Dunyoda hech bir inson yo‘qki, muhabbat atalmish buyuk tuyg‘uni boshidan o‘tkazmagan bo‘lsa. Sevgi bilan hayotimiz charog‘on, mehr mavjudki, uning taftidan qalblarimiz nurga to‘ladi. Odatda, sevgi deganda, ko‘z oldimizga kitob va filmlardagi ikki qahramonning boshidan o‘tgan sarguzashtlar keladi. Aslida nafaqat film qahramonlari, balki o‘zimizning ham bosib o‘tgan yo‘limiz, butun umrimiz muhabbatga oshno ekan. Bu gaplarning isboti sifatida mutaxassisilar sevgini 5 davrga ajratishdi. Hayotimizga fayz bag‘ishlovchi bu muqaddas tuyg‘uning insonda qanday shakllanishini aynan shu davrlar orqali tushunib olish mumkin.
BIRINCHI DAVR — GO‘DAKLIK PALLASI
Chaqaloq sevgi mevasi, u dunyoga kelgani uchun ham barcha uchun sevimli. Chaqaloqning o‘zi esa hali sevish nimaligini bilmaydi va undan hech kim buni kutmaydi ham. Bola faqatgina o‘z ehtiyojlarini qondirishlarini istaydi. Atrofdagilarga qanchalik tashvish orttirayotganini bilmagan holda ota-onasini istagan paytda bezovta qilishi mumkin. Xohlasa tunning qoq yarmida ham ularni uyg‘otib, qorni ochgan yoki chanqaganini bildiradi. Bu davrda inson faqat o‘zini seva oladi.
Ota-onaga bo‘lgan sevgining shakllanishi.
Bolaning ilk muhabbati ota-onasiga tegishli, asosan u onasini yaxshi ko‘radi. Shunday bo‘lishi tabiiy, chunki ona hamisha o‘z bolasi bilan birga. Demak, u bola uchun boshqalardan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega. Shu davrdan e’tiboran bola o‘zida ota-onaga bo‘lgan muhabbatni tuya boshlaydi.
IKKINCHI DAVR — DO‘STLIK MAVSUMI
Bir necha yil o‘tib, bolada uyidan tashqaridagilar, masalan, o‘z jinsidagi tengquriga nisbatan qiziqish uyg‘onadi. U ota-onasi bilan bir qatorda do‘stining qarashlari bilan ham hisoblasha boshlaydi. Uydan tashqariga chiqqach, ota-ona bola uchun ikkinchi darajaga o‘tadi. Endi u o‘zini, so‘ng do‘stini, keyin esa ota-onasini sevadi.
U qanchalar faol bo‘lmasin, yonida do‘stlari yo‘q bo‘lsa, o‘ziga nisbatan ishonchsizlik hissi ortadi. Qizig‘i shundaki, o‘g‘il bolalar uchun bunday holatga qattiq berilish kelajakda ayollardan hurkishga olib keladi.
UCHINCHI DAVR — O‘SMIRLIK
Bu davrda organizm bilan birga dunyoqarash ham o‘zgaradi. Endi insonda qarama-qarshi jins vakillariga nisbatan qiziqish paydo bo‘ladi. Umuman olganda, o‘smirlik tajriba va xatolar davridir. Masalan, qizlar avvaliga bir yigitcha bilan do‘stlashadi, so‘ng boshqasi bilan... Shundan so‘nggina ular kim bilan do‘stlashgan ma’qul-u, kimdan uzoqroq yurgan durustligini anglab yetadi.
Qizlar taxminan 10 yoshgacha kinoyulduz yoki mashhur qo‘shiqchilarni orzu qilishadi. Yosh ulg‘ayib borgani sayin ularning orzulari reallasha boshlaydi. Endi ular “qo‘l yetmaydigan yulduz”laridan voz kechish evaziga maktabdagi eng chiroyli bola yoki sport bilan shug‘ullanuvchi ko‘rkam bir yigitni orzu qilishadi. Biroq ular faqatgina yigitdan mehr kutishadi. O‘zim unga nima bera olaman, degan savol haqida esa bosh qotirib ko‘rishmaydi. Orzu bitta: bu do‘stlikka hammaning havasi kelsin! Demak, bu davrda siz munosabatlarni o‘zingiz yaratasiz, sevgi olamiga kirib borishingizga esa hali vaqt bor. Inson bu davrda o‘z sherigidan istagan xohishining bajarilishini kutadi, o‘zi esa unga hech narsa bermaydi.
