OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Odamni nima asraydi?

Bugun Inson shoshayapti. Lekin hech narsaga ulgurolmayapti. Sababi — vaqt ziq. Vaqt yo‘q. Taraqqiyotning halokatli ummonida joni halak. Yeladi, yuguradi. Tong otadi — kun botadi. Lahzada umrning bir kuni ketadi. Sivilizatsiya go‘yoki insonning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilayotganday. Ha, tsivilizatsiya uzoqni yaqinimizga olib keldi — dunyoning narigi burchi ham biz odamlarga bir qadam bo‘lib qoldi... Nega unda biz hech narsa, ko‘p narsa qilishga ulgurolmayapmiz?. Vaqt qisqarmoqdami? Kun qisqarmoqdami? Taraqqiyot nahotki vaqtimiz qisqarishi evaziga tantana qilmoqda?

Taraqqiyot vaqtimizni yemirib borayaptimi? Dunyo kashfiyotlari vaqtni tobora qisqartirish evaziga sodir bo‘layaptimikin? Nahotki nimadir yo‘qolishi evaziga nimadir paydo bo‘lsa?

Biz nimani yo‘qotayapmiz? Oddiygina odamgarchilikni yo‘qotayapmiz! Ko‘ngil xotirjamligini, qalb oromini, diydor zavqini yo‘qotayapmiz. Mehr rishtalari mustahkam kunlar ming chaqirim yo‘lga otlanganmiz. Yaqinlarimiz ruxsorini ko‘­rish, keksalarimiz duosini olishga oshiqqanmiz, hamma-hammasiga to‘y-ta’ziyaga ulgurganmiz. Bugun-chi, bugun? Qishloqdami-shahardami, cho‘ldami-sahrodami qaerda bo‘lmaylik, tsivilizatsiya olisni oyog‘imiz ostiga olib kelib tashladi — mana, qo‘l telefon bor, onamizga qo‘ng‘iroq qilamiz, singlimizga SMS jo‘natamiz, opamizga internet orqali xat yo‘llaymiz, ha shunday, olisning muammosi qolmadi. Biroq, shunday bo‘lsa-da, nega vaqtimiz ziq, nega vaqtimiz yetmayapti, o‘ylayapsizmi, nega botinimizda allaqanday rishtalar uzilib borayotganga o‘xshaydi?.. Axir biz yaqinlarimizning yoniq nigohiga ko‘z tikib yuzma-yuz so‘zlashish, ularning diydoriga to‘yishdan ko‘ra, yemirilayotgan vaqtimiz kasriga tsivilizatsiya matohlariga tobora bog‘lanib qolmayapmizmi? Sivilizatsiya vaqtimizni qo‘shib o‘zimizni ham yemirib bormayaptimikin?

Odamga xos bo‘lgan aziz tuyg‘ular va hissiyotlarga chang soluvchi har qanday kashfiyot odamga sirtdan nechog‘li xizmat qilmasin u baribir odamning dushmaniga aylanib qoladi. Bugun, ertaga, indin, qachon bo‘lmasin odamni tamaddun (tsivilizatsiya) mahsuli — internet ham, boshqa o‘ta zamonaviy qurilmalar ham, hatto manovi qo‘l telefonlar ham qutqarib qololmaydi — odamni odamga bo‘lgan mehr, insonlar orasidagi samimiy iliq munosabatlar asrab qoladi. Agar yer yuzida kashf etilgan, maqsad-iddaosi insoniyatga zug‘um va tahlika tug‘dirib, ona sayyoramizning qoq yuragiga qaratilgan qurol-yarog‘larni ham inobatga oladigan bo‘lsak, XXI asr tamadduni allaqachon insoniyat izmiga bo‘ysunmay qo‘yganligini his qilamiz. Zaminni «porox bochka»si ustiga o‘tqazishga uringan tsivilizatsiyaning sovuq kashfiyotlariga mukkasidan ketganlar emas, Leonardo Da Vinchining bitta suvratiyu, Navoiyning «Xamsa»sini qarshi qo‘yayotgan, qalbida yoniq tuyg‘ular olovi o‘chmagan insoniyat bu hayotni davom ettirishiga ishonaman.

