) turuvchi Do‘rman Asqarxo‘ja o‘g‘li 18 bobokalonining nomlarini aytib beradi. Ahmad Yassaviy hikmatlarida tilga olingan, qadimda bog‘-rog‘lari bilan mashhur bo‘lgan Qorachuq rabotidagi Quloy to‘pining ulug‘lari 92 yoshga kirgan Maman mahsumdan ta’lim olib, bobokalonlarining nomini ko‘ngil tumori qilib olganlar. Chog‘a qishlog‘idagi, Uchavlod, Chimir, Ming, Duvlon, Tog‘ay, Iqondagi Abdumavlon, Tursunmuhammad, Allobqorog‘on to‘plarining bugungi ildizlari ham ma’lum. Uchavlodlik Zulfiya opa yetti otasining ismi, kasb-korlarini gapirib berdi.

Shajaraning sharofatidirki, buyuk bobokalonimiz, dunyoga mashhur Ahmad Yassaviyning qariyb 1500 yillik avlodlari ism-shariflari, umr kechirgan joy — qadamjolarini «Nasabnoma»dan bilib oldik.

Yuqorida jumhuriyatimizning ba’zi viloyatlarida shajara bitish kam qo‘llanilgan, dedik. Shunday bo‘lsa-da, ayrim e’tiqodli oilalar o‘tmish avlodlarini yaxshi eslaydi. Masalan, Jizzax viloyatining Baxmal tumani, Bekkeldi qishlog‘idagi 82 yoshli Jahongir bobo olti otasining nomini aytdi. 5 o‘g‘il, 3 qiz o‘stirgan, kelinlari chetdan, 4 nevara kelin tushirgan, 26 nevara, chevara, evara, duvara ko‘rgan.

Samarqand viloyat, Poyariq tumani, Olloyorquduq qishlog‘idagi 68 yoshli kolxozchi To‘raqul aka esa faqat otasi Ali, bobosi Turdiqulning nomini biladi, xolos. Ikki qorin oshgan tug‘ishgani (amakisi) qiziga uylangan.

Qashqadaryo viloyat Chiroqchi tumanidagi So‘liq qishlog‘idan Ismatilla Akram o‘g‘li ikki otadan nariga o‘tolmadi. Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumani «Kegeyli» davlat xo‘jaligidagi Xudoyor Olloyor o‘g‘li ham otasi Olloyor, bobosi Soyit nomini biladi, xolos.

Xulosa qilib aytganda, biz birovni ayblash, kamsitish niyatida emasmiz, shunchaki bor holatni tahlil qilib, fikr-mulohaza yuritmoqdamiz. Bizningcha, avlodlarini bilmaslik, qarindosh-urug‘lari bilan yaqin, aloqada bo‘lmay, tentirab, tarqalib ketishdan bo‘ladi. Bunday oilalarda o‘sgan farzandlar qarindoshlar mehridan mahrum bo‘lib, muqaddas urf-odatlarimizni unutib yuboradilar. Dunyoga yolg‘iz kelganday, umrlari termulib o‘tadi. Turmush mushkulotlari bilan qiynalib, ezilib ketadilar. Burungilar «bo‘linganni bo‘ri yer», deganda shunday kishilarni nazarda tutganlar.

Endi bir necha kalima xalqimiz — millatimizning odat, odobi xususida. O‘zbek xalqining, umuman musulmon olamining odob, axloq, urf-odatlari dunyoning juda ko‘p millatlariga ibrat bo‘larlidir. Bu urf-odatlarning bir qismi qabilachilik davridayoq tarkib topgan. Masalan, kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat bilan qarash, ayollarni ishlatmaslik, halol mehnat qilish, xiyonat, o‘g‘rilik qilmaslik va boshqa yaxshi odatlar xalqimizda qadim-qadim zamonlardan beri mavjud.

Movarounnahr xalqlarining ma’naviy kamolatida Islom dinining ta’siri kuchli bo‘ldi. Qur’oni karimda ota-onaga oq bo‘lmasdan (yuzi qora bo‘lmasdan), ularning roziligini olish, qarindosh-urug‘chilik rishtalarini mahkam tutish va boshqa mo‘min-musulmonlar bilan mehr-oqibatli bo‘lish ta’kidlanadi. Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yurgan, odamlar ichida fitna-fasod qo‘zg‘ash, iymon-e’tiqod yo‘llariga to‘sqinlik qilish va boshqa buzuq ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish qoralanadi.

