OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tanqidga uchragan minora dovrug’i

 ... Uning bitta orzusi bor edi. Ushbu niyatning qanday yuzaga kelgani noma'lum. Ammo, qaerda, kim bilan ko‘rishmasin, chuqur entikib, o‘sha orzusini takrorlayveradi. Ko‘zlarida o‘sha mo‘'jizani umri davomida jonli, yonginasidan tomosha qilishga bo‘lgan umid lovullab turganini his qilish qiyin emas. Kunlardan bir kuni ko‘zgu qarshisida uning bunday g‘alati holatining yaqqol guvohi bo‘ldim-u, chin dildan biror yordam berish, orzusining bir qadar bo‘lsa-da, ro‘yobga chiqishiga to‘sqinlik qilayotgan shubhalarni haydab, aksincha, maqsadining qat'iylashishi payiga tushib qoldim.

Birinchi ishni osori-atiqani yaxshilab o‘rganishdan boshladim, Farangiston boshkentini, undagi diqqatga sazovor makonlarni baholiqudrat ko‘zdan kechirib chiqdim va shundan so‘nggina unga: "Kel, men seni orzu"ingga yetkazaman. Ko‘zlaringni qattiq yumib, so‘zlarimni diqqat bilan tinglasang bo‘lgani, - dedim.

Ertagimni boshladim...

Sen Fransiyaga borishni, Fransiya bo‘lganda ham Parij shahriga borishni, Parij bo‘lganda ham Eyfel minorasiga borishni va undagi liftlarning har biriga kirib, ulkan shaharni yuqoridan qayta-qayta tomosha qilishni niyat qilgansan.

O‘n to‘qqizinchi asrning eng ilg‘or me'morlaridan biri fransiyalik Aleksandr Gyustav Eyfel (1832-1923 y.y.) ijodiga mansub bu nodir asar Mars maydoni tegrasida, aniqrog‘i, Sena daryosi ustiga qurilgan ulkan Yens ko‘prigi qarshisida qad rostlagan.

Odamlarni hayratga solishning yo‘llari ko‘p. Mashhurlikni, shon-shuhratni istagan kishilar azaldan bunday g‘ayrioddiy ko‘rinadigan yumushlarga qo‘l urib, uddalay bilsalargina do‘ppisini osmonga otishgan. Bahaybat temir minora tiklab, o‘z vaqtida butun dunyoni lol qila olgan Aleksandr Gyustav ulardan farqli o‘laroq nom qozongunicha ko‘plab yirik-yirik "noodatiy" qurilishlarda, olamshumul loyihalarda faol ishtirok etishni odat qildi.

Parij shahridagi San'at va hunarmandchilik markaziy maktabida tahsil olgan arxitektor (1855 y.) avvaliga turli ko‘prik qurilishlarida chizmachilik ishlari bilan band bo‘ldi, yurt kezdi. Xorijdagi xalqlarning milliy hunarmandchilik maktablari bilan yo‘l-yo‘lakay tanishdi, bu o‘z navbatida tajriba to‘plashda Aleksandrga qo‘l keldi. U metall konstruktsiyalaridan foydalanib, ko‘priklar, viaduk (teshik, yo‘l ustidan o‘tgan ko‘prik) va boshqa inshootlarning loyihasini chizishga astoydil kirishgandi.

Fransuz me'mori uch-to‘rtta shov-shuvga sabab bo‘lgan loyihalarda ishtirok etib, tilga tushdi. Masalan, u faoliyati davomida Portu shahridagi Doru daryosiga o‘rnatilgan Ponte de Dona Mariya ko‘prigi, Bordo va Tarabi ko‘priklari, Budapesht vokzalini bog‘lovchi ko‘prikda o‘z uslubini shakllantirgan bo‘lsa, vaqtida butun dunyoga ovoza bo‘lgan Panama kanali qurilishida juda faol qatnashib, fransuz hukumati e'tiborini tortishga erishdi. Gyustav bulardan tashqari, janubiy Fransiyada balandligi 122 metrni tashkil etgan temiryo‘l viadugini (de Garabi) loyihaladi. Amerika zaminiga go‘yo "bir qo‘lida kitob - ilmu ma'rifat, erk va bir qo‘lida mayoq - ezgulik ziyosi olib kelgan"Ozodlik haykali (Nyu-York shahrida)ning temir karkasi tayyorlanishida ham Aleksandr Gyustav o‘zining qimmatli g‘oyalarini hamkasblari bilan baham ko‘rdi.