Insonning qalbi, ruhiyati kengliklari, tuyg‘u va hissiyotlari inson bilimining mahsuli bo‘lgan nimarsa (matoh)larga, tsivilizatsiya unsurlariga hech qachon ko‘chib o‘tmaydi. Biroq, bu kashfiyotlar bizni o‘z izmiga bo‘ysundirib, o‘z komiga ohanrabo yanglig‘ tortib olarkan, XXI asrni kashfiyotlar asri deb emas, insoniyatning yo‘qotish asri, insonning insoniylikdan uzoqlashish asri deb tushunaman. To‘g‘ri, bugun hamma narsa bor... Biroq vaqt yo‘q... Vaqtimizni tsivilizatsiya yo‘rig‘iga moslashish uchun sarflayapmiz.

Balki Siz tsivilizatsiyani hozirgi globallashuv jarayoni — dunyoning yaxlitlashuvi mezoni deb o‘ylarsiz. Fikringizga qo‘shilaman. Bani-bashar baxt-iqboli, tinchlik-osoyishtalik, ezgulik yo‘lidagi globallashuv uchun xayrixohmiz. Biroq hind xalqining sevikli farzandi Maxatma Gandi aytgani kabi tashqaridan sof havo, quyosh nuri kirsin deb uyimiz deraza-eshiklarini ochib qo‘ysak, ichkariga o‘rlab uyimiz tomini uchirib, bizni xonavayron qilib ketadigan bo‘ron yanglig‘ to‘s-to‘polonli globallashuvning tarafdori emasmiz, aslo. Umuman olganda axloq, ma’naviyat va madaniyat bir xalq yoki millatga tegishli o‘zlik tushunchasiga soya tashlaydigan jihatni globallashuv deb bo‘lmaydi. Shuningdek, millatimizga xos ulug‘ fazilat va mentalitet o‘zga tasnifdagi madaniyat, ma’naviyat, o‘zgacha urf-odat va g‘ayri qarashlar bilan chatishib ketmaydi ham. Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Globallashuv hech qachon bir joydan bir joyga g‘oya tashimasligi kerak. O‘zimiz kiyadigan to‘nni birovga qarab, o‘zgaga o‘lchab bichganimiz ma’qul emas. Sivilizatsiya bizning xonadonlarimizga yot mafkura urug‘larini tashlab ketayotganini hammamiz ham anglab yetayapmizmi?

Sivilizatsiya farzandimiz, nevaramiz-chevaramiz ongiga o‘zgacha qarashlarni singdirayotganini fahmlayapmizmi? Yo‘q. Chunki bu to‘s-to‘polonli asrda, globallashuv bo‘roni ostida bu haqda o‘ylash, mushohada qilib ko‘rishga bizning vaqtimiz yo‘q. Vaqtimiz ziq. Yuqorida aytganimiz kabi davr shiddati bizni vaqt charxpalagida chirpirak qilmoqda. Shunday ekan, bugun o‘g‘lingiz yo nabirangiz mening dadam yoki bobom sarkarda Jumong kabi zo‘r desa parvo qilmaysiz. G‘ururimiz qo‘zg‘almaydi. Shiddat, «vaqtsizlik shiddati» Sizni karaxt qilib bormoqda.

Nega endi Jumong kabi zo‘r bo‘larkan, nega endi sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo va hokazo qancha jasur bobolarimiz kabi zo‘r bo‘lmas ekan. Nima balo, o‘g‘lingiz yo nabirangizning qon-qondoshimi Jumong? G‘oya tar­qatuvchi tsivilizatsiya o‘g‘lingiz va nabirangizni o‘z domiga tortib, TV qarshisiga mixlab qo‘ydi. Bu Sizga alam qilmaydimi? O‘g‘lingiz va nabirangizning vaqtini nima o‘g‘irladi, nima yemirdi? O‘g‘lingiz yo nabirangiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo bilan faxrlanmayapti, balki ularni bilmas ham, bu Sizga, bu bizga fojia bo‘lib tuyulmayaptimi? Yo‘q, bu haqda o‘ylashga vaqtingiz yo‘q... Vaqtingiz ziq! Qizingiz Tangendan ulgu oladi. Tangen madaniyati, Tangen ma’naviyati uning ruhiyatida ildiz otmoqda. Nega? o‘ylab ko‘rganmisiz? Yo‘q, vaqtingiz yo‘q!. Vaqtingiz ziq! O‘g‘lingiz yo nabirangiz «Qashqirlar makoni»dagi Po‘lat Alandarga havas qiladi. Murg‘ak qalbiga mardlik va jasorat zo‘ravonlikda degan fikr singayapti. Sezayapsizmi g‘oya tashigan tsivilizatsiya nima qilayapti? Yo‘q, o‘ylab ko‘rishga vaqtimiz yo‘q. Vaqtimiz ziq. Nahotki o‘z kelajagimizni millatparvar etib tarbiya qila olish, ular shuuriga millat tuy­g‘usini singdirish darajasiga yetmagan bo‘lsak. Tafakkurni charog‘on etish «eskirmoqdami»? Bu borada bong uraverib matbuot holdan toydi. Sivilizatsiya qalb xohishi, tafakkurga soya tashlay boshladi. Biz millatni, odamiylikni ushlab turadigan ildizlarimiz zahm otishiga beparvo bo‘layapmiz.

