Bu yilgi 14 fevral kunini ham radiolarimiz yigit-qizlarning SMS orqali sevgi maktublariyu telefon qo‘ng‘iroqlarini bir-biriga yetkazishdan charchamadi va hatto ayrimlari bu kunni muhabbatga bag‘ishladi.
Lekin asosiy urg‘uni bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud ayyomiga bag‘ishlash kerakligi eslariga ham kelmadi. Qizlarimizdagi sharm, yigitlarimizdagi g‘urur har yilgi “Valentin” kunida o‘z qiymatini yo‘qotib bormoqda, nazarimda. Bu kun qayta-qayta tilga olinaverib sevgi-muhabbatning rangi ham, jozibasi ham va hatto... kuchi ham qolmadi, go‘yo.
Bugun sevgi haqidagi savol bilan bog‘cha tarbiyalanuvchisimi yoki maktab o‘quvchisigami murojaat qilsangiz, albatta, javob olasiz. Garchi juda chiroyli javob bo‘lmasa-da, ularning bu mavzu haqidagi haminqadar fikrlarini tushunish qiyin emas.
Keling, yaxshisi mavzu ichiga chuqurroq kirib boraylik.
... “Bayram” kelmasidan ancha oldin, kundalik ish-yumush, tashvishlardan biroz bo‘lsa-da holiroq bo‘lish maqsadi bilan radio murvatini buradim. Kechki payt bo‘lganligi boismi, deyarli barcha xususiy radiokanallarda tabriklar sahifasi berilayotgan ekan. Birorta yaxshiroq qo‘shiq tinglash ilinji bilan radioni u kanaldan bu kanalga oldim. Ko‘nglimga yoqadigan qo‘shiqni topdim-u, lekin... Lekin tabriklarda o‘qib eshittirilayotgan xatlar va telefon qo‘ng‘iroqlardagi “muxlis”larning bemalol “oshkoralik” bilan aytayotgan “dil izhorlari”ni eshitib, qo‘shiq taassurotidan ham chalg‘idim. Shunday “dil izhorlari”dan yodimda qolgan ayrim misollarni keltiraman:
— Asalim Nargis, man sani sevaman. Bu dunyoda mani borim ham, yo‘g‘im ham o‘zingsan...
— Qadrdon K... aka. Meni kechiring, sizni bugun ranjitib qo‘ydim. Aslida men faqat sizni...
— Osmondagi Hilolim! Seni tavallud ayyoming bilan tabriklayman. Meni baxtimga...
— Men sensiz yasholmayman D... va hokazo.
Boshlovchi xatlarni o‘qib bo‘lgach, unga munosabat bildirdi: “bugungi kunda sevgi-muhabbat yoshlar o‘rtasida epidemiya kabi tarqaldi”. Uning bu gaplarni aytishdan muddaosi nima bilmadim-u, lekin achchiq bo‘lsa-da, uning so‘zlarida jon bordek. Epidemiyaga qarshi kurash choralari ko‘riladiyu, lekin unga qiyos qilingan narsa taqiqlanmagani boismi, uni hech kim to‘xtatolmaydi. Balki u faqat insonning o‘ziga tegishli bo‘lgani uchundir...
“OSONGINA...”
Yaqinda katta yoshli kishilar davrasida bo‘lganimda, shu mavzu bo‘yicha ham kattalar o‘zlari bilganlaricha gapirdilar. Davradagilardan biri shunday dedi: “Hozir sevgi-muhabbat deganlari o‘yinchoq bo‘lib qoldi. Osongina sevadi, osongina izhor qiladi, osongina tashlab ketadi, osongina unutadi, osongina boshqasini topadi, osongina...”
Biz bugun inkor etolmaydigan yana bir haqiqat bor: Hordiq istab qaysi bir istirohat bog‘iga bormang, u yerda o‘tirish uchun birorta bo‘sh o‘rindiq topolmaysiz. Juftliklar yoniga borib o‘tirishga esa istihola qilasiz. O‘sha juftliklarning oshkora bir-biriga qilayotgan muomalasidan ba’zida hayratga tushasiz. Ochig‘i, o‘rganib ham
qoldik.
Nahot, muhabbat tuyg‘usi haqiqatan ham o‘yinchoqqa aylanib qolgan bo‘lsa? Aslini olganda dunyoda hamma narsa qadr topgani uchun ham aziz bo‘ladi. Ammo bugun sevgi-muhabbat degan tuyg‘uning qadri qaerlarda sarson-sargardon... “Yoshlikda o‘ynab-kulib qolish kerak” degan bema’ni fikrdagi yigit-qizlar davrlarining “mazmunli” o‘tishi uchun sevgi-muhabbatni tanlaganliklarini qay so‘z bilan oqlash mumkin?! Bu gaplarimga e’tiroz bildiradiganlar ham topilishi tabiiy. Lekin o‘ylab ko‘ring, hamma narsa odobi bilan go‘zal bo‘lgani kabi, muhabbat ham odobi bilan chiroyli emasmi?
... HAM RADIO, HAM GAZETA, HAM TELEVIDENIYE...
Bugungi kunga kelib nafaqat radiokanallarimiz, balki xususiy gazetalarimiz ham “oshiq”larning dil so‘zlarini “ma’shuq”larga yetkazuvchi oddiy vositaga aylandi-qoldi.
Yaqinda shunday gazetalarimizdan birida 12 yoshli oshiq bola sinfdosh qizga sevgi izhor qilgan satrlarga ko‘zim tushdi. 12 yoshli...
Bu uning taxminan 5- yoki 6-sinfda o‘qiyotganidan dalolat beradi. Bunisi ham yetmagandek, u o‘z sevgisini “mening birinchi muhabbatim” deya ta’riflabdi. Kichik yoshdagi maktab o‘quvchisining muhabbat mavzusida shunchalik darajada fikr yurita olganiga qoyil qolasan kishi. Bu gapni bir dugonamga aytganimda, “ey, shungayam hayron bo‘lasanmi, bog‘cha bolalari sevish nimaligini biladi-ku, hali u maktab o‘quvchisi ekan”, dedi qo‘l siltab. Meni esa bir savol qiynaydi: ular shu yoshidayoq sevishni kimdan o‘rganishgan ekan? Bunga sabab qilib bir nechta omillarni keltirishimiz mumkin. Jumladan, radiokanallar orqali aytilayotgan ochiq-oydin dil izhorlari, gazeta sahifalarini to‘ldirayotgan oh-vohlar, qolaversa televidenie orqali namoyish etilayotgan bachkana teleseriallar qahramonlariga taqlid yoshlarni bu tuyg‘uga yengil-elpi qarash bilan birga anchagina ma’naviy qashshoq ham qilib qo‘ydi. Gazeta, radio yoki televideniedagi seriallarni muntazam kuzatib borsangiz, u yerda shunday holatlar ham uchraydiki, bu narsa qanday yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, xalq tili bilan aytganda, bolalarning “ko‘zini ochib yuboradi”.
Ayni o‘qish, izlanish, ilm olish yoshida bo‘lganlarga sevgi-muhabbat anchagina xalaqit beradi. Tasavvur qilib ko‘ring, hali bog‘cha yoki maktab yoshidagi bolaning muhabbat haqida o‘ylashi va yoxud yoqtirganiga sevgi izhor etishini qabul qilish mushkul. Har narsaning o‘z o‘rni bo‘lgani kabi sevmoqlikning ham vaqti-soati bor. O‘qib, izlanib, ma’lum bir kasbning egasi bo‘lgandan
keyin ham sevishga vaqt topiladi. Tan olish kerak, hayotda sevgi-muhabbatning ham o‘z o‘rni bor. Mana shu o‘rinni aql tarozisiga solib, keyin belgilash lozim, nazarimda.
“SEVGI MAKTUBI MUHOKAMA QILINMAYDI”... MI?
Biz maktabda o‘qib yurgan kezlarda sinfdosh do‘stlarning yoki yuqori sinf o‘quvchilarining sinfimiz qizlariga yozgan xatlari o‘qituvchimizning qo‘liga tushib qolsa, katta shov-shuvga sabab bo‘lar va o‘sha xat o‘qituvchilarning umumiy majlisida muhokama qilinardi. Xat yozgan o‘quvchi ham, javob bergan ham birdek jazoga tortilardi. Hatto shunday vaqtlar ham bo‘lardiki, ota-onalar majlisida ham bu xat muhokama qilinib, o‘sha ota-onalar o‘z bolalarining tarbiyasi bilan muntazam shug‘ullanmaganlikda ayblanardi. Hozir-chi? Umuman, olganda sevgi maktubining umummuhokamaga qo‘yilishi to‘g‘rimi?
Boshida o‘qituvchilarning bu ishlarini mutlaqo noto‘g‘ri deb hisoblardim. Hozir o‘qituvchilarimiz qo‘llagan bu usul bir tomondan to‘g‘ri ham bo‘lgan, deb o‘ylayman. O‘shanda o‘qituvchilarimiz bizning sevgi-muhabbatga bo‘lgan munosabatimizni so‘ndirmoqchi emas, balki bizning bu ishimiz kichik yoshdagi o‘quvchilarga ham jiddiy ta’sir o‘tkazishidan qo‘rqqan ekanlar.
Yoshimiz ulg‘aygach, buni tushunganmiz.
Bugun ham o‘quvchilar o‘qituvchilari sevgi maktublarini ko‘pchilikning oldida muhokama qilishlarini yoqlashmaydi. O‘qituvchilarning bu ishlarini, balki, butunlay oqlab bo‘lmas, lekin ular bu bilan bizga yomonlik tilashmaydi-ku! Agar noto‘g‘ri desak, o‘quvchilarning o‘zlari to‘g‘ri ish qilayaptilarmi?
Ular o‘zlaridan pastki sinfda tahsil olayotgan ukalariga o‘rnak bo‘lishlari kerakligini unutib qo‘ymayaptilarmi? Sevish yoshiga yetganliklarini his qilgan ekanlar, buni sir tutish nahot qo‘llaridan kelmasa?...
XULOSA...
Qissadan hissa nima?
Sevgi-muhabbat biz o‘ylaganchalik oddiy tuyg‘u emas. U pokiza tuyg‘u. Uni dillarimizda, yuragimizda saqlamog‘imiz kerak. Toki unga boshqalar bepisand munosabatda bo‘lmasinlar!
Ma’mura Ramazon qizi,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi