OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Damin Jumaqulov. Aldov dardi

Birovni do‘st bilib, unga ishonib, oqibatda holi zabun bo‘lgan, to‘g‘rirog‘i, aldangan kishi, shubhasiz, moddiy va ma’naviy zarar ko‘radi, siqiladi, sog‘ligi yomonlashadi. Ammo ozroq vaqt o‘tgach ishlari o‘nglanadi, sog‘ligini tiklaydi, dard-u alamlarini unutadi. Ba’zilar esa qismatimda shunday ko‘rgilik bor ekan, deb qo‘ya qoladi.

Firib bergan kishilar esa o‘zgalar ko‘zicha zohiran boy, to‘kin-sochin yashaydi. Biroq ularning ich-etini yemirib yotgan bir narsa bor. Bu — har doim ta’qib etadigan aldov dardi. U kimnidir chuv tushirganini hech qachon tan olmasligi mumkin.

Ammo u rostakamiga g‘olib bo‘la olmaydi va bu atrofidagilarga bilinmasa ham o‘ziga ayon. Shu bois xotirjamlik unga begona.

unday fikrga kelishimizga bir tasodif sabab bo‘ldi. Aniqrog‘i, bir hamkasbimiz bu to‘g‘risidagi voqeani aytib berdi. Ehtimol, sizga ham qiziq tuyular, degan maqsadda uni suhbatdoshimizning tilidan bayon etishga qaror qildik.

“Talabaligimda bir eski hovlida ijarada turdim. Uy egasi o‘zim tengi yigit ekan. Darrov do‘stlashib ketdik. Keyin u xorijga ishga ketdi. Bizdan yoshi kattaroq kursdoshim bor edi. Qadrdon edik. Oilasi bilan bir rus kampirning uvadagina uyida yashardi. Kampir unga uyini sotmoqchi bo‘lib, arzimagan narx aytibdi. U menga “Shu uyni ikkovlashib olaylik, keyin­ sizga harakat qilamiz”, dedi. Bu taklif menga ham ma’qul bo‘ldi. Ammo ikkalamizda ham pul yo‘q. Bu uy bozorga yaqin joyda edi. Biz pul topish uchun bozorga, savdoga chiqmoqchi bo‘ldik. U shaharda yashash uchun doimiy ro‘yxatdan o‘tmagani uchun soliq inspektsiyasidan mening nomimga patent ochdirdik. Patent mening nomimda bo‘lgani uchun ertadan kechgacha savdoda o‘tiraman. Kechqurun narsalarni uning uyiga olib boraman-da, molni va savdo pulini topshirib, tramvayga o‘tirib uyga qaytaman. Ertasiga ham ahvol shu. Savdomiz yurisha boshlagani sayin uning muomalasi o‘zgarib boraverdi va oxir — oqibat men bozordan ketib, birovdan qarz olib, arang patentni yopib oldim.

Oradan chamasi ikki yil vaqt o‘tib o‘sha xorijga ketgan do‘stim quruq qo‘l bilan qaytib keldi. Bungacha men yugurib-elib uch-to‘rt so‘m g‘amlab olgan edim. Biroq bu pul uy sotib olish uchun urvoq ham bo‘lmas edi. O‘rtog‘imga ham uy kerak. Nurab borayotgan hovlisiga kelin olib kelishga uyaladi. Shunday qilib ikkalamiz ba’zan yarim tunga qadar pul topishning yo‘llarini qidirardik. Axiyri, sheriklikka novvoyxona, somsaxona, do‘koncha qurmoqchi bo‘ldik. U mablag‘ beradigan, men esa quradigan bo‘ldim. Ish boshlandi. Ishonasizmi-yo‘qmi, aka-ukalarimni chaqirib tashlandiq, buzilib ketgan imoratlardan yelkamda g‘isht tashib, loy qorib bino tikladik. Eski tunuka, shifer terib kelib, ustini ham yopdik. Bu ishlarga undan xarajat talab qilinmadi. Qurilish bitganidan keyin u ikkita tandir olib keldi. Novvoyxona ishga tushdi. Somsapaz usta darrov topila qolmadi. Do‘kon ochilishi uchun kassa apparati sotib olishga “sarmoyador”ning puli yetmadi. Ammo novvoyxonaning foydasi tezda ko‘zga ko‘rinib qoldi. Nima jin urib sherigimning fe’li o‘zgara boshladi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, uyini ham bo‘shatib boshpanasiz qoldik. O‘g‘lining tabiatini bilganmi, bir kuni onasi menga: “Shuning o‘rniga o‘zingga uy qursang bo‘lmasmidi” degan edi achingannamo.

Yaratganga shukr, ishlarim yo‘lga tushib ketdi. Hozirda birovdan kam, birovdan ziyod, baholi qudrat ishlab yuribman. Lekin aldanish ham odat bo‘lib qolar ekan. Firibgarlar sodda, umuman tanimagan odamni qanday bo‘lsa ham topib kelaverishiga qoyil qolmay ilojingiz yo‘q.

