Tug‘uruqxona eshigi oldiga kelayotgan limuzinlarning keti uzilmaydi. "Mersedes" va boshqa mashhur rusumdagi mashinalardan tasvirchi, suratkash, to‘y yoki bazmga kelgandek yasan-tusanni joyiga qo‘ygan ayollar, ota bo‘lmish va uning jo‘ralari qimmatbaho sovg‘alar, guldastalar bilan tushishadi. Tug‘uruqxona hovlisida ular yosh ona bilan chaqaloqni kutishadi. Nihoyat, ular chiqa boshlagach, tasvirchi va suratkash tug‘uruqxona ichiga yugurishadi. Zarrin matoli yo‘rgaklarga o‘ralgan chaqaloq har turga solinib, ona-bola ikkisi tasvirga olinadi.
Derazadan bu holatni kuzatarkanman, "ahvol shunday davom etsa, to‘lg‘oqdan tortib to tug‘ish jarayonlarigacha "esdalik uchun" tasvirga tushirtirib qo‘yadigan odatlar chiqmasaydi..." deb o‘yga toldim.
Rasmiyatchiliklar tugagach, qarsaklar ostida "qahramonlar" chiqib kelishadi: kechagina ikki dunyo o‘rtasida jon talashgan, yuzi siniqqan onani tabriklash boshlanadi; ota bo‘lmishni ham jo‘ralari quchoqlashib, muborakbod etishadi.
Bu manzaralarni tepadan tomosha qilib turgan ayollar o‘zaro suhbatga kirishishadi: "Men ham limuzinda chiqaman, erim qaerdan bo‘lsa ham topib keladi, tug‘ib berganimdan keyin arzimabmanmi?!"; "Men ham erimga limuzin deyaverib, yaxshigina dakki eshitib oldim"; "Ikkita qizdan keyin o‘g‘il tug‘ib berayotganim uchun ham shunday qildirmasam!.."
O‘zimcha pichirlayman: "Ayollarimizga nima bo‘lyapti o‘zi?! Qanday orzular bilan yashashyapti? Berilajak farzandlar xoh qiz, xoh o‘g‘il bo‘lsin, yolg‘iz Parvardigor izni-irodasi bilan bo‘lishini nahotki unutishsa?.. Nahot ayni bu og‘ir kezlarda ular o‘z takdirlarini, farzandlari hayotini o‘ylamasdan, yarim soatlik dabdaba og‘ushida kelajakka razm solishsa? To‘lg‘oq oson kechishi, farzand saodati uchun Alloh taologa duo qilish o‘rniga, bu bachkana holatlarni orzulash... Qalblarimizni shunchalar g‘aflat bosganmi?"
Ma’lum bo‘lishicha, ijaraga yollanayotgan limuzin va mersedeslar uchun soatiga ellik dollardan ikki yuz dollargacha, hatto undan ham ortiq haq to‘lanar ekan. Kundan-kun urf bo‘layotgan bunday dabdabalar kimga va nimaga kerak? Bu narsa bizning orzu-havaslarimizmi? Agar shunday bo‘lsa, bu kabi istaklarimiz bizlarni nimalarga yetaklamaydi deysiz?! Bunday dabdabayu mashmashalardan kimningdir qalbi quvonsa, yana kimningdir ko‘ngli ozor topadi-ku. Tug‘uruqxonada bir qancha ayollar farzand umidida yillab davolanib yotishadi. Barchasining ko‘ngli yarim, dili mahzun. Ular farzandlarini ko‘z-ko‘z qilib, dang‘ir-dung‘ur bilan ketayotgan ayollarga qarab o‘kinmaydi, yig‘lamaydi, ezilmaydi deysizmi?! O‘zim bir qanchasining yostiqqa yuzini bosib yig‘aganiga guvoh bo‘ldim. Alam zo‘ridan dod solib: "Mendan barcha dunyoni ol, Rabbim, faqat, meni tirnoqqa zor qilma!" deya nola chekayotganlari qancha.
Hamma narsaning me’yori bor. Ammo ko‘pchilik bu dabdabalarni "yangi mehmonning hurmati" deb izohlashadi. Hurmat boshqacha bo‘lsa, ya’ni, bir necha kunlik, hatto oylik foydali ishlar bilan bo‘lsa, yaxshi emasmi?! Jumladan, sizu bizga quvonch hadya etgan ona-bolaga yaxshi parvarish, yaxshi dam olish, yaxshi yemaklar berish, yaxshi kiyim va sovg‘alar qilish. Bu hurmat emasmi? Me’yorini bilsak, o‘sha bir kunlik dabdabaga ketgan pul, inshaalloh, bir yilga yetadi.
Anchayin urfga aylanib ulgurgan bu kabi salbiy holatlar uchun ko‘proq ayollarimiz mas’ul. Bunday ortiqcha sarf-xarajatlar o‘rniga turmushga uzatilayotgan yoxud uzatgan qizlarimizni onalikka tayyorlash, sarishta ayol bo‘lishlari uchun zamin hozirlashimiz ayni muddao emasmi?! Turmushga uzatilayotgan qizlarimizning ma’naviy tarbiyasini puxta qilsak, oldimizda turgan bir qancha muammolarga yechim topilardi.
Qancha-qancha vaqtimizni behuda ishlarga sarflaganimiz bois eng zarur ishlarimizga ham vaqt topolmay qolamiz. Qizlarimiz hozirgi kun san’atkorlari hayotini, liboslar modasini, teleseriallar qahramonlarining taqdirini miridan sirigacha bilishadi. Ularga taqlid qilishadi. Ammo oddiygina axloq-odobdan mahrum, ro‘zg‘or sirlarini bilishmaydi. Dunyo matohlariga berilib ketganimizdan qalb tarbiyasini unutganmiz. Jismimizni, ko‘zlarimizni "to‘ydirish" uchun tinim bilmaymiz, ruhiyatimiz qashshoqlashib borayotgani bilan ishimiz yo‘q. Ziynatsiz qalbda o‘tkinchi dunyoning ma’nisiz orzu-havaslari urchiydi. Bu hol jamiyatga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ayollarimizning: "U qilganida, men qilolmaymanmi?"; "Undan nimam kam?"; "U qildi-yu, biz qilmasak, qizimizning ko‘ngli o‘ksiydi, qaynona-qaynotasi oldida yuzimiz shuvut bo‘lsinmi?"; "Birinchi nevaramiz uchun qilsak qilibmiz-da!" qabilidagi "oqlovlari" erlarni tobora ko‘proq pul topishga majbur qiladi. Bu majburiyatlar ostida ming qiyinchiliklar bilan pul topib, ayollarimiz, qizlarimiz "intiqib kutgan" kunga "limuzin"u "mers"larni muhayyo qilishadi. Bunday istaklarimiz vaqt o‘tib o‘z-o‘zidan urfga, urf esa zalolatga aylanadi. Gunohga botiradi. Kichik-kichik gunohlarimiz ulkan gunohlarga sabab bo‘lishini unutib qo‘yamiz.
Aziz, muhtarama ayollarimiz, bir narsa esimizda tursin: bezatilgan "limuzin"u "mers"lar hech birimizni jannatga olib kirolmaydi, aksincha chiroyli amallar, savob ishlar evazigagina u yerga kira olamiz.
Noila Xolmuhammad
«Hidoyat» jurnalining 2006 yil 1-sonidan olindi.