Hadisda: «Odamlarga yaxshilik qilish va qarindoshlar bilan yaqin aloqada bo‘lib, hol-ahvol so‘rashib turish — bu, savobi tez tegadigan xayrli ishlardandir. Odamlarga keng yurakli bo‘linglar. Zotu nasablaringni yaxshi tanib olinglar, toki qarindoshlar bilan aloqa yaxshi bo‘lsin. O‘z yaqinlariga muruvvatli bo‘lmasa, uning yaqinligidan foyda yo‘q, o‘zi uzoq turgani bilan muruvvatli bo‘lsa, uzoqligining zarari yo‘q», deyilgan

O‘tgan asrda chop etilgan «Saodati turk» kitobining «Bolani tarbiya qilmoq» bobida shunday deyiladi: «Farzandingga ozor berma, ammo badxo‘ylikka o‘rgatma. Farzandga ilm, odob o‘rgatmak, yaxshi ta’lim bermak lozim».

...Bola kattalar orasiga bormasin, o‘tirmasin, o‘smir ayollar, qizlarga qaramasin. Farzand ota-onasidan beruxsat safarga otlanmag‘ay. Farzand hajga borishdan ma’no qilsa (xohlasa), to‘xtatmoq (ota-ona ruxsat etmasa) durust, va lekin, ilm o‘rganmoq uchun beijoz (ruxsatsiz) safar qilsa, joizdir». Shu kitobning «Nikoh to‘g‘risida»gi bobida yana aytiladiki, «Durust ermaski, og‘ayindan — xeshdan qiz (kelin) olmoqlik. Ondog‘ qilinsa, farzand ojiz bo‘lg‘ay». («Saodati turk», 284-bet.)

Yaqinda Andijon viloyatining Baliqchi nohiyasida istiqomat qiluvchi O‘g‘ilxon Ro‘ziqulova degan ajoyib ayol bilan hamsuhbat bo‘lib qoldim. Saksonni qoralab qolgan, avvallar davlat idoralarida ham ishlab, el-yurt orasida ko‘p yurgan bu ayoldan oilaviy atamalarni so‘radim. Kelinlar bir-birlarini «ovsin», uydagi katta qiz — ayolni «egachi», «otin-opa», qaynog‘ani — «mullaka», «kattaka» deb nomlasharkan. Qayin singil, qayin ukalarni «kenjatoy», «mullabacha», «to‘rajon», «suluv qiz», «qorasoch», «poshshoqiz», deya chaqirarkan.

O‘g‘ilxon ayadan yana shuni bildimki, farzandga otasining aka-ukasi «amaki», onasining opa-singlisi «xola», otaning opa-singlisi «amma» hisoblanarkan. Aka-ukalarning farzandlari bir-birlariga amakivachcha, opa-singilning bolalari bir-birlariga «bo‘la» bo‘larkan. Farzand otasining aka-uka, opa-singillariga jiyan, otaning aka-ukasi unga tog‘a atalarkan. Kuyov qallig‘ining singlisini «boldiz» desa, boldizi uni «yazna» (turkistoncha) — pochcha deyar ekan. Bir oila, bir avloddan ikki qizga uylangan yigitlar bir-biriga «boja» bo‘lar ekan.

— Endi unashish, quda-andachilikka kelsak, «qaychi quda», «qarshi quda» deganlarimiz bor, — deb so‘zini davom etkazdi O‘g‘ilxon aya. — «Qaychi quda» — o‘sha uy, urug‘dan, avloddan yigit tomonga yana bir kelin olinsa, «qarshi quda» — ikkala tomon qiz berib, qiz olishsa aytiladi. «Ich kuyov — it kuyov» degani ham bor. Bu, kelinni uzatib olmay, kuyov kelib-ketib yursa yoki qaynotasinikida muqim yashasa aytiladi. Bundayi juda kam uchraydi. «It kuyov» degani nomusdan aytilgani.