Burungi yilning oxirlari edi. Bir kishi kelib yangi gazeta chiqarayotganini aytib, yordam qilishimni so‘radi. Ma’lumotnomaga o‘xshash chala-chulpa qog‘ozlarga ko‘mib tashladi. ”Shuni maqola qilish kerak”, deydi. Ertadan kechgacha qoshimda o‘tirib maqola yozdiradi, dam olish kunlari ham tinim yo‘q.

Baxtga qarshi men “Vaqtim yo‘q”, ”Qo‘limdan kelmaydi”, “Ishim ko‘p” degan so‘zlarni aytolmayman. Tarbiyamiz shunday bo‘lsa kerak-da. Tunlari mijja qoqmay, qisqa fursatda gazetaning birinchi sonini tayyorlab, sahifaladik. Buyurtmachining nazdida gazeta tayyor bo‘lgach, bizning ishimizdan kamchilik topib janjal boshladi.

Ha, darvoqe, u dam olish kuni ishlatayotganimga xijolat bo‘lganmidi yo mehri toshib ketganmi, oltmish ming so‘mcha pul bergan edi. Shuni qaytib berishimni so‘radi. Pulni qaytarib ­olgisi kelib, har xil gaplarni gapirardi-yu, lekin o‘zini noqulay ham sezardi. Uni o‘ng‘aysizlikdan chiqarish uchun bunday dedim: “Siz xijolat bo‘lmang, menga firib berayotgan bir siz emas. Aldanaverib, ko‘nikib ketganman. Aldanish odat bo‘lib qolgan. Bu qismatimda bor, shekilli. Omonatingiz ishxonamda turibdi, yuring qaytarib beraman. U o‘zi kelmay, birovni jo‘natdi...

Har doim aldanganimda qattiq iztirobga tushar, bunchalar soddaligim uchun o‘zimdan nafratlanib ketar edim. Ammo menga o‘zi berib qo‘ygan ozgina pulni qaytarib olish uchun ming xil bahonalar izlayotgan o‘sha odamni kuzatar ekanman, beixtiyor ko‘z oldimda oldinroq firib bergan munofiqlarning ham qiyofasi jonlana boshladi: biri noqulay joyda turgandek, olazarak so‘rashadi. Ikkinchisi, hadeb o‘sha eski uyiga taklif qilaveradi, uchinchisi esa ko‘rmaganga olib uzoqlardan o‘tib ketadi. Unga ataylab qattiq tikilaman, oyoqlari chalishib ketadi.

Xalqimiz har narsa niyatga bog‘liq, deb bekorga ayt­magan. Har bir ishda har kimning o‘z nasibasi bo‘lar ekan. Undan ortig‘ini qancha “karomat” ko‘rsatsangiz ham ololmas ekansiz. Birovning haqi baribir buyurmas ekan. Dastlab birga ishlagan kurs­doshim savdomizni barbod qilganidan so‘ng ishlari zo‘r bo‘lib ketmadi. Ancha yillar o‘tib, bir amallab boshpanali bo‘ldi. Ikkinchisi esa faqat novvoyxonadan foydalanish bilan cheklandi, xolos, ­somsaxona va do‘konni ishga tushira olmadi. Chunki ularning biri bizning nasibamiz bo‘lsa, bosh­qasi ikkalamizning o‘rtamizda bo‘lgan. Uchinchi birga ishlagan tanishim esa nom ham qozona olmadi, yuradi shumshayib, birov uni tanimaydi ham.

Shu voqeadan so‘ng ularning o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Ammo hozirgi o‘rnim yaxshiroq ekan. Men aldandim. Yo‘qotganim arzimagan dunyo moli bo‘ldi, xolos. Boshqa hech narsa, xususan, vijdon azobida qolmadim, birovlarning oldida yuzim qora bo‘lmadi. Shu jihatlarni o‘ylasam, aldanib qolish unchalik yomon emas-u, aldaganlarning holi chatoq ekan. Chunki aldagan odam butun umri davomida biror narsadan pand yesa yoki ishi yurishmay qolsa yoxud oila a’zolaridan birovi bemor bo‘lsa, darrov “Falonchini bir vaqtlar aldab norozi qiluvdim, shuning oqibati bu” deb shumshayib yashashga mahkum ekan.

Suhbatdoshimizning gaplari noo‘rin emas. Aldov eng og‘ir gunohlardan biri sifatida muqaddas kitob­larda ham qoralanadi. Ammo hozirgi paytda yolg‘on gapirish, odamlarni chuv tushirish ayrimlar uchun bir ho‘plam choyni ichishdek gap bo‘lib qolganiga achinaman.

Zero, aldov jamiyat uchun ham xatarli bo‘lishi bilan birga insonni tubanlikka yetaklaydigan, uning umrini zulmatga aylantiradigan illatdir.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.