Odam safarga chiqqanda, odatda, transportda sherigi bilan suhbat quradi, shunda manzilga qanday yetib olganini sezmay qoladi. Yaqinda uch kishi, ota yurtimizga keta turib, haydovchi bizga «bitta sherik» izlay boshladi. U bekatda turgan yoshgina juvonni chaqirdi. Juvon bizga bir ko‘z tashladi-da, puli kamligini aytdi. Biz shoshayotgandik.
— Kamini beraman, — dedim haydovchiga. — O‘tiring, bizga sherik bo‘lsa, bo‘ldi... — hazilga burdim.
Biz gapga tushib ketdik, juvonni deyarli unutdik. Yarim yo‘lga yetganda u bezovtalanib qoldi, rangi dokadek oqarib, oyoq-qo‘li tortishib, tipirchilay boshladi. Biz qo‘rqib ketdik, haydovchi avvaliga sal sarosimaga tushdi, keyin loqaydlik bilan mashinani yo‘l chetiga oldi.
— Yoningizdami? — dedi undan jirkanganday aftiga qaramay. — Faqat tez bo‘ling. Juvon bo‘lsa inqillab: Yo‘q, «tanaffus»daman... — dedi.
Biz nima bo‘layotganini tushunmay angrayib turardik.
— Sirtmoqday bo‘g‘ayapti... Yordam... — Juvon haydovchiga yolvordi.
— E, yosh narsa... Senga Xudodan boshqa kim yordam beradi? Sendaqalarni... bilasanmi, nima qilish kerak? Sirtmoqni o‘zing solgansan, bo‘yningga... Ey, sadqayi ayol ket... Tush, bu yog‘iga, menga desa, piyoda ket, yo‘qsa, ishimning barori ketadi...
Juvon inqilladi:
— Men bemorman, shu dardga yo‘liqqanman... — dedi u bo‘zarib.
Uni bu ahvolda yo‘lga tashlab ketish insofsizlik-ku, deb o‘yladim nima gapligini taxmin qilib.
— Bemormish... Bunaqalarga rahm qilib birov baraka toparmidi? — Yigit bu gapni bizga aytdimi, ungami, bilmayman... Yo‘lga tushdik.
Saodat (ismini shunday dedi) giyohvand ekan. Aytishicha, ikki yil bo‘pti, turmushga chiqqaniga, eri uni shu dardga mubtalo qilgan emish. «To‘ydan keyin qattiq shamollab qoldim. Erim «igna»ga o‘tirgan ekan. Tuzalasan deb ukol qildi, keyin... o‘rganib qoldim, ota-onam qilgan sepim, zebu ziynatimni sotib bo‘ldik. Davolandim, erim hozir Toshkentda, narkologiya markazida davolanyapti. Xabar olgani kelgan edim».
Bu hodisa bir voqeani yodimga soldi. To‘g‘rirog‘i, bu voqea bolalik xotiramga muhrlanib qolgan, bot-bot eslayman. Negadir eslasam, ruhimda allaqanday silsila g‘alayon qiladi. Junjikib ketaman. Qishlog‘imizning bir chetida hashamatli xonadon bo‘lardi. (O‘shanda u qasrdek mahobatli tuyulardi!) Odamlarning keti uzilmasdi bu xonadondan, birov to‘y qilsa, tom solmoqchi bo‘lsa, boshiga ish tushsa, azayu, hatto kurortga bormoqchi bo‘lsa, shu uyga — «Selpochi» huzuriga yugurardi. U qarz berib, hojatni chiqarardi, ammo sudxo‘rlik qilmasdi. Ayollar «Selpochi»ning xotini bilan sovchilikka borsa, bir borishda «qishloqning old qizi»dan oqliq olib qaytardi. Qishlog‘imizda birinchi «Pobeda» mashinasiniyam shu xonadonning yolg‘iz o‘g‘li mingan. Ammo u erkatoy, dangasa, maishat, o‘yin-kulguga o‘ch edi. Ikki qizi shunday suluv ediki, hatto qo‘shni qishloq yigitlarining tinchini o‘g‘irlashgandi.
Kechagiday esimda, kech kuz edi, qishloqda «Selpochi» qizlarini qishlog‘imizga uzatarmish, non sindiribdi, ko‘klam kelsa, to‘y...», degan gap tarqaldi. Qanday yaxshi, biz bolalarga to‘ydan katta shodlik bormi?!
