OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

7 mo’jiza: Olimpdagi Zevs haykali

Olimpdagi Zevs haykali Yevropa qit’asida qad ko‘trgan yakkayu yagona qadimgi dunyo mo’jizasidir. Elladadagi hech bir ibodatxona yunonlar fikricha dunyo mo’jizasi nomiga munosib emas edi. Shuning uchun ham mo’jizadek ardoqli bo‘lish Elladadagi hech bir ibodatxona, maqbaraga emas, Olimpdagi Zevs haykaliga nasib etdi, xolos. 

Zevs Olimp uchun bevosita bog‘liqlik kasb etgan. Chunki ellinlar e’tiqodiga ko‘ra, xuddi shu yerda u qonxo‘r padari Kronni yengib undan taxtni tortib olgan. 

Qachonlardir farzandlaridan biri undan taxtni tortib olajagi haqidagi bashoratni eshitgach, Kron barcha bolalarini —ma’bud va ma’budalarni Olimp tog‘idagi g‘orga zindonband etadi. Faqat xudolar onasi Reyaning sharofati bilangina eng kenja farzand Zevs Kron nigohidan pana orolga jo‘natilgan edi. Voyaga yetgach Zevs otasi bilan qonli jangga kirishadi. Natijada g‘alabaga erishib, og‘a-inilari va opa-singillarini tutqunlikdan ozod etadi. 

Olimpiya o‘yinlari ham xuddi shu munosabat bilan uyushtirilgan. Bu yerda Elladaning barcha pahlavonlari kuch sinashib, g‘alabani Zevsga bag‘ishlaganlar. Kohinlar musobaqalar paytida qurbonliklar qilib, ma’budlardan sportchilarga omad kulib boqishini tilaganlar. 

Zevsga atab qurilgan ibodatxona esa barcha qurbonliklar markazi bo‘lgan. Ibodatxona ichida barcha ma’budlarga atalgan kichik bo‘lmalar bo‘lib, markaziy zalda bosh ma’budning boshi shiftga yetadigan ulug‘vor haykali savlat to‘kib turgan. Ulug‘ mahoratdan hikoya qiluvchi bu haykal Yunonistondagi eng mohir haykaltarosh, usta Fidiy mehnati bilan qad ko‘targan yagona yodgorlik emas edi. Fidiy do‘sti va ustozi Perikl bilan birgalikda Parfenondagi Afina haykalini tiklash ishlarida ham qatnashgan. Biroq Periklning mahoratiga hasad qiluvchi dushmanlar Fidiyga ham pand berishadi. Ular ustoz-shogirdni ibodatxona va haykal bezagi uchun ishlatiladigan fil suyagi va oltinni o‘marishda ayblashadi. 

Fidiyning mahorati uni hasadgo‘ylar tuhmatidan saqlab qoldi. Afinaliklar boylik bilan to‘langan garov evaziga haykaltaroshni ozod qilishadi. Fidiy Olimpga yo‘l oladi. Bu yerda u oliy ma’budning haykalini tiklash buyurtmasini oladi. Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, usta ma’bud qiyofasini yaratish ustida uzoq mulohaza qilgan. Tanga pullardagi, maqbaralar devorlaridagi suratlardan uning qay shaklda bo‘lishi lozimligini rejalashtirgan.

Shunday qilib yodgorlik bitadi. Tarixchilarning yozishlaricha, Fidiy boshchiligidagi me’morlar guruhi Zevs haykali uchun qurgan ibodatxonaning balandligi 64 metr, kengligi 28 metrni tashkil qilgan. Ibodatxona zali oxiridagi taxtda o‘tirgan Zevsning boshi shiftga tegay deb turgan.  Beligacha yalang‘och ma’bud yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, terisi fil suyagi bilan qoplangan, kiyimi oltin parchalari bilan bezatilgan. Bir qo‘lida g‘alaba ma’budasi Nikini tutgan Zevsning ikkinchi qo‘lida hokimiyat belgisi ulkan aso bo‘lgan. Ma’budlar shohi shunchalik ulug‘vor ko‘rinardiki, Fidiy ishini tugatgach, undan: «Ko‘ngling to‘ldimi, Zevs?» deya so‘raydi. Shunda osmondan chaqmoq chaqib ibodatxonaning marmar polida yoriq paydo bo‘ladi. Zevsning me’mor ishidan ko‘ngli to‘lgan edi.

Zevs o‘tirgan taxt fil suyagi va tilladan ishlangan mitti ma’budlar tasviri bilan bezatilgan. Taxtning yon tomonlari Fidiyning qarindoshi va shogirdi rassom Panen tomonidan bezatilgan.

Vaqt o‘tishi bilan Vizantiya imperatorlari bu ulug‘vor haykalni Konstantinopolga ko‘chirtirishadi. Garchi nasroniy bo‘lsalarda, ular bunday san’at asariga zahmat yetishini istashmagan. Hattoki nasroniy mutaassiblar ham haykalga zarar yetkazishga ko‘zlari qiymagan. Biroq V asrda imperator Feodosiy IIning saroyi yonib ketdi. Yog‘och Zevs ham olov o‘ljasiga aylandi. Faqat kuyib ketgan suyak parchalari va tilla qoplamalargina Fidiy mashaqqatidan hikoya qilar edi xolos.

Shu taxlit dunyoning yana bir qadimiy mo’jizasi halokatga uchradi. Agar yodgorlikdan iz ham qolmasa, u haqda afsonalargina qoladi. Ko‘p hollarda uzoq muddat tildan tilga o‘tib yangi shakllarga kirgan mubolag‘ali afsonalar. Bu taqdir Zevs haykalini ham chetlab o‘tmagani, shubhasiz.  yodgorlikning biz tasavvur qilganimizdek bo‘lganligini bilish uchun ilkimizda hech bo‘lmaganda, suyak parchalari bo‘lishi lozim. Arxeolog zamondoshlarimiz Fidiyning buyuk mahorati haqidagi afsonalarning haqiqatligini bilish uchun allaqachon izlanish boshlab yuborganlar. Olimpda qazish ishlarini olib borayotgan nemis arxeologlari bu borada muvaffaqiyatlarga ham erishishdi. Ular Olimp viloyatidan me’morlar tsexining qoldiqlarini topishga muvaffaq bo‘ldilar. Bu yerda qadimgi yunon haykaltaroshlari shogirdlari bilan birga katta-katta buyurtmalar qabul qilib, kechayu kunduz ter to‘kkanlari, shubhasiz.  

Dunyo mo’jizalari haqida fikr yuritganda turmush tarzlarini avlodlariga meros qoldira olgan greklar madaniyati bilangina cheklanib qolmaslik zarur. Chunki, Zevs haykali singari taqdirga ega ko‘plab yodgorliklar Yaqin Sharq, O‘rta Osiyo, Hindiston, Xitoy kabi ko‘plab mintaqalardan ham topib o‘rganilmoqda. Ular ham hashamat va ulug‘vorlik borasida Zevsdan qolishmagan, ularni ham Fidiy singari o‘z davrining yetuk me’morlari tiklagan.

Shahobiddin Musayev tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.