O‘n ikki hayvon nomi bilan ataladigan vaqt birligi - muchal Sharq tafakkuri mahsulidir. Muchal bo‘yicha yangi yil 21 mart - Navro‘zdan boshlanadi. G‘arb madaniyati turmush tarzimizga shunchalik ta'sir o‘tkazganki, ko‘pchiligimiz sof sharqona bo‘lgan muchalni 1 yanvarda kiradi, deb o‘ylaymiz. Uning qaerda kimlar tomonidan yaratilganligi ham katta bahslarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pgina xalqlar muchalni o‘ziniki qilishga harakat qilishadi. Turli tortishuvlarga qaramay shu narsa aniqki, muchal Osiyoning sharqiy qismida yashaydigan xalqlar, xususan, turkiylarning ham qadimgi yil hisobi bo‘lgan. Mana, muchalning kelib chiqishi haqidagi "Devoni lug‘otit turk"da keltirilgan talqin:
"Turklar o‘n ikki xil hayvon ismini o‘n ikki yilga qo‘yganlar. Tug‘ilishi, jang ta'rixlari va boshqalarni ana shu yillar aylanishidan hisoblaydilar. Buning kelib chiqishi shunday: turk xoqonlaridan biri o‘zidan bir necha yil oldin o‘tgan urushni o‘rganmoqchi bo‘lgan, shunda u urush bo‘lib o‘tgan yilni aniqlashda yanglishgan. Bu masala yuzasidan (xoqon) qavmi bilan kengashdi va aytdi: "Biz bu ta'rixni (aniqlashda) qanchalik yanglishgan bo‘lsak, bizdan keyin ham shunday yanglishadilar. Shunday bo‘lgach, biz endi o‘n ikki oy va osmondagi o‘n ikki burjga asoslanib, o‘n ikki yilga (nom) qo‘yishimiz kerak, toki bizdan keyin yil hisobi shu yillarning aylanishiga qarab olinsin va bu narsa abadiy bir yodgorlik bo‘lib qolsin". Ular: "Aytganingizdek bo‘lsin", - deyishdi.
Xoqon ovga chiqdi va odamlarga vahshiy hayvonlarni Ila daryosi tomon quvishni buyurdi, bu juda katta suv. Odamlar ov qilib hayvonlarni suv tomon hayday boshladilar, shunda o‘n ikki hayvon suvdan o‘tdi. O‘n ikki yilni ana shu o‘n ikki hayvon ismi bilan atadilar. Eng oldin suvdan o‘tgan hayvon sichqon bo‘ldi. Shuning uchun yil boshi uning nomi bilan ataldi, shu so‘zga yil qo‘shib, sichqon yili deb atadilar. Undan keyin o‘tganlari quyidagi tartibda bo‘ldi:
ud (sigir) yili,bars (yo‘lbars) yili,tovushqon (quyon) yili,nak (timsoh, hozir baliq deyiladi) yili,yilon (ilon) yili,yund (ot) yili,qo‘y yili,bijin (maymun) yili,taqag‘u (tovuq) yili,it yili,to‘ng‘iz yili.To‘ng‘izga yetgandan keyin hisob yana sichqon yilidan boshlanadi...
Turklar bu yillarning hap qaysisida biror hikmat bor, deb taxminlaydilar. Masalan, ularcha sigir yili bo‘lsa, urush ko‘p bo‘ladi, chunki sigir bir-biri bilan suzishadigan hayvon. Tovuq yili kirsa, oziq-ovqat ko‘payadi, lekin odamlarda tashvish ortadi. Chunki tovuqning ovqati don bo‘lib, uni topib yeyish uchun narsalarni titib yuradi. Timsoh (baliq) yili kirsa, yog‘ingarchilik va hosil ko‘p bo‘ladi, chunki u suvda yashaydi. To‘ng‘iz yili kirsa, sovuq, qor va fitna ko‘p bo‘ladi. Shunga o‘xshash har yilga biror taxmin yuritadilar".
Farrux JABBOROV tayyorladi
www.hurriyat.uz