Qish adoqlab qolgandi, kuppa-kunduzi ularnikiga do‘xtir, militsiya kep qoldi. «Selpochi»ning arzanda o‘g‘li yomon kasalga yo‘liqibdi», «nashavand bo‘p qolganmish», degan mish-mish tarqaldi. Darhaqiqat, o‘sha kuni o‘g‘lining oyoq-qo‘lini bog‘lab, «Majburiy davolanish dispanseri»ga olib ketishdi. Rostdanam, shu voqeadan so‘ng xonadonning erka o‘g‘li ko‘rinmay qoldi, qizlari ostona hatlab ko‘chaga chiqmay qo‘ydi, er-xotin ham qorasini ko‘rsatmaydi. Eng ajablanarlisi, kechagina keldi-ketdining keti uzilmagan xonadondan odamlarning oyog‘i taqa-taq uzildi, hech kim bu uyga qadam bosmay qo‘ydi. Odamlar yordam yo maslahat solib «Selpochi»ga bormaydigan bo‘ldi.
Ko‘klam keldi, ammo oilaning pariro‘y qizlari unashtirilgan oilalar to‘ydan og‘iz ochishmas edi. O‘ylasam, qishloq ahli shu tariqa giyohvandlikka o‘z munosabatini bildirgan ekan! Shu tariqa boy xonadon el nazaridan qolgan ekan!
Bu — aytishga oson, ammo og‘ir ko‘rgulik.
O‘sha musibatli kun keldi, bir kuni sahar turib qishloq ahli «boyning uyi» huvillab yotganini ko‘rdi. Ular qoq tunda yengil-elpi ko‘ch-ko‘ronini olib, allaqayoqqa ko‘chib ketib qolishibdi. «Oriyatning toshi og‘ir, or-nomusdan bosh olib ketishdi...», deyishdi odamlar. Xonadon egalari hatto mol-holini ham tashlab ketibdi.
Hashamatli uy ancha vaqtgacha huvillab yotdi, hatto birov kirib tomorqasiga ekin ekmadi, tashlandiq, bo‘sh-bo‘sh, xarobaga o‘xshab qoldi. Haligacha tushunmayman, negadir qo‘shnisi kunduzi mollarni boqib, tunda yana uning hovlisiga, molxonasiga kiritib bog‘lab ketardi. Molda nima gunoh?!
Hayot qiziq-da, kuzatganmiz, pana-pastqam, xilvat, bo‘shliq joy bo‘lsa, o‘rgimchak to‘r tashlaydi. Turmushdagi yomon illatlar ham shunday joyda qo‘nim topar ekan. «Selpochi»ning xarobasi shunaqa xosiyatsiz joyga aylandi. Yarim yillar o‘tdi shekilli, bir kuni yarim tunda tashlandiq uyda to‘s-to‘polon, qiy-chuv ko‘tarildi. Qo‘ni-qo‘shni: «Mollarga o‘g‘ri tushibdi, o‘g‘rini ushla!» — deb baqir-chaqir qilib qoldi. El uyg‘ondi, ko‘pchilik qatori otam ham qo‘liga ilingan narsani olib o‘g‘rini ushlashga yugurdi. Ammo tez qaytdi. «Ey, shu paytgacha sezmabmiz-a, «boy buva»ning uyida u yoq-bu yoqdan kelgan besh-olti yigit nasha chekib, bangilik qilisharkan, militsiya «bosibdi», degani hali-hali qulog‘imda.
Ertasigayoq xaroba hovli buzib tashlandi. Tomorqasi kolxozning yeriga qo‘shib yuborildi. Qishloqqa tutash bog‘i, azim chinorlarini mahallaning qariyalari «hay-hay»lab olib qolishdi. Yuz yoshni qoralab qolgan «polvon buva»: «Eh attang, — degani yodimda. — Shunday xonadonni noqobil farzand yer bilan teng qildi! Bolasiga to‘g‘ri tarbiya berolmasa, malomati ota-onasining gardaniga tushadi».
Elning uvog‘i to‘ydiradi, elning nafrati o‘ldiradi, degani shu, shekilli.
