Ot! – bu shunday jonivor ekanki, agar unga o‘z mehringni berib parvarish qilsang, u ham sendan ortiq mehr qo‘yar ekan. Ota-bobolarimizning otga ta’rif berishganida «agar, kimda-kim otni tushida ko‘rsa, o‘ngida u odam albatta yaxshilik ko‘radi. Ot bu erkak kishining qanoti, yaqin do‘sti, u o‘z umrining 3/2 qismida egasiga, yashayotgan xonadoniga sog‘liq va qut-baraka tilaydi» deb aytishgan. Bu gaplarning haqiqatga nechog‘lik yaqinligini uyida ot boqqanlar juda yaxshi bilishadi.
Bilamizki, ilgaridan bu jonivor odamlarning yaqin ko‘makdoshi bo‘lib kelmoqda. Masalan, qishloqlarda otga arava qo‘shib o‘z ishlarini bitirishsa, yana uzoqni yaqin qilish uchun ham bepul transport vositasi sifatida foydalaniladi. Ammo oramizda shunday kishilar borki, ular bu jonivorni avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy ko‘pkari o‘yinlari uchun boqib parvarish qiladilar.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Inson bilan tili yo‘q ongsiz jonivor do‘st bo‘lishi mumkinmi?
Sizlarga bir-biriga o‘z mehrini bergan inson va unga yaqin do‘st bo‘lib qolgan Jiyron haqida so‘zlab bersam.
Jizzax viloyatining so‘lim Baxmal tumanida yashovchi Hamdamboy ismi tilga olinsa, u ism bilan birga nafaqat tuman, viloyat, qolaversa qo‘shni viloyatlarda yashayotgan, qo‘lini ko‘ksiga urib, men erkakman, degan ko‘pkari ishqibozining ko‘z o‘ngida manglayida oqi bor bir qizil jiyron ot ham namoyon bo‘ladi.
U kishi otboz bo‘lgan, qo‘lidan juda ko‘p otlar o‘tgan. Ammo so‘nggi oti — Jiyronni bolaligidan mehr bilan tarbiyalab parvarish qildi. Jonivor juda tez voyaga yetib, uch yarim yoshdan ko‘pkari tusha boshladi. Uning oyoqlari baquvvat, gavdasi ham katta edi. Ko‘zlari esa chaqnab turardi. Yosh bo‘lsada, Jiyron ko‘pkarida o‘z o‘rnini topa bildi.
Yaxshi otning o‘ziga mos halol, baquvvat, chayir chavandozi bo‘lsa...
Norjigit polvon! – desa odamlar ismi jismiga mos bir chavandozni bilishardi. Bu chavandoz bilan Jiyron go‘yo bir-biri uchun yaralgandek edi. Chavandozning yutug‘i shunda ediki, u otni ovozga o‘rgatdi. Ot ham tovushga monand polvon yerdan uloqni ko‘tarishi bilan ha, ... deganida chamasi 100 otlar orasidan otilib chiqib ketib to‘g‘ri chorboqqa kelardi.
Norjigit polvon bizning qishloqlik chavandoz edi. Ana shu bobomiz Jiyron bilan qanchadan-qancha ko‘pkari musobaqasida qatnashmadi deysiz. Bu ot bir to‘yning o‘zida hattoki 8-9 martagacha halol sovrin olib odamlarning olqishlariga sazovor bo‘lgan.
1997 yil 10 iyun Jiyron uchun ko‘pkari qiyinchiliklaridan ham og‘irroq azobli kun bo‘ldi. Chunki, butun mehrini, cadoqatini bergan egasidan ajralib qoldi. Otni egar-jabduqlab tashqariga chiqarib bog‘lab qo‘yishdi. U bo‘lsa nima bo‘layotganini allaqachon bilgan ekan.
Jonivor qozig‘ini gir aylanib, kishnab, ko‘z yosh to‘kdiki, uning ko‘z yoshlari misoli daryo kabi oqdi.
Boboga janoza o‘qilayotganida, otning sukut saqlaganini va ko‘zidan oqqan yoshini ko‘rgan odamlar bu jonivorning egasiga ko‘rsatgan hurmati va sadoqatidan hayratlanib, yoqa ushlashdi.
Tobut yerdan ko‘tarilishi bilan, yana ovozi olamni buzguday kishnab, nolalar chekib, shu tarzda egasini so‘nggi yo‘lga kuzatdi.
Jiyronning bobomizga qilgan eng katta xizmati shu bo‘ldiki, to‘rt tog‘ning o‘rtasiga Hamdamboy nomini chiqardi.
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi