Deyarli olti yildan buyon Garri Poter va uning do‘stlari haqidagi serjilo sarguzashtlar butun dunyoni zabt etmoqda. U haqdagi kitoblarning oltitasi («Garri Poter va Feniks ordeni», «Garri Poter va olov Kubogi», “Garri Poter va falsafiy tosh”, “Garri Poter va sirli xona”, “Garri Poter va Azkaban asiri”, «Garri Poter va Asl Shahzoda») muallif Roling Joan Ketlin tomonidan o‘z o‘quvchilariga taqdim etildi. Davomli sarguzashtlarning yettinchi — so‘nggi kitobi tayyor bo‘lganligi haqidagi xabarlar esa allaqachon jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatib bo‘lingan.
Jozibador gollivudcha ko‘rinishga yoki opera ovoziga ega bo‘lmasa-da, yosh afsungar (Garri Poter rolida Deniel Redkliff) kutilmaganda o‘tgan asrning 60-90-yillari idealiga aylangan Bryus Li, Jan Klod van Damm, Silvester Stallone, Arnold Shvartsnegger kabi aktyorlarning o‘rnini egalladi. Bolakayning samimiyati, hayratli nigohlari, jasur va vijdonliligi barchani o‘ziga mahliyo qildi. Sarguzasht asar tarkibidagi oltita kitobning sotilish hajmi dunyoda 300 million nusxani tashkil etdi. Birgina «Garri Poter va Asl Shahzoda» kitobining dastlabki 24 soat ichida 6,9 mln. nusxasi (faqatgina AQShning o‘zida) sotildi, deb xabar beradi «Assoshieyted Press» («Associated Press”).
Yana bir qiziq ma’lumot, kitobning hatto sotilish tezligi ham aniqlangan: bir daqiqada 80 ta. Asar eng xaridorgir kitoblarning ro‘yxatidan tushmay kelmoqda.
Xo‘sh, nega endi allaqanday sehr-jodular haqidagi kitob bu darajada mashhur bo‘lib ketdi? Axir bu kabi asarlar dunyo bo‘ylab oz-muncha yaratilayotgani yo‘q. Qolaversa, uchar supurgilar haqidagi filmlar ham kam emas. Gap shundaki, jamoatchilikning aksariyat qismi asar haqida ijobiy fikr bildirgan. O‘quvchilarning ko‘pchiligi bugungi dunyoning juda yalang‘och va primitiv bo‘lib qolganligini aytib, ko‘ngil allaqanday sirlilikni, biroz sehrgarlikni istashini ta’kidlashdi. Garri Poter haqidagi kitoblar jahon bolalar adabiyotining eng yaxshi asari sifatida baholandi. Mutaxassislarning aytishicha, murakkab texnika, fazo janglari, kimyoviy laboratoriyalarda yaratilgan allaqanday maxluqchalar haqidagi kitoblar, film va multfilmlar, g‘arbda an’anaga aylangan komikslar so‘nggi yillarda juda ko‘payib ketgan. Joan Ketlin asarlari esa bolalarga biroz yengillik beradi. Ularning xotirjam fikrlashiga ko‘maklashadi.
Fikrimizcha, asarning yana bir yutug‘i shundaki, ular jajjilarga orzu qilish imkonini beradi. Axir hammamiz ham yoshligimizda sehrli qalpoqchamiz yoki tayoqchamiz bo‘lishini istaganmiz-ku. Qachondir uni topib olishga ishonganmiz. Uchar supurgida osmonga parvoz etishni xohlamaganlar dunyo bolalari orasida juda kam topilsa kerak. Lekin Garri Poter faqat bolalar kitobi bo‘lib qolmadi. Uning yana bir muvaffaqiyati shunda bo‘ldiki, kattalar ham bu asar bilan jiddiy qiziqib qoldi. Aslida har bir insonda bolalik orzulari yashirin. Shu sababli, ba’zan eng jiddiy odamning ham multfilm ko‘rib o‘tirganiga guvoh bo‘lib qolamiz. Axir u ham chindan biror sehrgarlikni ko‘rishni juda istaydi. Biroq bolalardan farqi shundaki, u bunday bo‘lmasligiga o‘zini allaqachon ishontirib qo‘ygan.
Kattalar bu kitob bilan chindan-da qiziqib qolganligi aniq. “Garri Poter va falsafa”, “Garri Poter va fan” kabi asarlarning yaratilishi — buning yaqqol dalili. Kattalar o‘z qiziqishlarini asardan falsafa izlash yo‘li bilan «oqlashadi». Tadqiqotchilar asarni durdona, deb baholash fikridan yiroq. Ular har holda Joan Ketlinni Shekspirga qiyoslashmayapti. Bilasizmi, Mark Tven o‘z asarlariga baho berar ekan, “mening asarlarim vinodan ko‘ra ko‘proq suvga o‘xshaydi, lekin suvni har doim ichsa bo‘ladi”, degan edi. Mutaxassislarning asarga bergan turlicha baho va talqinlarini ham ana shu qarashlar manzarasida tasavvur qilish, balki to‘g‘ridir. Ular Garri Poter sarguzashtlarini haqiqiy falsafa, deb izohlayotgan o‘rinlar ham yo‘q emas. Bir jihatdan bu to‘g‘ri. Chunki bolalarni nega, nimaga, degan savollar qurshovida qoldirayotgan asar ularni borliq haqiqatlarini bilishga undaydi. “Falsafa esa hayratdan boshlanadi”, - degan edi Platon.
Mutaxassislar Garri Poter haqidagi kitoblar fan qonuniyatlarini inkor etayapti, degan xulosani ham berishgan. Yerning tortishish kuchini yenggan bolakaylar obrazida shu maqsad bormi-yo‘qmi, buni aytish mushkul. Bu o‘rinda Artur Klarkning “Yetarli darajada rivojlangan har qanday texnologiya magiyadan farq qilmaydi”, degan fikrini keltirish o‘rinli bo‘ladi. Negaki, qadimda yaratilgan oynai jahonnamo, uchar gilam kabi obrazlar oradan bir qancha vaqt o‘tib, televizor, samolyot shaklida haqiqatga aylangan. Shu sababli, fan qonuniyatlari bilan inkor etish va orzu qilish imkoniyatini aralashtirib yubormaslik lozim. Chunki bugungi orzular ertaga ana shu fan uchun kutilmaganda ulkan xizmat qilishi mumkin.
Garchi Garri Poter bugungi kunda butun dunyoni zabt etayotgan bo‘lsa-da, biz u haqda hali to‘liq fikr ayta olmaymiz. Bu asarning o‘zbek tiliga tarjima qilinmaganligi, bozorlarimizda kamyob va yana biroz qimmatligi sababli bizda ko‘p tarqalmagan. Shunday ekan, o‘quvchilarimiz orasida bu asar qanday qabul qilinganligini aytish mushkul. Biroq makon va vaqt tushunchalari yo‘qolib borayotgan bir vaqtda Garri Poter haqidagi xulosalar nafaqat uning filmi ko‘rilgach, balki kitobi o‘qilgach ham aytilishiga ishonamiz. Ehtimol, ana shundagina asarning bu qadar maftunkorligiga yetarli asos topilar.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.