OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qimor ortidagi qiyomat

Tanazzul yo‘li
Qishning izg‘irinli kunlari kirib kelgandi. Qishloqqa oqshom cho‘ka boshladi. Bu paytda aksar odamlar dam olish ilinjida uyiga, oilasi bag‘riga qaytayotgan bo‘ladi. Biroq, Ravshan boshqalar singari  oilasi bag‘riga emas, balki sinfdosh do‘stlari bilan Komilning uyiga, ya’ni o‘tirishga ketayotgandi. Aynan shu kechada yuz beradigan voqealar Ravshanning hayotini keskin o‘zgartirib yuborishini kim o‘ylabdi deysiz. Sinfdoshlarining katta-kichik bo‘lib ostonasidan kirib kelganini ko‘rgan Komil, ularga peshvoz chiqarkan, har biri bilan quchoqlashib ko‘rishganday bo‘ldi. Aslida bu yigitlar qariyb 4-5 yil avval maktabni tamomlashgandi. Shu bois ular oyda bir to‘planib, otamlashib turishga kelishib olishgandi. Ularning aksariyati oila  qurgan, Ravshan kabilarning esa hattoki ikkitadan farzandlari ham bor edi. Hamma yig‘ilib bo‘lgach, dasturxonga yarim kosadan issiq ovqat tortildi. Odatda, ko‘p davralarda bo‘ladiganday, bular ham ovqatlanishdan oldin «yarimta-yarimta» qilib tomoq ho‘llab olishga ham ulgurishdi. Shundan so‘ng birinchi shisha bo‘shamasdan ikkinchisini boshlashardi. Tez orada uy ichini sigaret tutuni-yu, shirakayf bo‘lib qolgan yigitlarning tushunib bo‘lmas g‘ala-g‘ovur gaplari tutib ketdi. Bu davrada Tohir ismli yigit ham bo‘lib, yomon xulqi, qimorbozligi bilan allaqachon butun qishloqqa tanilib  bo‘lgandi. U, o‘z odatiga ko‘ra, boshqalarga bir qarab chiqdi-da, ovozini balandlatgancha: — Bir-birimizga termulib o‘tiraveramizmi? Kelinglar palovxonto‘ra pishguncha qarta o‘ynab o‘tiramiz, – deb taklif tashladi. Bu gap zerikishdan esnab o‘tirgan yigitlarga moyday yoqib tushdi. Birin-ketin Tohirning atrofiga to‘planisha boshlashdi. Bu qimor edi. Tabiatan yomon, yuz tuzilishi ham kishida qandaydir qo‘rquv tuyg‘usini uyg‘otadigan Tohir o‘rtaga ko‘proq pul tikar ekan, boshqalarni ham shunday qilishga da’vat etardi. Tez orada o‘yin shu qadar qizidiki, qimorda ishtirok etmagan odamning o‘zi qolmadi. Yutqazgan kurashga to‘ymas deganlaridek, kimdir bir safar o‘rtadagi hamma pulni yutib olsa, ko‘p o‘tmay chaqasigacha boy berib qo‘yar, qizishganidan biror sherigidan qarz olib, yana bu xosiyatsiz o‘yinga qo‘shilishga intilardi. Lekin qimorning o‘zgarmas bir qonuni bor: kimdir mutlaqo g‘olib bo‘lishi kerak. Shu bois omadsizlar davrani tark etgach, qarta va o‘rtadagi talaygina pul qimorboz Tohiru o‘zidanda g‘ururini baland qo‘yguvchi Ravshan o‘rtasida qolgandi. Bunday hal qiluvchi pallada kimning qo‘li baland kelishi hammani birday qiziqtirayotgan edi. Bunday davralarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan Tohir qarshisida turgan g‘ururli, ammo tajribasiz Ravshanga mensimasdan qarab qo‘yarkan, o‘zicha gap qotganday bo‘ldi. Bu  qimor tufayli bir oilaning tanazzulga yuz tutishidan dalolat edi. 

G‘ururning g‘urbati
—Xo‘sh, o‘g‘il bola. O‘yinni davom ettiramizmi?
