Yoshingiz nechada? Turmush qurganmisiz? Oila deganda nimani tushunasiz?
Yo‘q, bu siz har doim xushlamaygina yoki aksincha — qiziqib javob beradigan anketa savollari emas. Faqat maqolani boshlashdan oldin shu haqda bilgimiz keldi. Chunki...
Kichik jamiyat
Oilaga berilgan ta'riflar orasida «jamiyat bo‘g‘ini» ifodasi alohida e'tiborga molik. Jamiyat oilalar bilan butun va barqarordir. Shu bois, oilani kichik jamiyat deb ham atash mumkin. Ushbu kichik jamiyatning katta mas'uliyatlari borki, hali turmush qurmagan yoshlar buni his qiladilarmi, yo‘qmi - hamma gap shunda. Bu jamiyatning bo‘lajak «fuqaro»lari o‘z haq-huquqlarini, burch-vazifalarini biladilarmi? Undagi qonun-qoidalarni-chi? Ertaga barmoq tishlab qolmaydilarmi?
Allaqachon «fuqarolik»ka yoshi yetgan, lekin hamon buning mas'uliyatini his qilmay yurgan yoshlar qancha ekan?
Oila, ayrim yoshlarning nazarida, faqat er-xotin munosabatlari, bola tarbiyasidan iboratday go‘yo. Ba'zi qizlar uni turmush o‘rtog‘iga xizmat qilish, qaynona ko‘nglini olish, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish deb tushunsalar, ayrim yigitlar bola-chaqa boqish va ro‘zg‘or tebratish deb o‘ylaydilar. Qiziq, muqaddas maskan deya tilga olinayotgan oilaga bu qadar yengil qarashning sabablari nimada?
Juft qidirib...
Inson yaralibdiki, oila bag‘rida. Turmush qurish - hayotning tabiiy qonuni. O‘ziga har jihatdan munosib juft topish - balog‘at yoshiga yetgan yigit-qizlarning orzusi. Axir, umr bo‘yi birga hayot kechiradigan, yaxshi-yomon kunlarda yo‘ldosh bo‘ladigan insonni shunchaki tanlab bo‘lmaydi-da. Buning uchun, avvalo, ikki qalb bir-birini tushuna olishi, asosiysi, yakdil bo‘lgandagina oila barqarorligiga erishish mumkinligini anglab yetishi lozim. Ana shundagina ushbu muqaddas maskanga nisbatan hurmat va mas'uliyat hissi ortadi.
...Bu yigitga butun qarindosh-urug‘lar bir bo‘lib qiz qidirishdi. Yoshi o‘tib boryapti, uylanishi kerak. Ko‘p joyga borishdi. Qiz tomondagilarga to‘g‘ri kelmadi, shekilli, rozilik berishmadi. Sovchilar har safar uyga «quruq» qaytishar ekan, yigitning ota-onasidan takror-takror so‘rardilar: «Yaxshi ko‘rgani yo‘qmi?»
O‘g‘ilning bu bilan ishi ham yo‘q. Uylanishi kerakmi - vassalom. Qiz topilsa, bo‘ldi. Nihoyat, 5-6 ta xonadondan noumid qaytgan sovchilar bu gal ochiq chehra bilan keldilar: «To‘yni boshlayvering, kelin topildi». Shu tariqa «Bunisi bo‘lmasa, boshqasi» qabilida tutilgan ish yakun topdi...
Yosh oilaning keyingi holati sizni qiziqtirayotgan bo‘lsa kerak. Bizni esa ko‘proq yigitning, shu bilan birga, uning ota-onasi, umuman, kattalarning bo‘lajak oilaga bu qadar yuzaki munosabatda bo‘lishlari ajablantirdi. Istalgan qizga uylanib ketaveradigan yigit ertaga qanday qilib ro‘zg‘or tebratishi mumkin? Mayli, buni-ku bir amallab uddalar, lekin u oila mas'uliyatini his qila olarmikan? Yoki nikohni faqat er-xotin munosabatlari deb tushunganicha qolib ketaveradimi?
