— Oyi, — yalindi Shahzod, — do‘konimizga «Robinzon Kruzo» kitobi kelibdi. Olib bering.
— Qancha turarkan? — so‘radi oyisi ensasi qotib.
— Bir yarim ming so‘m.
— Voy-buy, yana besh yuz so‘m qo‘shsam oyog‘ingga kalish beradi. Qish bo‘yi maza qilib kiyasan. Kitob qorningni to‘ydirmaydi. O‘qimasang o‘sha Robinzon o‘lgur sendan xafa ham bo‘lmaydi, — jahli chiqib ketdi onasining. — O‘rtog‘imning oyisi olib berdi-ku.
— Ularning puli ko‘pdir. Juda o‘qiging kelsa, o‘rtog‘ingdan olib o‘qiyverasan. Biz ham kutubxonadan olib o‘qirdik.
— Kutubxonamizda unaqa kitob yo‘q, — xo‘rsindi bola.
***
— Aziz, qara, senga nima olib keldim, — qo‘lidagi kitobni ko‘z-ko‘zladi ona.
— E, men sizga «Brat»nimi yoki «Brigada»nimi kassetasini olib keling degandim-ku, — hafsalasi pir bo‘ldi Azizning.
— Nima, kitob kassetadan yomonmi?
— Shunday katta kitobni o‘qishga vaqtim bormi, shundog‘am darsim boshimdan oshib yotibdi. Video esa boshqa gap...
***
Poytaxtimizdagi «Sharq ziyokori» kitob do‘konida kitoblarni ko‘rayotgandim. Do‘konga oddiy to‘nda, eskigina xalta ko‘tarib olgan o‘rta yoshlardagi kishi kirib keldi. Navoiy, Defo, Svift, Said Ahmad, Odil Yoqubovning asarlarini, jami 17000 so‘mlik kitob xarid qildi.
— Amaki, shuncha kitobni o‘qimoqchimisiz, — hayratimni yashirmay so‘radim undan.
— Ha, bolam, o‘qiymiz, aniqrog‘i, menmas, qizlarim o‘qiydi. Kitob ularning jonu dili. Maktabidagi hamma kitobni o‘qib bo‘lgan. Shuning uchun har uch oyda kelib, shu yerdan yangi kitoblar olib ketaman.
— Uzoqda yashaysizmi?
— G‘allaoroldan kelaman.
— O‘-hu, uyingiz kitobga to‘lib ketgandir-a?
— Yo‘q, bolam, kitobni o‘qib bo‘lib, maktab kutubxonasiga topshiramiz. Boshqa bolalarning ham o‘qigisi keladi-da.
— Shuncha kitobga pulni qaerdan olasiz?
— Ro‘zg‘ordan tejaymiz. Ba’zilarning g‘ashi keladi, shu pulga tuzukroq kiyim olib kiymaysizlarmi, deb. Bilsangiz, men bugun sarf qilgan bu pullar kelgusida o‘n hissa bo‘lib qaytishiga ko‘zim yetgani uchun shunday qilaman. Negaki, kitob o‘qib katta bo‘lgan bola yaxshi inson bo‘lib yetishadi. Ota-onasiga ham, yurtiga ham foyda keltiradi, — amaki eshikni qanday ohista ochgan bo‘lsa, yana shunday ohista yopib chiqib ketdi.
Men bu kishini ilgari ham qaerdadir ko‘rgandayman. Ha, esladim. U g‘allaorollik yosh ijodkor Lola Esonovaning otasi. Bir-ikki marta qizini tahririyatga yetaklab kelgandi. O‘shanda Lolaning qaysidir ko‘rik-tanlovda ishtirok etayotgani bahonai sabab bo‘lib, poytaxtga yo‘li tushgan ekan. «Qizimning she’rlari bilan tanishib, quvongan shoir Sirojiddin Sayyid unga Lola Ehson, deb taxallus qo‘yib berdi», degandi o‘shanda to‘lqinlanib. Keyinchalik Lolani respublika ijodkor yoshlarining qator anjumanlarida ham uchratadigan bo‘ldim...
***
Bu voqealarni kuzatib, qulog‘imga tez-tez chalinadigan «bolalar kitob o‘qimay qo‘ydi» degan gapning nechog‘lik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini, bola kitob o‘qimasligining asl sababini bilgim keldi.
