Kuy sadolari ostida kelin-kuyov to‘yxonaga kirib keldi. Hamma o‘rnidan turib ularni hurmat-ehtirom bilan kutib olish uchun qarsak chala boshladi. Olqishlardan kaftlar qiziydi, yuraklarda esa olov...
Kelin tushirgan ota-ona hayajonining cheki yo‘q! Ko‘zlaridan sevinch yoshlari oqmoqda. Axir, bu kunlarga yetish oson kechmadi, ular uchun!
O‘ylab qolaman, kattayu kichikni oyoqqa qalqitgan, yuraklarni iftixor nashidasiga lim-lim to‘ldirgan hayajonning nomi nima? Albatta, bu — oila, deyman baralla. Ha, hozirgina hammaning guvohligida, olqishlar ostida dunyoga kelgan yangi oila! Oila muqaddas! Oila Vatanning boshlanishi, Vatanning mustahkam qasri ham deyish mumkin.
Davra to‘rida bugundan e’tiboran bir oila ustuni bo‘lishga qodir turgan kuyov to‘ra hamda yangi ro‘zg‘orning suyukli bekasi, ziynati bo‘lmish suluv kelinchak o‘tiribdi. Bugundan ularning bo‘yniga ana shu mas’uliyat bilan birga shunday ishonch ham yuklandi.
Xo‘sh, kelin-kuyovning xayolidan nimalar kechadi, tantanovor xush onlarda? Olqishlar, atrofda ularga havas bilan boqib turgan ko‘zlardagi mehr, dasturxonga qo‘yilgan noz-ne’matlar mo‘lligini aytmasa ham bo‘ladi... ular bundan mag‘rurlanib, erkalanib o‘tirishibdi. Ayni damda, bu kunga yetib kelgungacha bo‘lgan mashaqqatlar, orzu-umidlarni his etishayotganmikin? Ha, men beg‘ubor tilaklarni kelin-kuyovlar qarz, mas’uliyat deb tushunishlariga, ahil, go‘zal oila yaratish uchun yo‘llanma, buyuk dasturilamal deb qabul qilishlariga juda-juda ishonaman. Va, albatta, shunday bo‘lishi kerak!
Demak bu qutlug‘ kunga o‘g‘il-qizlarimiz eslarini tanigan kundan ma’nan, ruhan tayyorlanib, umr imtihoniga hayot darsini puxta o‘rganib kelishadi. Odob, hayo, mehnatsevarlik, sabot-matonat, kattalarga hurmat saboqlarini yuraklariga o‘chmas harflar bilan yozib qo‘yishadi. Oilaning mas’uliyatiyu, sinovlarini oldindan his etgan kelin-kuyovlarga, oq yo‘l! Va albatta, bunday farzandlarni voyaga yetkazgan, tarbiyalagan ota-onalarga qulluq! Ularda mas’uliyat bor, yorug‘ ong-shuur, yaxshi niyat, pok vijdon bor. Farzandlarining sepidan ko‘ra epi ko‘proq hayotda asqotishini tushunib yetishgan. Vatan, el-yurt oldidagi burchlarini chuqur anglashgan. Biroq...
To‘g‘ri, molu davlat o‘z o‘rnida kerak. Chiroyli, toza kiyinish, yaxshi yeb-ichish, ozoda, shinam uy-joylarda yashash haqida muqaddas kitoblarda, hadislarda ham aytilgan. Va lekin ularning hammasida me’yor ta’kidlangan. Katta harflar bilan yoziladigan MYe’YoR. Va albatta, HALOLLIK!
Ba’zilarimiz esa, me’yorni unutdik. Ko‘nglimiz, uyimiz to‘lsa-da, ko‘zimiz to‘ymayapti. Atrofimizdagi yaxshilar, mahalla mutasaddilari ogohlantirishsa-da, quloq osmaymiz. O‘z bilganimizdan qolmaymiz. Go‘yo qulog‘imiz bittayu og‘zimiz ikkita. Bolamizning ma’naviy barkamolligi, insoniy madaniyati yo‘lida qayg‘urishni unutib qo‘ydik. Va ular ulg‘aygan sari jon-jahdimiz bilan molu davlat yig‘a boshlaymiz. Bo‘lmag‘ur udumlarni o‘ylab topamiz. Uzatadigan qizimizga ming yilga yetadigan sep to‘plash tashvishida kerak bo‘lsa, asabimizni qaqshatamiz, sog‘lig‘imizni garovga qo‘yamiz. Nega shunday?..
Ayrim qaynonalarning ta’magirligi haddan oshgan. Kelinni tushirib olgach ham tinib-tinchimay buyurtmalar beradi. Muzlatgichdan tortib, nina-ipigacha berishingiz kerak, qizingizga.
Kasbim taqozosi bilan ulug‘ odamlar bilan suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘lganman. Shoiralar Zulfiyaxonim, Saida Zunnunova, shoira va olima Zarifa Saidnosirova, G‘afur G‘ulomning rafiqasi Muharram aya... Jamiyatimizning ma’naviy mulkini boyitishda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan hamda el og‘ziga tushib ulgurgan bu insonlarning ham to‘ylari, seplari, turmush tarzi oddiy bo‘lgan. Mol-davlatga ruju qo‘yishmagan. Lekin oilalari tinch-ahil bo‘lgan. Ular siz bilan bizga ma’naviy meros, ibrat maktabi qoldirishgan.