O‘ylab qolasan kishi, odamlar bu oilani nazardan qoldirib to‘g‘ri qilganmidi? Nega giyohvand o‘g‘ilni deb, odamlarning butun oiladan, xususan «Selpochi»dan ixlosi qaytdi? Men anglagan haqiqat shuki, o‘g‘lining kirdikori fosh bo‘lgach, odamlar masalaning ildiziga qaradi. Uni shu ko‘yga solgan «Selpochi» beli og‘rimay topgan pul emasmi?!
Bu yaqin o‘tmishdagi voqea.
Bugun zamon boshqacha, shahar, qishloq yoshlarining o‘qishi, kasb-hunar egallashi, dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi, xorijda ilm olishi uchun hamma shart-sharoit yaratilgan, imkoniyat eshiklari ko‘p. Shaharni qo‘ya turaylik, chekka qishloq oilasida ham kompyuter, uyali telefon bor. O‘sha, bizning bolaligimiz o‘tgan, to‘ydan boshqa quvonchli voqea bo‘lmagan qishlog‘imizda bugun zamonaviy litsey, maktab, maishiy xizmat tarmog‘i, dang‘illama uy-joylar, qo‘sha-qo‘sha shaxsiy mashinalar, hashamatli stadion...
Oddiy qishloq ayoli qo‘lidagi telefonda shaharda o‘qiyotgan farzandi bilan har kuni suhbatlashyapti.
Yashirishga ne hojat. Afsuski, shunday dorilomon zamonda ham ba’zi oila farzandlari giyohvandlikka mubtalo bo‘layapti.
O‘ylab ko‘raylik, qaysi bir qishloq yo shaharda, qaerda ko‘rgansiz giyohvand o‘simlik o‘sganini?! Yo‘q, bizda, o‘smaydi ham. Yoshlar uni qaerdan, kimdan olyapti? Bir qarashda, yoshlarning har bir qadami mahalla, ota-ona, yaqinlari, qolaversa, uchastka noziri nazoratida. Maktab, litsey, oliy o‘quv yurtida o‘qishdan ortmaydi. Shunday ekan, bu balo qayoqdan kelib chiqmoqda?
O‘rni kelganda mulohazamni aytib o‘tay. Qaysi mahalla oqsoqoli yo maktab ma’muriyatidan: «Giyohvandlar bormi?» deb so‘rasangiz. «Buni uchastka noziri biladi», «Bizda bunday ro‘yxat yo‘q», degan javob olasiz. Shu masala bo‘yicha poytaxtimizdagi bir mahalla oqsoqoli bilan suhbatlashganimizda, u: hech kim yordam so‘rab murojaat qilgani yo‘q, dabdurustdan uyiga bostirib borsak, oilaning sha’niga dog‘ tushirgan bo‘lmaymizmi?! — deb javob berdi.
Bir o‘ylab ko‘ring-a, o‘ziga to‘q, tinch oila, ya’ni «yopiq eshik ortida» hamisha ham osudalik, osoyishtalik hukm suradimi? Mahallamizda, ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, kimdir giyohvandlikka moyilligini, har xil odamlar uni yo‘qlab kelishini sezamiz. Yaqinlarimiz, farzandimizni undan himoyalash uchun: «Eshmatdan nariroq yur, shuning oyoq olishi menga yoqmaydi, aftini qara...» — deymiz. Ammo shundan nariga o‘tmaymiz, aralashmaymiz, qo‘shnichilik-da, deymiz. Qani, o‘zingiz ayting-chi, qanday qilib «tinch» oilaning oromini buzasiz? Nima, ota-onasi shuni bilmaydimi? Biladi. Yashiradi. Qolaversa, to‘g‘ri yo‘ldan ozganga qanday yordam berasiz? Unga «dori»dan bo‘lak yana nima kerak?
Bugun giyohvandlikka ommaning munosabati o‘zgaryapti. Odamlar boshqacha fikrlay boshlayapti. Giyohvandlik kasallik ko‘rinishini olib bo‘ldi, bu dardga yo‘liqqanlar hayotda to‘g‘ri yo‘lni topib olishlarida sizu bizning ko‘magimizga muhtoj. Ular mutaxassislar ta’kidlayotganidek, ruhiyati darz ketgan odamlardir. Jamiyatda begona insonning o‘zi yo‘q, ular ham oramizdagi odamlar. To‘g‘ri yo‘lga tushib olishiga ko‘maklashish bizning burchimiz.
Saida SAYXUN
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 11-sonidan olindi.