TO‘RTINCHI DAVR — BALOG‘AT
Bu yoshda siz ko‘proq diqqatni jismoniy go‘zalligingizga qaratasiz. Chunki endi siz uchun his-tuyg‘ular va ruhiy omillar muhim jihatga aylanadi. Endi siz avvalgidek undan biror nima talab qilmaysiz, balki o‘zaro munosabatlarda o‘z hissangiz haqida o‘ylay boshlaysiz. Sherik tushunchasidan voz kechib, unga mustaqil shaxs sifatida qaraysiz. Agar uni haqiqatan sevsangiz, uning uchun qo‘lingizdan kelgan yaxshilikni qilishga harakat qilasiz. Xuddi shu kabi sherigingiz ham o‘zinikidan ko‘ra sizning qiziqishlaringizni ustun qo‘ya bilishi kerak. Shundagina bu munosabatlarga chin sevgi deya baho berish mumkin.
CHIN SEVGI
Aslida chin muhabbat bilan xushtorlik orasida qanday tafovutlar mavjud? Shunchaki maylni sevgidan qanday farqlash mumkin? Farq shundaki, sevgi kishi hayotiga asta-sekinlik bilan kirib keladi, xushtorlik esa juda tez namoyon bo‘ladi. Sevgi xuddi gul kabi bo‘y cho‘zadi, buning uchun esa vaqt kerak. Insonni bir necha marta uchratish bilan uni yaqindan bilib olishning iloji yo‘q. Ustiga ustak ko‘p insonlar “niqob”da yuradi va bu niqobning tagida nima borligini darrov anglash o‘ta mushkul. Bilingki, insonni yaxshi bilish uchun oylar, hatto yillar kerak bo‘ladi. “Bir ko‘rishdayoq sevib qolish” iborasini eshitganmiz va ko‘pchilik bunga ishonadi ham. Biroq bunday bo‘lishi mumkin emas. Hozirgina uchratgan odamingizga nisbatan kuchli havas uyg‘onishi mumkindir, biroq bu havas qanchalik kuchli bo‘lmasin, shunchaki yuzakilikdan boshqa narsa emas. Buni tashqi ko‘rinishga qarab xushtor bo‘lish deya baholash mumkin, xolos. Insonni haqiqatan sevish uchun katta yo‘lni bosib o‘tish kerak bo‘ladi.
Sevgining yurakdan o‘chib ketishi ham qiyin. Oshiqlik esa bamisoli qushdek uchib ketadi. Modomiki, haqiqiy sevgining mustahkamlanishi uchun vaqt kerak ekan, xushtorlik onlari uzoqqa bormay barham topadi.
Sevgi markazida hamisha bitta odam turadi, xushtorlik esa aksincha. Deylik, bir qiz ikki yigitni yoqtirib qoldi: biri ancha ulug‘vor, ishonchli va mas’uliyatni his qiladiganlardan. Ikkinchisi esa sho‘x va bebosh, sayru sayohatni yaxshi ko‘radi. Qiz ulardan qay birini tanlashni bilmay halak. Biroq haqiqiy sevgi bir insonni tanlaydi, o‘zi uchun qadrli bo‘lgan barcha narsani o‘sha insondan topadi va boshqasini qidirib o‘tirmaydi ham.
Sevgi yaratuvchanlik qobiliyatini ato etadi, xushtorlik esa borini ham yo‘qqa chiqaradi. Sevgi sizning shaxsiyatingizdagi barcha yaxshi xislatlarni ochib beradi. U sizga yangitdan kuch-quvvat bag‘ishlaydi, umr yo‘lingizni belgilab beradi va hayotga qiziqishingizni orttiradi. U ijodda va boshqa ishlaringizda yordam beradi. Sizning shaxsiy taraqqiyotingizga ulush qo‘shadi. U sizning qadr-qimmatingizni tiklaydi, o‘zingizga ishonch va yaqinlaringiz oldidagi burch hissini qaytadan vujudga keltiradi. U sizni muvaffaqiyat sari yetaklaydi. Siz chin dildan o‘qishga, rejali yashashga va arzimas narsalarga ahamiyat bermaslikka o‘rganasiz.