Kitob o‘qish eskirmoqdami? Shu yo‘lda sarflanmagan umr umrmi?

Ha, beparvomiz. Chunki parvo qilishga arzimaydi, deb qo‘l siltaymiz. Sababi, o‘ylab ko‘rishga vaqtimiz yo‘q. Dunyoning qaysi bir burchagida bo‘layotgan anjumanga, foydasi tegib-tegmaydigan yig‘inga borishga vaqt topamiz. Bu dunyo­da borligimizni bildirib qo‘ygimiz keladi. Lekin mahallamizdagi betob Qulmat akani ko‘rishga vaqt qayda? Allaqaysi davlatdagi anjumanga bir kun oldin yetib boramiz, bandalikni bajo keltirgan qishloqdoshimiz rahmatli Qumri xolaning fotihasiga borishga vaqt topolmaymiz. Vaqt qayda? Yo‘l uzoq. O‘g‘il yoki nabiradan yana o‘sha qo‘l telefon orqali hol so‘rab qo‘yishdan iymanmaymiz. Shu darajagacha borib yetayapmiz...

Sezmayapmiz, shovqin asri, hissizlik bo‘hroni ko‘nglimizni mavh etayapti. Bu vaqtsizlik, vaqt yetishmaslik shovqini! Fran­tsiyaning Strasburg shahrida bo‘lib o‘tgan dunyo shoirlari anjumanida farang shoi­rasi nolib qoldi: «Asrimiz shiddatli. Vaqtimiz esa ziq. Biz hech narsaga ulgurolmayamiz...» qozoq shoiri, «Adashgan taraqqiyot» dostoni muallifi mashhur Muxtor Shoxonov mi­yig‘ida kulib ohista shunday javob qaytardi: «Vaqt yugurmayapti. Faqat insoniyatning ko‘ngli oso­yish va xotirjam emas, ko‘ngil xotirjamligi yetishmayapti insoniyatga...» Xonim taajjublandi: «Bu nima deganingiz?» Muxtor og‘a muddaoga ko‘chdi: «Dunyo alahsiyapti. Shuning uchun odamiyat ko‘ngli sarosimaga tushib qoldi. Masalan, qo‘lingizdagi qadahni ichib tugatsangiz kayfiyatingiz tetiklashadi. Ikkinchisi behuzur qiladi. Uchinchisi esa alahsitadi. Dunyo ham xuddi shunday. Keragidan ortiqcha, insonning yurak zarbiga qarshi, hissiyotlariga qarshi ortiqcha kashfiyotlar komida alahsib yotibdi. Shunday ekan o‘zini o‘nglashga qiynalayotgan odamzot vaqtni qanday qilib o‘z izmiga bo‘ysundira olsin, odamzotning qaerdan ham bo‘sh vaqti bo‘lsin...» Xonim angrayib qoldi. Sharqona, kerak bo‘lsa faylasufona javob uni esankiratib qo‘ydi.

«Insonni yengib bo‘lmaydi» deydi ulug‘ adib Ernest Xeminguey. Mening nazarimda insonni yengsa bo‘ladi. Insonni yengish uchun uni o‘zidan uzoqlashtirish kifoya. O‘zidan uzoqlashgan osongina o‘zgaga bo‘ysunadi. Bugungi tamaddun bizga dunyoni yaqin qilib qo‘ydi. Dunyo yaqinlashgani sayin esa biz o‘zimizdan uzoqlashib borayotgandaymiz. Olislashayotgan o‘zlikni qaytarishga vaqtimiz yetarmikin? Nahotki shunchalar vaqtimiz ziq bo‘lsa?..

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.