OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

“Mirrix yulduzi”ga sayohat (ikkinchi maqola)

 U Parijni, Parij bo‘lganida ham Eyfel minorasini g‘oyibona zabt etgach, tin oldi. Ammo yuqoriga chiqqan odamni yana-da yuksakroq cho‘qqilar chorlayverarkan. Mana, oradan bir fursat o‘tar-o‘tmay, u bilan ko‘zgu qarshisida qayta uchrashdik. Bildimki, u orzular ummonida yana yengil qayiq misol erkin suza boshlabdi. Shuurida yangi istakning kurtak yozgani shundoqqina uchqur nigohlariga sizib chiqib turgandek.

Ayni ko‘klam kunlaridan birida u menga chidolmay, o‘sha maqsadi haqida so‘zladi:

- Bahorda Yer shari yangitdan tug‘iladi go‘yo. Bu hech qachon eskirmaydigan yangilik. Lekin meni bir narsa qiziqtiryapti: ko‘p jihatlari bizning sayyoraga o‘xshash bo‘lgan Marsda ham fasllar bormikan?!.

Ma'lum bo‘ldiki, endi uning orzulari had-hududsiz koinot sari chorlardi, bir gap bilan aytganda, orzulari Yerga sig‘may qolgandi...

- Sen kabi millionlab kishi uchun ochilmagan dunyoligicha qolayotgan Marsda na daraxtlar o‘sadi, na giyohlar ko‘karadi, na salobatli minoralar ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Deyarli barcha zamonaviy muvozanatni "global" so‘zi bilan aralashtirib ishlatishga ko‘nikib qolgan odamlar Yerdan tashqari makon istab qolyapti. Turli sohalarda birin-ketin yuz berishi kutilayotgan global inqirozlar tufayli sayyoramiz o‘z o‘qidan qo‘zg‘olgudek bo‘lsa, milliardlab zamin aholisi qaerdan boshpana topadi, qaerga qochadi?! Marsda jon saqlashning imkoni bormi, bu haqdagi xomxayollarni unut, lekin unga sayohat qilish - yaxshi fikr! Qani, bo‘lmasa ko‘zlaringni yum, Marsga uchamiz! - dedim unga va yangi ertakni boshladim.

Mars sayyorasini o‘rganishga, uning sir-asrorini yechishga bo‘lgan qiziqish hamon astronomlarni tinch qo‘ymayapti. Yer sharidan qariyb ikki marta kichik Marsning (ekvatorial radiusi 3396,9 km., qutbiy radiusi 3376,2 km.) boshqa planetalarga qaraganda bizning ona-zaminga yaqinligi bordek go‘yo. U Quyosh sistemasidagi kattaligi jihatidan yettinchi, joylashgan tartibi bo‘yicha esa to‘rtinchi sayyoradir. Marsni qadim Rim xalqi urush xudosi - Ares nomi bilan atashgan. Keyinchalik uni bir qator falakiyotshunos olimlar "qizil sayyora" deb atay boshlashdi.

Mars relefi Oydagi zarb­li vulqonlarni yodga soladi, boshqa jihatlari bilan ham Yerning tabiiy yo‘ldoshini eslatadi. Masalan, shimoliy yarim sharda ikkita katta vul­qon tizmasi - Tarsis va Eliziy bor. Tarsis - bepoyon vul­qon maydoni bo‘lib, 2000 km. masofaga cho‘zilgan, o‘rtacha baland­ligi 10 km.ni tashkil qiladi. Uning o‘zanida yana uchta ulkan to‘suvchi vulqonlar yastangan: Arsiya, Pavonis va Askreus. Tarsis tizmasidan Marsdagi eng yuksak cho‘qqi Olimp tog‘i o‘sib chiqqan. Olimp ko‘lami Yerdagi eng katta vulqon-tog‘ Maun-Kedan 10 marta kattadir. Olimp vulqoni - Quyosh sistemasidagi eng baland cho‘qqi va eng katta vulqon, uning baland­ligi 27 km.dir. Eliziy - o‘rtacha olti km.cha balandlikka ega, o‘z ichiga uch vulqonni jamlagan: Gekata, Eliziy va Albor.

