OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kosmik sarob...

 Axborot miqdori qancha ko‘paysa, uning umri shuncha kamayadi va yana ularning orasidan chin haqiqatni topish qiyinlashadi. Buni bir yangilikni ikkinchisi bilan bemalol inkor etish holatining tobora ko‘payib borayotganligi bilan ham izohlash mumkin.

Hatto uzoq yillar mobaynida shov-shuv bo‘lib, so‘ngra ularga nisbatan qiziqish asta-sekin so‘ngan mavzularni birgina ma'lumot yoki qarshi fikr bilan yangilikka aylantirish odat tusiga aylanib ulgurdi. Jurnalistika nazariyotchilaridan biri yangilikni unutilgan eskilikka qiyoslaganda, shu jihatlarni ham ko‘zda tutgan bo‘lishi, tabiiy.

XX asrning so‘nggi ellik yilida qiziqarli va o‘z o‘rnida vahimali gap-so‘zlar ufologiya fani va u bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarni butun dunyoga mashhur qilib yubordi. Asosan 1970 yillardan tarqatila boshlangan ma'lumotlar noma'lum uchar jismlar (NUJ) hamda o‘zga sayyoraliklar xususida edi. Yerning qaysidir burchagiga qulagan NUJ haqidagi shov-shuvlar bir zumda sayyoramizni aylanib chiqar, natijada yangi voqelikka nisbatan munosabat shakllanardi. Kimdir hayratdan yoqa ushlasa, yana kimdir osmonning qaysidir burchagida o‘sha «tarelka»ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini ham qo‘shib qo‘yishni unutmasdi. To‘g‘risi, ko‘pchilik bunga ishonardi. Vaqt o‘tishi bilan avj olgan muhokama va qiziqishlar olovi susayib bordi, go‘yo mazkur soha esdan chiqa boshlagan edi. Biroq yaqinda rossiyalik ufolog (NUJ muammolari bilan shug‘ullanuvchi olim) Mixail Gershteyn bu boradagi qarashlarini ommaga havola qildi. Mutaxassis boshqacha nuqtai nazar bilan unutilgan eskilikni qayta sahnaga olib chiqadi. Quyida shu voqealarning ayrimlari bilan tanishasiz. 

JURNALISTCHA UYDIRMA

 

Bu voqea aslida shunday boshlangan edi. 1952 yilning yozida Yevropa matbuoti  sahifalarini norveglar Shpitsbergen orolidan disk shaklidagi apparatni topib olishgani haqidagi mish-mishlar to‘ldirib yubordi. Bu borada birinchi bo‘lgan nemis nashri "Saarbrucker Zeitung" 28 iyun sonida shunday deb yozadi: "Norveg reaktiv samolyotlari Shpitsbergenda yozgi mashqlarni amalga oshirayotganda, harbiy havo kuchlar (HHK) kapitani Olaf Larsen nima uchundir pastga qarab yo‘l oldi va eskadril­yaning boshqa a'zolari ham unga ergashdi. Qor bilan qoplangan maydonda muz kabi yaltirab, ko‘zni qamashtirgan 40-50 metr diametrli metall disk ularni o‘ziga tortdi... 48,88 metr diametrdagi doiraviy uchar jismning ekipaji yo‘q, ustki qatlami esa noma'lum metall moddadan ishlangan edi. 46 ta avtomatik reaktiv dvigatel bir xil uzoqlikda chekkasidan markazigacha o‘rnatilgani ekspertlarni muhokamaga chorladi. Ular mazkur qurilmalar diskning masofadan turib boshqaruvini yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qilishini ta'kidlash bilan birga uni 160 km. balandlikkacha ko‘tarilishini (Yerdan 100 km. balandlikdan kosmik kenglik boshlanadi), 30000 km. radiusgacha gorizontaliga ucha olishini aniqlashdi. Uskunalar ustida ruscha harflar bor edi".