U Nitstsa shahridagi rasadxonaning 100 tonnaga yaqin aylanuvchi qubbasini bor mahoratini ishga solgan holda gavdalantirdi, shunda fizikaning aerodinamika hodisasini batafsil o‘rganishga qaror qilgandi. Qisqacha aytganda, u hayoti mobaynida bir ko‘rishda kishining aqlini shoshiradigan yuzlab inshootlarning shaklini qog‘ozlarga muhrladi.

Biroq sen ko‘rishni istagan minora - Eyfelgina Gyustavga yuksak sharaf va bemisl shuhrat keltirdi. Fransiya mamlakati rahbarlari 1789 yilda bo‘lib o‘tgan Inqilobga yuz yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan yubileyni Butunjahon ko‘rgazmasi tashkil etish orqali Yer yuzi bo‘ylab keng nishonlashga qaror qilishdi.

Buning uchun birinchi nav­batda sayyoraning turli burchagidan kelgan millionlab sayyohlarga ko‘rsatib, e'tiborini tortish uchun arzigulik biror mo‘'jiza yaratish masalasi ko‘ndalang turardi. Bu masala Parij shahar hokimiyati zimmasiga yuklatildi.

Ular Eyfeldan yordam so‘rab murojaat qilishdi. Aytarli uzoq vaqtga cho‘zilmagan izlanishlardan so‘ng Aleksandr taxminan 300 metrlik temir minoraning chizma variantini aks ettirdi. 1884 yilning 18 sentyabrida muhandis Gyustav o‘z hamkorlari bilan ushbu yangi loyihani jonlantirish maqsadida patent oldi va ishga jiddiy kirishdi. Ammo uni o‘sha zahotiyoq qurishning imkoni topilmadi, chunki bu loyiha juda katta kuch va mablag‘dan tashqari, eng zamonaviy texnologiyalarni (o‘sha davrdagi) qo‘llashni talab qilardi.

Oradan ikki yil o‘tib ketdi. Bahonada Gyustav loyihasini takror-takror isloh etib, oldingi dunyoviy inshootlardagi eng yuksak tajribalarni mujassamlashtirgan holda turli shakllar bilan boyitib oldi.

1886 yilning 1 may kuni esa hukumat tomonidan mahalliy usta-me'morlar o‘rtasida Inqilob natijasida farang milliy qadriyatlarining zamonaviy madaniyat bilan uyg‘unlashgan ramzini aks ettirgan loyihalar tanlovi e'lon qilindi. Belgilangan muddat ichida jami 107 ta loyiha ko‘rib chiqildi va ularning ichida eng sarasi ajratildi. Bu - Aleksandr Gyustavning tafakkuri sarchashmasi bo‘lmish loyiha edi.

Eyfel g‘olib chiqqach, ilk mukofotni olarkan: "Fransiya 300 metrlik bayroqdor minori bo‘lgan yagona davlat bo‘lajak!", - degandi. U so‘zlarining ustidan chiqdi. 1887 yilning 28 yanvaridan ishga kirishgan jamoa 1889 yilning 31 mart kuni minorani mutasaddilarga topshirdi. Muhandislik ishlarini muvaffaqiyatli olib borishda unga do‘stlari: Moris Kyoxlen va Emil Nug asosan texnik jihatdan yordamlashishgan bo‘lsa, binoning estetik zavq beruvchi shakllarini badiiy ijodkorligi borasida tengsiz bo‘lgan me'mor Stef Sovestr amalga oshirdi.

