OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vafodorlik

Odob, axloq qoidalari bitilgan kitoblarda vafodorlik sifati ham madh etiladi va va’daga vafo qilmoq, omonatga xiyonat qilmaslik, bergan so‘zining ustidan chiqish kabi xislatlar insoniy fazilat ekanligi uqtiriladi. Yana shunday deyiladiki, va’daga vafo qilmoq mard kishilarning ishidir.

Vafo bilan ziynatlangan kishilar har doimo e’zozda, rohat-farog‘atda bo‘lishini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Quyida vafodorlik tufayli baxt topganlar haqida hikoya qilamiz.

Bu voqeani menga bir dugonam so‘zlab bergan edi. Uning aytishicha, opasi juda rostgo‘y, va’dasiga vafoli, bergan so‘zining ustidan chiqadigan ayol ekan. Bolaligida bo‘lgan bir voqea tufayli, u umri davomida biror marta ham yolg‘on gapirmay,  odamlar ko‘nglini og‘ritmaslikka harakat qilib yashayotgan ekan.

Tug‘ilgan kun munosabati bilan  dugonamning uyiga bordik. Menga ta’riflangan o‘sha ayol bilan tanishdim. U bilan suhbat qurishga, undagi  olijanob fazilatlarning kamol topishiga sabab bo‘lgan omillarni bilishga qiziqdik. Kech tushib qolganligini bahona qilib, bu xonadonda qolishga ahd qildik. Yuzidan nur yog‘ilib turgan bu onaxonni ham o‘zimiz bilan qolishga ko‘ndirdik.

Mehmonligimiz hamda singlisining yaqin dugonalari bo‘lganimiz sababli, onaxon ham biz bilan qolishga rozi bo‘ldilar.

Qator qilib solingan joylarga o‘rnashar ekanmiz, iloji boricha onaxonga yaqinroq yotishga harakat qildim. O‘rinlarimizga joylashib bo‘lganimizdan so‘ng, onaxonning singlisidan eshitgan ta’riflarimni gapirib berdim, “Sizning bu qadar vafodor bo‘lishingizga sabab bo‘lgan voqeani aytib bering”  deya iltimos qildim.

Onaxon voqeani shunday xotirladilar:
— Bolaligimda juda sho‘x, shaddod, erka bir qizcha bo‘lgan ekanman. To‘ng‘ich nabiraligim uchun ham buva, buvim juda erkalatib yuborishgan.  Ammalarim ham bir-ketin uzatilgan, o‘rtancha ammamning katta qizi mendan bir yoshgina kichkina bo‘lganligi bois, u bilan deyarli tengdoshdek ulg‘ayibmiz. To‘rt-besh yoshlar bo‘lib qolganimda, ammamning qizini sog‘inib yig‘layverar va “mashina yutib olsam Rahim tog‘amga beraman” deyaverar ekanman. Rahim tog‘am ammamning turmush o‘rtoqlari.

Katta ammamning farzandi yo‘q edi. U kishining turmush o‘rtog‘i bizlarni juda yaxshi ko‘rardi. Qachon sog‘inib qolsalar meni, ukamni, amakimning qizini uylariga olib ketib,  chiroyli-chiroyli kiyimchalar, o‘yinchoqlar berib, bir-ikki kun o‘zlari bilan olib yurishardi. U kishini ham tog‘a der edik.

Bir kuni meni uylariga olib ketdilar. Kattaroq lavozimda ishlar ekanlar-da, mashina olib yurardi.  Mashinada yurishni juda-juda yaxshi ko‘rganim uchun, ularga ergashib ishxonalariga ham borardim. Kichkina qizaloq bo‘lsam ham burro-burro gapirardim, shekilli, men bilan katta odamlardek suhbatlashib o‘tirardilar. O‘sha kuni ham ishdan qaytayotib meni gapga solib ketdilar va  “Lotoreyada mashina yutib olsang nima qilasan?” dedilar suhbat orasida. Men ham o‘ylanib o‘tirmay “Rahim tog‘amga beraman” dedim. “Rahim tog‘ang kim?” dedilar. “Shuniyam bilmaysizmi, Gulruhning dadasi-da” dedim va gapimni davom ettirib “mashinada Rahim tog‘am Gulruhlarni biznikiga olib keladi” deb qo‘shib qo‘ydim. 