Ufologlarning navbatdagi NUJ topilgani haqidagi ma'lumotlarida Rossiyani eslatuvchi harflar nima uchundir e'tibordan chetda qoldirildi. Faqatgina 1973 yili olim Arne Borkega Norvegiya mudofaa vazirligi arxivida saqlanayotgan ayrim hujjatlar bilan tanishish imkoniyati berildi. Ular asosan NUJ halokati haqida hukumatga yo‘llangan xat va xabarlardan iborat bo‘lib, u yerda na guvohlarning ko‘rsatmalari va na to‘liq ma'lumotlar bor edi. Shunday qilib, haqiqatni ochishga chog‘langan janob Arnega eng kerakli hujjatli qog‘ozlarni ko‘zdan kechirishga ruxsat berilmadi. Yopiq qozon shundayligicha qolib ketishiga izlanishlar baribir yo‘l qo‘ymadi. Yolg‘onlarning shu orqali misi chiqdi.

Chunki 1952 yili Norvegiya HHKda faqat "DH-100 Vampire F-84 Thunderjet" rusumli reaktiv samolyotlar (RS)dan foydalanilardi. Ularning bazasi Oslo shahridan 50 km. uzoqlikdagi Gardermeonda joylashgani hamda RSlarning biri 980 km. va ikkinchisi 1610 km. radiusgacha ucha olishini hisobga olsak, aerodromdan 2000 km. olisda yastanib yotgan Shpitsbergen orolida hech qanday yozgi mashg‘ulotlar amalga oshirilmagani oydinlashadi.

Shu tufayli germaniyalik jurnalistlar ko‘pchilikning diqqatini tortish uchun o‘sha paytda urfga kirayotgan NUJ haqidagi bu voqeani o‘ylab topganini bilib olish qiyin emas.    

AZTEK AFSONASI

 

1948 yil martida Aztek shahri (Nyu-Meksika shtati)ga "uchar tarelka" qulab tushgani haqida ma'lumotlar tarqaldi. Bu haqida ufologlardan biri o‘z kundaliklarida shunday yozadi: "Uning ichidan mahalliy aholi 16 nafar odam shaklidagi pakana mavjudotlarning murdasini topib olishdi". Gazetalar masalaga o‘shanda shunday yondashgandi: "Katta, biroz qisilgan ko‘zlar. Burun va og‘izning shakli kichkina. Tor yelkalar. Uzun, deyarli tizzagacha tushgan qo‘llar. Barmoqlar ham shunday, faqat ingichka va ularning orasidan parda o‘tgan. Kelgindilar shunday ko‘rinardi". Halokat haqidagi so‘zlar MRB (Markaziy razvedka byurosi) rahbari Edgar Guverning qulog‘igacha yetib bordi. 

Mazkur voqea firibgarlikdan boshqa narsa emas edi. Uni Leo Gebauer va Sayles Nyuton kabi ucharlar "o‘zga sayyoraliklarning texnologiyasi"ni katta pulga sotish uchun amalga oshirgandi. Leo va Saylesning matbuotda bergan e'loniga uchgan denverlik millioner German Fleder neft buloqlarini aniqlashda yordam beradigan "o‘zga sayyoralik qo‘ng‘izlar"ni ishga tushiradigan detektorni 50 ming dollarga sotib olgandi. Keyinchalik, 1952 yil 14 oktyabr kuni janob millioner chuv tushganini sezib, har ikkala shovvozni sudga berdi.

Boshqacha ko‘rinishdagi "odamcha"larga keladigan bo‘lsak, ularning suratlaridan bor-yo‘g‘i ikkitasi saqlanib qolgan. Ulardan birini "Kolner Stadtanzeiger" 1950 yili o‘z sahifalarida chop etdi. Agar suratga jiddiyroq e'tibor berilsa, gumanoidning chap tarafida turgan "agent" uning uzun pardali qo‘llarini emas, balki oddiy barmoqlarni ushlab turganining guvohi bo‘lasiz. Ko‘rinishidan erkaklar ayolga bolasi o‘tirgan aravani tortishga yordam berayotgandek taassurot tug‘iladi. Fotograf bo‘lsa, ana shu suratni qayta ishlab, bolaning o‘rniga yasama gumanoid shaklini yopishtirib qo‘ygan.

Aztekda NUJning halokati shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, hatto kanadalik rassom Linda Korrivoning 1978 yildan 1981 yilgacha Monreal shahrida tashkil etilgan "G‘alati dunyo" ko‘rgazmasida o‘sha mavjudotlarning gil haykallarini  o‘n minglab odamlar tomosha qildi. Muallif bu san'at asarini "Tushlarimda namoyon bo‘lgan odam" deya nomlagandi.  