—Ha, — dedi Ravshan jahl aralash. Chunki Tohirning mensimagancha «o‘g‘il bola» deb piching qilishi uning izzat-nafsiga tegib ketdi-da, qo‘shimcha qilib xotinimgacha bo‘lsa ham o‘yinga tikaman deb yuborganini o‘zi bilmay qoldi. Bu gapdan hamma birdan sergak tortib, Ravshanga savolomuz tikilib qoldi. Aytgan gapi noto‘g‘ri ekanligini bilgan Ravshan ham bu so‘zni qaytib olmadi. Yana o‘sha g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Bu narsa raqibi Tohirga shu qadar yoqib tushdiki, vaziyatdan foydalanib:
—Eshitdilaring-a, yigitlar. Erkak kishi so‘zidan qaytmaydi. Agar qaytsa...
—Bilaman, — dedi Ravshan. Gap bitta. Tamom.
—O‘-ho‘, ko‘ramiz hali. Qo‘llari qaergacha yetarkin, — deb yana piching qildi Tohir. 
Shiddatli, ayni paytda bir begunoh ayol taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan qimor boshlandi. Davradagilar har ikkisining harakatidan ko‘z uzolmay qolgandi. Hammaga shu kerakday, birortasi turib, «to‘xtatinglar shaytonning bu o‘yinini» demasdi. Hech qachon, hech kimga vafo qilmagan pul dam Tohirga, dam Ravshanga o‘tib turardi. O‘yin shu tarzda davom etar, Ravshan esa bemavrid aytgan so‘zini o‘ylab asabiylashgancha, goh o‘rtadagi pulga, goh qo‘lidagi qartalarga qarayverardi. Zora, bir safar kattaroq «ochko» chiqib qolsa-yu, yutib, bu xijolatchilikdan tezroq qutulsa. Uning bu qadar asabiylashishi vijdonsiz Tohirga juda qo‘l keldi. Qartalarni suzarkan, hech kimga sezdirmagan holda ikkita tuz qartasini oyoqlari orasiga yashirib qo‘ydi. Bu safar qo‘lida o‘ttiz «ochko» borligini ko‘rgan Ravshan biroz tin oldi-da, «koshkiydi, shu bilan undan ustun kelib, o‘yindan chiqib ketsam», deb o‘yladi.   
—Mana, o‘ttiz «ochko».
—Hm. Qo‘ling baland ekanda. Axir bu «ochko» kim uchundir, albatta, katta son-da.
—Chaynalmasdan ochig‘ini aytaver.
—Puldan qo‘lingni tort. Ko‘rib ol, yaxshilab. O‘ttiz ikki «ochko».
Ravshan muzlab qolganday bo‘ldi. U bu o‘yinda hamma pullarini boy berib qo‘ygandi. Bu esa endi va’daga muvofiq o‘z xotinini o‘yinga tikish degani edi. Tubsiz xayollar bilan ovora bo‘lib qolgan Ravshanni Tohirning bo‘g‘iq, istehzoli ovozi o‘ziga keltirdi.
—Xo‘sh, yigitcha. Qalaysiz. Endi navbat xotiningizgami? Agar shu o‘yinda yutib olsangiz, rafiqangiz o‘zingizga qoladi. Aksincha bo‘lsa, bag‘ringizdan chiqib atigi bir kecha bizni xursand qilsa, bo‘ladi, – dedi Tohir. Payti kelsa, tuqqan onasini ham senlab gapiradigan jirkanch Tohirning ayni pallada sizlab xotini haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirishi Ravshanning shu qadar jahlini chiqardiki, o‘zi bilmagan holda:
—Shu qo‘lda ham yutsang, xotinim bir kecha seniki bo‘lsin, deb yubordi. 
—Mana bu haqiqiy o‘g‘il bolaning ishi. Lekin, va’da-va’da. U shunday derkan, bir zum Ravshanning rafiqasi  Muqaddasni ko‘z oldiga keltirib ko‘rdi. U Ravshan uylanganida uyiga bir-ikki borgandi. O‘shanda Muqaddasning xushbichim qomati, oppoq chehrasiyu, bo‘rsildoq ko‘kraklarini ko‘rib, zimdan tamshanib qo‘ygandi. O‘sha hirsi yana paydo bo‘ldi-yu, Muqaddasning ko‘kraklariga bir kecha boshini qo‘yib yotganday bo‘ldi, o‘zicha. Ular bunday keskin o‘yinda bir-birlaridan shubhalanishmasliklari uchun qartani boshqa odam suzib berdi. Shunday bo‘lsa-da Tohirning qo‘li baland kelishi shubhasiz edi. Chunki oyoqlari ostiga qistirib qo‘ygan ikkita tuz qartasi endi foyda berardi. Qartalar juda ehtiyotkorlik bilan suzildi. Hammaning vujudi bir qulog‘u bir ko‘zga aylanganday edi. Ravshan oldidagi qarta donalarini qo‘liga olgancha, asta ocharkan, beixtiyor nimalardir deb pichirlar edi.  U qo‘llaridagi yigirma «ochko»ni ko‘rgach, shalvirab qolganday bo‘ldi. Raqibi bilan ham tortishib o‘tirmadi. Bunga hojat ham qolmagandi. Qartani o‘rtaga tashlagancha, boshini ikki qo‘llab changallab qoldi. Qimorboz Tohirda esa ko‘zbo‘yamachilik bilan kelgan ikkita tuz va o‘n raqamli qarta, jami o‘ttiz ikki «ochko» bor edi.

