Bangladesh poytaxti Dakka shahridagi kiyim fabrikasida ish boshlaganida Bina Axtar endigina 10 yoshga to‘lgan edi. Asosiy bajaradigan ishi AQShga jo‘natiladigan ko‘ylak va shimlarning osilib turgan iplarini kesib tashlashdan iborat bo‘lgan bu qizaloq oyiga 14 dollarga yaqin maosh olardi.
Oradan besh yil o‘tgach, u allaqachon fabrikadagi ishini tashlagan, matematika, ingliz tili va tarix o‘rgatadigan maktabga qatnar edi.
BMT tomonidan boshlangan dasturga muvofiq shunday bo‘ldi: Xalqaro Mehnat tashkiloti va Bolalar jamg‘armasining Bangladesh hukumati bilan birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli fabrika egalari barcha tsexlardagi 14 yoshdan kichik bolalarni bo‘shatib yuborishga ko‘ndirildi.
Bina - shu tariqa Xalqaro Mehnat tashkilotining inspektorlari asrab qolgan qizlardan biri edi. U tezlik bilan maktabga qabul qilindi. Shu paytga qadar u biror marta ham sinfga qadam bosmagan edi.
«O‘qish men uchun qiyin emas», - deydi Bina. U tibbiyot hamshirasi bo‘lishni orzu qiladi...
«Bolalar mehnati» iborasi ko‘pchilikning ko‘z oldiga darhol qorong‘u to‘qimachilik fabrikalari devori ortida stanoklarga zanjirband etilgan, aylanib kelaverib tinka-madorni quritadigan konveyr tsexlarda dunyo shodliklaridan mahrum etilgan bolalar keladi. Bolalar bunday mehnatga bugun mahkum etilganlari yo‘q. Ammo bir vaqtlar shunday edi. Aslida bunday azob XIX asrning 30-yillarida ham mavjud bo‘lgan.
Bolalar turli xil sharoitlarda turli ishlarni bajaradilar. Bu jarayon bolaning rivojlanishi, maktabdagi o‘qishga qiziqishlari hamda dam olishiga yordam beradigan foydali mehnat doirasidan asta-sekin uning tinka-madorini quritadigan va butun kuch-qudratini so‘rib oladigan mehnat doirasiga o‘tib boradi. Faoliyat turlaridagi bir olam xilma-xillik esa mana shu ikki chegara o‘rtasidadir.
BMTning Butunjahon mehnat tashkiloti ta'rifiga ko‘ra, «Bolalar mehnati» iborasi 15 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshirilgan har qanday iqtisodiy faoliyatga taalluqlidir. Bu tushunchaning foydali doirasi maktab yoki qonuniy «o‘qish»dan keyingi, masalan, oilaviy biznesga ko‘maklashish, yo bo‘lmasa, oilaviy fermaga yordam berish singari «engil mehnat»dir. Bolalar mehnatining salbiy ta'sirlari esa quyidagilarda bilinadi:
- maktabdagi samarali mashg‘ulotlarga xalaqit beradi;
- bolaning jismoniy va ruhiy salomatligi uchun xavfli hisoblanadi.
Hamma joyda bolalar faoliyatini tartibga soladigan: ularning maktabni qachon tark etishlari, uylanishlari yoki turmushga chiqishlari, ovoz berishlari, sud-huquqiy tizim tomonidan balog‘atga yetgan deb tan olinishlari, qurolli kuchlar safiga chaqirilishlari va ish faoliyatlarini qachon boshlashlarini belgilaydigan rasmiy yosh chegaralari mavjud. Biroq faoliyat turlariga qarab yosh borasidagi shartlar har bir mamlakatda turlichadir. Masalan, ishlash uchun rasmiy yosh Misrda - 12, Filippinda - 14, Gonkongda esa - 15 hisoblanadi. Peruda turli yosh me'yorlari mavjud. Qishloq xo‘jalik ishlari uchun eng kichik yosh - 14, sanoat uchun - 15, ochiq dengizlarda baliq ovlash uchun - 16, portlar va dengizlarda suzish uchun - 18 dan iborat.
Ko‘pgina mamlakatlarda yengil va xavfli ishlar o‘rtasidagi mehnat yoshidagi farq belgilab qo‘yilgan. Yengilroq ishlar uchun eng kichik yosh - 12 ni, og‘ir ishlar uchun esa 16 dan 18 gacha bo‘lgan yoshni tashkil etadi. Butunjahon Mehnat tashkilotining konventsiyasida ham masalaga shu tarzda yondashiladi. Konventsiya bolalarning yengil ishlarni bajarishiga 12 yoki 13 yoshdan, og‘ir ishlarga esa 18 yoshga to‘lganidan so‘ng ruxsat beradi. Butunjahon Mehnat tashkiloti 15 yoshda majburiy maktab ta'limi tugashini hisobga olib, mehnat qilish uchun ruxsat etiladigan eng kichik yoshni 15 deb belgiladi. Hozirgi paytda butun dunyoda qanchalab bolalar mehnat qilayotgan bir paytda bu - birmuncha ko‘p foydalaniladigan standart hisoblanadi.
Ayni paytda bolalar mehnatini bartaraf etish ishi bilan BMTning bolalar jamg‘armasi va xalqaro mehnat tashkiloti shug‘ullanadi. Ularning sa'y-harakati bilan bolalar mehnatini ta'qiqlaydigan va hukumatlar qabul qilishlari lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlar belgilangan bir necha xalqaro shartnomalar ishlab chiqildi. Qaysidir mamlakat konventsiyani ratifikatsiya qilishi bilan BMT organlari uning tegishli majburiyatlarni bajarishini kuzata boshlaydi va mazkur majburiyatlarni buzayotgan davlatlarni buning uchun javob berishga chaqiradi.
Albatta, yo‘q! Shunday bo‘lsa ham BMT bolalar mehnatini ta'qiqlash maqsadidagi huquqiy me'yorlar o‘rnatuvchi bir necha xalqaro konventsiyalarni qabul qildi. Chunki mazkur muammo hamon dolzarb bo‘lib kelmoqda. Aslida qonunlar bajarilmasa, ulardan keladigan foyda kamdan-kam bo‘ladi. Bundan tashqari, bolalar mehnatini bartaraf etish uchun milliy miqyosda aniq chora-tadbirlar qabul qilish zarur.
"Ma'rifat" gazetasidan olindi.