Ulkan bunyodkorlik ishida 300 nafar ishchi kuchidan foydalanildi, shakllarning har biri aniq, xavfsiz va chidamli bo‘lishini ta'minlash uchun 12 000 ta metall detallar ishlatildi. Ularni bir-biriga payvandlash uchun 2,5 million parchin ishlatildi. Umumiy vazni 10 ming 100 tonna (shundan 7,3 ming tonnasi metall konstruktsiyalari), quyi qismi kvadrat piramida shaklida, tumshug‘ida mayoq va pavilon, yuqori qismida 1,7 metrli maydoncha bo‘lgan bahaybat inshootni tiklash va boshqa xizmatlar uchun 7,8 million frank sarflandi.

Minoraga o‘rnatilgan dastlabki ikki lift gidravlik nasoslari orqali ishlatilgandi. Ammo ulardan qahraton qish kunlari foydalanishning iloji bo‘lmasdi, shunga qaramay, bu keksa liftlar 1983 yilgacha, ya'ni elektrodvigatelli liftlar o‘rnatilgungacha tomoshabinlar ehtiyojiga xizmat qildi. Ulardan hozirda ham foydalaniladi, boisi tarixni his qilish, XIX asr ilmu fani bilan yaqindan tanishish uchun bu liftlarga minib, yuqoriga ko‘tarilishning zavqi bo‘lakcha. Liftga chiqishdan qo‘rqadiganlar esa, 1792 ta zinadan hatlab ham maqsadiga yetishishi mumkin. Mustahkam beton massivli poydevorlariga maxsus prujinali moslama - poyafzal «kiydirilgan». Shuning uchun inshootning xavfsizligi jihatidan tashvishlanishga hojat yo‘q: eng kuchli bo‘ron (180 km/soat) qo‘pgan taqdirda "temir xonim" 18 santimetrgacha tebranishi mumkin, xolos.

Bino foydalanish uchun topshirilgandan boshlab olti oy ichida 2 million tomoshabinni o‘ziga jalb qilgan bo‘lsa-da, Fransiyaning 300 nafar adib, rassom va bastakori shahar munitsipalitetiga shikoyat qildi. Eng qizig‘i, ularning orasida Gi de Mopassan, Aleksandr Dyumaning o‘g‘li va kompozitor Sharl Guno singari mashhur kishilar ham bor edi. Ularning fikricha, bu "qo‘pol va naynov", "foydasiz mo‘'jiza", "bachkana temir-tersak uyumi" insonlar qalbida ezgulikka, noziklikka bo‘lgan havasni so‘ndirib, toshbag‘ir qilib qo‘yar emish. Shu taqlid 1887 yildan to 1907 yilga qadar shahar ziyolilari Eyfel minorasini qoralab, uni Parij ko‘rkiga tushgan dog‘ sifatida ta'riflab kelishdi.

1898 yilda Ejen Dyukret Eyfel minorasi va Panteon(mashhur kishilar dafn etiladigan bino, dahma)ning 4 kilometrlik oralig‘ida birinchi telegraf aloqasi seansini o‘tkazdi. 1903 yilda general Ferre simsiz aloqa bo‘yicha tajribalar o‘tkazdi va bu narsa "temir inshoot"dan harbiy maqsadlarda foydalanish boshlanganiga ishora edi. 1906 yildan boshlab, u qurilgunga qadar, dunyodagi eng bo‘ychan binolardan hisoblangan Xeops piramidasi (137 m.), Kyolns (156 m.) va Ulms (161 m.) cherkovlaridan deyarli ikki marta baland inshootda muntazam radiostantsiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 1921 yilda birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri radioeshittirish efirga uzatildi, uning keng jamoatchilikka sifatli yetib borishini ta'minlash maqsadida minora tepasiga maxsus antenna o‘rnatildi. 1922 yilda "Eyfel minorasi" deb nomlangan radiodastur tashkil qilindi.

1925 yilda ilk televizion signal orqali retranslyatsiya qilishga urinishlar boshlandi va 10 yildan so‘nggi taraqqiyot mahsuli - doimiy teledasturlar ham omma e'tiboriga havola qilindi.