Yo hayot, yo mamot
Ravshan o‘sha kuni uyiga tun yarmidan oqqanda kirib keldi. O‘tirish qachon tugadiyu, uyiga qanday yetib kelganini bilmaydi. Faqatgina qarshisida Muqaddas paydo bo‘lib, erining qo‘ltig‘iga kirgancha uni uy ichiga yetaklayotganda o‘zining qay ahvolda ekanligini anglab yetganday bo‘ldi. «Bechora xotinim. Seni g‘urur deb ne kunlarga solib qo‘ydim-a. Koshkiydi buni bilsang. Qaniydi senga buni o‘zim aytib berolsam. Ey Ollohim, Ollohim. Meni bo‘lmasa-da, oilamni o‘z panohingda asra. Oxirini baxayr ayla», — degancha o‘rinda uzala tushgancha yotib olgan Ravshan xotinining «kiyimlaringizni almashtirib oling» deb qilayotgan mehribonchiliklariga zarracha ham e’tibor bera olmasdi. U tun bo‘yi uxlolmasdan Muqaddasni bu ofatdan qanday qilib saqlash borasida o‘ylab chiqdi. Nihoyat, bir qarorga keldi. Uni bir zumga ham ostona hatlatib ko‘chaga chiqarmaslik kerak. Shundagina bu voqealar vaqt o‘tishi bilan unut bo‘lishi mumkin. Ertalab nonushta qilib o‘tirisharkan, erining avzoyi bir ahvolda ekanligini ko‘rgan Muqaddas og‘iz juftlab endi gapirmoqchi edi, Ravshanning o‘zi bu sukunatni buzdi:
—Bugundan boshlab hech qaerga chiqmaysan.
—Nega endi? — ajablanib so‘radi Muqaddas.
—Shunday qilmasang bo‘lmaydi.
—Biror jo‘yali sababi bormi, axir?
—Yo‘q. Chiqmagin dedimmi, chiqmaysan. Gap tamom. Aytganimni qilsang, o‘zingga yaxshi bo‘ladi, —degancha shart o‘rnidan turgancha tashqariga chiqib ketdi. Erining nega bunday o‘zgarib qolganini tushunmagan Muqaddas, ojizalarcha boshqalardan rashk qilayotgandir-da, deb vaziyatni yaxshilikka yo‘yib qo‘ya qoldi. Odatdagiday, Ravshan ishga ketar, Muqaddas esa uy yumushlari bilan band bo‘lar edi. Kunlarning birida Muqaddas o‘z onasining mazasi yo‘qligidan darak topgach, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Axir qiz bola onasiga kuyinmasa, mushtiparga kim achinardi. Shu bois o‘sha kuni ertaroq qozon osib, osh damladi-da, bir kosa oshni onamga deb ro‘molchaga tugib ham qo‘ydi. Erim ishdan qaytguncha birrov ko‘rib kelaman, degancha tugunchani ko‘tarib tashqariga otildi. Shoshilgancha ko‘cha boshiga yetib borganda, narigi muyulishda uch-to‘rtta erkakning qorasi ko‘rindi. Dastlab, Muqaddas izg‘irinli qish oqshomida kurtka, telpak kiyib olgan bu erkaklarni tanimadi. Bir ko‘ngli bezovtalandi-yu, biroq shayton hay berib, o‘sha ko‘chadan ota uyimga tezroq boraman deb ular tomon yaqinlashdi. Muqaddas ularni yanada yaqinroqdan ko‘rar ekan, bular erining sinfdosh o‘rtoqlari ekanligini ko‘rib, shubhalari o‘rinsiz ekanligini angladi. Aslida, bu kishilar aybsiz aybdor Muqaddasni yolg‘iz uchratish uchun necha kunlab shu yerdan ketmayotgan Tohir va uning o‘zi singari jirkanch hamrohlari edi. Tohir tobora yaqinlashib kelayotgan Muqaddasga soxta tabassum bilan peshvoz chiqarkan, o‘zicha  Ravshanning qaerda ekanligini so‘ragan bo‘ldi. Ammo Muqaddas javob berishga ulgurmadi ham. Orqa tarafdan kelgan ikki zabardast qo‘l uning og‘zini yumgancha, nariroqda turgan mashina saloni tomon yetakladi. Muqaddas na baqira oldi, na vaziyatni tushuna oldi. Nimaningdir ta’siridan hushini butkul yo‘qotib qo‘ygandi. Mashina bir zumda qorong‘ulik qo‘yniga singib ketdi. Faqat bu mudhish voqeaning tilsiz guvohi sifatida Muqaddasning qo‘lidan tushgancha, chilparchin bo‘lib singan sopol kosa qolgandi. 