50 FUNT - STERLINGLIK NUJ

 

1957 yil 21 noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Silfo Mur shahrida oddiy fuqaro Frenk Dikenson yorqin ob'ektning qulashiga guvoh bo‘lganini aytadi. U voqea joyida disk va uning atrofida uymalashib yurgan ikki odamni ko‘radi. Ikki noma'lum shaxs topilmani Dikensonga 10 funt-sterlingga sotishadi. 46 sm. diametrga, 23 sm. balandlikka va 16 kg. og‘irlikka ega bo‘lgan NUJning ichidan xaridor 17 ta ingichka va usti turli ierogliflar bilan qoplangan mis qog‘oz (folga) topdi. Dvigatel degan narsaning o‘zi esa yo‘q edi.

Metallurgik tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, "likobcha"ning barcha qismlari yerda uchraydigan metall turlaridan ishlangandi. Shu jumladan, 150 daraja issiqlikka bardosh beradigan va deyarli zarar yetmagan qo‘rg‘oshinli korpus. Haqiqatan esa, samodan pastga yo‘nalib, atmosfera qatlamini yorib o‘tgan jismda kuchli kuyish alomatlari ko‘zga tashlanishi kerak edi.

Manchester universiteti tilshunoslari ham "samoviy maktub"ni osonlik bilan o‘qiy olishdi. Matndan oddiy va ahmoqona so‘zlardan boshqa narsa joy olmagandi. Xususan, odamzot kosmosda sayr qilishga qodir emas, u tashvishlar yuki ostida o‘lib ketaveradi, kabi. Lekin firibgarlar NUJning qulashini qanday uyushtirganliklari ma'lum emas.

FOTOGRAF VA UNING O‘G‘LI

 

Amerikalik mashhur ufolog Berlits Murning "Rozuel voqeasi" kitobida ikki askar yetaklab ketayotgan va kislorodli niqob kiygan gumanoidning xira tasvirini ko‘rish mumkin. Ushbu tasvir 1950 yil 22 mayda MRB tomonidan ommaga havola etish uchun OAVga berilgandi. Aynan shu suratni rossiyalik nujshunoslar ham yaxshi ko‘rishadi. Uni MRBga topshirgan noma'lum shaxsning agent Jon Kvinga aytishicha, u AQShga Marsdan kelib qolgan mavjudotning suratini hukumatga topshirish uchun kimdandir bir dollarga sotib olgan ekan. Anonim kishining fikriga ko‘ra, gumanoid "40-yillarning oxirida" G‘arbiy Germaniyadagi Visbaden shahrida suratga olingandi. 

Yuqoridagi kitob nashr etilganda germaniyalik ufolog Klaus Vebner o‘sha suratni oldin ham ko‘rganini aytib o‘tadi: "1950 yil 1 mayda navbatdagi soni bosmadan chiqqan "Viesbadener Tageblatt" gazetasidagi tasvir sifatsiz nusxadan boshqa narsa emasdi, - deydi olim. - Visbaden yaqinida NUJ qulagani haqida gaplar tarqalgach, o‘zga sayyoralikni amerikalik askarlar qo‘lga olgani, noma'lum jonzotning bir oyog‘i disk shaklida ekani, u qisqa sakrash orqali harakatlanishi hamda qo‘lidagi to‘rt barmoqda o‘ziga xos tirnoqlar borligi haqida aytishdi va bu to‘g‘rida gazetada maqola ham e'lon qilindi".

Shundan so‘ng janob Vebner nashrning o‘sha paytdagi bosh muharriri Vilgelm Shprunkel bilan suhbatlashdi. Ijodkorning aytishicha, suratni tahririyatga olib kelgan fotograf Gans Shefler o‘z o‘g‘lini hazil tariqasida shunday ko‘rinishda kiyintirib, suratga olgan. Gazeta ahli esa bundan omma e'tiborini tortish uchun unumli foydalandi. Amerikalik ofitserlar ham kelajakdagi vahima qanday ko‘rinishda bo‘lishini bilish uchun o‘z askarlariga mazkur "o‘yin"da ishtirok etishga ruxsat berishdi.

Vebner esa, qayta ishlangan ana shu suratning haqiqiy nusxasini ham topishga muvaffaq bo‘lgani tahsinga loyiq.

