OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oqibat va andishani asraylik

Singlimning tug‘ilgan kuni edi. Xursand qilish maqsadida uni o‘zi yoqtirgan film namoyishiga olib bordim. Alisher Navoiy san’at saroyining muhtasham zaliga tomoshabinlar allaqachon yig‘ilib bo‘lgan. Biz ham bo‘sh o‘rinlardan biriga o‘tirayotgandik, orqa tarafdan bir qiz e’tiroz bildirdi. —U yer band, boshqa joyga o‘tiring!
Buyruq ohangidagi bu xitob nafsoniyatimga tegdi. Qolaversa, salgina avval shu yerga o‘tirishga taraddudlanayotganimizda xuddi shu qizning “Obbo, bizni to‘sib qo‘yadi, boshqa joy qurib ketganmi!” degani qulog‘imga chalingandi. Singlimdan ham kichik bo‘lgan bu qizning qo‘polligi jig‘imga tekkanini yashirmay men ham javob qaytardim:
—Harqalay bu joyni sotib olmagandirsiz?
—Sotib olgan bo‘lsam-chi!
Ayni shu topda gap gapga ulanib, urush chiqishi tabiiy edi. Biroq o‘zimni bosdim. Axir u mening tengqurim emas — hozir shunaqa yoshda, bitta gapdan qolish bir yerimni kamaytirarmidi..
Xullas, film ham boshlandi. Aslida ruhiyatga ta’sir qiladigan, o‘ziga chorlovchi, ibratli joylari ko‘p edi filmning. Lekin boya men bilan tortishgan qizning ovozi boricha film qahramonlari bilan bab-barobar gapirishi, ora-chorada baralla kuy chalib jiringlayotgan qo‘l telefonida andisha ko‘chasidan ancha yiroq bo‘lgan so‘zlar bilan gaplashishi asabga tegmay qo‘ymasdi. Bunisiga ham chidab o‘tirdik. Bir mahal singlim ortiga o‘girilib:
—Oyog‘ingizni yig‘ishtirib oling, — dedi. 
—Nogironma-an, oyog‘im cho‘loq, yig‘ishtirishning ilojisi yo‘-o‘q! 
Qiz shunday deya ovozining boricha hiringladi. Bilishimcha, u singlim o‘tirgan o‘rindiq suyanchig‘iga oyog‘ini tirab uning sochidan tortgan. Yashirmayman, uning o‘rnida singlim bo‘lganida shu bezbetligi uchun chakkasiga tarsaki tortib yuborgan bo‘lardim... Qiziq, qizini qo‘l telefonidan tortib tilla matohlarigacha ta’minlab qo‘ygan ota-ona nahot uni oddiygina — jamoat joyida o‘zini tutish odobidan sal bo‘lsin, boxabar qilmagan bo‘lsa? Taassuflar bo‘lsinki, bugun ko‘cha-ko‘y, avtobus, kinoteatr va shu kabi gavjum joylarda bunday qizlarni ko‘plab uchratish mumkin. Shu taxlit qiliqlarga odatlangan qizlar ertaga birovning eshigiga borsa, pand yeb qolmaydimi? O‘z farzandlarining yaxshi yeb, birovdan kam bo‘lmay kiyinishi haqida qayg‘urayotgan ota-onalarni nega ularning tarbiyasi, yurish-turishi tashvishlantirmayapti?..
—Ko‘ylakni itidan kiyib olibdimi, Feruz?
Mana sizga o‘z tiliga bo‘lgan “hurmat”ning namunasi! Mana sizga bir paytlar eng kassabop deb tan olingan “Ko‘zlaring ma’yus” filmidagi birgina so‘zning yoshlar tarbiyasiga ko‘rsatgan salbiy ta’siri. O‘sha filmda qahramonlardan biri xuddi shu so‘zni ishlatgan edi. Shu o‘rinda bir misol. Mutaxassislar fikricha, bolaga tashqi muhitning ta’siri katta bo‘lib, u hatto yorug‘ dunyoga kelmasidanoq onasi eshitgan musiqa, u o‘qigan kitob yoki tomosha qilgan filmdan ta’sirlanar ekan. O‘z-o‘zidan bu bola tug‘ilganidan to ulg‘aygunicha atrofida yuz berayotgan voqeliklardan ijobiy va salbiy ma’noda saboq olishini esa ta’kidlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Shu bois ham bugun bolani kitobdan ko‘ra oynai-jahon ko‘proq o‘ziga jalb qilayotgan bir paytda ijodkorlarimiz imkon qadar axloq-odobga daxldor so‘zlardan ko‘proq foydalanishsa yaxshi bo‘lardi...
