Poytaxtimiz Toshkentning kun sayin go‘zal va yanada obod megapolisga aylanib borayotgani faqat yurtimiz mehmonlarini emas, eng avvalo, yurtdoshlarimiz, shahrimiz aholisini nihoyatda mamnun etmoqda. Jumladan, poytaxtimizning barcha ko‘chalari kengayib, yirik prospektlar — shohko‘chalarga aylandi. Ulkan ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarning qurilishi esa shaharning juda ko‘p turarjoy dahalarini bir-biri bilan qulay yo‘llar orqali tutashtirish imkonini berdi.
Bu borada poytaxtimiz ahli va yaqin-yiroqdan kelayotgan mehmonlarga ayniqsa xush yoqayotgan bir jihatni aytish kerak. Bu Toshkent shahri aholisiga erta tongdan to yarim kechga qadar beminnat xizmat qilayotgan transport turlarining yangilangani, “Mersedes-Benz” rusumli xorijiy go‘zal avtobuslar yoniga o‘zimizning ko‘hna Samarqandda ishlab chiqarilgan “Isuzu” rusumli ixcham va qulay avtobuslarning kelib qo‘shilganidir.
Tasavvur qiling, erta tongda ishga shoshilayapsiz, bekatga kelib to‘xtagan avtobusga o‘n soniya kechikdingiz. Keyingisi ham yana besh-olti daqiqadan so‘ng yetib keladi, biroq shunisiga ilinsangiz zo‘r bo‘lardi-da. Yo‘l chetida turib shu haqda o‘ylayotganingizni siz kechikkan avtobus haydovchsi qayoqdan bildiykin, shundoq yoningizda to‘xtab, eshigini ochib tursa-ya!
Ha, bu onda-sondagina emas, har kuni yuz berib turgan oddiy voqea. Shunday chog‘lar o‘zining doimiy yo‘lovchisini tanib qolgan haydovchilarga “Rahmat!” deyishning o‘zi kamlik qiladi.
Endi boshqa bir manzarani ham aytmasak bo‘lmas, har to‘kisda bir ayb deganlaridek, bir kuni avtobusga chiqsam, chiptachi – tiqmachoq gavdali o‘smir yigitcha: “Aka, bo‘sh joy bor-ku, o‘tirsangizchi”, deb qoldi. “E, shart emas, hali-zamon yosh bolalimi-keksami chiqib qolar”, deb qo‘yaqoldim. Birozdan so‘ng u “qani, yo‘l haqini to‘langlar,” – deb salon bo‘ylab yura boshladi. Men oylik chiptani ko‘rsatdim, shunda u ko‘zimga o‘qrayib qarab, “E, akaginam, boyagi gapimni qaytarib oldim. Bo‘sh o‘ringa pul to‘laganlar o‘tiradi”, dedi-da yonimdan o‘tib ketdi. Bu gapni eshitib ensam qotdi. Tavba bunday muomalani, bepisandlikni qaerdan o‘rgana qoldiykin? Qolaversa, muloqot madaniyatidan bexabar bunday o‘spirinni jamoat joyida ishlashiga kim ruxsat berdi ekan?!
Yigitcha o‘z “faoliyati”da davom etarkan, patta olganlarga: “Yashang-e, akaxon, bor ekansiz-ku”, deb ularni maqtar, oylik yo‘l chiptasini ko‘rsatganlarga esa noxush qarab qo‘yar, gohida esa “O‘rgildim shu proezdnoy degan narsadan,” deb oshkora uf tortib qo‘yardi. Uni zimdan kuzatarkanman, shu bola “hozir avtobusdagi qancha odamni ko‘nglini xira qilayotganligini bilarmikan”, deya o‘ylardim.
Masalan, men o‘zim oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorlanib yurgan paytlarim edi. Lekin ertalabdan ukam tengi boladan dakki eshitdim. Bu esa ruhiyatimga ta’sir qildi. Xo‘sh, boshqalarga-chi? To‘g‘ri, kimdir norozi qarash qildi, kimdir ming‘irladi, lekin bolakayga dashnom beradigan topilmadi. Andisha qilishdimi? Ehtimol yosh bola bilan teng bo‘lib o‘tirishni o‘zlariga ep ko‘rishmagandir?