Tarsis vulqonida yana ko‘plab tektonik tog‘lar mavjud, ular juda murakkab va uzoq masofaga cho‘zilgan. Shulardan biri - Mariner vodiysi. Vodiyning umumiy uzunligi taxminan 4500 km., maksimal kengligi 600 km., botiqligi esa 7 km., uni AQShning okeandan okeangacha bo‘lgan hududiga teng, deyish mumkin. Unga ushbu sayyoraga ilk bor sayohat uyushtirgan Amerika kosmik apparati "Mariner-4" nomi berilgan. Aytish joizki, 1971 yilda amalga oshirilgan bu olamshumul voqelik natijasida Marsda yerliklar hayotining negizi bo‘lgan suvga o‘xshash suyuqlik borligi aniqlangandi.

Bundan tashqari, kuzatuvda kunduzgi va tungi iqlimi, holati, qutblarining kengligi o‘rganildi, "qit'alari, dengizlari bormi?" qabilidagi savollarga javob izlandi.

O‘tgan yili «Nature» ilmiy-ommabop jurnalida Marsning shimoliy yarim sharida eng ulkan uyg‘oq vulqon og‘zi borligi haqida yozilgandi: uning uzunligi 10 600 km., eni 8500 km.ni tashkil qiladi. Bu tad­qiqotlarda yuqoridagi, qirq uch yil oldingi savolga uzil-kesil javob ham keltirilgandi. Ya'ni, Marsdagi tiriklik manbai bo‘lmish ob-hayot to‘g‘risidagi "nazariya" shunchaki xomxayol bo‘lib chiqmoqda. Biroq AQShga tegishli NASA tomonidan ko‘kka uchirilgan «Feniks» fazoviy apparati shu yili jurnaldagi inkorga mutlaqo zid bo‘lgan dalilni o‘rtaga tashlab, dunyoni yana sergak torttirdi. Apparat Mars sayyorasiga taalluqli muz parchasi tarkibida suv mavjudligini aniqladi.

Ayni damda Mars orbitasi bo‘ylab uchta funktsiyaviy kosmik apparat yerliklar uchun axboriy xizmat ko‘rsatmoqda, bular: "Odissey" («Mars Odyssey»), "Ekspress" («Mars Express») hamda "Rekonaysans" («Mars Reconnaissance Orbiter»). Mars sayyorasining ikkita tabiiy yo‘ldoshi bor. Ular Aresning o‘g‘illari - qadim yunonliklar "vahima" va "qo‘rquv" ramzi sifatida bilishgan Fobos va Deymos nomi bilan ataladi.

Bilasanmi, Yerdan turib tunda yoki teleskop orqali koinot kuzatilganda, Mars sayyorasi Venera va hattoki bizdan ancha olisda joylashgan Yupiterchalik yorqin ko‘zga tashlanmaydi, milliardlab "tun chi­roq"lari ichida qizarib turgan yulduzni chamalabgina uning borligiga amin bo‘lish mumkin.

Yerdan to Marsgacha bo‘lgan eng yaqin masofa 55,75 million km.ni, eng uzog‘i esa 401 million km.ni tashkil etadi. Uning Quyoshdan uzoqligi o‘rtacha 228 million km.dir. Shundan kelib chiqib, aniq hisobni amalga oshirsak, Mars Quyosh atrofini bizning mezonda 687 kecha-kunduzda aylanib chiqarkan. Planetaning o‘z o‘qi atrofida aylanish vaqti - 24 soat 37 daqiqa 22,7 soniya bo‘yicha aniqlaganda esa Marsda bir yil 668,6 mars kuniga teng bo‘lib chiqadi. Demak, u makonda o‘tgan bir yilda bizning yoshimizga qariyb ikki yosh qo‘shiladi.