Ehtimol, oila mas'uliyatini qay darajada his qila olish juft tanlash bilangina o‘lchanmas. Ammo butun umringni bog‘layotgan inson kim va u bilan mustahkam oila qura olasanmi-yo‘qmi - shu haqda chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerak-ku!
«Nikohgacha bir-birini ko‘rmasdan baxtli yashab ketgan yoshlar qancha» deya e'tiroz bildirishga shoshilmay turing. Hammasini taqdirga to‘nkash to‘g‘rimikan? Oila o‘z nomi bilan muqaddas. Turmushning o‘ziga yarasha og‘ir-engilliklari bor. Yosh yigit-qizlarni unga tayyorlab borish, hech bo‘lmasa, oilaga yuzaki qaramasliklarini tushuntirish yaxshi emasmi?
Chimildiq orzusi
Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Davron Xoliqovning bu boradagi fikrlari sizga ham asqotib qolar:
- Oila avlodlar davomiyligini ta'minlovchi muhim omil hisoblanadi. Uning muqaddasligi sabablaridan biri ham shunda. Yoshlarning oilaga tayyorgarlik ko‘rib borishi uning mustahkam, havas qilgulik darajada bo‘lishi sabablaridan biridir. Turmush qurayotganda shar'iy va qonuniy nikohda ham kelin-kuyovga oila va nikohning muqaddasligi haqidagi majburiyat yuklanadi. Asosiy maqsad esa muqaddas sanalgan bu maskanga yoshlar shunchaki munosabatda bo‘lmasdan, mas'uliyat bilan yondashishlarini ta'minlashdir.
Afsuski, hozir ayrim yoshlarda bu borada chala xulosa va xom fikrlargina bor, xolos. Nazarimda, yoshlar oila qurishga u qadar shoshilmayaptilar. Ba'zi bir yoshlarda sharm-hayoning ko‘tarilib borayotgani buning bir sababi bo‘lsa kerak. Ilgarilari yigit va qiz unashtirilganlaridan keyin 3-6 oy muddatda bir-birlarini sinash maqsadida uchrashganlar. Bu uchrashuv yashirin tarzda, odamlar ko‘zidan yiroqda bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, ortiqcha harakatlar, behayolik va axloqsizlikka yo‘l qo‘yilmagan. Bu esa uylanishga, visolga ishtiyoqni kuchaytirishi tabiiy. Chimildiq orzusi ularni o‘tkinchi hoyu havaslarga berilmaslikka undagan. Axir, muqaddas go‘shaga pok va ezgu niyatlar bilan kirish baxti naqadar totli. Ko‘chada yalab-yulqashish haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas.
Hozir-chi? G‘arb turmush tarzining yoshlar ongiga salbiy ta'siri natijasida oila, er-xotin munosabatlariga putur yetmoqda. Endi ular uylanish borasida ham g‘arbliklarga taqlid qilishga o‘tib ketdilar. Nikohsiz turmush qurish hollari ro‘y bermoqda. Xiyobonlardagi «oshiq-ma'shuqlik», tungi klublardagi diskotekalar, bir lahzadagi tanishuvlar yoshlarda «hirsiy muhabbat»ning ustun bo‘lishiga olib kelmoqda. Shu sababmi, ayrim yigitlarda uylanmaslikka ishtiyoq paydo bo‘lmoqda. Turmush qurmasdan ham yashash mumkin, degan o‘y ularni uylanishga «shoshirmayapti».
Oila, aslida, chin muhabbat asosiga qurilishi kerak. Lekin yoshlar o‘zlaridagi hissiyotni chin muhabbat deb qabul qiladilarmi? Yo‘q, bu ko‘pincha shunchaki havasdan boshqa narsa emas. «Bir qarashda sevib qolibdi» degan gaplarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bunda faqat tashqi qiyofa nazarda tutiladi. Bu ham oila mustahkamligiga to‘siq bo‘ladigan omillardan biridir. Kuzatuvlarimiz natijasida ma'lum bo‘ldiki, kelin yoki kuyov tanlashda ota-onalar, birinchi navbatda, «nomzod»ning salomatligi va tarbiyasiga e'tibor qaratadilar. Chunki ular ko‘pni ko‘rgan va bu borada ma'lum tajribalarga ega. Yoshlar esa hali g‘o‘r. Shundanmi, yosh yigit-qizlar bo‘lajak umr yo‘ldoshining boyligi va chiroyiga «uchadilar».