Uyga kelganimizdan keyin tog‘am ammamga mendan eshitgan gaplarini kula-kula gapirib berdilar. Keyin men o‘yinchoqlar bilan ovora bo‘lib ketibman. Ular nimalar to‘g‘risida gaplashganliklarini bilmayman. Erta bilan tursam qo‘limga bitta lotoreya tutqazdilar.  “Momo qizim, mana lotoreya, agar mashina yutib olsang Rahim tog‘angga olib borib beramiz-a”  dedilar. Men “ha” ma’nosida bosh silkidim o‘ylab o‘tirmay.

U paytlarda lotoreya yutuqlari gazetada e’lon qilinardi. Tog‘am bir mening qo‘limdagi lotoreyaga, bir gazetaga qarab “mana, mana 6 soni bor ekan, ie bir ham to‘g‘ri kelyapti” deb turdilar. Keyin birdan “yashasin, mana Sadoqat mashina yutib oldi” deya kulib yubordilar.

Bu paytda men ham xursand bo‘lib ketdim. “Ure, ure mashina yutvoldim” deb ammamning yoniga chopdim. O‘sha paytda biz yangi hovliga ko‘chib chiqqan, dadamning ham mashinasi yo‘q edi. Bir ozdan so‘ng “Rahim tog‘amga bermayman, dadamga beraman. Gulruhlarnikiga dadam olib boraveradilar” deb yig‘lashni boshladim. O‘zimizning ham mashinamiz bo‘lishini xohlagandim-da.

Shunda tog‘am meni tizzalariga o‘tkazib olib, sochlarimni qo‘llari bilan silab, peshonamdan o‘pdilar. Bu voqeani eslasam, hali-hanuz sog‘inchdan entikib ketaman. U kishi shu qadar mehribonlik va samimiylik namunasini ko‘rsatgan edilarki, buni so‘z bilan ta’riflash qiyin.

“Momo qizim, — dedilar, — Odamzot qanday niyat qilsa, Alloh Taolo uni niyatiga, albatta, yetkazadi. Agar biz ham va’damizga vafo qilsak, u bizni yaxshi ko‘radi va nimani so‘rasak beraveradi. Sen «mashina yutib olsam, Rahim tog‘amga beraman», deb niyat qilding, xudo seni sinash uchun lotoreyaga yutuq chiqardi. Agar sen aytgan so‘zingning ustidan chiqsang, u yana va yana ko‘p yaxshi narsalarni beraveradi. Bu mashinani Rahim tog‘angga ber, senga Alloh yana beradi.” So‘ngra “tushungdingmi, momo qizim” deb yana peshonamdan o‘pib qo‘ydilar. 

Tog‘am bu gaplarni shu darajada ishonch, bosiqlik, muloyimlik bilan xuddi o‘z tengdoshiga gapirganday tushuntirdilarki, o‘zimni bir zumda ulg‘ayib qolgandek his qildim. Ortiqcha erkalik ham, ortiqcha xarxasha ham qilmay “xo‘p” deb yubordim.

Bir kuni tog‘am uyimizga yap-yangi “Jiguli” mashinasini minib keldilar va buvam,buvim, men, dadam, katta ammam hammamiz shu mashinaga chiqib,  Gulruhlarnikiga bordik. Kalitni tog‘am menga berdilarda, “Bor, Gulruhning dadasiga ber” dedilar. Men kalitni Rahim tog‘amga tutqazdim va “Endi Gulruh bilan Feruzabonuni har kuni biznikiga olib borasiz-a” dedim. Rahim tog‘am ham meni dast ko‘tarib, bag‘rilariga oldilar, peshonamdan o‘pib, “Rahmat qizim” dedilar.

Shu-shu bo‘ldiyu har safar biror ishga qo‘l urishdan avval ana o‘sha ishning oxirini o‘ylaydigan, biror bir gapni gapirishdan avval uning oqibatlari haqida fikr yuritadigan bo‘ldim. Mabodo so‘zimdan qaytsam tog‘amning “Alloh va’dasiga vafodor insonlarni yaxshi ko‘radi” degan jumlalarini eslardim va o‘zimni yomon ko‘rib ketardim. Hammaga sevimli inson bo‘lish uchun hamma vaqt aytgan so‘zimda turadigan bo‘ldim.

Yillar o‘tib bir haqiqatni  bilib oldim. O‘shanda lotoreyaga hech qanday yutuq chiqmagan, mening bolalarcha qilgan orzuimni amalga oshirish uchun tog‘am o‘z puliga mashina sotib olgan ekan. Tog‘amning odamiyligi, bag‘rikengligi shu darajada bo‘lgan ekanki, mening yaxshi odam bo‘lib ulg‘ayishim, hech qachon subutsiz bo‘lib qolmasligim uchun mana shunday tarbiya usulini qo‘llagan ekanlar. Bu haqiqatni bilgach, tog‘amga mehrim yanada oshdi. Ana o‘shalarga suyukli jiyan, u kishi boshlab bergan savobli ishni davom ettirish uchun ham yaxshi odam bo‘lishga harakat qila boshladim.

Bugun kimdir menga “sen shunday odam ekansan” deb yaxshi gap aytsa,  ana o‘sha tog‘amni eslayman. U kishi boshlab bergan ibratli ishni davom ettirayotganimdan xursandligimni yashirmayman.

Turmushga chiqdim, farzandlar ko‘rdim. Bolalarimni tarbiyalashda ham ana o‘sha mezonlardan foydalandim. Odamzotning yaxshi yoki yomon bo‘lib ulg‘ayishida kimningdir ibrati rol o‘ynar ekan-da.

Suhbatdoshim shunday deb so‘zini yakunladi. 
“Mashina nima bo‘ldi, Rahim tog‘angiz uni uzoq yillar mingandir” dedim kulib. 
“Ha, har safar uyimizga kelganlarida meni quchib erkalar, asal qizim, dono qizim, meni mashinali qilib qo‘ygan qizim” deya duo qilardilar, ana o‘shandagi quvonchimni ko‘rsangiz edi, — dedilar onaxon. — Odamzot yaxshilik qilishni ham kimdandir o‘rganishi kerak ekan-da».

Bu paytda hammamizning uyqumiz o‘chib ketgan, yaxshi odamlar haqida, yaxshi odam bo‘lish haqida o‘ylayotgan edik, nazarimda. 

***

1-kurs talabalari orasida eng odoblisi, og‘ir-bosig‘i Nurmuhammad edi. Hamma qiy-chuv ko‘tarib darsdan qochsa ham, qandaydir shumliklar o‘ylab topib, domlalarning asabiga tegsa ham bu ro‘yxatda Nurmuhammad bo‘lmasdi. Har kuni bir xil kiyimda kelish ham uning o‘ziga xosligini bildirib turardi. Axir talabalik degani kuniga turfa xil kiyim kiyish, o‘ynab-kulish, diskotekalar uyushtirish, darslardan qochib kinoga tushish degani emas-ku? Nurmuhammad hamma darsga qatnashar,   biror marta ham beodoblik qilmasdi. 
Kamgap va odamovi bu yigit haddan tashqari chiroyli va xushsurat edi.

Nurmuhammadning kursdoshi Xosiyat shaharda tug‘ilib katta bo‘lgan, «oqsuyak» deb ta’riflanadigan qizlar sirasiga kirardi. Xosiyatning ishqi Nurmuhammadga tushdiyu aqlidan butkul ayrildi. Yursa ham, tursa ham ana o‘sha indamas, «ichimdagini top» Nurmuhammad ko‘z oldidan ketmay qoldi. Shu tariqa uch yil o‘tib ketdi. U davrlarda qizlarda sharmu hayo, yigitlarda oriyat va g‘urur boshqacha bo‘lgan ekanmi, uch yil davomida Xosiyat ich-ichidan kuyib, yonib yursa ham yigitga bir bora ham o‘z muhabbati haqida aytolmadi. To‘rtinchi yili hamma bir-birini yaxshi tanib olgan, qadrdonlashib ketgan edi. Kursdoshlar bir-birlarining oilaviy ahvollari, ota-onasining qanday kasbu kor bilan mashg‘ul ekanliklari, oilada nechanchi farzandu uni kutayotgan kelajak haqida bilib olishgan edi. 

Kunlarning birida Xosiyat yurak yutib Nurmuhammadga shunday dedi: «Sizga turmushga chiqqan qiz juda baxtli bo‘ladi-da».

Yigitning ham javobi tayyor ekan, qiz so‘zini tugatmay so‘z oldi: — Bizning oilaga uncha-muncha qiz ko‘nikolmasa kerak. Axir o‘nta ukam bor-a. Har kuni non yopish, kir yuvishu ovqat tayyorlash kelinning zimmasida bo‘ladi.

— Sizdan  va ota-onangizdan bir og‘iz shirin so‘z bo‘lsa, bo‘ldi-da, odam mehnatdan o‘lmaydi-ku. Muhimi, siz yaxshisiz, har qanday qiz ham yaxshiligingiz uchun o‘sha xonadonning o‘tidan kirib, suvidan chiqadi.