Bir safar do‘ctim bilan avtobusda ketayotganimda, chiptachi uning hujjatlarini tekshirib: “Kollejni bitirganingga bir oy bo‘pti, o‘quvchilik chiptang o‘tmaydi, qani pul to‘la-chi”, deb turib olgani, do‘ctim bo‘lsa jon-jahdi bilan maktabni bitirganlar kollej yoki litseyga kirgunlaricha, u yerni tamomlaganlar oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari tamom bo‘lgunicha o‘quvchi oylik yo‘l chiptasidan foydalanishlari mumkinligini tushuntirishga uringani yodimga tushdi. Bugun esa bunday dilxiralik o‘z boshimga ham tushdi. Sir emaski, so‘ngi yillarda har bir sohada tub o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y bermoqda. Jumladan, ko‘zni quvontiradigan keng va ravon yo‘llar, ko‘priklar solinib, aholiga transport xizmati ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimizning 2008 yil 6 fevraldagi “Toshkent shahrini yo‘lovchi avtobuslar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tarmoqdagi islohotlarni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur hujjatga asosan 2008 yilning o‘zida 200 ta “Mersedes-Benz” rusumli avtobus xarid qilindi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2009 yil 6 maydagi “Toshkent shahrini avtobuslar bilan qo‘shimcha ta’minlash chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yana 200 ta “Mersedes-Benz” avtobusi xarid qilindi. So‘nggi rusumdagi bunday qulay va shinam avtobuslar shaharning yo‘lovchi gavjum yo‘nalishlarida aholiga namunali xizmat ko‘rsatib kelayotir. Bugungi kunda “Toshavtobustrans” aktsiyadorlik kompaniyasi korxonalari tasarrufida 1 595 ta avtobus mavjud bo‘lsa, shundan 924 tasi “Mersedes-Benz” rusumli avtobus, 558 tasi esa Samarqandda ishlab chiqarilgan, har tomonlama qulay “Isuzu” rusumli midibusdir. Aholiga transport vositalaridan foydalanishda yanada qulaylik tug‘dirish maqsadida oylik yo‘l chiptalari tashkil etilgani kun davomida bir necha transport vositalaridan foydalanadigan yo‘lovchilar, ayniqsa o‘quvchi va talaba yoshlar uchun juda qulay, albatta. Lekin, ayrim chiptachi yoki haydovchi akalarimiz ularni “yoqtirishmaydi”, o‘z munosabatlarini yashirishmaydi ham. Ajablanarli holat: nima ular yo‘lovchilarni shaxsiy avtobuslarida olib ketishmoqdami? Axir, avtobus davlatniki, ular esa bor-yo‘g‘i yollanma ishchi.
Ko‘pchiligimiz ish joyiga avtobusda borar ekanmiz, demak kunlik faoliyatimiz ham aynan shu yerdan boshlanadi. Namunali xizmatdan kayfiyatimiz ko‘tariladi. Ammo teskarisi bo‘lsa-chi? Har to‘kisda bir kemtik deganlaridek, ushbu soha vakillari, xususan haydovchi va chiptachilarning aksariyati o‘z kasblari va vazifalariga sidqidildan yondashmayotganliklarini ko‘p joylarda ko‘ramiz. Masalan, aksariyat yo‘nalishi bir-biri bilan kesishuvchi avtobuslarda “yo‘lovchi talashish” holatlari ro‘y beradi. Ya’ni biror bekatda keragidan ortiqcha turib qolib, izidan yo‘li shu yo‘nalishda kesishuvchi boshqa avtobusni ko‘rgan haydovchi tezlikni oshiradi. Orqadan kelayotgan avtobus haydovchisi ham basma-basiga tezlikka zo‘r beradi. Qarabsizki ajabtovur “poyga” yuzaga keladi. Ba’zida haydovchining o‘zidan oldingi reysda ketayotgan kasbdoshi bilan telefonda g‘ijillashayotganini, ko‘chavori gaplar bilan baqir-chaqir qilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu so‘zlarning salbiy ta’sirini qo‘ya turaylik. Yo‘lovchi talashish, “poyga” qo‘yishlar qanday hodisalarga olib kelishini aytib bo‘ladimi? Avtobusda keksa otaxonu, onaxonlar, yosh bolali ayollar ketayotgan bir paytda, avtobusning ozgina qaltis harakati ham noxushlik keltirib chiqarishi mumkin-ku! Insonlar taqdiri bilan o‘ynashishga jur’at qilish uchun odam qay darajada mas’uliyatsiz bo‘lishi kerak?
