Mashhur masalchi A.Krilovning «Bo‘ri bilan qo‘zichoq» masalini mana necha-necha yillarki bolalar maroq bilan yod olib kelishadi. Maktab, bog‘cha sahnalarida kimdir bo‘ri, kimdir qo‘zichoq bo‘lib bir-birlari bilan haq-huquq talashadilar.
Ayniqsa bo‘ri qo‘zichoqni yeb qo‘yish maqsadida, "o‘z aybini qonunga ham biroz to‘g‘irlamoq bo‘lib» uni qandaydir qilmagan ishlarda ayblaganda, sho‘rlik qo‘zichoq «O‘tgan yili tug‘ildim-ku» desa, bo‘ri ham bo‘sh kelmaydi:
- Unday bo‘lsa akangdir u!
- Na akam bor, na ukam bor...
- Gap to‘qima, ey badkirdor! Urug‘ingdir, aymog‘ingdir yoki biror maymog‘ingdir, shulardan ham tonasanmi, bu osonmi, bu osonmi?» - deydi yana beshafqat bo‘ri. Ha, tug‘ishganlardan tonish, kechish haqiqatan ham, hattoki bo‘rilar uchun ham oson emas, ammo afsuski...
«Ota-onam har doim mendan ko‘ra singlimni ko‘proq yaxshi ko‘rib kelgan. Buni ular hech yashirmaydilar ham. Kichkina paytlarimda bundan jahlim chiqardi, ammo bora-bora hech narsadan umid qilmay qo‘ydim. Va ohir-oqibat hayotda o‘z maqsadlarimga erishish uchun o‘zimga nisbatan beshafqat bo‘lishga o‘rgandim. Bu esa, ko‘p narsalarga erishishimga yordamlashdi. Endi bugungi kunga kelib men ota-onamni to‘liq ta'minlayman, aslida hech narsaga qodir bo‘lmagan o‘sha injiq singlimni ham ulg‘aytirib, oyoqqa qo‘yyapman.»
Ha, ko‘pincha biz oilamizdagi qaysi bolani kamsitsak, nazar-pisand qilmasak, bir kun kelib aynan shu bola boshqa aka-ukalariga nisbatan kunimizga yarab qolishi holatlari ko‘p uchraydi. Ammo biz undan qanchalik manfaatdor bo‘lmaylik, shu farzandimizga munosabatimiz hamon o‘sha- o‘shaligicha qolaveradi. Agar biz uni ilgari bolaligida «odamovi, pismiq yoki lapashangligi» uchun yozg‘irib kelgan bo‘lsak, endilikda o‘sha - bizning erkatoyimiz bo‘lgan ukasi yoki singlisiga yetarlicha homiylik qilolmayotganidan fig‘onimiz falakka chiqaveradi. Nega shunday? Nima uchun biz ota-onalar farzandlarimizdan birini ikkinchisidan ustun qo‘yamiz. Qanotimiz ostiga olingan bolamiz ehtimol yoshligida ko‘p kasal bo‘lgandir, balki u hamma bolalarimiz orasida eng yoqimtoyidir, balki uning erkinligi va erkaligi sizni doim ruhlantirib, kayfiyatingizni ko‘tarib turar, balki unda siz o‘zingizda yo‘q xislatlarni ko‘rib, undan ko‘r-ko‘rona faxrlanarsiz, yoki butunlay teskarisi, bolangiz boshqa aka-ukalariga nisbatan kamchilik va nuqsonlari bo‘lgani uchun unga rahmingiz kelganidan jon-jahdingiz bilan uni butun olamga «oppoq» qilib ko‘rsatgingiz kelar va hokazolar. Ammo, garchi «ona» so‘zi ma'no jihatidan «muhabbat» so‘zining o‘rnini bosa olsa-da, ko‘pincha baribir farzandlaringizdan biriga nisbatan to‘lib-toshgan o‘sha mehringiz boshqasiga qolganda negadir juda taqchil bo‘lib qoladi.
Bir maktabda bolalarga ota-ona mehri haqida erkin insho yozish topshirig‘i beriladi. Insho natijalari o‘qituvchilarni hayratga soldi.
«Uyda nimaiki yomon narsa sodir bo‘lsa, hamma ayb menga ag‘dariladi. Garchi to‘polonchilikda akam mendan qolishmasa-da, hech kim uni urishmaydi va hamma qiliqlarini ketma-ket kechiraveradilar», - deb yozgan bir bola.
«Oyim singilchamni juda-juda yaxshi ko‘radi. Mayliga! Men baribir ularning ikkalasiniyam yaxshi ko‘rib qolaveraman» - deb yozgandi boshqa bir o‘quvchi.
