OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

KO’ZGA AYLANSIN KO’NGIL yoxud ziddiyatning ko‘ngillardagi to‘foni

Kishi ko‘nglida gina, javobsiz savollar qolmasin ekan. Bas, paydo bo‘ldimi, bartaraf etilmasa, o‘z-o‘zidan ta’sir kuchini oshirib boraveradi. Sevimli yozuvchimiz Tohir Malik bu holatni “Jinoyatning uzun yo‘li” risolasida quyidagicha ta’riflaydi: “Bu xuddi yer ostida kuch to‘playotgan vulqonga o‘xshaydi. Hamonki vulqon kuch to‘plar ekan bir kunmas-bir kun portlaydi. Farzandingizning portlashi qanday bo‘larkin? Sizga qarab baqirib beradimi yoki uydan chiqib ketadimi? Uchinchi yo‘ldan Xudoning o‘zi asrasin...”

Bu holat o‘qituvchi va o‘quvchi, aka-uka, opa-singil, do‘stu dugona... xullas kishilar bilan kishilar o‘rtasida ro‘y berishi mumkin. Biz bugun bu ziddiyatning ota-ona va farzand o‘rtasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlari haqida mushohada yuritmoqchimiz.

XOHLAMAGAN EDIM...

O‘z otasiga qo‘l ko‘targan yigit afsuslandi... Keling bir oz izohlashga urinaylik. Voqea avvalida ota o‘g‘lini qishloqdan shaharga olib keladi. Bozor-o‘charga o‘rgatib, katta bozordan bitta rasta ham olib beradi. Ko‘p o‘tmay bozordagi obro‘sini oshirishni istab qolgan o‘spirin sport to‘garagiga qatnay boshlaydi. Vaqt o‘tib otasidan-da ko‘proq pul topishga o‘rganadi. Haqini bemalol ortig‘i bilan ajratib olishga odatlanadi. Otasining maqtovlari esa uni ruhlantirib borayotgandi. Shu orada “o‘g‘ilcha” bir yigitni yarim jon qilib qo‘yib, panjara ortiga tushib qoldi. Ota: “O‘zining topgani o‘ziga” qabilida ish tutib, o‘g‘lini tezda chiqarib oldi. Xullaski, erkatoyligi ortganidan-ortgan o‘g‘il arzimagan pul sabab otasini ham kaltaklashga tushdi. Lablari qimtinganicha ko‘zlaridan yosh tomchilayotgan ota hasratini kimga aytsin? Faqat yoshligida ichkilikka ruju’ qo‘yib, padari buzrukvorini ranjitgan yillarini alam bilan xotirladi. O‘g‘ilning vaji hamon ilgarigidek: “Hech narsani tushunishni istamaydi, xohlamagan edim, o‘zimni tutolmay qolibman”.
Voqea bayonini shu yerda to‘xtata qolay.
Suhbat chog‘ida yoshroq yigit otasidan noligan ohangda o‘z mulohazasini bildirgandi. O‘shanda davrada o‘tirgan badavlat bir kishining unga bergan tanbehini ko‘p yodga olaman: “Hech qachon bunday gapirmagin. Agar mumkin bo‘lsa edi, otam rahmatlik bilan bir martagina suhbatlashish uchun bor davlatimni, qolgan umrimni ham hadya qilardim. Nima bo‘lganida ham ota-onangning tirikligida qadriga yetib yashagin”.

MEN AYBDOR EMASMAN-KU...

Ziyoli oila xonadoni. Ota ham, o‘g‘il ham — pedagog. O‘g‘il institutni tamomlab, murabbiylikni boshlaganiga 4-5 yildan oshgan. Biroq ichkilikka mukkasidan ketgan. Ota-onaning tanbehlarini gap deb bilmaydi. Yoshligidan hech kim ra’yini qaytarmaganiga o‘rganib qolgan-da. Guvoh bo‘lganim — kayfu safodan mast o‘g‘il otasining ikki og‘iz tanbehiga shunday javob qaytarayapti:
— Nima men sizlarning farzandlaringiz bo‘lganimga aybdormanmi? O‘zlaringiz pishirgan osh, nima bo‘lsa ham chidashga majbursizlar.
Ona suhbatga aralashdi: 
— Kelinning oldida ham shu gaplaringni takrorlayverasan-mi? 
— Men nima qilibman, sizlar shunday tarbiyalagansizlar. Muhitni sizlar yaratgansizlar-ku, axir. Menda nima ayb...
Ha, uning endi “suyagi” qotdi. Endi u o‘z so‘zlarini ham, harakatlarini ham xato hisoblamaydi. Shuncha gaplardan so‘ng hijolat bo‘lish qayoqda? Ko‘chaga otlanarkan: “Kelmay qolsam, xavotir olmasdan, bemalol uxlayveringlar”, — deya pardali-pardali gapirib, chiqib ketdi. 
Ona nolib qoldi. O‘g‘li o‘rtog‘ining to‘yida mast bo‘lib qolib, janjal qilibdi. Ajratmoqchi bo‘lganida o‘ziga ham (o‘g‘lining qo‘llaridan) musht tushibdi. Aytishicha yelkasi ko‘karib, bir hafta og‘rib yurganmish. Avvalo, ko‘ngillarimizda “vulqon” paydo bo‘lmasin ekan. Paydo bo‘libdimi, tezda “zararsizlantirish” kerak, aks holda kun kelib portlashi tayin.

KO‘Z YUMUQ BO‘LSA-DA...

Eng yaxshisi, “vulqon” portlashining oldini olish emas, uning vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Dillarimizda dilxiralik, ziddiyatlarni butunlay yo‘qotib pokiza yashashga intilaylik. Vujudingizda og‘riq tursa, ko‘zlaringizni yumganingiz bilan u unut bo‘lmaydi-ku. Bu ziddiyat faqat ota-ona bilan farzand o‘rtasidagina uchramasligini ta’kidlagandik. Barcha ziddiyatlar, janjalu to‘polonlar zamirida ham, barcha go‘zalliklar, ezguliklar zamirida ham ko‘ngil kechinmalari yotadi. Ko‘ngil esa g‘oyatda nozikdan-nozik. Birgina so‘z, birgina nigoh, birgina harakat bilan u ko‘ngilni vayron etish, yoinki shod etish oson. Ranjitganingda o‘zingning ham diling xunob bo‘ladi. Ranjigan ko‘ngilni ovlashni istab qolasan. Agar xursandchilik baxsh etsang, o‘zing undan-da ko‘proq shodlanasan. Demakki, ko‘ngillar vobasta. Jaloliddin Rumiy ta’kidlaganidek: ”Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil”.

Aziz Norqulov,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.