Hammasiga o‘zim aybdorman. Balki o‘sha ayollarga salom berib o‘tganimda ular bilan tortishmagan, ikki kunlab asabim buzilib yurmagan bo‘larmidim. Lekin bekordan-bekorga ortimdan gapirishlari, pastga urishlari alam qildi…
Musofirchilik ekan, payti kelsa bir uydan boshqasiga ko‘chishimizga to‘g‘ri keladi. Yashayotgan kvartiramizning egasi “endi elektr uchun o‘zlaring to‘langlar” degan gapidan keyin men ham to‘nimni teskari kiyib oldim. Axir boshida bunday kelishmaganmiz, odam degan lafzida turishi kerak-da. Xullas, lash-lushlarimizni bir necha pod’ezd narida yashaydigan og‘aynimnika qo‘yib turadigan, yangi uy topgunimcha ayolim bolamni olib ota-onasinikiga borib turadigan bo‘ldi. “Kambag‘al bo‘lsang, ko‘chib ko‘r”, deb behuda aytishmagan ota-bobolarimiz. O‘zimiz kichkinagina oilamizu, narsalarimiz bir dunyo. Qo‘limga beshik, yana bir-ikkita sumkani olib pastga tushdim. Qo‘shni pod’ezd oldida besh-oltita xotin gaplashib o‘tirishgan ekan. Yonlaridan o‘tib ketishim bilan ulardan yoshi kattarog‘i gapirib qoldi:
– Bular ko‘chib kelaveradi-ko‘chib ketaveradi, bezor qildi hammasi…
Muzlab qoldim. Nima, men u ayolning uyiga ko‘chib kelib, unikidan ketyapmanmi? Unga qanday og‘irligim tushyapti? To‘g‘ri, “musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan”, deyishgan. Lekin har safar ko‘chish menga og‘ir botadi. O‘zi boshimdagi tashvish yetib, ortib turgan bo‘lsa, hozirgi gap esa naq yuragimni teshib o‘tganday bo‘ldi, ko‘nglim yomon og‘ridi.
Qolgan narsalarni er-xotin tashiy boshladik. Har safar o‘tganimizda, bitta bemaza gap eshitamiz.
– Qaysi qo‘shni bular? – so‘radi yoshroq bir juvon.
– E, qo‘shni emas-e…
– Hayron bo‘ldim-a boyadan beri nima tashivotti bular deb.
Asabim adoi tamom b?ldi. Oxirgi narsalarimizni tashlab qaytayotgan edik. Ayollar o‘tirgan joyga ya?inlashgach, xotinimning gapini shart bo‘ldim-da, ozimni atayin balandlatib dedim:
– Hadisda “G‘iybat zinodan ham og‘ir gunoh” deyilgan…
Boyadan beri chakagi tinmayotgan g‘iybatchi ayol darqol sergak tortdi:
– Nima dedi?
– G‘iybat zinodan ham og‘ir gunoq, deydi, – javob qildi yonidagilardan biri.
Chidab turolmay, shart ortimga burildim.
– Ha, gapim og‘ir botdimi?
– Nima?!
– Gapim og‘ir botdimi deyapman.
– Nima demoqchisiz? Kimsiz o‘zi?
– Nima demoqchiligimni juda yaxshi tushunib turibsiz. Boyadan beri orqamizdan og‘zingizga kelganini gapirib yotibsiz-ku! Kap-katta xotin uyalmaysizmi?
– Hecham-de, biz toza havo olib o‘tiribmiz xolos, siz bilan necha pullik ishimiz bor.
– Qo‘ysangiz-chi, kar emasman-ku. Sizga nima yomonligimiz tegdi? Qishloqi-qishloqi deysiz, qishloqdanligimni qaerdan bila qoldingiz? Yo sizga o‘xshagan shaharliklar odamu, qishloqliklar odam emasmi?
Ayol jahlim chiqqanini ko‘rib dovdirab qoldi. Yonidagilar boshini xam qilib olishgan bo‘lsa-da, u sir boy bergisi kelmas, aytgan gaplaridan tonib turar edi:
– Unaqa deganim yo‘q!
Bu ayolga gap gapirish befoyda ekanligini fahmlab, uzoqlasha boshladim.
– Ha, bilib qo‘yinglar, g‘iybat zinodan ham yomon gunoh, uyalsalaring bo‘lardi.
Hatto ertasiga ham o‘zimga kela olmadim. Kechqurungi voqea hech xayolimdan ko‘tarilmasdi. O‘zimcha o‘sha g‘iybatchi ayolni ham, uning gapini ma’qullab o‘tirgan sheriklarini ham ayblar edim. Qanaqa ayollar ekan bular? O‘tgan-ketganning asabini buzib, yarim kechasigacha laqillab o‘tirishadi-ya. Payg‘ambarimiz ko‘chada o‘tirishdan qaytarishganini bilishmaydi shekilli. G‘iybat qilishlari-chi, o‘limtik go‘sht yeyish bilan barobar-ku bu!
Oradan bir necha kun o‘tgachgina bu voqeaning asl sababini topganday bo‘ldim. Boshqalarni gunohkor qilish juda oson, jahlni bir yonga yig‘ishtirib o‘ylab qarasam, asl aybdor o‘zim ekanman. Men ham g‘iybat qilishda o‘sha ayollardan qolishmayman-ku. Bir kungina oldin yaqin tanishimning orqasidan nimalar gapirmagan edim? O‘tgan yili ham xuddi shunga o‘xshash janjalga duch kelovdim. Ammo o‘shanda ham o‘zimni oppoq sanab, aql yurgizmagan ekanman. G‘iybatning qanchalar og‘ir gunoh ekanligini bila turib, tilimni hech tiya olmayman. Yaratganning adolati haq, mana, qilgan yomonliklarimning natijasi. Kech bo‘lsa ham xatoimni anglab yetdim: endi hech qachon g‘iybat qilmayman. Ko‘zimni ochib qo‘yganiga shukur…
"7 iqlim" gazetasidan