OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Ot haqida haqiqat

Тarixdan ma’lumki, insoniyat tsivilizatsiyasida turli ashyo va hayvonlarning ko‘z ilg‘amas, lekin beqiyos darajadagi o‘rni bor. Agar ilmiy nuqtai nazardan yondashilsa, bunga ko‘p misollar keltirilishi mumkin. Birgina bronza va temir asrlarida it va otning qo‘lga o‘rgatilishi, dastlabki kishilik jamiyati taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.

Yana turkshunos olimlar va tarixchilarning e’tirof etishicha, turkiy xalqlar tomonidan uzangining kashf etilishi ularning harbiy-ijtimoiy hayotida ulkan burilish yasagan. Ta’kidlash kerak, yuqoridagi fikrlar otning insoniyat o‘tmishidagi o‘rni va ahamiyati nechog‘li ekanini asoslab beradi. Bugungi kunda ham ot bilan bog‘liq ko‘p asrlik qadriyatlarimiz borki, ta’bir joiz bo‘lsa, ular ming yillardan beri turkiy xalqlarning milliy kamolotiga xizmat qilib kelmoqda. Quyida ana shu haqda fikr yuritamiz.

Ot xosiyatli bo‘ladi. Eskilarning aytishicha, u egasining xonadoniga rizq tilar ekan. Bizda shunday naql bor: “Otingdan ayrilsang ham jakkamik (yakkamix)ingni buzma”. Jakkamik — ot boylanadigan, baquvvat yog‘ochdan qilingan qoziq. Uzunligi uch metr atrofida bo‘lib, yarmi yer ostiga ko‘miladi. Otni shunga bog‘lashadi. Odatda yangi ko‘chib chiqqan uy egalari oti bo‘lmasa-da, kelajakda bizning hovlida ham ot rizq tilab tursin degan niyatda jakkamik o‘rnatadi.

Yana “Ot aqlli bo‘ladi” — deyishadi. Ularning aksariyati odam tanlaydi. Yoqtirmagan kishisini yoniga yo‘latmaydi. Uloqchi otlarda shunaqa xususiyat bor. Bulung‘urning Oqtepa bozorida shunday voqeaga guvoh bo‘lganman. Dallollarning g‘ala-g‘ovuri ostida uch yoshli toyni savdo qilishdi. Narxi bir to‘xtamga kelinib, baraka olingach, yangi xo‘jayini toyning arqonini yecholmadi. Jonivor uni yaqinlashtirmadi. Shunda yilqining avvalgi egasi otga mast holda yaqinlashmasligini aytib, samanni bozordan tashqariga chiqarib berdi. Otlarning biz bilmagan va e’tibor bermagan nozik xususiyatlari ko‘p. Sinchiklab kuzatgan, u bilan hamnafas yashagan kishilargina sir-sinoatga boy ekanligini yaxshi bilishadi. Yana bir misol: odatda otlarning ayili chap tomonidan tortiladi. Va shu tarafdan miniladi. Yaxshi yilqi o‘ng tomonidan minishga yo‘l qo‘ymaydi. E’tiborli tomoni shundaki, ayil chap tomonidan tortilganidan keyin chavandoz chap oyog‘ini uzangiga tirab, o‘ngini oshiradi. Ot ham dastlab o‘ng oyoqdan qadam tashlaydi. Bunda o‘z-o‘zidan chavandoz va otning o‘ng tomoni bilan harakatlanishi uyg‘unlashadi. Sharq xalqlaridagi “Otliqning ishi o‘ngidan keladi” — degan naql ana shu uyg‘unlikdan kelib chiqqan bo‘lsa, ajab emas. Ba’zi bir qirchang‘i va cho‘bir otlar bundan mustasno. Qirchang‘i — uzoq yillar ko‘pkari qilgan, qartayib qolganligi bois, aravaga qo‘shiladigan, yuk tashish, mol-qo‘y boqishda ishlatiladigan ot. Cho‘bir — ko‘pkari qilolmaydigan, tezligi past, umuman olganda zoti buzuq ot. U ham asosan xo‘jalik ishlarida ishlatiladi. Bulung‘urlik ot ishqibozlari cho‘bir bilan qirchan­g‘ini shunday farqlaydi. Yana yil­qini ikki yoshgacha qulun, ikkidan uchgacha toy, uchdan to‘rtgacha g‘unon, to‘rtdan beshgacha do‘non deb atashadi. Besh yoshida ot bo‘lar ekan.

Ularni el orasida pokiza jonivor deyishadi. Haqiqatdan ham ot boshqa jonivorlarga qaraganda toza yuradi. Otbozlarning aytishicha, mabodo sayisxona biror kun tozalanmay qolib ketsa, otlar bezovta bo‘lishar ekan. Shuningdek, ular har qanday joyda dumalamaydi. Dumalash uchun joy tanlaydi. Ilgari dadam kunda bir marta uloqchi otlarini dumalatgani olib chiqardi. Ularning joy tanlashini ko‘p kuzatganman. Otlar hech qachon eshak dumalagan joyni tanlamaydi.

Azaldan ot va inson o‘rtasida qandaydir yaqinlik bor. Shu bois asrlar osha badiiy adabiyotlarda ot haqida ko‘p yozilgan. Hatto, Hadisi sharifda ham “Farzandlaringizni ot minishga o‘rgating”, deyilgan. Nazarimda ular farosatliligi va o‘tkir zehnliligi bilan boshqa hayvonlardan ajralib tursa kerak. Qadimda ota-bobolarimiz farzand tarbiyasida otdan unumli foydalanishgan. Sir emas, ot ustida o‘tirgan kishining ruhiya­ti sog‘lomlashadi. Balandlik odamni sergaklantiradi. Uni bosh­qarish jarayonida yosh bolaning abjirligi va jasurligi ortadi. Egar ustida eshakdagi kabi beparvo emas hushyorroq bo‘ladi. Otning tez chopishi odamni chiniqtiradi. Yuqoridagi Hadis negizida ushbu tarbiya usuli yashiringan bo‘lsa kerak, nazarimda.