Chindan ham bolalarning kitobdan sovigani rostmi? Rost bo‘lsa, asosiy aybdor kim? Ota-onami? Bolami? Yetarli kitob zahirasiga ega bo‘lmagan kutubxonami yoki o‘quvchini badiiy asar o‘qishga qiziqtira olmagan adabiyot muallimi yoki kutubxonachimi? Balki kitobxon talabini, ehtiyojini yetarlicha o‘rganolmagan nashriyotlardir?
O‘quvchilarda kitobga muhabbat uyg‘otish, ularning kitobxonligini oshirishda avvalo, oilaning, qolaversa, kutubxonaning roli katta, deb o‘ylayman. Fikrimni tasdiqlash maqsadida maktablardagi kutubxonalar faoliyati bilan qiziqdim. Men borgan poytaxtimizdagi 59-maktab Xitoy va koreys tillariga ixtisoslashgan ta’lim o‘choqlaridan hisoblanadi. Maktab direktori Faxriddin Shamsiev maqsadimni anglagach, meni kutubxonachi Dilfuza Muhiddinovaga uchrashtirdi.
— Kutubxonamiz jami 13056 dona kitob fondiga ega, — deya so‘z boshlaydi Dilfuza opa. Bunda darsliklardan tortib, badiiy nashrlar, xitoy va koreys tilidagi adabiyotlar hamda turli yo‘nalishdagi kitoblar mavjud. Shundan 419 tasini badiiy adabiyotlar tashkil etadi. Maktabimizda 870 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Ularning 560 nafari kutubxonaga a’zo.
Suhbatimiz shu joyga kelganda maktab qo‘ng‘irog‘i jiringlab, o‘quvchilarni tanaffusga chorladi. Bir zumdan so‘ng kutubxona ichi kitob so‘rab kelgan o‘quvchilar bilan to‘ldi. Bo‘y-bastiga qarab, ularning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ekanligini ilg‘ash qiyin emasdi. Shuningdek, ular orasida 5-7-sinf oralig‘idagi o‘quvchilar ham bor edi. Ularni zimdan kuzatdim: o‘quvchilarning kitob o‘qishga ishtiyoqi chakki emas. Kutubxonachi opani holi-joniga qo‘yishmayapti. Lekin, negadir ular orasida yuqori sinf o‘quvchilari ko‘rinmaydi? Yo dars mashg‘ulotlarining ko‘pligidan vaqtlari bo‘lmayaptimikin, ularning? Buyog‘i oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlik ko‘rish, deganday...
Savollarimga aniqlik kiritish maqsadida Dilfuza opaga yuzlanaman:
— Yuqori sinf o‘quvchilari ham kutubxonaga tez-tez kirib turishadimi?
— Bilasizmi, — deydi Dilfuza opa kulib, — yuqori sinf o‘quvchilarining aksariyati go‘yoki o‘zlarini yettinchi osmonda suzib yurganday his qilishadi. Hozir ularning his-tuyg‘ulari jo‘sh urgan, ko‘rgan narsasiga taqlid qiladigan, o‘zlariga o‘zlari mahliyo bo‘ladigan bir payti. Lekin, ulardagi kitobxonlikning susayishiga bular asosiy sabab bo‘la olmaydi. Misol uchun, 11-sinfdagi 29 nafar o‘quvchidan bor-yo‘g‘i 3-4 nafarigina kutubxonaga a’zo. Nega, deganda, ular o‘zlariga kerakli kitoblarni kutubxonadan topa olishmaydi. Ya’ni, lotin alifbosida chop etilgan badiiy adabiyotlarning aksariyati 7-8-sinfgacha bo‘lgan yoshdagi o‘quvchilarga mo‘ljallangan. Yuqori sinf o‘quvchilari uchun esa sanoqli asarlar bor. Oybekning «Navoiy» romani, Cho‘lponning «Kecha va kunduz»i, G‘afur G‘ulomning «Yodgor» qissasi, Pirimqul Qodirovning asarlari...
— O‘quvchilarda kitobga mehr uyg‘otishda kutubxonachining o‘rni katta. Bu borada siz qanday ishlar qilyapsiz?