Mars o‘z o‘qi atrofida 24.56' og‘uvchan burchak ostida aylanadi. "Qizil yulduz"ning yuza maydoni 144 798 465 kv. km. ni tashkil qiladi. Ikki qutbi va ekvatori bo‘ylab tortilgan chiziqlar hosil qiluvchi umumiy hajmi 16,318x1010 kv. km. dan iboratdir. Vazni esa 6,4185x1023 kg., bu Yer shari og‘irligining deyarli o‘ndan biri, ya'ni 11 foizi deganidir. Sayyoraning o‘rtacha zichligi 3,933 g/ kub sm., o‘z o‘qi atrofida aylanish tezligi (ekvator chizig‘iga ko‘ra) 868,22 km/s.

Albatta, ushbu fizik tasnif ilk tad­qiqotlardayoq osonlikcha qo‘lga kiritilgan, chunki XX asrgacha ham Mars tadqiqoti borasida qator urinishlar qayd etilgandi. "Qizil yulduz" to‘g‘risidagi dastlabki bilim 1659 yilda Franchesko Fontan tomonidan teleskop orqali kuzatuv natijasida chizilgan sayyora rasmidir. U atrofi hoshiya bilan o‘ralgan qora dog‘ni tasvirlagandi, oradan bir yil o‘tib, Jan Dominik Kassini bu tasvirga ikkita qutbni qo‘shib boyitdi. 1888 yilga kelib Jovanni Skiaparelli birinchi bo‘lib Marsni qismlarga ajratib o‘rganishga kirishdi va Afrodita, Eritrey, Adriatika, Kimmeri dengizini hamda Quyosh, Oy va Feniks ko‘llarini Mars xaritasida jonlantirdi.

Mars atmosferasi tarkibi: 95,72 foiz uglerod gazi, 2,7 foiz azot, 1,6 foiz argon, 0,2 foiz kislorod, 0,07 foiz zaharli gazlar, 0,03 foiz suv bug‘i va 0,01 foiz azot oksidi. Shu nuqtai nazardan yondashganda ham Marsda yashashning nechog‘lik iloji yo‘q ekani namoyon bo‘ladi. Yaratganning nima uchun o‘n sakkiz ming olam ichidan aynan Yer sayyorasini bandalariga qarorgoh qilib berganining hikmati ham shundadir, ehtimol. Buni Cen yana ham teranroq anglab olishing uchun Marsga xos tabiiy iqlimni o‘rganishimiz kerak, nazarimda.

Sayyora ekvatori harorati kun yarmigacha +30 gradusgacha ilisa, kunning qolgan qismi, ya'ni kechalari -80 gradusdan hattoki -143 gradusgacha sovib emas, balki muzlab ketadi. Yerdan farqli o‘laroq, Mars atmosferasi yil davomida tez-tez jiddiy o‘zgarib turadi, bu karbonat angidrid gazlari bilan to‘yingan muhit tufayli sodir bo‘luvchi muz davri va shu muzning erishi bilan bog‘liq. Marsdan topilgan ayrim namunalardan bir necha ming yillar muqaddam u joyda ham iqlim issiq va nam, suyuq holdagi suv bo‘lganini, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib turganini bilish mumkin. Biroq bularning barchasi isbotini izlayotgan farazlar, xolos.

Yana bir muhim ma'lumotni bilib qo‘yishing kerak. Yerdan turib «Mars Ekspress» fazoviy apparati ko‘magida kuzatilganda, Marsda metan moddasi borligi ma'lum bo‘ldi. Vaziyatga ko‘ra, uzluksiz to‘yinuvchi bu unsur tezlik bilan butun sayyoraga yoyilmoqda. Bu holat orqali Marsda yoki geologik faollikni yuzaga keltirishi yoki ko‘z ilg‘amas tirik organizmlarning paydo bo‘lishi hodisalari taxmin qilinayapti. Baxtga qarshi, "qizil sayyora"da harakatdagi vulqonlar aniqlanmaganligi, bu taxminlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.

