Rodosdagi haykal — Artemida ibodatxonasining kenja zamondoshi va raqobatdoshi. Bu noyob haykalni Rodos orolining xaloskori sifatida ardoqlashgan. Miloddan avvalgi III asrda Makedoniyalik Iskandarning nevarasi Demetriy Poliorket Kichik Osiyo bag‘ridagi go‘zal orol Rodosni qaytadan o‘z saltanatiga kiritish uchun harakat qilib ko‘radi. Yigirma mingdan ortiq saralangan askarlar, o‘sha davr uchun zamonaviy bo‘lgan qurollar bilan orolni qamal qiladi. Tarixchilarning qaydlarida qariyb to‘rt oy davom etgan, deya ta’kidlangan ushbu jangda Demetriy deyarli yaxshi natijaga erisha olmaydi. Qaytanga qo‘shin orasida norozilik boshlanib, katta-kichik zobitlar uyga qaytishni talab qiladilar. Shunda shoh eng so‘nggi chora — Rodos shahri qal’a devorlarini buzish uchun Yunonistonning eng mohir qurolsozlari tomonidan kashf qilingan ulkan jez toshotarni Peloponnesdan keltirishni buyuradi. Yaqin Sharq, Suriyadagi shaharlarni zat etishga qo‘l kelgan toshotarning bu toshloq orolda qanday natija berishi hali noma’lum edi. Shuning uchun ham ba’zi bir tajribali sarkardalar shohni fikridan qaytarishga urinadilar. Biroq qaysarlikda bobosidan o‘tadigan Poliorket qurilmani orolga olib keltiradi va shu bahonada isyonchilarni vahimaga solishni ham ko‘ngliga tugadi.
Biroq uch ming to‘rt yuz askar qo‘l kuchi yordamida harakatlantirgan ulkan devorbuzar bilan qilingan qamal ham kutilgan natijani bermaydi. Endi dengizda yomg‘irlar mavsumi boshlanib, qit’adan keladigan oziq-ovqat ortilgan kemalar qatnovi ham siyraklasha boshlagandi. Shunda, Poliorket kelgusi bahorda albatta qaytajagini ta’kidlab boshi egik holda orolni tark etadi.
Ketayotib, buyuk sarkardaning nomunosib nevarasi o‘zi olib keltirgan qurolni orol qirg‘og‘ida qoldiradi. Bu noyob qurilma ham o‘z davrining bir mo’jizasi edi. Zero undan otilgan xarsang yoki yonib turgan neft to‘la xum har qanday qal’a devorini bir zarbada tesha olardi. Bu, albatta, uning qaerga, qay tarzda joylashtirilganiga ham bog‘liq edi. Bundan tashqari orolliklarning quyosh ma’budi Geliosga qilgan iltijolari ham ularni bunday katta xarsangotarning zarbalaridan asrab qolgandir.
Qirg‘oqdagi ulkan metall qurilmani Rodos ahli savdogarlarga pullaydilar. Aytishlaricha, rodosliklar uni Troya otidek qabul qilib juda ardoqlashgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni savdogarlar talab qilgan narx — o‘sha davr uchun juda katta pul — 300 talant temir va 500 talant jezga almashishga rozi bo‘lganlar.
Shahar keksalari bu pulga orol xudosi bo‘lgan Geliosga atab haykal yasatmoqchi bo‘lishadi. Bu vazifani mashhur haykaltarosh Xaresga topshiradilar. Buyurtmaga ko‘ra, ma’bud-xudo haykali uning shahar ahliga qilgan karamidek haybatli bo‘lishi lozim edi. Haykaltarosh va shogird Lisippa ishga kirishadilar. Uzoq vaqt olib borilgan mashaqqatli mehnatlardan so‘ng Geliosning haykali tayyor bo‘ladi. U yunonlarning oliy xudosi Zevs singari o‘tirgan holatda emas, aksincha tik turgan norg‘ul yigit shaklida qad ko‘taradi. U haqiqatdan ham haybatli edi. Agar 36 metrlik qad-basti bor haykalni ko‘rsa, hozirgi zamon odami ham shubhasiz hayratdan yoqa ushlardi.
Xares tik turgan holatdagi haykalning, seysmik noqulay joyda turishi uzoqqa cho‘zilmasligini yaxshi tushunardi. Shuning uchun u haykalni uch bo‘lakka bo‘ldi. Birinchi bo‘lak — beldan pastki qism va ikki oyoq, ichki qismini qalin mis ushlab turuvchi marmar toshdan, ikkinchi bo‘lak — bel va ko‘krak temirdan, uchinchi qism — yelka va bosh bronzadan iborat edi. Ikki qo‘lni turli qayishuvchan metall va bronza qotishmalaridan yasadilar. Rodosliklar haykalning ochilish marosimini o‘n ikki yil mobaynida kutishga majbur bo‘lishdi. Bu noyob haykal shuncha yil davomida kutishlariga arzirdi. Uning go‘zalligi va bahaybatligi orol ahlini lol qiladi. Gelios boshidagi gultojning quyosh nuridagi yog‘dusi xuddi dengiz mayog‘i singari uzoq-uzoqlardan ko‘rinib turardi. Ko‘p o‘tmay haykal dovrug‘i butun antik dunyoga tarqaldi. Biroq yarim asr o‘tar-o‘tmas, O‘rta Yer dengizida yuz bergan zilzila tufayli Rodoslik Gelios(rimliklar Koloss deyishgan) haykali yerga qulaydi. Haykalning eng zaif qismi uning tizzalari ekan. Vaholanki, Xares va uning shogirdi Lisippa haykal maketidan uning zaif joyini qidirib necha oylar sarf qilgan edilar. “Sopol tizzali Koloss” iborasi ham xuddi shundan kelib chiqqan.
Rodosliklar xudolarining haykalini qaytadan tiklashga urinadilar. Bu ishda hatto Misr hukmdori asal va ustalar yuborib, yordam ham beradi. Biroq urinishlar zoe ketdi.
Uzoq yillar Rodos qirg‘og‘ida yotgan Gelios haykali qoldiqlarini milodning birinchi asrida Rimlik tarixchi To‘ng‘ich Pliniy ziyorat qilgan. Uni hayratga solgan narsa, haykal jimjilog‘ini bir necha kishi arang ko‘targani bo‘lgan ekan.
Haykalning kattaligini uning yakson bo‘lishidan bir necha asrlar keyin ham qoldiq oyoqlar orasidan orol gavaniga kirgan kema yo‘lovchilari o‘z yurtlarida so‘zlab yurganlar.
Rodoslik Koloss ming yil yer bag‘irlab yotgan hudud Xaresning avlodlariga tegishli edi. 977 yilda me’mor bobosining ishini ko‘z qorachig‘idek saqlagan rodoslik kishi hayotining so‘nggi kunlarida qashshoqlik tufayli haykal parchalarini arab savdogariga pullaydi. Ma’lumotlarga qaraganda, haykalning arab sohibining uyigacha yetib borgan bronza parchalari 900 tuyaga yuk bo‘lgan ekan.
7 mo’jiza: Rodosdagi haykal
Sohiba Oxunjonova tayyorladi.