"MARSLIKNING DAFN MAROSIMI ERTAGA KUN YARMIDA..."

 

1897 yil 17 aprel. Aurora shahri, Texas shtati. Agar gazetalar tarqatgan xabarga ishonadigan bo‘lsak, o‘shanda Marsdan kelgan samoviy kema aynan shu sana va joyda portlab ketgandi.

"Ertalab taxminan oltilarga yaqin auroraliklar samoviy kemaning kutilmagan tashrifidan hayratga tushdilar, - deb yozadi o‘shanda "Dallas Morning" muxbiri Xeydon. -  U markaziy maydonning ustidan uchib o‘tayotganda, Proktor sudi yaqinidagi shamol tegirmoniga urilib ketdi. Dahshatli portlash uni parchalab tashladi... Uning uchuvchisi taxminan bitta edi. Qoldiqlari topilmagan bo‘lsa-da, u bizning sayyorada yashamaydi. AQShlik harbiy,  aloqa ofitseri T.Uimsning fikricha, halok bo‘lgan marslik edi. O‘zga sayyoralikning dafn marosimi ertaga kun yarmida o‘tkaziladi".

Mazkur matnni XX asrning yarmida jurnalistlar 1897 yillarni yaxshi eslovchi odamlarning gaplariga asoslanib, arxivdan izlab topishgandi. "Marslik" Aurora osmonida parvoz qilganida, yigirma yosh bo‘lgan mahalliy aholi vakili Oskar Loueridan bu haqida so‘rashganida,  o‘shanda shaharga hech qanday zarar yetmaganini aytadi, umuman olganda, u o‘zga sayyoralik xususida pichoqqa ilinadigan biror bir faktni eslay olmagan, jurnalist Xeydon esa voqeani ipidan ignasigacha o‘zi to‘qib chiqarganini tasdiqlagandi. Shahar arxivi titkilanganda, "AQSh aloqa harbiysi" unvoni bilan qalamga olingan janob Uimsning esa armiyaga, uning ustiga astronomiyaga hech qanday aloqasi yo‘qligi hamda u temirchilik bilan shug‘ullanishi aniqlangan. Bundan tashqari, Proktor sud binosi oldida hech qanday shamol tegirmoni bo‘lmagani hamda shuning uchun "marslikning kemasi" u yerga urilishi mumkin emasligi ma'lum qilindi.

86 yoshli jurnalist, mahalliy Tarix jamiyati a'zosi Etta Pegyus bu xususida shunday deydi: "Bu uydirmadan boshqa narsa emas. Xeydon va bir guruh erkaklar shahardagi qovoqxonalardan birida o‘tirib, shu qalbaki tarixni o‘ylab topishgan. Xeydon esa mashhur to‘qimachi edi..."  

KINOFILMCHILARNING SOVG‘ASI

 

Bir qator ufologlarning fikr­lari bosilib chiqqan ­nashrlarda ta'kidlanishicha, 1983 yili sobiq ittifoqning Havo hujumiga qarshi mudofaa (HHQM) tizimi Orjonikidze (hozirgi Vladikavkaz) shahri yaqinida noma'lum uchar jismning harakatlarini qayd etdi. Yerdan otilgan raketa uni yo‘q qila olmadi, faqatgina ozgina joyiga unchalik ham jiddiy bo‘lmagan zarar yetkazdi. Ob'ekt uchishda davom etdi, radar ekranidan yo‘qolmaguncha balandlikni yo‘qotmadi hisob. Ikki hafta o‘tib, NUJ Orjonikidze yaqinida joylashgan Stoloviy tog‘i tumanidagi qo‘ziqorinzor ichidan topildi. Fotoapparatda olingan suratlardagi jism "Kin-dza-dza!" filmidagi o‘zga sayyoralikning mashinasiga juda ham o‘xshab ketardi.

Fotosuratning fragmentlari tahlil qilinganda, "likobcha" illyuminatori (oynasi)ning ramka(gardish)si "apparat"ga katta diametrdagi murvat(bolt-gayka)lar orqali mahkamlanib (bunday mahkamlash usuli o‘tgan asrda qabul qilinganidan xabaringiz bor), uning ustiga, qo‘lda ishlangan zina(trap) korpusga eritib yopishtirilgan, qo‘pol kavsharlangan, natijada ko‘rinish muvozanati buzilgandi. Bu "mahsulot", hatto, Yer sharoitida ham sifat jihatdan past baholanar, u konstruktiv va texnologik jihatdan tayyorlash madaniyati talablariga umuman javob bermasdi.   