Kuni kecha 65-avtobusga chiqdim. Aslida u Xadra bekatidan, “Ganga” magazini tomon burilib, Abay ko‘chasi orqali, “Paxtakor” bekati tomon harakatlanishi kerak edi. Lekin avtobus Xadra bekatiga yetganda chiptachi: “Ganga”ga boradiganlar tushsin”, deb qoldi. Kuzatib tursam, ikki kishi haydovchi va chiptachidan noligancha tushib ketdi. Avtobusdagi bir ayol: “Nega belgilangan yo‘ldan yurmaysizlar”, deb norozilik bildirsa: “Bizga Navoiy ko‘chasidan yurish qulayroq”, deb vaj ko‘rsatdi. Axir, bu nima degan gap? Nahotki, haydovchilar o‘z bilganlaricha yo‘nalish tanlashsa, o‘zboshimchalik qilishsa?
Shahrimiz kundan-kunga chiroy ochib, yildan-yilga yasharib bormoqda, keng ko‘chalar kechalari ham kunduzgidan oydin. Bu, albatta, mashinalarning kechki mahal bemalol harakatlanishlariga imkon beradi. Ko‘pchiligimiz qorong‘i tushgach, yana bir kungi ish faoliyatimizni yakunlab uyga oshiqamiz. Avtobusimiz tezroq kelsayu uyimizga yetib olsak, deymiz. Bir necha kun avval kechki payt soat sakkiz yarimlarda bir bemor tanishimni ko‘rib qaytayotganimda Tibbiyot akademiyasi bekatida taxminan ikki soatlar chamasi avtobus kutib qoldim. Kuzatib tursam, 10, 28, 82, 116-yo‘nalishlardagi avtobuslar shahar markazidan odam olib kelyapti, ammo orqaga qaytmayapti. Faqatgina 116-avtobus qaytdi. Uning xohlagan bekatida to‘xtab, xohlaganda to‘xtamasligi kishini taajjubga solardi. Eng achinarlisi manzilga yetmay, yo‘lning yarmida haydovchi: “Garajga borishimiz kerak”, deb yo‘lovchilarni tushirib yubordi. Holbuki “Toshshahartransxizmat” ma’lumotlariga ko‘ra 82-avtobus soat 21 gacha, qolgan 28, 10, 116-yo‘nalish avtobuslari soat 22 ga qadar harakatlanishi kerak ekan.
