OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fahsh maydoniga aylangan xiyobon

Toshkenti azimda xizmat safari bilan tez-tez bo‘lib turaman. Har gal nenidir ko‘rib quvonaman, nedandir qayg‘uga botaman. Toshkent kundan kunga gullab-yashnayapti, osmono‘par binolari ko‘payib bormoqda. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham yuksak darajadaki, bular quvonarli holdir.

 

Lekin ko‘cha-ko‘ydagi yoshlarning axloqsizlik borasidagi yangi-yangi xurmacha qiliqlari yaxshi kayfiyatni o‘ldiradi. Gapni indallosidan boshlasam. Bir paytlar mini yubkalar juda urfga kirgandi. Ke­yin-keyin kindik va qorinni ochib yurish urfi paydo bo‘ldi.

Buning ham turfa xillari - lang ochib yurish, pardali ochish kabi ko‘rinishlari bo‘ldi. Bu modadan ("moda"lariga o‘t tushsin, deydi axloqli kishilar) zerikishibdi chog‘i, endi xotin-qizlarning eng nozik avrati hisoblanmish ko‘krakni nim ochishu lang ochib yurishi odat tusiga kiribdi. Ular orasida o‘zbek qizlarining ham ko‘pligi g‘oyat achinarlidir. Bilmadim, bu ketishda shu boradagi me'yorni eng "yuksak cho‘qqi"ga olib chiqqan Rossiya markaziy shaharlari ko‘chalaridagi holat Toshkentda ham aks etmasa, deb qo‘rqaman.

"Ayollarning yalang‘ochlashuvi erkaklar uchun halokatdir", deb yoziladi "AIF" gazetasining 2006 yil 27 sonida. Shu gazetaning 28 sonida Yuliya Shigaryova buni to‘ldirib shunday deydi: "Moskvalik qizlar qanday kiyinayotganini ko‘rib, butun Rossiya aql bovar qilmas jinsiy xastalikka mubtalo bo‘lgan degan xayolga borasan kishi. Bu birinchi navbatda qizlarning qornini ochib yurishida ko‘rinadi. Vaholanki, dunyoning birorta mamlakatida bunday kiyinishmaydi".

Ayollarning yalang‘ochlashuvi erkaklar uchun halokatli ekanligiga izohning hojati yo‘qdir. Modomiki, Moskvadagi holat dunyoning hech yerida yo‘q bo‘lsa, Toshkent ham uni izma-iz quvlab ketayotgan ekan-da.

Aslida axloqiy me'yorlar, kiyinishlar xususida ko‘p yozildi. Hatto bu masala tezkorlik xususiyatiga ega bo‘lgan "Axborot" ko‘rsatuvigacha ko‘tarildi. Bunda qo‘limizga qalam olishdan maqsad boshqa edi. Lekin aytadigan gapimizga bog‘liqligi borligi uchun to‘xtalib o‘tdik.

Asosiy masalaga ko‘chsak. Bugungi kunda Amir Temur xiyoboni shaharning eng gavjum joyiga aylanib qolayozdi. Xiyobonning shundoq biqinidagi ko‘chada bir paytlar uch-to‘rt rassom o‘tirib, o‘tgan-ketganning rasmini chizib hojat chiqarib o‘tirardi. Keyin-keyin ular yoniga sovg‘alar (suvenir) sotadigan savdogarlar qo‘shildi. Bora-bora bular savdo rastalariga aylandi. Oshxonayu kafelar qo‘shilib odamlarning dam oladigan haqiqiy "sayilgoh"iga aylandi.

Keyin-keyin yo‘lning ikki chetida turfa libosdagi qizchalar sizni o‘z oshxonasiga taklif qila boshladilar. Bora-bora kafelarda yarim-yalang‘och qizlarning raqs tushishi paydo bo‘ldi. Keyin-keyin bu "takomillashib", "stavka"lari oshib - siz bilan raqs tushar, pulni oshirgan saringiz ularning "yaqin"lashuvi ortib borardi. Qarabsizki, bu yer axloqsizlik maskaniga aylandi. Yaxshi ma'noda tashkil etilgan sayilgohning fahsh hududiga aylanishi endi ko‘pchilikni tashvishga sola boshladi. Safarlarimning birida sayilgoh butunlay supurib tashlanganligining guvohi bo‘ldim. Buning sababini aniq bilmadim-u, o‘zimcha axloqsizlikka qarshi o‘t ochishu ma'naviyatning tantanasi deb qo‘ya qoldim.