Ma'lum bo‘lishicha, "o‘zga olam vakillari bilan aloqa bog‘lovchi", nalchiklik Viktor Kostrikin mazkur voqeani o‘ylab topgan ekan. Hujjatlarda yozilishicha, uning aqli joyida bo‘lmagan. Sobiq sovet davrida ham u o‘zga sayyoraliklar bilan aloqaga kirishganini aytgani uchun ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanib chiqqandi. U 1990 yil Frankfurt-na-Mayn shahrida bo‘lib o‘tgan "Koinot bilan dialog" nomli konferentsiyaga taklif qilingandan keyin, G‘arb ilmiy jurnallarida ruslar tomonidan urib tushirilgan NUJlar haqida bir qator materiallar paydo bo‘ldi...

Qisqasi, boyagi "uchar jism" 1977 yil Breslauda polyaklarning "WFF-2" studiyasi tomonidan tasmaga tushirilishga kirishilgan "Kumush sayyoradan" ilmiy-fantastik filmi uchun maxsus yasattirilgandi. Tasvirga olish jarayoni 1977-1978 yillari Kavkaz tog‘larida amalga oshirilgan, ammo moddiy qiyinchiliklar filmni nihoyasiga yetkazishga yo‘l qo‘ymagani uchun ijodiy guruh "kosmik kema" maketini tashlab ketishgandi. Uni hozirgacha sayyohlar suvenir sifatida tomosha qilishadi.

URALDAGI «KGBNING SIRLARI"

 

Amerikaliklar tomonidan ishlangan "NUJ: KGBning sirlari" filmida 1968 yil noyabr oyida Sverdlovsk viloyati Berezovskiy shahrida ro‘y bergan NUJning navbatdagi halokati haqidagi kadrlar namoyish etildi. Film muallifining aytishicha, kinotasmalar "rus mafiyasi" tomonidan 10 ming dollarga sotib olingandi.

Kinoda shunday manzaralar bor: o‘rmonda askarlarni ortib olgan ikki yuk mashinasi va uning orqasida ofitserlar minib olgan yengil avtomashinalar ketib borayapti. Daraxtlar orasida 4-5 metr atrofidagi yerga botib qolgan disk ko‘zga tashlanadi. Bunday burchak ostida qulash natijasida ko‘plab daraxtlarga zarar yetishi kerak edi, lekin nimagadir ularning gard ham yuqmagan barglari shamolda bemalol raqs­ga tushardi. Atrofda qo‘lida avtomat tutgan askarlar, zobitlar, "shtatdan kelgan odamlar" izg‘iydi.

Film haqidagi munozaralar Rossiyaga ham yetib kelganida, Gorkiy nomidagi kinostudiya rejissyori yordamchisi Olga Dolgaeva shunday degandi: "Ural halokati Podmoskoveda uyushtirilgan, "uchar likobcha" esa penoplastdan ishlangandi". 

Askarlar haqiqiy edi: harbiy qism bu yerga "ekskursiya"ga olib kelingandi. Muammo teatr tomoshasi uchun ishlatiladigan rekvizitlardan foydalanish asnosida tug‘ildi: askarlar yangi namunadagi shimlarni shinellari bilan berkitishga majbur bo‘lishdi. "Shtatdan kelganlar" esa Rossiyada unchalik ham tanilmagan aktyorlardan iborat edi.

VAHIMA UCHUN KO‘P PUL KERAK EMAS

 

"1967 yil 4 sentyabr" jumbog‘ini yechish uchun politsiya guruhi, sapyorlar, bir qator universitetlarning mutaxassislari oyoqqa turishdi. Ob'ekt uchib o‘tgan  joylar xavfli deb topilib, harbiy vertolyotlar u yerda patrullikni boshlagandi. Shu kuni tongda Buyuk Britaniyaning Bristol tumanida oltita "noma'lum uchar jism" bir chiziqda bir-biridan ma'lum km. uzoqlikda yotganida  topildi. Biri parkda, boshqasi golf maydonida, yana biri chiqindi to‘kadigan joyda...

