Avtomobil hayotimizga shu qadar chuqur kirib keldiki, u endilikda hashamat emas, haqiqiy zaruratga aylanib bo‘ldi. Biroq bu zarurat uchun ham o‘ta kerakli bo‘lgan bir narsa borki, usiz avtomobilimiz bor-yo‘g‘i to‘rt g‘ildirakli temir qutidan farq qilmay qoladi. Bu qutimizni haqiqiy mo’jizaga aylantiradigan omil esa, aniqki, uning yonilg‘isidir. Biroq taassufki, benzinning narxi shu qadar tezlikda o‘sishda davom etadigan bo‘lsa, avtomobil emas, yonilg‘ining o‘zi «mo‘’jiza»ga aylanishi turgan gap.
Qiziq, benzin narxining oshishidan qaysidir mamlakatlar manfaatdor emasmikin?..
Masalan, Birlashgan Arab amirliklarida benzin arzonroq bo‘lsa, Bruney sultonligida bu bebaho yonilg‘ini shu yerning fuqarolari tekin olishadi.
Mazkur mamlakatda benzinning bahosi federal vazirlar mahkamasining qaroriga muvofiq belgilanadi. Hukumat narx-navoni belgilab beradi va barcha yonilg‘i quyish shaxobchalarda benzinning xuddi shu narxda sotilishini nazorat qiladi.
Darvoqe, Ai-95 benzinning bir litri bu yerlarda bor-yo‘g‘i 24 AQSh tsenti bahosida sotiladi. Bunga qadar esa, ya’ni o‘tgan yilning aprel oyigacha, benzinning bahosi 10 yil davomida qat’iy 20 tsentga sotib kelingan. Shu bois ham neftni qayta ishlash kompaniyalarining egalari yoqilg‘i narxining bu qadar arzonligidan norozi bo‘lib, hukumatdan narx-navoni oshirishni talab qilmoqdalar. Shu boisdan ular o‘zlariga tegishli benzakalonkalarni ham yopib tashlashlari to‘g‘risida ogohlantirib ham turadilar. Biroq amalda esa buni bajarisholmaydi. Chunki, birinchidan, hukumat ularning istagini inobatga olmasligini bilishadi, ikkinchidan esa xususiy benzakalonkalar yopilgan taqdirda ularning o‘rni mamlakatdagi yirik neft va benzin ishlab chiqaruvchi Abu-Dabi kompaniyasi tomonidan egallab olinishi mumkin. Benzinning arzon narxini saqlab turish uchun bu kompaniya davlat byudjetidan dotatsiya olish huquqiga ham egadir.
Buni qarangki, AQShda benzinning narxi keskin oshib ketgan. Benzinning eng arzoni 2 dollar 45 tsent (bir galloni) yoki bir litri 65 tsentga sotila boshlangan. Vaholanki, bunga qadar bir gallon benzin (3,78 litr atrofida) 1,90-2,00 dollar atrofida bo‘lgan.
Savol tug‘iladi: nahotki hukumatning bunday boshboqdoqlik bilan ishi yo‘q? Hamma gap shundaki, Ronald Reygan prezidentligi davrida neft kompaniyalarini nazorat qilish to‘xtatilib, narxlar «talab-taklif» bozor iqtisodiyoti qonunlariga asosan belgilab boriladigan bo‘lgan. Endilikda benzinfurushlar mahsulotning narxini oshirish uchun istagan bahonayu, sabablarni o‘ylab topishmoqda.
Benzin narxi butun mamlakat bo‘ylab naq 6 foizga oshib ketgan kunni xitoylik haydovchilar «Qora shanba» deb atashdi. Axir AI-92 va AI-97 markali benzinning 1 litr narxi 4,26 yuan (53 tsent) va 4,54 yuan (56 tsent)ga chiqib ketgandi.
Narxning bunday oshib ketishi esa Xitoy hukumatining dunyo bozoridagi neftning oshishiga nisbatan ko‘rgan chorasi edi. Chunki Xitoyning neft zahirasi juda kam. Bu mamlakatning neft importi oxirgi 10 yil daomida 11 mln.dan 122 mln. tonnaga yetgan. Xitoy iqtisodchilarining hisob-kitobiga qaraganda, mamlakat iqtisodiyoti neft narxi oshishi natijasida bu yil trillion dollardan ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin.
Yonilg‘i narxining keskin oshishi qator noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bu hol ayniqsa taksichilarning fig‘onini falakka chiqarib yubordi. Ahvol shu darajaga yetdiki, hattoki hukumat kirakashlarga neft narxi oshganini hisobga olgan holda kompensatsiya to‘lash rejasini ham ishlab chiqdi. Shuningdek, Shanxaydagi kuniga 3 mln. yo‘lovchi foydalanadigan 100000 ta taksomotorlarga shu maqsadda 30 mln. yuan (3,7 mln. dollar) mablag‘ ham ajratilgan. Biroq baribir hali hamon ko‘pchilik haydovchilarning kayfiyati tushkun holda.
Yevropaning eng avtomobili ko‘p mamlakati bo‘lmish Olmoniyada 82 mln aholining 41 milliondan ortig‘i to‘rt g‘ildirakli «do‘stiga» ega. Benzinning narxi esa bu yerda bir sutkada bir necha martalab o‘zgarib turadi. Bu yerdagi 15400 ta benzakalonkalarning barchasi narx-navolarni kompyuter tarmog‘i tomonidan ko‘rsatib turadigan kontsernlarga bo‘ysunadi. So‘nggi paytda esa eng sifatli benzin litrining bahosi 1,23 yevroga chiqdi.
Vaqti-vaqti bilan Olmoniyada ham kontsernlarni yashirincha narx-navoni oshirib borishda qo‘li borlikda ayblab turishadi. Biroq har safar kartellar bo‘yicha mahkama buni sovuqqonlik bilan qat’iy rad etib kelmoqda.
Garchi so‘rov va tadqiqotlar benzinning har litridan firmalar 15-21 tsentdan foyda ko‘rishini ta’kidlashsada, aslida vaziyat butunlay boshqacha. Davlat byudjeti uchun har litr benzindan o‘rtacha 82 tsent siqib olinar ekan. Bu esa yonilg‘i sotish kontsernlari bir litr benzindan bir tsent foyda ololadi xolos, demakdir. Shu boisdan ham bu kontsernlar foydani ko‘proq neft qazib olish va uni qayta ishlashdan topadilar.