Bu kabi holatlarning oldini olish va yo‘lovchilarga madaniy xizmat ko‘rsatish maqsadida, qanday chora tadbirlar ko‘rilayotganligini bilish uchun “Toshavtobustrans” aktsiyadorlik korxonasining bo‘lim boshlig‘i Habibullo Ismatullaevga murojat etdim:
— Shahrimizda yo‘lovchilarga namunali xizmat ko‘rsatish maqsadida haftaning har payshanba kunlari soat 8 dan 10 gacha, keyin soat 16 dan 18 gacha, bunga qo‘shimcha ravishda, har oyning birinchi o‘n kunligi davomida turli reyd monitoring ishlarini olib bormoqdamiz, — dedi u. — O‘tgan yili dekabr oyida DAN xodimlari bilan shahrimiz bo‘ylab avtobuslarning me’yoriy tezlikda harakatlanayotganligini nazorat qilish maqsadida harakat xavfsizligi oyligi tashkil etildi. Bundan tashqari, har uch oyda aholidan tushayotgan shikoyatlar o‘rganilib, muammolarni bartaraf etish choralarini izlaymiz. Bulardan tashqari mahalla va maktablarda aholi bilan ochiq muloqotlar amalga oshirilmoqda. Biroq malakali haydovchi va chiptachilarning yetishmasligi, biz uchun eng muammoli masalalardan bo‘lib qolmoqda. Haydovchi va chiptachilar o‘rtasida kelib chiqayotgan turli ko‘ngilsiz holatlarning zamirida ham ko‘pincha aynan shu muammo yotadi. Haydovchilarning o‘zlari bu kabi muammolarga yo‘lovchi kamligi, ular esa kundalik “plan” topshirishlari kerakligini bahona qiladilar, vaholanki tashkilotimiz yo‘lovchi qatnoviga qarab eng muvofiq kundalik “plan” ishlab chiqilgan.
Ko‘rinib turibdiki, korxonamiz tomonidan haydovchi va chiptachilar faoliyatini nazorat qilish zarur darajada yo‘lga qo‘yilgan. Lekin yuqorida aytilgan “poyga”larning yuzaga kelishi, chiptachi va haydovchilarning qo‘pol muomalasi ko‘proq ularning ma’naviy dunyosi sayozligi va o‘z burchlarini unutib qo‘yayotganligi oqibatida kelib chiqyapti, deyishimiz mumkin.
Suhbatdoshim fikrlarini mushohada qilib, uyga qaytarkanman, yana avtobusga chiqishga to‘g‘ri keldi. Bu safar qanday yoqimsiz gap-so‘zlar eshitarkinman, degan noxush bir hissiyot ham yo‘q emas edi menda. Ajabo, hayratlanarli holat: chiptachi meni jilmayib qarshi oldi. Hatto, “Marhamat bo‘sh joyga o‘tiring”, deya mulozamat ham qildi. “Opa, menda oylik yo‘l chiptasi” desam, muloyim boqib, “Tushunarli, marhamat, joyingizni egallang”, dedi va nariroq ketdi. Yo‘lovchilardan biri chiptachiga, falon bekatga yetganimizda bizni ogohlantirib qo‘ysangiz, degan edi, “Xo‘p, bo‘ladi, xavotir olmang, biz bekatlarni e’lon qilib boramiz”, dedi. “Keyingi bekat Sag‘bon Tushadiganlar, marhamat, tayyorlanib turinglar”, dedi. Burchakdagi o‘rindiqda o‘tirgancha xayol surib ketarkanman, ertalabki g‘o‘r o‘spirin bilan manavi xushmuomala, o‘z kasb mahorati va madaniyatini puxta egallagan “chiptachi opa”ni o‘zimcha taqqoslab ko‘rdim.
Buni qarangki, haydovchi ham avtobusni bir maromda boshqarib boryapti. Ertalabki kabi “poyga” yoki biror bekatda ortiqcha turib qolish holatlari ham yo‘q. O‘z-o‘zidan ruhiyatimda qandaydir ko‘tarinkilik seza boshladim. Tunda ham sutdek oydin ko‘chalarga qarab, ezgu amallarni bajarishga o‘zimda rag‘bat tuya boshladim. Kun bo‘yi tik oyoqda xizmatda bo‘lgan chiptachi o‘z ishini bilib qilar ayni chog‘da tetik ruhi, quvnoq kayfiyatini boshqalarga yuqtirib borardi.
Xayollar og‘ushida ekanman, bir mahal chiptachining: “Hurmatli yo‘lovchilar, so‘nggi “Paxtakor” bekatiga yetib keldik. Sizlarga oq yo‘l tilayman!” degan samimiy so‘zlaridan o‘zimga keldim va yengil kayfiyatda avtobusdan tushdim.
Mirakbar Odilov
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 19-sonidan olindi.