Yoshlar, umuman, yurtdoshlarimiz shu kabi noto‘g‘ri tushunchalarga berilmasliklari, ularda oila mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida markazimiz tomonidan turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Respublikamizning barcha viloyatlarida, poytaxtimizda o‘tkazilayotgan davra suhbatlari, uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar shular jumlasidandir.
Mahallalarda jamoatchilik asosida tashkil etilgan «Ota-onalar universiteti» mashg‘ulotlari orqali oila tarbiyasini takomillashtirish, ota-onalarning ma'naviy-ma'rifiy, tibbiy-demografik, ijtimoiy-huquqiy bilimlarini oshirishga erishish maqsad qilib olingan. Ushbu universitetdagi mashg‘ulotlar 36 soatga rejalashtirilgan bo‘lib, kurs yakunida ota-onalar bilimi test mezonlari asosida baholanadi. Bundan tashqari, nikohdan o‘tayotgan yoshlar uchun har bir FHDYo bo‘limlari qoshida 32 soatlik «Oila dorilfununi kursi» tashkil etilgan. Bunda dastlabki eng zaruriy bilimlar beriladi. Oilaviy muammolarni yengib o‘tish yo‘llari haqida aytib o‘tiladi. «Yosh oila maktabi» ushbu kursning uzviy davomi bo‘lib, unda qaynona-kelin, qaynota-kuyov, er-xotin munosabatlari, farzand tarbiyasi haqida yoshlarga saboq beriladi. «Yakshanba maktablari» kursida esa oilasida jismoniy imkoniyati cheklangan farzandi bor ota-onalarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatiladi. Mashg‘ulotlarni oilashunos olimlar, jamoatchi lektorlar - huquqshunoslar, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, psixologlar olib boradilar.
Shuningdek, markazimiz tomonidan yoshlarga metodik tavsiyalar beriladi. «Oila kutubxonasi», «Yosh oila kutubxonasi» ruknlarida risolalar, maslahat shaklidagi bukletlar, turli ilmiy maqolalar chop ettiramiz. Bularning barchasi - fuqarolarimizda, ayniqsa, yoshlarda oila mas'uliyatini kuchaytirish, yosh yigit-qizlarning ushbu muqaddas dargoh haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lishlarini ta'minlash, ularni oilaga tayyorlab borish maqsadida tashkil etilgan.
Ishonchni asrang!
Yosh kelin-kuyov o‘rtasidagi bir-biriga ishonch tuyg‘usi oila mustahkamligi shartlaridan hisoblanadi. Ishonch bor yerda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat bo‘lishiga shubha yo‘q. O‘z juftiga ishonmaslik oqibatida barbod bo‘lgan oilalar kammi?
Achinarlisi, hali turmush qurmasdan turib bu tuyg‘uning asiriga aylanib qolgan yoshlar oz emas. Yigitlar qizlarga ishonmaydilar yoki aksincha. Ikki taraf ham bir-birlariga shunday ayblar taqaydilarki...
Shundanmi, juda ko‘p yoshlarning o‘zlariga munosib juft topa olmay boshi qotgan. Yigit qizning shuncha yil «behuda» yurmaganidan shubhalanadi, qiz esa uning qiz bola «do‘st»lari ko‘pligidan tashvishda. Bu holda qanday oila qurish mumkin. Mana aytib o‘tilgan sabab(yoki bahona)lar:
Yigit: «Shaharda o‘qigan ekan. Shu paytgacha tinch yurmagan bo‘lsa kerak. Uni tergab-urishadigan odamlar uzoqda bo‘lsa. Xohlaganini qiladi-da».
Qiz: «Ko‘pchilikdan eshitdim, nechtasi bilan yurgan ekan. To‘ydan keyin ham bu odatini tashlamasa kerak».