Xushtorlik esa sevgiddan farqli o‘laroq buning butunlay teskarisidir. U hayotingizga tartibsizlik olib keladi. Siz oshiq bo‘lib qolasiz-u, muvaffaqiyatlaringiz va mehnatga layoqatingiz kamaya boradi. Mavjud iqtidoringizni namoyon qilishga imkon qolmaydi. Sizning yaqinlaringiz, oila a’zolaringiz ham buni payqagan holda: “Senga nima bo‘ldi? Hech qaerga bormaysan, biror ishga qo‘l urishni xohlamaysan, biror yering og‘riyaptimi?” deya xavotirga tushishadi. U sizni osmonlarga olib chiqadi, siz ham hammasi yaxshi, u meni sevadi deb, maktab, ish, o‘qish, pul, boshqa narsalar oldidagi mas’uliyatdan o‘zingizni yiroq tutib yuraverasiz. Achinarlisi, u sizga hayotga panja ortidan qarashni o‘rgatadi.
Sevgi muammolarni birgalikda yengishga undaydi, xushtorlik esa hamkorlikni inkor qiladi. Agar siz chindan sevsangiz, sevgan insoningizning nafaqat tashqi ko‘rinishi va xatti-harakatlari, balki uning fe’l-atvori, his-tuyg‘ulari, tutgan yo‘li ham sizni qiziqtiradi va o‘ziga jalb etadi. Sevgilingizning omad va muvaffaqiyatsizlikka, hayot qiyinchiliklari va favqulodda musibatlarga munosabati qandayligini kuzatasiz. U saxiy, tarbiyali, jonkuyar insonmi? Sizning dinga, ma’lumotga, oila, jinsiy va moliyaviy hayotga nisbatan qarashlaringiz uniki bilan hamohangmi? Do‘stlar-chi? Ularga ham bir xil munosabatdamisiz? Oqshom payti oila yoki do‘stlar davrasida suhbat qurish, ko‘ngil yozish uchun sayrga chiqish unga ham ma’qulmi? U bilan fikrlaringiz mukammal darajada uyg‘un bo‘lsagina, siz chin ma’nodagi sevgiga erisha olasiz.
Sevgi ma’naviy kamchiliklarni e’tiborga oladi, xushtorlik esa ulardan ko‘z yumadi. Sevgi insondagi eng go‘zal xislatlarni namoyon qiladi. Inson sevgilisining kamchiliklarini ko‘ribgina qolmay, ularni bartaraf qilishga harakat qiladi. Xushtorlik esa insondagi yomon illatlarga nazar solishga umuman yo‘l qo‘ymaydi. Siz uni har qanday tanqiddan himoya qilasiz. Xushtorlik sizni o‘zingiz o‘ylagandan-da ko‘proq savdoyi qilib qo‘yadi. Uning chiroyi, ko‘rkam qaddi-qomati va shirinso‘zligi barcha kamchiliklari (masalan, qo‘polligi, yuzsizligi, yalqovligi)dan ko‘z yumishingizga undaydi. Sevgi esa butunlay o‘zgacha: u bo‘yning pastligi, quloq yoki burunning kattaligiga emas, ichki dunyo go‘zalligiga qarab baho beradi.
Sevgi uchun ayriliqning qo‘rqinchli joyi yo‘q. Xushtorlik uchun esa bu dahshat. Ayriliqda sevgi, hatto mustahkamlanadi. Sevgilingiz sizdan uzoqda ekanida uning qanchalar kerakligini tushunasiz. Xushtorlik esa aynan mana shu sinovga dosh berolmaydi, ayriliq uni “o‘ldiradi”. Chunki xushtorlik jismoniy yaqinlikdagina yashaydi, xolos, vaqt sinovidan esa o‘tolmaydi.
Sevgida jismoniy yaqinlikka nisbatan juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘linadi. Xushtorlik uchun bu narsa suv va havodek zarur. Haqiqiy sevishganlar jismoniy yaqinlikka zo‘r berib intilmaydilar. Eng avvalo ular bir-birini hurmat qilish, qadrlashni o‘rganadi. Yaqinlik esa nikohdan so‘ng o‘z-o‘zidan amalga oshaveradi.