To‘g‘ri, Sen aytgandek, Mars­ning boshqa sayyoralarga qaraganda ona-sayyoramizga o‘xshab ketadigan tomonlari ham yo‘q emas. Masalan, iqlimi xuddi Yerniki kabi mavsumiy xarakterga ega, sovuq paytda qutb qalpoqlaridan tashqari barcha hududiga shaffof qirov to‘shaladi. "Feniks" apparati or­qali hatto qor uchquni va qor bo‘roni kuzatilgan, biroq ularning birortasi ham sayyora yuzasi sathiga yetib kelmay bug‘lanib ketgan.

Marsning shimoliy mintaqalariga xos bahori va yoz oylari 371 kun davom etadi. Bu vaqtda ushbu hudud Quyosh nuridan yiroqda bo‘ladi. Shuning uchun ham shimoliy yarim shar bahori va yozi uzoq hamda sovuq kechadi, janubiy yarim sharda esa mavsum, aksincha, qisqa va issiq o‘tadi. Ayrim mutaxassislarning fikricha, hozirda Mars sayyorasi markazida havo haroratining isishi kuzatil­yapti, biroq aksariyat astronomlar bunday xulosa chiqarishga hali erta ekanligini ta'kidlamoqda.

"Qizil sayyora"ning magnit maydoni (sayyora dinamosi mexanizmi) bo‘lsa-da, u fizik ahamiyatga ega emas, ya'ni 4 milliard yil oldin kuchli va betartib quyosh shamoli tufayli sanoqsiz osmon jismlari Mars­ga kelib urilishi ta'sirida tebranish sodir bo‘lgan va natijada yadro aylanishi to‘xtab qolgan. Shu tariqa magnit maydon o‘z ta'sir kuchini yo‘qotgan. Uni hozirda shunchaki Marsning temir yadrosi, deb atash mumkin.

Mars sathida joylashgan mashhur «qora tuynuk» (quduq) haqida ko‘plab ilmiy, fantastik maqolalar chop etilgan, hatto afsonalar ham to‘qilgan. Arsiya tog‘i yonbag‘ridagi bahaybat teshikning diametri 150 metrdan oshadi, chuqurligi 178 metrga yaqin. Uni ilk bor "Mars Reconnaissance Orbiter" apparati 2007 yili suratga olgan.

Ha aytgancha, shu yilning 15 sentyabr kuni NASAning butun boshli ilmiy laboratoriyaviy apparati parvoz qilsa, oktyabr­da "Roskosmos"ning «Fobos-Grunt» apparati yangi izlanishlar uchun Marsga yo‘l oladi.

Bizning ilmi nujum bilan shug‘ullangan mutafakkir ajdodlarimiz bu sayyorani "Mirrix yulduzi" deya ta'riflashgan. XX asr boshlaridagi ma'rifatparvar jadidlar harakatining faol yetakchilaridan biri Abdurauf Fitrat sho‘rolar bandi qilgan yo‘qsil o‘lkada sodir bo‘layotgan xunrezliklar, adolatsizliklar va boshboshdoqliklardan ranjib, zamindan dardkash topolmay, olislarda lolu hayron kuzatib turgan "Mirrix yulduziga" bejiz murojaat qilmagandi... Xuddiki, u Yerda bo‘layotgan jaholatni singdirolmay qizarib ketgandek...

* * *

Nazariyaga ko‘ra, ion dvigatelli uchuvchi apparatlar ekipaj a'zolari bilan birga Marsga 60-70 sutkada yetib borsa, uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar uni 15-20 kundayoq zabt etarkan. Bu fanning aql bovar qilmas yutug‘i!

...U esa, mana, hech bir tayyorgarliksiz "Mirrix yulduzi"ni bir qancha soniyadayoq sayohat qildi. Xayolan! Soniyada! U ko‘zlarini erinibgina ochdi. Ko‘zlariga negadir tikilib qoldim. U go‘yoki "o‘z-o‘zingni ishontirish qanchalar kulgili", degandek jilmayib turardi. Shundagina bir narsani anglab qoldim, angladimu bir Parijning Eyfeli, bir koinotning "qizil yulduzi" shuurimda qayta jonlandi: ajabo, ko‘zgu qarshisida menga qarab turgan o‘sha "orzumand odam" o‘zim ekanman!

Ertak tugadi...

Zohidjon Xolov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.