Biror so‘z aytishga botina olmaysiz. Og‘iz ochdingizmi, shu kabi «ayb»larni qalashtirib tashlashadi. Aslini olganda, bu masalaga yuzaki, ko‘r-ko‘rona yondashishdan boshqa narsa emas. Lekin hayotda shunday bo‘lyapti. Nega qizlar yigitlarga ishonmay qo‘yishdi? Nega yigitlar uylanish oldidan o‘ta ehtiyotkor bo‘lib qolishyapti? Savollar ko‘p. Javob esa...
Inson, avvalo, o‘ziga ishonishi kerak. Undan oldin boshqaga ishonish haqida o‘ylab o‘tirmasa ham bo‘ladi.
Buyum emas, juft tanlayapsiz!
Oila, unga tayyorgarlik, munosib juft izlash har bir yigit-qizni o‘ylantirib, tashvishga solayotgani rost. Bo‘lajak umr yo‘ldoshining kimligiga qiziqish ularni yillar osha yetaklab kelyapti. Bir umrlik yo‘ldosh topish shunchaki ish emas-da. Yoshlarning bu boradagi fikrlarini tinglab ko‘rdik.
- To‘g‘risini aytsam, oila mas'uliyati, turmushning o‘ziga xos og‘ir-engil tomonlarini endi tushunib yetayapman, - deb gap boshladi biz suhbatda bo‘lgan talaba qiz. - Ammo bu borada hali bir aniq to‘xtamga kelganim yo‘q. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan dunyoqarashlarimiz mos kelishini, bir-birimizni tushunishimizni juda istayman. Men biror kiyim yoki boshqa buyum tanlayotganim yo‘q. Ko‘chada sayr qilib yuradigan hamroh ham qidirmayapman. Taqdirimni bir umrga bog‘laydigan, har doim yonimda yo‘ldosh bo‘ladigan inson haqida o‘ylayapman. Hayotimni ishonib topshira oladigan, asosiysi, meni tushunadigan kishi bilan turmush qura olishim mumkin. Tengdoshlarim ham oila qurishga shunchaki bir ish deb emas, mas'uliyat bilan yondashishlarini istardim.
Xulosa (emas!)
Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida hozirgi paytda oilalarning ajralib ketishi sabablari o‘rganib chiqildi. Ushbu sabablardan eng ko‘p qayd etilayotgani esa, er-xotin dunyoqarashining bir-biriga mos kelmasligidir. Bundan tashqari, ular orasida iqtisodiy muammolar, giyohvandlik va ichkilikbozlikkka berilish, o‘zaro hurmat yo‘qolganligi, qaynona-kelin o‘rtasidagi ziddiyatlar ham bor.
Xo‘sh, yoshlarni oilaga tayyorlab borish uchun nima qilmoq kerak?
- Eng avvalo, farzand tarbiyasiga e'tiborni kuchaytirish kerak, - deydi D. Xoliqov. - Yosh avlodga bolaligidanoq ota-onalarning nazoratini kuchaytirish lozim. Bundan tashqari, ota-onalarda bola tarbiyasi, oilaviy turmush haqidagi bilimlar yetarlicha bo‘lishi talab etiladi. Tarbiyachining o‘zi ham tarbiyali bo‘lsin, degan gap bor. Shunday ekan, eng katta tarbiyachi hisoblangan ota-onalarning o‘zlari bu borada o‘rnak bo‘lishlari lozim. Ta'lim tizimida oilaviy turmush saboqlarini tajribali, o‘z oilasi bilan boshqalarga ibrat bo‘la oladigan mutaxassislar o‘tishi maqsadga muvofiqdir.
Bular - mutaxassis fikrlari. To‘g‘ri, ta'lim jarayonida yoshlarga oila, unga tayyorgarlik, oila a'zolarining burch-vazifalari haqidagi bilimlarning berib borilishi ularning kelgusi hayotlarida katta ahamiyatga ega. Ammo shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ayrimlar oilaga tayyorgarlik deganda ko‘proq fiziologik jihatlarga e'tibor qaratishadi. Oilaga ma'naviy tayyorgarlik-chi?
Maqolani o‘qib tugatmasdanoq fikr bildirishga navbat kutayotgan bo‘lsangiz, so‘z sizga!
Behzod Fazliddin, "Ma'rifat" muxbiri