Lekin shu fahsh maydonining bir bo‘lagi Amir Temur xiyobonidagi badkirdorlikni bartaraf etishga hech kim urinmayapti chog‘i. Bu yer kunu tun qo‘shmachilik, fahsh savdosi qizigan maskanga aylanib qoldi. Axir hech kimning esidan chiqmagandir, ulug‘ sarkarda va adolat pos­boni Amir Temur haykali barpo etilganida aytilgan ezgu maqsad va niyatlar hali ohorini yo‘qotgan emas. Endi shunday muqaddas maydonni axloq ko‘chasini chetlab o‘tgan bir hovuch axloqsizlar fahsh savdosi maydoniga aylantirib olishlari quyushqonga sig‘adimi?!

Aslida, shahardagi har bir dam olish joyini - bog‘larni, dam olish xiyobonlarini, ta'bir joiz bo‘lsa, yuvuqsizlar egallab bo‘ldilar. Unday yerlarga axloqli kishilar, er-xotinlar kirishga bezillab qoldilar. Mustaqillik maydoni ortidagi Bo‘zsuv bo‘ylarini-ku aytmasa ham bo‘ladi. Qani endi, bir-biriga qapishgan bedodlarga tanbehlar, koyishlar, hatto haqoratlar kor qilsa?!

Xo‘sh, bunday aholining dam olish joylari, muqaddas maskanlardagi ahvolni to‘g‘rilashga Toshkent shahar hokimligi, shahar IIBBning haddilari sig‘adimi? Bir yoqdan davlat arbobi va buyuk sarkardaga haykal o‘rnatib, uning ruhini shod etsak-u, ikkinchi bir kimsalar uni chirkin maydonga aylantirishsa. Bu axloqsizlik ko‘rinishlariga chek qo‘yilishiga umid qilamiz.

Abduvosit SAIDJAHONIY

 

Sullohlik

Ilk bahor kunlarining birida kasalxonaga borish uchun xiyobondan o‘tdim. Ertalab bo‘lgani uchun odam siyrak, uzoqdan 3-4 ayol va ular atrofida uymalashib yurgan formali shaxslarga ko‘zim tushdi. Xiyo­bonning ta'rifini eshitganim uchun huquq-tartibot xodimlarining hushyorligiga ichimdan tahsin aytdim: "Mas'uliyatni qarangki, tongdanoq ahvol bilan qiziqish­yapti". Yo‘lda davom etarkanman, rasmiy shaxslardan biri sumkali ayol bilan nimanidir bahslashib, menga qarama-qarshi kelib qoldi. Ayol erkakka aytar edi: "Hozir pulim yo‘q, obedda eriyman". Shu gap qulog‘imga kirgach, karaxt bo‘lib qoldim. Ayol kim, nega u "erish"i kerak? Vaziyat izohsiz ham tushunarli edi. O‘zimga kelib, yaqin atrofda boshliqlardan kimdir bo‘lganida xodimning qo‘shmachi xotin bilan oshu qatiq bo‘lib yurganini aytib bermoqchi edim.

Bunday hollar mas'ul tashkilotlarga ma'lummi, nega biror chora ko‘rilmaydi?

Bolta TURDIYEV

 

Tahririyatdan: Poytaxt ahlining bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi, qolaversa, milliy o‘zligimizni namoyish etish maqsadida ezgu niyat bilan tashkil qilingan istirohat maskanlaridagi noxush holatlar haqida juda ko‘p gapirilyapti. Afsuski, har doim ham e'tirozlar yetarlicha aks-sado bermaya­p­ti. Militsiya tayanch punktlarining faolligi sezilmayapti. Oromgohlarni esa axloqsizlik, fahsh tobora komiga tortib boryapti. Vaziyatni hisobga olib, avvalo, tezkor choralar ko‘rilishini, keyin esa milliy qadriyatlarimiz asosida "Toshkent shahrining axloqiy nizomnomasi" ishlab chiqishni taklif qilardik. Nizomnomada qat'iy belgilab qo‘yilgan me'yorlar (kiyinish, muomala, munosabat kabi)dan chiqqanlar ma'muriy javobgarlikka tortilishi, ular jamoatchilikka ma'lum qilinishi lozim. Qolaversa, bunday kimsalar haqida yashash va ishlash joylarida jamoatchilik muhokamalarini yo‘lga qo‘yish shart. Toki bunday nahs quyqasi ostonamizgacha yetib bormasin.

www.hurriyat.uz

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.