Muqaddas o‘ziga kelganda, kun allaqachon yorishib ketgandi. U avvaliga qaerda yotganini bilolmay biroz o‘ng‘aysizlanib turdi-da, o‘z uyida emasligini bilgach, qo‘qqisdan o‘rnidan turib ketdi. Shundagina o‘zining qip yalang‘och holda ekanligini anglab yetdi. Tushunib yetdi-yu, beixtiyor ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Nima uchun eri tashqariga  chiqarmayotgani miyasida charx ura boshladi. Toptalgan va xo‘rlangan bir ayol sifatida dod solib yig‘ladi. Biroq uning zorlanishlariga quloq solguvchi birorta jonzot yo‘q edi. Shu tarzda nima qilishini, erining, oilasining oldiga qanday qaytishni bilmayotgan sho‘rpeshona ayol kech tushgunga qadar shirin hayotini izdan chiqargan shu nahs xonadan chiqib ketolmadi. Uning uchun keyingi ko‘rguliklarni ko‘rib yashashdan o‘lim afzalday ko‘rindi.  Tun yarmidan oqqanda uyiga qaytib bordi. So‘nggi bor norasida go‘daklarini ko‘rish uchun ichkari kirdi. Shirin uxlayotgan bolalarini quchmoqchi bo‘ldiyu, botinolmadi. O‘z yotoqxonasida eri yo‘qligini ko‘rgach, meni izlayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Bor kuchini to‘plagancha og‘il tarafga bordi. Tokchalarning biridan uzun, eski, ammo qalin arg‘amchi  topib oldida, oriyatning zo‘ridan o‘zi uchun o‘zi sirtmoq yasadi. Ko‘p o‘tmay, hamma-hammadan rizolik so‘rab, oyog‘i ostidagi stolni tepib yubordi...
Ertasi kuni bu xonadonda go‘yo qiyomat-qoyim bo‘ldi. Tez orada qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y yig‘ildi. Muqaddasning o‘zini o‘zi nega o‘ldirganini eri Ravshandan boshqa hech kim tushunmadi. Tushuna olmadi. Mayitni tushdan so‘ng so‘nggi manzilga jo‘natishdi. Qabriston uzra yana bir do‘nglik-qabr paydo bo‘ldi. Muqaddasni izg‘irinli qish kuni tuproqqa bergan xalq tezda ortga qaytdi. Biroq Ravshan bu mozorni kechga qadar tark etolmadi. Gul xotinining o‘limiga sababchi bo‘lganligi uchun unsiz yig‘ladi. Kechga yaqin cheksiz osmon uzra oppoq qor yog‘a boshladi. U hayotning shunday zulmatli tunlarini yoritmoqchi bo‘lganday shiddat bilan yog‘ardi. Bir zumda marhumlar xiyobonida baland-past bo‘lgancha qorga burkangan qabrlar ko‘zga tashlana boshladi. Ravshan shundagina o‘rnidan turib, majolsiz ortga qaytdi. U bir narsani o‘ylayotgan edi. Ruhan o‘lgan bo‘lsa-da, ammo shu yoshdanoq yetim qolgan bolalari uchun yashashi kerak edi. Yashashga majbur edi. Qora tun bag‘rini yorib oppoq qor yog‘ar edi. 

Aminjon Xalilov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.