Va qizig‘i shundaki, biz ota-onalar orasida: «Ne qilay! Shu bolam baribir boshqacha-da! Tan olaman, boshqa bolalarimga uni yaxshi ko‘rganchalik bo‘lolmayman. Aybdorman. Ammo na chora?» - deya yelka qisadiganlar ham bor.
To‘g‘ri, kichik bolalar har doim kattalariga nisbatan e'tibor markazida bo‘ladilar. Ruhshunoslar bu holni onalik(otalik) tuyg‘ularining yillar o‘tishi bilan chuqurlashib borishi sifatida baholaydilar. Agar oilada bir qiz, bir o‘g‘il voyaga yetayotgan bo‘lsa, qoidaga ko‘ra ona ko‘proq qiziga nisbatan e'tiborliroq bo‘ladi.
Siz bu bolangizga nisbatan o‘zingizning qattiq-qo‘lligingizni bunday deb ham oqlashingiz mumkindek: «Axir haqiqatan ham shu bolam durust emas-da. Unda na kuch bor, na iroda. Uni men hozirdan qattiqroq tergab turmasam, bu zamonda qanday yashay oladi. Hayot uni erkalatib o‘tirmasligini hozirdan bilib qo‘ygani yaxshi emasmi?»
Yo‘q. Siz shu o‘rinda nohaqsiz. Yaxshisi, eng avvalo, o‘z tuyg‘ularingizni tartibga keltirib oling. Ichingizda shuni tan oling: men bu bolamni boshqalaridek yaxshi ko‘rmayman, bu esa insofdan emas. Bu hammaga - «yomon» bolam uchun ham, yaxshi ko‘rgan bolalarim uchun ham, butun oilamizga ham zarar. Bunga barham berish mumkinmi?
RANJ VA ALAM
- Nimagadir bolalar ko‘p janjallashadigan bo‘lib qolishibdimi? - hayron bo‘lib so‘raydi ota onadan. Chunki bu paytda boshqa xonada qiyomat qo‘pgan, aka-singil bir-birini xuddi dushmanlardek bo‘g‘ishgan, ko‘zlaridan g‘azab sochilgan, singilning yurakni tilka-pora qiladigan chinqirig‘i olamni tutgan edi.
Ona jon holatda o‘sha yoqqa yuguradi. Qizcha ham onasiga ko‘zi tushgan zahoti:
- Oyijon, akamga qarang... - deydiyu, ho‘ngrab yuboradi.
Aka «a» deyishga ulgurmay, ona unga tashlanadi. Har doimgidek u jazolanadi. Aslida nima bo‘lganiyu, aslida kim aybdor ekanligini surishtirib o‘tirishga esa vaqt bo‘lmaydi. Chunki oshxonada pishayotgan ovqat tagiga olib ketishi mumkin-da.
Ana endi qizalog‘ingizning tantana qilishini ko‘ring-a. O‘zi nari borsa 7-8 yoshdayu, shugina umri davomida ota-onasini qanday qilib yo‘rig‘iga yurgizib olishning hadisini shunday olvolganki, qo‘yaverasiz. Ona esa baribir ona-da, harholda «akasini bekor jazoladim-da, balki uning aybi yo‘qdir», - deb ich-etini yeydi. O‘g‘il burchakda turgancha singlisiga nafrat bilan jimgina qarab turaveradi. «Nega har doim onam faqat uning gapiga ishonadi? Nega hamisha hamma ayb menga ag‘dariladi? Nega onam qizini yaxshi ko‘radi, meni esa yo‘q?»
ShU ADOLATDANMI?
Bu yerdagi adolatsizlik - ortiqcha beriluvchanlikka o‘xshaydi. Undan qanday xalos bo‘lish mumkin? Yaxshisi shunday qoidagi rioya eting: bolalar o‘rtasida bo‘ladigan hech qanday janjalu to‘polonda hech qachon ularning faqat bittasinigina jazolab qo‘ymang. Har nima bo‘lgan taqdirda ham ularning har biri baribir qaysidir darajada aybdor.
Darvoqe, maqtov yog‘dirish borasida ham xuddi shu qoidaga amal qilish lozim. Bir farzandingizning yelkasiga qoqib, alqay boshladingizmi, ikkinchisini ham hech bo‘lmasa ilgari qilgan yaxshi ishlarini maqtab qo‘ying.