— Hozirgi qizlar «oqbilak» bo‘lib ketishgan. Hatto ovqat qilishga ham erinishadi. O‘n uchta odamning  tashvishini bo‘yniga oladigan qiz borligiga ishonmayman-da, — dedi Nurmuhammad. Xosiyat esa eshitilar-eshitilmas qilib “men bo‘ynimga olardim” dedi.

Nurmuhammad uning bu gapini yo eshitdi, yoki eshitgan bo‘lsa ham o‘zini eshitmaganlikka oldi. 5-kurs yakunida Nurmuhammad Xosiyatni yaxshi ko‘rishini, ammo shaharlik qiz qishloq sharoitiga ko‘nika olmasligidan xavotirda bo‘lganligi uchun unga sevgi izhor qilaolmayotganligini do‘sti orqali bildirdi. Xosiyatning javobi shu bo‘ldiki, “men hamma qiyinchilikni bo‘ynimga olaman”.

Sovchilar kelib-ketgach, Xosiyatni ota-onasining kapalagi uchdi. Axir o‘n bitta bolasi bor oilaning to‘ng‘ich kelini bo‘lmoq osonmi? Vaqti kelsa, bir donagina ukasining kiyimiga dazmol bosishga erinadigan qiz, o‘n bir bolaning xarxashasini qanday ko‘taradi? Biror marta  xamir yoymagan qiz, qanday qilib har kuni xamir qorib, non yopadi? Hamma bir bo‘ldiyu Xosiyatning o‘zi bir tomon bo‘ldi. U to‘tiqushdek bir gapni takrorlardi: “hamma og‘irlikni bo‘ynimga olaman, Nurmuhammad bilan yashasam bo‘ldi”.

To‘yning uchinchi kuniyoq qiz bechora xayol boshqayu hayot boshqa ekanligini bildi. O‘sha kuni birinchi bor xamir qordi.  Nonni ham bir amallab tandirdan uzib oldi. Nurmuhammad aytganidek, bu xonadonda har kuni kir yuvilar, har kuni ikki tandir non yopilar  edi. Qiz bechoraning tinka-madori qurib ketar, dasturxonga kelib endigina bir tishlam non tishlaganda choynakdagi choy tugab qolar, choy damlash uchun yana oshxonaga yugurar, choy olib kelishi bilan kichkintoylardan biri yana ovqat ichishini aytib, kosasini uzatib turardi. 
Nurmuhammad ham iloji boricha Xosiyatga yordamlashar, hamma uxlagan paytida uyum-uyum kirlarni birga yuvishar, xamir qorib berar, ovqat boshlasa, o‘choqqa o‘t qalab turardi.

Uydagi shuncha mehnatni ko‘rib, Xosiyat ishga kiraman deb aytolmadi. Axir qaynonasi «kelin qilsam shu mehnatlardan qutilaman, men ham odamga o‘xshab yashayman», deb niyat qilgan edi-da. Bolalarning eng kichigi Xosiyat kelin bo‘lib tushgan paytda ikki yosh edi. Sakkiz nafar o‘g‘il bola, uch nafar qizning shuncha dunyosi, fikr yuritishi, fe’l-atvorini o‘rganib olishning o‘zi Xosiyatga bir maktab bo‘ldi. Qaynonasi kelin bechora shuncha mehnatni qilsa ham, tunu kun qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lsa ham Xosiyatning har bir ishidan kamchilik topar, o‘g‘limga qandoq qizlarni kelin qilmasdim, deya javragani-javragan edi.

Bunday og‘ir mehnat va qaynonaning zulmlaridan boshqa birov bo‘lganda-ku, allaqachon tugunini ko‘tarib, bu uydan qochib ketardi, ammo Xosiyat hamma-hammasiga sabr va matonat bilan chidadi.

Yillar o‘tdi. Qaynukalari ham ulg‘ayib, uylanishdi, qaynsingillari turmushga chiqib ketishdi. Katta hovlida qaynona-qaynota Xosiyatlar bilan yashashni ma’qul ko‘rishdi. 
Har safar katta-katta davralarda Xosiyat xolaning matonati, sabru qanoati haqida gapirishar ekan, nuroniy onaxon kulib o‘tiraveradi. Juda gapirgisi kelsa, bir og‘izgina so‘z qo‘shib qo‘yadi: “Bergan so‘zimga vafo qildim, xolos. Juda katta ish qilmadim”. Ko‘pchilik esa uning qanday so‘z berganini bilmaydi ham.

Sharifa Murodjon qizi 
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.