Film ham nihoyasiga yetdi. Uyga qaytish uchun avtobusga chiqdik. Bir-ikki bekat yurganimizdan so‘ng bir qizning ko‘zlarida yosh bilan zorlangani hammaning diqqatini tortdi:
—Qizingiz tengiman-ku, uyalmaysizmi shunaqa qilishga?! 
Nima gapligini anglab-anglamasimizdan qizning yonida turgan odamning g‘udrangani eshitildi:
—Irillama! Ovozingni o‘chir! 
Barcha lol-u hayron. Qiz esa “Xudoga soldim...” deya teskari burilib oldi. Shu payt bilmadim, qaysi gunohi uchun, haligi odam qiz sho‘rlikka astoydil qo‘l ko‘tarib, uni oldga tomon itarib turtkilasa bo‘ladimi? To‘g‘risi, shu choqqacha ayol zotiga qo‘l ko‘targan erkakni ko‘rgan emasman. Shuning uchunmi, o‘zimni butkul yo‘qotib qo‘ydim. 
Qo‘lidagi diplomat, bo‘ynidagi bo‘yinbog‘u, taqib olgan ko‘zoynagidan nufuzli idorada ishlashi ko‘rinib turgan bu odam insonga xos bo‘lgan barcha fazilatlarni unutgandek edi, shu chog‘. Uning tilidan ko‘chayotgan kurakda turmaydigan so‘zlar, yoshgina qizni astoydil do‘pposlashidan hamma karaxt edi, chog‘i. Avtobusda yoshi katta odamlar qancha ko‘p bo‘lmasin, ulardan biror kimsa haligi odamni hovuridan tushirishga harakat qilmasdi. Xayriyatki, ancha narida turgan yosh bir yigit tiqilinchda bir amallab yetib keldi-da, hayvon qiyofasiga kirgan boyagi odamning ikki qo‘lidan mahkam ushlab, unga dedi:
—Aka, o‘zingizni bosing, qiz bola-ku!
—Chiqqan joyiga kiritib qo‘yaman, nega meni xudoga soladi?!
Yashavor, degani odam yo‘q, gapni qarang! Avtobusdagi tiqilinchdan foydalanib qizga hirs bilan teginayotganda nega xudoni o‘ylamadi, bu shovvoz?! Qiz sho‘rlik ham alamidan aytdi-qo‘ydi-da... Qilg‘iliqni qilib qo‘yib, xudoni bahona qilishni, yana ayol kishiga qo‘l ko‘tarishni nima deb izohlash mumkin?..
Kinoteatrdagi dilxiralik hozirgisining oldida hayf ekan, dedim o‘zimcha. Hali aqlini tanimagan yosh bir qizdan xafa bo‘libman-u, naq qirq yoshni qoralab qo‘ygan kap-katta odamlarning ham shunaqa “hunar”i borligini o‘ylamabman. Axir, bugun jamiyatga qo‘shilayotgan necha-necha farzandni voyaga yetkazib, “ota” degan nom ostida yurgan odamlar shunday qilib tursa, yoshlarni odobsizlikda ayblash ko‘pam to‘g‘rimikan? Ayolga qo‘l ko‘targanning boplab ta’zirini berish o‘rniga loqaydlik ila tomoshabin bo‘lib turganlar-chi? Aslida ular ham ota,  nasihat qilsa gapi o‘tgudek yoshi ulug‘ insonlar-ku?! Shunday xunuk manzaraga guvoh bo‘lgan yoshlarga kattalarning sovuqqon va befarqligi yaxshi ma’noda ibrat bo‘la olmasligi aniq emasmi? Kuni kelib oramizdagi mehr-oqibat, andisha va hurmat kabi ulug‘ fazilatlar yo‘qqa chiqsa oxir-oqibat kimga ziyon? Bu ketishda millatimizga xos bo‘lgan hotamtoylik, ibo, odamiylik xislatlari bardavom bo‘ladi, deb kafolat berish mumkinmikan? Axir bizning yevropaliklardan ustun jihatimiz ham shu emasmi?
Shu kabi savollar qiynog‘ida chuqur o‘yga tolibman. E’tibor bersam, tug‘ilgan kunida ta’bim xira bo‘lganidan iztirobga tushgan singlim menga ming xijolat bilan boqib turgan ekan...

Muborak Oxunova

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.