"Likobchalar"ning diametri taxminan 1,2 m., qalinligi 40 sm., klassik taqsimcha ko‘rinishida, kumush rangida tovlanuvchi va nima uchundir "pip-pip" deya signal berar edi. Biroz kulgili, shunday emasmi? Ammo o‘sha payt­da bu jiddiy qabul qilingan. Rodjer Kenon ismli muhandis ularning bittasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi, keyinchalik jurnalistlarga kema tir­qishidan tashlagan tangasiga "mitti" yashil odamchalar" qanday munosabat bildirishini kutganini aytib o‘tdi.

Mazkur voqea ufologlarni hali-hanuz o‘ylantirib kelmoqda. Ammo 1967 yil 5 sentyabrdayoq inglizlar "likobchalar"ni Farn­boro texnika kolleji talabalari yasaganini bilgan. NUJlar kechasi yo‘l va so‘qmoqlar yaqiniga ertalab topish oson bo‘lishi uchun tashlab ketilgandi. "Taqsimchalar"ga ishlatilgan ehtiyot qismlari uchun talabalar bor-yo‘g‘i 30 funt-sterling sarf­lashganini tan oldilar. "Likobcha"ning korpusidagi suyuqlikdan  taralayotgan bemaza hid esa cho‘chqa tezagini suvga aralashtirib, hosil qilingandi.

«Spektakl» tashkilotchilaridan biri, talaba Kris Sausxoll shunday deydi: "Men qachondir Yerga "uchar likobcha" qo‘nishiga ishonaman. O‘zga sayyoraliklar haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Hozircha repetitsiya qilib turish ham zarar qilmaydi. Oltita oynali plastmassadan yasalgan "NUJ" uchun ketgan narsalar oddiy radiopriyomnik uchun ishlatiladigan ehtiyot qism­laridan qimmat turmaydi. Bunday vahimalarni sodir etish uchun ko‘p pul shart emas... "

LAREDOLIK "POMIDOR-ODAM"

 

1970 yil yanvarda "tennesilik janob" nujshunos Makintayrga 1948 yil 7 iyul kuni  Yerga qulagan NUJ haqida gapirib beradi.

Noma'lum "guvoh" AQSh harbiy dengiz floti (HDF)da fotograf bo‘lib ishlab yurganida, "uchar likobcha"ning halokatini ko‘rganini aytadi.

7 iyul kuni radar tekshiruvi ham bu ma'lumotni tasdiqlaydi va "F-94" rusumidagi ikkita samolyot "Dayss" bazasidan havoga ko‘tarilib, ob'ektni ko‘zdan kechirish uchun yo‘l oladi. Qiruvchi samolyotlar NUJga yaqinlashganida, u 90 gradus burchakka qayrilib, Texas sari yo‘l oladi. Soat 14:29da "likobcha" ekrandan yo‘qoladi. Ma'lum bo‘lishicha, u Texas shtatining Laredo shahridan janubga 30 mil uzoqlikka, Meksika chegarasiga qulagan edi. Voqea joyiga meksikalik harbiylar yetib keldi.

Yuqori haroratga qaramasdan, bizning "fotograf" ham kema va uchuvchini suratga olishga erishdi. Kuyib ketgan maxluqning bo‘yi 4 futu 6 dyyum (137 sm.), katta boshli, to‘rt barmoqli edi. Shish-kalla o‘zga sayyoralikka "pomidor-odam" deb laqab qo‘yildi.

Mazkur tarixni uch fakt bilan rad etish mumkin. Birinchisi - o‘sha paytda "Dayss" HHK bazasi 1945-1955 yillar davomida foydalanishga yaroqsiz deb topilgani uchun u yerdan hech qanday samolyot havoga ko‘tarila olmas edi. Ikkinchidan, radarlarga DEW chizig‘i 1957 yildan keyin kiritilgan. Bundan tashqari, "F-94" tipidagi samolyotlar 1948 yili hali ko‘kka ko‘tarilish qudratiga ega emasdi. Chunki uning prototipi 1949 yil yaratilgan va HHK tizimiga 1950 yildan kiritilgan.

Janob suratkashning aviahalokatning qoldiqlarini suratga olib, uni o‘zga sayyoraliklar va ularning kemasi, deya tasavvur uyg‘otishga harakat qilgani ko‘rinib turibdi.