Odatda, otlarni ko‘pkarida sinashadi. Chunki har qanday otning oyoq olishi uloqda ma’lum bo‘ladi. Yilqini bu tarzda sinovdan o‘tkazish ajdodlarimizdan qolgan. Bolaligimda bobom Buxoro amirligi qo‘shiniga ot to‘plashda ham biz tomonlarda ko‘plab uloq marosimlari o‘tkazilganligini aytib bergan. Ko‘pkari ko‘p asrlik musobaqa. U azaldan turkiy xalqlar hayotining ajralmas bo‘lagi bo‘lib kelgan. Unda otlar bilan birga polvonlarning or-nomusi, g‘ururi, abjirligi va dovyurakligi sinalgan. Polvonlik qon quvadi. Ota-bobolarida chavandoz o‘tgan bo‘lsa, albatta, avlodlaridan biri ot chopadi. Bulung‘urda bir zamonlar Azim polvon degan chavandoz o‘tgan. Uning o‘g‘li ham Suyun polvon deb nom qozondi. Suyun polvonning Zohid, Shuhrat degan farzandlari hozirgi kunda Bulung‘urning oldi polvonlaridan. Nevarasi Elmurod polvon ham yaxshi chavandoz. Polvonlarning aytishicha, chavandoz mard bo‘lishi kerak. Shu bilan birga polvon bo‘lishda kuchning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun kishida mardlik, olijanoblik, tantilik xususiyatlari bo‘lishi lozim. Ilgari Baxmalda Turob degan polvon bo‘lgan. Aytishlaricha, polvon do‘stlarining iltimosiga ko‘ra paxsachi do‘sti bilan qo‘lda kuch sinashgan. Uzoq vaqt davom etgan bellashuvda polvon yengilgan. Natijada o‘rtoqlari uni mazax qilib kulishgan. Shunda u men mezbon raqibim mehmon edi, shuning uchun uni mulzam qilmadim, deb javob bergan. Keyinchalik paxsachi do‘sti bilan alohida uchrashganda “Men o‘shanda rostdan ham yengiluvdim, lekin ko‘pkarida tortishsak egaring bilan uzib olaman”, degan ekan. Nagzi past odamdan ham polvon chiqmaydi. Nagzi past — dangalchi va halol emas, deganidir. Ko‘pkari odamni tilga tushiradi. Ot egasining nomini elga tanitadi. Tulpor bilan birga egasining nomi ham olam kezadi. Birovlar ko‘z-ko‘z uchun ham ot boqadi. Ko‘pkari beradi. Baxmaldagi bir ko‘pkarida Shertoy polvon “Tayson” laqabli otda eng katta solim (sovrin) — tuyani oldi. Bakovul shunday e’lon qildi. “G‘allaorollik Shertoy polvon urgutlik Zayniddinboyning otida tuyaga tashladi”. Yil­qining qancha vaqt ko‘pkari qilishi aynan bir davr bilan chegaralanmaydi. Ilhom polvonning aytishicha, o‘tgan asrning 80-yillarida o‘lkamizdagi uloq marosimlarida “Vaska” laqabli ot mashhur bo‘lgan. U 3 yoshida katta solimlardan biri — toyga tashlagan. 25 yoshida Baxmaldagi bir ko‘pkarida oyog‘i sinib, o‘lgan.

Darvoqe, uloqchi otlarning el ichida o‘ziga xos laqabi bo‘ladi. Laqab polvon yoki egasi tomonidan otlarning ayrim xususiyatlaridan kelib chiqib yoki tilga tushgan tulporlarga havas qilib qo‘yiladi. Ayni paytda Samarqand va Jizzax hududlaridagi ko‘pkarilarda quyidagi otlar mashhur: “Yantar” (egasining aytishicha shu nomdagi ot bor), “Qorabayir” (zoti shunday), “Vaska” (yuqoridagi shu nomli otning zurriyodi), “Ko‘kkaptar” (rangi ko‘k, chavandozning aytishicha kaptardek yengil chopadi), “Mishka” (shu nomdagi sportchi ot bor), “Jiyron” (rangi shunaqa), “Tanka” (polvonning aytishicha, har qanday to‘dani yorib o‘tadigan ot), “Bo‘zsaman” (rangi shunday), “Delfin” (shu nomdagi sportchi ot bor).

Bugun otning o‘rnini texnika taraqqiyoti mahsuli — avtoulovlar egallagan hamda ularga bo‘lgan ehtiyoj anchagina susaygan payt. Shu bois ot bilan bog‘liq qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz yo‘qolib bormoqda. Qolganlari ham tad­qiqotchilarini kutib yotibdi. Kezi kelganda shuni ham ta’kidlash lozim, mazkur mehnatsevar jonivorlar xarakteri badiiy adabiyotlarda tatbiq qilingani kabi ilmiy nuqtai nazardan ham o‘rganilsa, foydadan holi bo‘lmaydi. Ayonki, ming yillardan beri insonning eng yaqin do‘sti hisoblangan jonivorlarning tiynatidan olamshumul ixtirolar zohir bo‘lajak.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.