Ma’lumotlarga ko‘ra, odamlarning ellik foizi gastrit (oshqozon shilliq pardalarining yallig‘lanishi), shaharliklarning to‘qson foizi esa me’da-ichak muammolaridan aziyat chekisharkan. Ekspertlar fikricha, bunga ko‘p hollarda oshqozonni sog‘lom tutishga doir oddiy qoidalarga rioya etmasligimiz sabab bo‘larkan. Xo‘sh, bu qoidalar nimadan iborat? Professor O.Drapkina bu qoidalarni beshtaga ajratib tahlil etadi.
Birinchi qoida. Nonushta. Me’da-ichak yo‘lini hamisha sog‘lom saqlashning ilk sharti to‘yimli nonushtadir. Turli yormalar va bug‘doy non har kungi to‘g‘ri nonushtaning asosi hisoblanadi. Bunga bir bo‘lak qaynab pishgan go‘sht yoki pishloq qo‘shsangiz yanada yaxshi. 25 yoshdan so‘ng sariyog‘ yeyishning hojati yo‘q, biroq ayollar oz-ozdan sariyog‘ iste’mol qilishsa, terini yosh tutish uchun A darmondoriga ega bo‘lishadi.
Garchi, ko‘pchilik qahvani zararli hisoblasa-da, uning tarkibida sirka va olma kislotalari, mineral moddalar mavjud. Me’dani ertalabdan yaxshi harakatlantirish uchun sut yoki yog‘siz qaymoq qo‘shilgan bir piyola qahva ichgan ma’qul. Qahvaning eritiladigani ham, talqoni ham bo‘laveradi. Faqat eritiladigan qahvada kofein kamroq. Fin olimlari tadqiqotida kuniga uch piyola (kofein miqdori 300 mg.gacha)dan oshirmay qahva ichib turish infarktning oldini olishi aniqlangan. Mabodo ertalab nonushtaga ishtahangiz bo‘lmasa, tunda ovqatlanishni to‘xtating, shunda, albatta, ertalabki nonushtani odat qilasiz. Nonushtadan so‘ng, albatta, kunduz soat 12 da tamaddi qilib oling. G‘arbda lanchga odatlanishgan, biz uchun esa eng yaxshisi biror meva iste’mol qilishdir. Shunga odatlansangiz, tushlik vaqti soat 14.00 ga to‘g‘ri keladi. Har kuni tushlikda, albatta, biror suyuq ovqat iching. Karam sho‘rva juda foydali, u go‘shtsiz bo‘lsa, yanada yaxshi. Lavlagi ham ajoyib ne’mat bo‘lib, u saratonni qo‘zg‘atuvchilarga qiron keltirishi bilan ajralib turadi. Tushlikda, albatta, lavlagi yeng.
So‘nggi taomni 19.00dan kechga qoldirmang. Qiyin bo‘lsa ham shunga odatlanish shart. Shunda uyqu ravon bo‘ladi. Agar ozmoqchi bo‘lsangiz, kuniga sakkiz mahal, har safar bir piyolacha miqdorida, tamaddi qiling. Sog‘lom odam kuniga ikki litrcha suyuqlik ichishi zarur.
Ikkinchi qoida. Piyoda yurish. Me’da-ichak yo‘li me’yorida ishlashi uchun jismoniy faol bo‘lishning ahamiyati katta. Qimmatbaho fitnes zarur emas. Eng qulayi soatiga besh kilometr tezlikda kuniga bir soatdan piyoda yurishdir. Yaxshisi bu mashg‘ulotni uyqudan oldingi sayr sifatida amalga oshirsangiz, har jihatdan sog‘lom bo‘lasiz.
