OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Arximedning sirli ko’zgulari

 Ikkinchi Puni urushida rimliklar Sitsiliya orolida joylashgan greklarning Sirakuza shahrini bosib olishgandi. Eramizdan avvalgi 212 yilda bu shaharni qo‘riqlash buyuk olim, matematik, astronom va mutafakkir Arximedni qattiq tashvishga sola boshladi.

Arximed tezda shahar devorlarini mustahkamlash uchun o‘sha paytda misli ko‘rilmagan ixtiro yaratish kerakligini angladi. U o‘q otish qurilmasi va dushman kemasini yakson qiluvchi jihozlar yaratishga kirishdi. Arximedning eng dahshatli quroli bronzadan tayyorlangan ko‘zgu edi. U shunday ko‘zgulardan 450 tasini shahar devorlariga o‘rnatgan. Quyosh nurlari aksi 138 metr­gacha kuchli darajada urilgan bu ko‘zgular vositasida kema yelkanlari yondirilgan. Oldindagi dushman kemalari esa tezda kulga aylangan.

Italiyalik fizik olimlar bu voqea aslida bo‘lgan yoki bo‘lmaganini isbotlashmagan. Ular har biri 445 sm2 bo‘lgan 450 ta ko‘zguni 50 metr uzoqlikdagi yelkanlarga qaratib qo‘ydilar. Kuzatishdan ma'lum bo‘ldiki, har bir ko‘zgu yelkanni 0,50 isitar ekan. Bir necha daqiqadan so‘ng esa yelkan, haqiqatan ham, yonib ketdi.

Biroq Arximedning ushbu sirli quroli o‘z xizmatini to‘liq isbotladi, deb bo‘larmikan?

Tarixchilarning guvohlik berishicha, rimliklarning trirem (qadimgi uch eshkakli qayiq)lari bir necha daqiqada emas, balki darrov yongan. Albatta, 2200 yil avval bo‘lib o‘tgan bu voqeani tasavvur qilish mushkul va hozirgi ko‘zgular bilan oldingilari o‘rtasida ancha-muncha farq bormikan, deb o‘ylaydi, kishi. Balki o‘sha ko‘zgular to‘g‘ri emas, bukilganroq shaklda bo‘lgandir. Ehtimol, kemalar ko‘zgular yordamida emas, yondirilgan kamon o‘qi bilan vayron qilingandir. Ko‘zgular esa aniqlik belgisini anglatib, ko‘zni qamashtiruvchi nur dushmanni sarosimaga solgan bo‘lishi mumkin.

Rim floti komandiri Klavdiy Martsell bir necha marotaba shaharni bosib olmoqchi bo‘ldi. Ammo Arximedning sirli quroli bunga yo‘l qo‘ymasdi. Shaharga yaqinlashgan kemalar ham tezda barbod bo‘lardi. Lekin rimliklar Sirakuza shahrini baribir quruqlik va dengiz orqali bosib olishdi.

... Rim askarlari ko‘zgu kim tomonidan o‘rnatilganini bilib,  vajohat bilan Arximedning uyiga bos­tirib kelishadi. Ixtirochi bu paytda engashib, chizma chizayotgan edi va boshida qilich o‘ynatib turgan askarlarni ko‘rib, «chizmalarimga tegmanglar» deb aytishga ulguradi, xolos. Bolt va gaykaning,  sonining asoschisi - buyuk matematik olim yorug‘ olam bilan shu tariqa vidolashdi. Uning qabriga tsilindrli sharsimon tosh qo‘yilgan bo‘lib,  asrlardan-asrlarga o‘tib kelmoqda.

Arximedning ko‘zgularigina emas, balki o‘tmishdagi boshqa harbiy texnikalarning siri ham hozirga qadar yechilmagan. Masalan, arxeologlar qazilma ishlarida katta haroratga bardosh bera oladigan toshli devorlarni topishgan. Odamlar o‘sha davrda qanday qilib toshni erita olganlar? Suvda yonadigan mashhur yunon olovini eslaylik. Bu olovning siri ham haligacha mavhum...

 Chingiz Raimberdiyev tayyorladi, “Ma’rifat”dan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.