Sevgi beg‘araz va xolis, xushtorlik esa xudbin. Sevgi faqatgina his-tuyg‘ular bilan chegaralanib qolmaydi, siz unga hamisha e’tibor bilan qaraysiz, uning uchun qandaydir darajada yaxshiliklar qilishni istaysiz va bu bilan uni sevishingizni amalda isbotlaysiz. Chindan sevgan inson sizning muhtojligingizni sezmay qolmaydi, hattoki boshiga kulfat tushganida ham biror iltimosingizni yodidan chiqarmaydi. Xushtorlar esa mehrni o‘zlaridan emas, hamisha sheriklaridan talab qilishadi. Uni sevishlarini, ardoqlashdan charchamasliklarini istaydilar.
Chin sevgi oila va do‘stlarga ham manzur bo‘ladi. Xushtorlik esa faqatgina qarama-qarshiliklarga sababchidir. Agar siz kimnidir chin dildan sevsangiz, sizning oilangiz, do‘stlaringiz munosabatlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular sizning sevgan odamingizga qanchalar munosib ekaningizni aytishadi. Ota-ona va do‘stlar rizoligi odatda, sevgining haqiqiyligidan darak beradi. Mabodo, ota-onangiz yoki do‘stlaringiz sizning munosabatlaringizni ma’qullamasa, hushyor bo‘lavering! Axir sizning kelajakdagi baxtli hayotingizni o‘ylagan odam hech qachon sizga yomon maslahat bermaydi, aksincha ular sizni kulfatdan himoyalashga urinadi. Qolaversa, statistik ma’lumotlarga qaraganda, ota-onalar qarshiligiga qaramay qurilgan oilalarning ko‘pi uzoqqa bormay ajralishgan.
Sevgida ishonch ustun, xushtorlik esa shubha tug‘diradi. Rashk tuyg‘usi hammada ham bor, lekin haqiqiy muhabbatga oshno qalb egasi puxta o‘ylab ko‘rgach, oxir-oqibat sevgilisiga ishonchni his qiladi. Xushtorlik esa huda-behudaga rashk qilish, zaiflikni o‘zida namoyon qiladi. Shubha o‘z sherigini zanjirga solib qo‘yadi va xohlagan paytda uning tizginidan tortishni ma’qul biladi. Bu esa xudbinlikdan boshqa narsa emas.
Sevgi haqiqiy hayotni o‘rgatadi. Unda siz muammolarga ochiq ko‘z bilan qaraysiz, ularning ahamiyatini pasaytirishga urinmaysiz. Yigit va qiz bor kuchi bilan oliy o‘quv yurtini tamomlashga harakat qilmoqda. Nega? Chunki ular o‘qishni bitirib, so‘ng turmush qursa, ularning sevgisi, xususan, oilasi yanada mustahkam bo‘lishini biladi.
Haqiqiy sevgan insonlar muammolardan o‘zini olib qochmaydi. Balki birgalikda uning yechimini topishga urinadi. Agar ularning munosabatiga nimadir xavf solsa, buni ochiqchasiga muhokama qilib, aqlli xulosaga kelishadi. Xushtorlarni esa vaziyat umuman qiziqtirmaydi. Deylik, oilali odam yosh bir qizga oshiq bo‘ladi, qiz ham uni yoqtirib qolgan. Oilasining buzilib ketishi bilan esa uning umuman ishi yo‘q. Hech tortinmay ular birga yuraverishadi...
Endi ham ayting-chi, haqiqiy mehr-muhabbatning oshiqu beqarorlikdan farqi bor ekanmi? Shunday bo‘lgach, “Usiz menga hayot yo‘q. Men uni sevaman”, deb hamma narsadan ko‘z yumishdan avval tanamizga bir o‘ylab ko‘raylik. Boshimizdan kechayotgan bu his-tuyg‘ular o‘tkinchi emasmikan? Biz “sevyapman” deb, avji bilim olish, hayotda o‘z o‘rnimizni topish pallasida vaqtni behudaga sarf etmayapmizmi? Nima bo‘lganda ham sevgi bizga yo‘qotishlar emas, yangicha kuch, intilish va g‘ayrat olib kelsin.
Muborak OXUNOVA tayyorladi