Uchinchi qoida. Tibbiy nazoratdan o‘tish. Me’da-ichak yo‘li yaxshi ishlayotganiga ishonch hosil qilish uchun poliklinikaga borib, eng oddiy ko‘riklardan o‘tib turing. Avvalo, qondagi qand miqdorini aniqlating. Agar u yuqori bo‘lsa, bu qandli diabet xastaligi belgisi bo‘ladi. So‘ng xolesterin miqdoriga ahamiyat bering. 25 yoshdan so‘ng har bir kishi o‘zining xolester darajasini bilib yurishi kerak. Agar qoningizda 5 mmol/l. xolesterin bo‘lsa, bu — zarur me’yor hisoblanadi. Agar yurak yetishmovchiligi, gipertoniya (qon bosimi), o‘t pufagida tosh hosil bo‘lgan bo‘lsa, xolesterin miqdori 4,5 mmol/l.ni ko‘rsatadi.
Qirq yoshdan oshgan har bir kishi bir marta to‘g‘ri ichakni hamda me’dani tekshirtirishi — kolonoskopiya va gastroskopiya namunalarini oldirishi shart.
To‘rtinchi qoida. Chekmaslik. Shu narsa aniqlanganki, pankreatitlar (me’da osti bezining yallig‘lanishi), me’da xastaliklari, oshqozon osti bezi, jigar va oshqozon saratonlariga, asosan, chekish sabab bo‘ladi. Alkogol masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, ayrimlar me’yorida qizil musallas ichib yurishni foydali hisoblashadi. Biroq me’yorni hamma ham saqlay olmaydi. Agar me’yorni saqlay olishingizga ishonchingiz bo‘lmasa, o‘zingizni tashvishga qo‘ymang: me’yor ozgina buzilganda ham oshqozon osti bezi, jigar va boshqa a’zolar uchun jiddiy xavf tug‘iladi. Shu sababli, umuman, ichmaganingiz ma’qul.
To‘rtinchi qoida. Bolalik odatlari. Biror-bir taomga odatlanish bolalik davridanoq shakllanadi. Agar bolani go‘dakligidan sabzi yeyishga o‘rgatsangiz, u katta bo‘lganda ham bulochkani xushlamaydigan bo‘ladi. Bolani rag‘batlantirish uchun u yoki bu taomdan, aytaylik, konfetlardan foydalanmaslik kerak. Oilada ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, ayniqsa, hammaning bir dasturxon atrofida bir paytda ovqatlanishida hikmat ko‘p. Agar dasturxonda hamma narsa mo‘l-ko‘l bo‘lsa, odam faqat eng kerakligini olishga odatlanadi.
Beshinchi qoida. “Disbakterioz” davolamaydi. Reklamalarga mahliyo bo‘lmang. Ayniqsa, ovqat hazmiga yordam beradigan hapdorilardan ichib, disbakteriozdan xalos bo‘lishga chaqiruvchi reklamalarga ishonib chuv tushmang. Amalda “disbakterioz” degan tibbiy atama umuman mavjud emas. Faqat ortiqcha bakteriyalarning yig‘ilib qolish sindromi bor xolos, biroq u har kimda har xil sababga ko‘ra kelib chiqadi. Shunday ekan, bu sabab aniq bo‘lmay turib, qandaydir mavhum disbakteriozni davolash — bu chumchuqqa to‘pdan o‘t ochganday gap.
Ayrimlar profilaktika uchun ham hapdori ichishni ma’qul ko‘radi, ya’ni, masalan, alkogolli ichimliklar zararidan jigarni himoyalash uchun essentsialli fosfoliped preparatlarini qabul qilishadi. Bu preparatlarga nisbatan e’tiroz bo‘lmasa-da, bir paytning o‘zida ham alkogol ichib a’zolarni zaharlash va ayni chog‘da hapdori qabul qilib himoyalanishda biror mantiq bormi? Undan ko‘ra, o‘sha alkogolning o‘zidan voz kechib qo‘ya qolgan ming chandon afzaldir. Negaki, hamma narsada — ovqatlanishda ham, hapdorilarni qabul qilishda ham me’yor bo‘lishi kerak.
Uzoq va sog‘lom umr ko‘ruvchilar ana shu oltin me’yorni saqlay oluvchilardir.
“AiF”ninng 2011 yil, 7-sonidan O‘zAS tarjimasi.