Katta farzandingizni ko‘proq yaxshi ko‘rasizmi, kichiginimi, buning ahamiyati yo‘q. Ammo o‘zbekchiligimizda baribir ko‘proq kenja farzandlarga nisbatan yon bosiladi. Shu sabab, boshqa aka-opalari sizni undan qizg‘anmasliklari uchun:
- Hech qachon bolalardan qaysi birini yaxshi ko‘rishingizni oshkora gapirmang.
- Bolalarni bir-biriga solishtirmang, ularning qalbini tushuna biling.
- Birini bag‘ringizga bossangiz, ikkinchisini o‘pib qo‘ying.
- Agar biror narsaga bolaning yordami kerak bo‘lib qolsa, faqat yoshi kattalaridan emas, boshqalaridan ham ko‘mak so‘rang.
- Tanishlaringizga bir bolangizni maqtab, ikkinchisini yomonlab gapirmang.
- Urishsangiz ham, maqtasangiz ham baravar urishib, baravar maqtang.
GORIO OTA VA UNING QIZLARI
Gorio ota haqidagi mahzun hikoyani o‘qiganmisiz? Uch qizning otasi bo‘lgan bu chol hamma qizini bir-biridan kam ko‘rmagan holda shu qadar qattiq va ko‘r-ko‘rona sevadiki, bu qizlarni oliymaqom xonimlar qatoriga qo‘shish uchun jonu jahonini ayamaydi. Butun umrini, bor molu mulkini uning nazdida faqat va faqat qizlarini oliy darajaga yetkazish yo‘liga sarflaydi. Kun kelib, o‘zi kuch-quvvatdan ketib, qarovsiz, nochor ahvolda, jirkanch ijaraxonalarda ochlik va hastalikdan azob chekib yotgan ko‘yi ham qizlarining dardu hasratida qovriladi. Ularga ayni paytda yordam qo‘lini cho‘zolmayotganidan achchiq ko‘z yoshlarini to‘kadi. Allaqachon otasi tufayli oliynasab oyimlarga aylangan uchala qiz esa - ya'ni, ular uchun bor-yo‘g‘i pul chiqaruvchi hamyonga aylangan otasini - hattoki ota o‘rnida tan olishga ham or qiladilar, irganadilar va hatto o‘z padarlarini so‘nggi yo‘lga kuzatishga ham yaramaydilar. Chunki ularning o‘z tashvish va muammolari yetarli edi: kimnidir jazmani tashlab ketmoqchi, qaysiningdir eri ajrashib, tegishli pul ulushidan mahrum qilmoqchi, yana birida esa undan-da battar muammo.
Bu bilan biz erkalatilgan bolalar bir kun kelib bizni rad etib ketadiyu, aksincha, biz har doim kamsitib kelgan bolalarimiz nihoyat mana endi mehru muhabbatimizni qozonish uchun jon-jahdlari bilan bizning og‘ir kunlarimizga yarab qoladi, demoqchi emasmiz.
Faqat aytmoqchimizki, bolalar - ular aka-ukalar - tug‘ishganlar ekanliklarini tushunishlari kerak. Ularning ishlari, quvonchi, kerak bo‘lsa, g‘amu tashvishi ham bir bo‘lishi kerak. Shu xulosalarga asoslangan holda bolalaringizga nisbatan munosabatingizni shakllantira oling.
Qolaversa, farzandlaringizning birini boshqasidan ko‘proq yaxshi ko‘rish emas, yaxshi ko‘rmaslik qo‘rqinchlidir. O‘z farzandlaringizdan birining siz uchun keraksiz yuk bo‘lib tuyulishidan dahshatliroq nima bo‘lishi mumkin? Mayli, o‘sha bolangiz haqiqatan ham sizning sa'y-harakatlaringizga qaramay, nimjondir yoki siz nafratlanadigan odamga o‘xshar, sizning xizmat pog‘onalaridan ko‘tarilib ketishingizda jiddiy to‘siq bo‘lgandir, u tufayli sog‘ligingizni boy bergan, yoki uni boshqalarga «shu mening bolam» deb ko‘rsatib bo‘lmaydigan darajada xunukdir, nogirondir, ammo undan nafratlanish va bu nafratni boshqa farzandlaringizga nisbatan muhabbat tufayli bo‘rttirishingiz, bordiyu bittagina bo‘lsa-da, o‘sha bolani ham enagaga topshirib qo‘yishingiz, kechirasizu, sizning risoladagidek ota yoki ona ekanligingizdan darak bermaydi. Bola siz uchun hamisha tashvish emas, quvonch ekanligini unutmang, baraka toping, unutmang!
"Ma'rifat" gazetasidan olindi.