OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asalari ne’matlari

Asalning odam organizmining issiqlik darajasini oshirib, asab quvvatini kuchaytirishi va barcha tirik hujayralarga hayot bag‘ishlashi qadimdan ma’lum. Asal, ayniqsa, aqliy mehnat sohiblarining fikrini tiniqlashtiradi, ruhini ko‘taradi. Kimki tushlikdan so‘ng asal yeyishni odat qilsa, hamisha sog‘lom va uzoq yashashi qayd etilgan.

Asalarilarning faqat shirin-shakar asaligina emas, boshqa ne’matlari ham haqiqiy mo‘‘jizadir. Ulardan biri asalari yelimi — propolis bo‘lib, arilar kuzda ko‘p miqdorda propolis tayyorlaydi. Arilar propolis bilan o‘z uyalaridagi tirqishlarni berkitadi, uya tagini mustahkamlaydi, uylariga kirmoqchi bo‘lgan zararkunandalar yo‘liga to‘siq qo‘yadi. Propolis xushbo‘y balzam hidli bo‘lib, unda asal, o‘simlik ekstraktlari va asalari mo‘mi islari mavjud. Propolis oziqli ne’mat emas, biroq u eng kuchli dori vositasidir. Uning xomashyosi qisman daraxtlar yelimidan iborat bo‘lsa-da, asalari uyasida arilarning jag‘ suyuqligi bilan qayta ishlanadi hamda mo‘m va gulchanglar qo‘shiladi. Uning ta’mi achchiqroq bo‘lib, biroz kuydiradi ham.

Propolisning kimyoviy tarkibi to‘la o‘rganib chiqilmagan. O‘rtacha hisob-kitobga ko‘ra, uning o‘n foizi efir yog‘lari, 55 foizi smola (o‘simlik shirasi, qatron) va o‘simlik balzamlari, 30 foizga yaqini mo‘m, besh foizi gulchanglar va xushbo‘y moddalardan iborat.

Propolisni tajribali odamlar tanlagani ma’qul yoki o‘zingiz ishongan asalarichidan sotib oling. Negaki, bu qimmatbaho ne’matni soxtalashtiruvchilar, hatto oddiy mo‘m bo‘lagini propolis, deb sotuvchilar ham oz emas.

Propolisning shifobaxsh xususiyati shundaki, u yuzdan ortiq bakteriya, virus va zamburug‘lar, shu jumladan, sil, difteriya, zaxm va grippni qo‘zg‘atuvchi mikroblarga qiron keltiradi. Propolis burun bo‘shlig‘i, nafas yo‘llari, yuqumli bo‘qoq, oshqozon, teri xastaliklari, shish, qiyin bituvchi yaralar va kuygan joylarni davolashda favqulodda samaralidir. U surunkali xastaliklarda va kuchsiz bemorlarni davolashda immunitet oshiruvchi vosita hamdir. Bunday hollarda u asal bilan qo‘shilgan holda qo‘llaniladi. Ayollar xastaliklari hamda siydik yo‘llari shamollaganda undan zo‘r dori yo‘q. Tashqi asab tizimlari, tayanch-harakat tizimi xastaliklarini davolashda ham asalari yelimidan tayyorlangan preparatlardan foydalaniladi. Propolis bilan davolash kursidan so‘ng saratonga chalingan bemorlarning ahvoli yaxshilangan hollar ham kuzatilgan. Umuman, propolis turfa bakteriyalarni qirishi, zaharlarga qarshi xususiyati, har tomonlama quvvatni oshirishi tufayli kimyoviy dori-darmonlar bilan tabaqalashtirib qo‘llaganda, ularning muolajalik samarasini kuchaytirib, nojo‘ya ta’sirini kamaytiradi.

Propolis bilan davolashning keng ommalashgan yo‘llari. Propolis suvi. U sut qo‘shilgan qahva rangida bo‘lib, ichish uchun, ingalyatsiya qilishda va xastalangan a’zolar ustiga surtishda foydalaniladi. Mayda talqon holdagi propolis distillangan yoki qaynagan suvga 1 ga 2 nisbatda solinib, 80 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratdagi suvda shisha idishda 15-20 daqiqa muttasil aralashtirib turilgan holda tayyorlanadi. So‘ngra suzib olinadi, qorong‘i va salqin joyda, qora tusli idishda saqlanadi. Saqlash muddati uch oy.

Propolisning spirtdagi eritmasidan ham propolis suvi kabi foydalaniladi. U qora-qo‘ng‘ir tusli bo‘lib, o‘tkir balzam hidlidir. Ta’mi til uchini yengil kuydirgandek ta’sir qiladi. Propolisning spirtdagi eritmasi quyidagicha tayyorlanadi: muzxonada bir oz muddat saqlangan propolis 2-4 mm. hajmga kelguncha maydalanadi. Qora rangli shisha idishga 70 darajali spirtga zaruratga qarab 1 ga 5 yoki 1 ga 10 nisbatda solinadi. Idish mahkam bekitilib, qorong‘i joyda uch kun saqlanadi. Har kuni 30 daqiqa davomida silkitib turiladi. So‘ngra eritma 8-10 soat 5-8 darajali haroratda tindiriladi va suzg‘ich qog‘oz orqali suzib olinadi. Qog‘oz elakdan va idish tubidagi qoldiqdan maz tayyorlashda foydalanish mumkin. Tayyor bo‘lgan eritmani qora shisha idishda, zich qilib mahkamlangan holda xona haroratida saqlash kerak.

Propolisli asal, asosan, ichish uchun tayyorlanadi. Zaruratga ko‘ra 5, 10, 15 yoki 20 grammli maydalangan propolis talqoni chinni idishga solinib, og‘zi yopiq holda qaynayotgan suvda eritiladi. 80, 85, 90 va 95 gramm asal olinib (5 gramm propolis va 80 gramm asal) bir-biriga muvofiq darajada chinni idishga solinadi. 5 daqiqa muttasil aralashtirilgach, 80 darajadan oshmagan haroratda eritiladi. Issiq holida tindirilib, ikki qavat dokadan o‘tkaziladi. Sovugach, qora shisha idishlarda zich qilib mahkamlangan holda muzxonada saqlanadi.

O‘simlik yog‘idagi propolis, odatda, me’da yarasi, kuygan joylar va boshqa yaralarni davolash uchun qo‘llaniladi. 5, 10, 15 yoki 20 grammli maydalab talqon qilingan propolis chinni idishga solinadi. 5 gramm propolisga 80 gramm yog‘ qo‘shilgan holda suvda eritiladi. Shaftoli, o‘rik, kungaboqar yoki zaytun yog‘i bunda juda qo‘l keladi. Yog‘lar propolis bilan birga usti yopiq chinni idishda qaynayotgan suv ichida qizdirilib, yaxshilab aralashtiriladi. Aralashma yana bir bor suvda qizdirib olingach, issiq holida ikki qavat dokadan o‘tkazilib suzib olinadi. Uni yaralarga surtib, ustidan bog‘lab qo‘yiladi. Bog‘ich 1-3 kunda yangilab turiladi.

Agar propolisli yog‘ zaytun yog‘ida tayyorlangan bo‘lsa, ovqat hazm qilish a’zolari, nafas yo‘llari xastaliklari va profilaktika maqsadida kuniga uch mahal ovqatdan yarim soat oldin bir osh qoshiqdan ichiladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.