"KELGINDI"NING YASHIRILISHI

 

O‘n yil ilgari ikki nafar "patologoanatom"ning maxsus himoya kostyumlarini kiyib olib, kelgindining beso‘naqay tanasi ustida tekshiruvlar olib borganlari 1995 yil 28 avgust kuni ingliz TVda namoyish etildi. Shundan so‘ng dunyoning boshqa yirik telekompaniyalari, shu jumladan, "Rossiya" ham mazkur tasmalardan efirda foydalandi. Ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritish uchun o‘shanda telekanallar uning egasi Rey Santilliga mln.lab dollar berishgandi. O‘zga sayyoralikning tasviri tushirilgan videokassetalarning har bir donasi juda tez vaqtda 70 dollardan sotilib ketdi.

Spetseffektlar bo‘yicha mutaxassislar filmdagi maxluq yasama ekanligi, unga zamonaviy texnologiyalar asosida ishlov berilganini bir ko‘rishdayoq sezishdi. Ular nafaqat bu turdagi niqob(maneken)ni yasash metodikasi bilan o‘rtoqlashishdi, balki tasmadagi kamchiliklarni ham aytib o‘tdilar.

Ma'lum bo‘lishicha, maneken yasashning eng arzon usuli - inson tanasidan ko‘chirma olish va unga "o‘zga sayyoralik"ning kerakli jihatlarini videotasvir orqali ko‘chirish - niqob yasashni noldan boshlashdan ko‘ra oson va kamxarj ekan.

Nihoyat, bu tarixga 2006 yil nuqta qo‘yildi. Buyuk britaniyalik Jon Xemfri ana shu tasvir uchun manekenni o‘zi yasaganini, mahsulotni tayyorlash jarayonida qo‘y miyasi, bo‘g‘inlar uchun qo‘zi oyog‘i va ichak-chavag‘idan ichki organlarini tabiiy ko‘rsatish uchun foydalanganini tan oldi. Xemfrining o‘zi o‘sha filmda jarrohlardan birining rolini ijro etgandi. Tasvirga olish jarayoni nihoyasiga yetgach, maneken bo‘laklarga bo‘linib, uning qismlari shaharning turli chekkalaridagi chiqindi idishlariga tashlab yuborildi.

Yuqorida NUJlarning uydirma ekanligi faktlar bilan isbotlandi. Lekin XX asrda sodir bo‘lgan shunday voqealar ham borki, ular hali-hanuz sirligicha qolib kelayapti.

"PO‘RTAHOL" NUJ    

1959 yilning 21 yanvarida Polshaning Gdini shahrida yashovchi er-xotin Plonchkerlar apelsin rangidagi va qizil hoshiyali "likobcha"ni suratga olishga muvaffaq bo‘ldilar. Portda ishlovchilar esa uning dengizga qanday qulaganini ko‘rishdi.

"Voqea taxminan oltilarga yaqin ro‘y berdi, - deydi kema sozlovchi Yan Blok. - Katta buyum boshim ustidan o‘z ortidan olovli to‘lqin hosil qilib, uchib o‘tganda o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Hushim joyiga kelganda, u allaqachon suvga g‘arq bo‘lgandi". "Weczor Wybrzeza" («Tungi dengiz bo‘yi») gazetasi NUJni suvdan olib chiqishni taklif qildi. Ko‘p vaqt o‘tmay, gazeta g‘avvoslar nimanidir topgani haqida xabar berdi. Biroq aynan nimani? Bu savolga faqatgina tumanli ishoralar qilingandi: "G‘avvos suv ostida hammani hayratga solgan qandaydir jism borligini ilg‘adi" va "sirli topilmani ko‘rmagunimizcha, hech narsaga ishonmaymiz" kabi.

Keyingi sonda esa suv ostidan tortib olingan "kuygan va sezilarli zararlangan metall bo‘lagi" Gdansk politexnika
institutiga yuborilgani haqidagi ma'lumot bosildi. Bilim yurtida mazkur qoldiq suv ostida uzoq vaqtdan beri yotgani va uning halokatga uchragan ob'ekt bilan hech qanday aloqasi yo‘qligi aniqlandi. Shundan so‘ng gazeta g‘ayritabiiy voqea haqida jar solishni to‘xtatdi.