— Tez-tez yozuvchi-shoirlarni maktabimizga taklif qilamiz. O‘quvchilarni qiziqtirgan asarlar mualliflari bilan uchrashuvlar o‘tkazamiz. Albatta, bu yaxshi samara beradi.
— Kutubxonachilik ishi juda mashaqqatli, — deydi Dilfuza opa. — Kitoblarni hujjatlashtirish, darsliklarni taqsimlash, ijara darsliklarining hisob-kitobi. Kutubxonachilik bilan birga 14 soat mehnatdan dars ham beraman. Yaqinda bir voqeaga duch keldim Kitobxonlik kartochkasi yetishmayotgandi. Tuman XTBga yangi kartochka so‘rab borsam, kutubxonashunoslik bo‘limidagilar anavi yerda donasi 25 so‘mdan turibdi, sotib ola qoling, — deb bamaylixotir javob berishdi. Sizga aytsam, mana shunday yechimi topilmagan holatlar ham uchrab turadi. Nachora, yo‘qdan ko‘ra, bitirib ketgan o‘quvchilarning eski kartochkalariga qog‘oz yopishtirib, yangisini yasab qo‘ya qolamiz.
***
Kerakli kitobini maktab kutubxonasidan topolmagan o‘quvchi uni kitob rastalaridan qidiradi. Rastalarda esa bu kitoblar bormikan? Bugun o‘quvchilar qaysi kitoblarga ehtiyoj sezmoqda? Shuningdek, kitoblarning narxlari maktab o‘quvchisiga og‘irlik qilmayaptimi? Bu haqda poytaxtimizdagi kitob rastalarida savdo qilayotgan sotuvchilarning fikrlari bilan qiziqdik.
Mavluda G‘oziyeva: — Hozir rastalarimizda yaxshi sotilayotgan kitoblarning asosiy qismini badiiy adabiyotlar tashkil etadi. Keyingi paytda «Sharq» nashriyot-matbaa AK «Asr oshgan asarlar» rukni ostida bir qancha asarlarni, jumladan, Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlarini, Cho‘lponning «Kecha va kunduz», Oybekning «Navoiy», Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» asarlarining har birini 10000 nusxada kitobxonlar e’tiboriga havola etdi. Bu nashrlar lotin alifbosida chop etilganligi bilan yosh kitobxonlarga qulaylik tug‘dirmoqda. Shuningdek, nashriyotning «Jahon sarguzasht adabiyoti» ruknida chiqarayotgan kitoblari — Jyul Vernning «O‘n besh yoshli kapitan», «Kapitan Grand bolalari» asarlari, qolaversa, Oybekning «Bolalik», D.Defoning «Robinzon Kruzo», Abdulla Qahhorning «O‘tmishdan ertaklar» asarlari ham 5000 nusxada lotin alifbosida maktab o‘quvchilari uchun sevimli tortiq bo‘ldi.
O‘quvchi-yoshlarimiz bizdan Alisher Navoiyning 1997 yilda chop etilgan mukammal asarlar to‘plamini (1-20 tomgacha), Munavvar Qori, Fitrat, Cho‘lpon singari istiqlol fidoyilarining tanlangan asarlar to‘plamlarini ko‘p so‘rab kelishadi. Alisher Navoiyning mukammal asarlar to‘plami ancha taqchil. Izohli lug‘at, ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar yo‘q, desa ham bo‘ladi. Ular yana qayta, ayniqsa, lotin alifbosida chop etilsa, kitobxonlar tomonidan qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketishiga ishonamiz.
Rastamizdagi kitoblarning narxlariga kelsak, qadr-qiymatiga qarab, u o‘rta hisobda 1500 dan 2500, 3000 so‘mgacha sotilmoqda.
***
Kitob — tafakkur qanoti. Bu qanot qancha mustahkam bo‘lsa, yuksak kengliklar sari intilishdan tolmaydi. Kitob, asar so‘zi zamirida badiiyat yotadi. Badiiyat esa har qanday ko‘ngilning mahsuli bo‘lavermaydi. U hech qachon insonlarni jaholatga yetaklamaydi. Shuning uchun ham u aziz, shuning uchun ham u qadrli.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.