To‘g‘ri, u paytlar zamon boshqa edi. Biroq me’yor degan tushuncha har qanday zamonda bir xil bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Bugungi dorilomon zamonni, bozorlardagi seroblikni suiiste’mol qilmaslik kerak. Barcha zamonlarda ham ma’naviy kamolot, ma’naviy poklik, ko‘zi to‘qlik birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Ma’naviy barkamollik bor joyda oilalar mustahkam, boqiy bo‘ladi. Mustahkam oilalari bor jamiyatning esa, rivojiga rivoj, chiroyiga chiroy qo‘shilib boraveradi. Biz ota-onalaru, qaynota-qaynonalarning qarigan chog‘imizda tashvishimiz kamroq bo‘ladi, xotirjam yashaymiz.
Yaqinda bir dugonam kelin tushirganida to‘yiga borolmagan edim. Oradan o‘n kun ham o‘tmay, “kelin ko‘rdi”ga bordim. Kelishimni bilmagan dugonam shu kunlarda ishga chiqqan ekan, telefonda uzr so‘radi va qo‘shib qo‘ydi: “Kelinni zo‘r joydan oldim, o‘rtoq, seplarini bir ko‘rib qo‘y. Uchta xona to‘ldi”. Kelin xuddi “ekskursovod”ga o‘xshab xonalariga birma-bir boshladi. Tavba, hatto kompyutergacha bor ekan. “Bu texnikani tushunasizmi, o‘zi”, deb so‘radim.
— Yo‘q, baribir bir kun kerak bo‘ladi-da, — dedi donolik bilan.
Kelin har bir narsani qaysi yurtdan keltirilgani, narxi, ota-onasiga tanlab-tanlab oldirgani haqida og‘zini ko‘pirtirib gapira ketdi. Nihoyat choy qo‘yib, dasturxon yozdi. Men esa qo‘limni yuvib artishga toza sochiq topa olmadim. Yaxshiyam-ki, yonimda dastro‘molcham bor edi. Kelin choy uzatgan piyolaning dog‘-dug‘ini ko‘rib, ko‘nglim xira tortdi. Axir yangi kelinning uyida ham shunaqa besaranjomlik bo‘ladimi?
So‘nra u pardozxonaga kirib ketdi. Xuddi ko‘z-ko‘z qilgandek boshqa yaltir-yultur kiyimlarini kiyib chiqdi. Shunda dugonamning qaynonasi — keksa onaxon nevara kelinga biroz tanbeh berdilar.
— Kelin, bugundan qozon-tovoq ishi o‘zingizga qoldi. Darrov oshxonaga chiqib, mehmonga ovqat tayyorlang, — dedilar mendan xijolat bo‘lganday.
Katta qaynonaning gaplari kelinga biroz malol keldi, shekilli, qovog‘ini uygan ko‘yi oshxonaga kirib ketdi. Biz xola bilan suhbatlashib o‘tirar ekanmiz, bir payt yangi kelinning taomi ham pishib, dasturxonga tortildi. Ana taomu, mana taom! Mayda qilib to‘g‘ralgan kartoshka ezilib ketgan, go‘sht esa qorayib qotib ketganidan tishlab ham bo‘lmaydi. Kelin esa xuddi ishni qotirib bajargandek, yana pardozxonasiga kirib ketdi.
Dugonamnikidan xayrlashib yo‘lga chiqar ekanman, o‘z kelinlarimdan qayta-qayta minnatdor bo‘ldim. Ularni tarbiyalagan ota-onasiga yana bir bor rahmat aytdim. Axir kelinning epi sepiga ham yarasha bo‘lish kerak-da! So‘nggi paytlarda onalar qizlariga bolaligidan sep yig‘ishni boshlashsa-da, uning tarbiyasi, axloqi haqida qayg‘urmay qo‘ydilar. Ba’zi kelinlarning tili uzunu, lekin hech bir ishni ko‘ngildagidek bajara olmaganidan o‘ylanib qolasan kishi.
Ko‘pincha ota-onalarning o‘zi farzandlarining baxtsizligiga sababchi bo‘ladilar. Sovchilikka borgach, uy-joyiga, qizning ota-onasi bilan tanishligiga ko‘proq e’tibor berib, qizning qo‘lidan nima ishlar kelishi, uy-ro‘zg‘or tutishi, turmush haqidagi did va madaniyati to‘g‘risida so‘rab-surishtirishni unutib qo‘yadilar. Dabdaba bilan to‘y o‘tkazib, birinchi kundanoq kelinidan noliy boshlaydilar. Ana shundan keyin ko‘ring, tomoshani. Agar xonadonga kelgan sovchilar qizning shu jihatlarini ham so‘rab-surishtirishsa edi, qiz tarbiyalayotgan onalar ham sal hushyor tortarmidilar!..
Dugonamni o‘ylayman. Uning ishdan charchab kelishiga kelini qanday taom tayyorlar ekan. Yo qaynona kelinini tarbiyalaydi, yo kelin o‘zining uy tutumiga uydagilarini o‘rgatib oladi. Yoki dugonam kelinini seplariga qarab, o‘zini ovutib o‘tirarmikan? Siz nima deysiz, aziz gazetxon?!
San’at Mahmudova
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 5-sonidan olindi.