1940 yilda fransuz armiyasini tor-mor keltirgan gitlerchilar o‘z bayrog‘ini Eyfelning eng yuqorisiga tikishga kirishadi, biroq har safar kuchli shamol bayroqni yulqib ketavergach, omadsiz natsistlar matolarini minoraning quyi qismiga ilishdi. Shu voqelikdan so‘ng mahalliy aholi orasida: "Gitler Fransiyani yenggan bo‘lishi mumkin, lekin Eyfelni zabt etolmadi!", - degan iboralar aforizmdek og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurdi. Bu gap-so‘zlar fyurerning qulog‘igacha yetib bordi va qattiq jazavalangan Adolf 1944 yilda Parij harbiy gubernatori general Ditrix fon Koltitsga Eyfel minorasiga qo‘shib bosh­qa diqqatga sazovor obidalarni ham tag-tugi bilan yo‘qotishni buyurdi. Fransuz xalqi va umuminsoniyat baxtiga fon Koltits bu topshiriqni bajarishga unamadi. Fon Koltitsning baxtiga oradan bir necha soatlar o‘tib, poytaxtdan nemis harbiylari haydab chiqarildi...

1957 yilda minoraga 20,75 metrlik po‘lat konstruktsiya, parabolik antenna va bir necha o‘nlab aloqa tizimlari o‘rnatilib, to‘liq televizion minoraga aylantirildi.

Eyfel minorasining birinchi yoritkichlari 10 mingtani tashkil qilgan bo‘lib (1887 y.), ular gaz yordamida nur taratardi. Bundan tashqari, ikkita projektor va mayoq ham uning tungi libosi vazifasini o‘tadi. Chiroqlar Fransiya bayrog‘idagi ko‘k, oq va qizil ranglarda tuslanardi. 1900 yilda xira nurlanuvchi elektr chiroqlari, 1985 yilda esa tilladek tovlanuvchi charog‘on chiroqlar minoraga yangi hayot bag‘ishladi.

1925 yildayoq Andre Sitroen "Alangadagi Eyfel minorasi" deb nomlangan reklamasi uchun 125 mingta elektr lampochkasi sarfladi. Ular ommaga minora silueti, yulduzli yomg‘ir, uchar kometa, burj belgilari, inshoot qurilgan yil, amaldagi sana va albatta, Sitroen familiyasi kabi jami o‘nta ma'lumotni yetkazardi. 1934 yilga qadar davom etgan ushbu reklama tufayli Eyfel uzoq vaqt dunyodagi eng qimmat reklama joyi bo‘lib turdi.

Mashhurlik cho‘qqisiga ko‘tarilgan inshootga taqlidan qurilgan binolar soni yildan-yilga ortib bordi. Masalan, Pragadagi Petrshin, Lion, Krasnoyarsk, Chelyabinsk va Vladivostok, Peris, Olma-ota, Las-Vegas, Abakan shaharlaridagi kichraytirilgan variantlarni keltirish mumkin.

Eyfel minorasining turli qismlari bir necha bor yong‘inda qolgan, ikkinchi jahon urushida jiddiy zarar ko‘rgan bo‘lishiga qaramay, hamon odamzotni hayratda qoldiradi. U inson bolasining eng qo‘pol, eng ko‘rimsiz xom ashyolardan ham bebaho san'at asari yarata olish qobiliyati borligini eslatib turadi...

Birinchi ertak tugadi. Unga, endi ko‘zlaringni ochaver, dedim. U avvaliga uyg‘onishga qo‘rqqandek tuyuldi. Axir u o‘sha damda Parijda, Parij bo‘lganda ham Eyfel minorasida xayolan sayr qilayotgan edi-da. Ko‘zgu qarshisida turib, uning ko‘zlariga qaradim va yengil tin oldim. U ancha o‘zgaribdi! Endi u Eyfelni «zabt» etgan odamdek tutardi o‘zini. Ko‘zlarida esa allaqanday uchqunning yolqini...

Zohidjon Xolov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.