Suhbatimiz oxirida O‘g‘ilxon ayaning o‘z avlodi bilan qiziqdim. Ota tomondan bobosi Pirmat ota 84 yoshida vafot etgan. Ona tomondan bobosi Normat bobo 96 yoshida dunyodan o‘tgan. Onasi O‘lug‘cha bibi 104 yoshga yetgan, hayotlar. Ammasi Risolat bibi 106 yoshda, hali tetik. O‘zi to‘rt o‘g‘il, ikki qiz ko‘rib, tarbiyalab katta qilgan. 25 nevara, 5 chevaralik bo‘lganlar. Endi avara ko‘ryaptilar. «Duvara, begonalarni ko‘rolmasmiz», deb qo‘yadi.

— Begona nima degani, deb so‘radim.

— Begona, nima desam ekan, uzoqlashgan, yetti avlodday bo‘lib ketadi-da.

Maqolamizning yakunida xalqimizning yana ayrim urf-odatlari xususida to‘xtalmoqchiman. Ilgari jumhuriyatimizda yerli xalq juda to‘kin, osoyishta yashagan. Shaharda hunarmand, savdogarlar, qishloqda dehqonlar, chorvadorlar istiqomat qilganlir. Xotin-qizlar ishlamaganlar. Shahar va qishloqlarda ro‘zg‘orni erkaklar tebratgan, oziq-ovqat to‘kin bo‘lgan. Aholining aksariyat qismi o‘troq hayot kechiruvchi xalq bo‘lganidan tinch-totuv yashaganlar. Kishilar o‘rtasida o‘zaro ishonch, haqgo‘ylik, halollik hukm surgan. Hovlilarning darvozalari qulf nimaligini bilmagan.

Ma’rakalar, to‘ylar bayramona o‘tkazilgan. Shahar maydonlarida sayllar bo‘lib, polvonlar, chavandozlar, masxarabozlar, ko‘z bog‘lovchilar tomoshalar ko‘rsatishgan. Mehmonxona, choyxonalarni mashshoqlar, hofizlar obod qilishgan. Yigitlar gap, to‘kmalarda yurganlar. Qishloqlarda jo‘rabo‘za, kurash, qo‘chqor urishtirish, ko‘pkari, poyga, qovun sayili davom etgan. Bug‘doy, tariq, jo‘xori va boshqa ekinlarni o‘rishda hashar to‘ylari qilishgan. Shahar va qishloqlarda hayit, ro‘za iftori, xatim, xudoyi, halim, sumalak yig‘inlariga taklifsiz jamoa bo‘lib kelishgan. Machitlarda qovm (jamoa) muammolari va tartibotdan maslahatlar qilinib turilgan. Qish kechalari mahalla, guzarlarda kitobxonlik bo‘lib, unda «Hikmat», «Rustam-doston», «Amirramza», «Bedil», «Boqirg‘oniy», «So‘fi Olloyor», «Mashrab» kabi kitoblar tinglangan. Xotin-qizlar o‘z iffati, jamoli va nazokatini saqlab, ichkarida uy-ro‘zg‘or yumushlarini bajargan. «Qiz oqshomi», «Kelin tushdi», «Beshik to‘yi», «Qutlug‘ bo‘lsin» o‘tkazganlar.

Har viloyatda o‘z odatlaricha sayillar o‘tkazilgan. Buxoroda «Navro‘z», «Guli siyoh», hayit sayillari, «Mushkulkushod», «Oshiseshanba» ma’rakalari rasm bo‘lgan. Bunday hayit, sayil, ma’rakalarga xaloyiq yig‘ilib, do‘stlik, birlik o‘z-o‘zidan tug‘ilardi. Qani endi, o‘sha urf-odatlar tiklanib, mehribonlik oshsa...

Qisqasi, bizda bunday ajoyib odatlar va rasm-rusmlar juda ko‘p bo‘lib, xalqimizning katta ma’naviy mulki sanaladi. Bu mulkni ko‘z qorachig‘iday asrab, ko‘paytirib, kelajak avlodlarga meros qilib qoldirish o‘z xalqining farzandi bo‘lgan har bir insonning shon-sharaf ishidir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1991 yil, 11-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.