Bir necha kun o‘tib, chegarachilar joni uzilay deb turgan "o‘zga sayyoralik"ni topib olishgani va u klinikada vafot etgani haqidagi gap-so‘zlar tarqadi. Afsus, ular tasdiqlanmadi. U holda samodan yerga qulagan narsa nima edi?

"Ishonchimiz komilki, Gdin ustida yerga tegishli bo‘lmagan kosmik kema avariyaga uchragan", - deydi polshalik NUJlarning mashhur tadqiqotchisi Bronislav Rjepetskiy. Shunday ekan, bu haqidagi hujjatlarni polyak va sobiq ittifoq arxivlaridan izlashga to‘g‘ri kelmoqda. Hozircha natijalar yo‘q. 

KET-KAPNING ETIMOLOGIYASI

 

Geolog M.Stolyar o‘zining "Yoqutiston Avtonom Respublikasi Uchuro-Chyulbinsk tumanining geologiyasi va oltin zahiralari" monografiyasida Ket-Kap tog‘ tizmasi nomini NUJlar bilan bog‘lar ekan, shunday yozadi: "Tungus D.Martinov "ket" yoqutcha "keter" so‘zining qisqartmasi bo‘lib, "sanchilmoq", "tegib o‘tmoq" ma'nosini, "kap" esa "korabl" so‘zining buzilgan shakli ekanligi haqida gapiradi. Uning otasidan eshitgan hikoyasida ancha oldin qandaydir havo kemasi shu toqqa urilgan, tunguslar esa uning parchalaridan pichoqlar yasagani haqida ma'lumotlar bor... Afsonaviy kemani izlash esa menda qiziqish uyg‘otmadi".

Shu voqea sharafiga Charchaxan tizimidagi tog‘lardan biriga "Yalang‘och Aeroplan" nomi berilgan.

Rossiya Fanlar Akademiyasining Yoqutiston filiali Sibir bo‘limining katta ilmiy xodimi S.Nikolaev shunday deydi: "Uchuradagi mazkur rivoyatga uchar apparat haqidagi mish-mishlar xamirturush bo‘lgani ehtimoldan xoli emas. Aynan qaysilari? Taygaliklar ularni dahshatga solgan haqiqiy halokatni afsonaga  asos qilib olgan bo‘lishlari mumkin..."     

Sigizmund Levanevskiyning samolyoti yo‘qolgan 1937 yilda sobiq ittifoqning hech bir aeroplani yoki dirijabli Yoqutiston sarhadlarida halokatga uchramagani ma'lum. Unda Ket-Kap voqeasi-chi?

Afsuski, "kema"ni hech kim qidirmadi. Mahalliy xalq ishlatayotgan pichoqlarning metall tahlillarini olish taklifi ham yo‘q emas. U yerlarda metall jismlar juda qadrlanadi, ustiga ustak "samoviy jism"dan tayyorlangan bo‘lsa, saqlanib qolgan bo‘lishi haqiqatga juda yaqin.

KEKSBURG "YONG‘OG‘I"

 

1965 yil 9 dekabr kuni Kanada va AQShning shimoliy-sharqiy shtatlari ustida yorqin rangli qandaydir jism yerdan taxminan 24 km. balandlikda portlab ketdi. Astronomlar - Fon del Chemberlen va Devid Krauzening fotosuratlari va guvohlarning fikriga asoslanib, NUJning tezligi sekundiga 14 km.ligi aniqlandi.

Pensilvaniya shtatidagi unchalik ham katta bo‘lmagan Keksburg shahriga qulagan uchar jismning halokatiga sabab qilib uning meteor bilan to‘qnashib ketishi ko‘rsatilgandi. "Qaynoq nuqta" harbiylar tomonidan o‘rab olingunga qadar NUJni bir necha kishi o‘z ko‘zi bilan ko‘rib ulgurdi. Ulardan biri Bill Byulbush o‘rmonga shoshayotganda, yo‘l bo‘yida yotgan katta olov-apelsin rang va o‘zidan ko‘k uch­qun hamda g‘alati ovoz chiqarayotgan "yong‘oq"ni ko‘radi. U tuproq ostiga biroz kirib ketgan, ko‘rinishidan kraterga o‘xshamas, hayratlanarlisi, oltin rang halqalarida qandaydir ierogliflar mavjud edi.  Boshqa guvohlarni askarlar qurollari bilan do‘q urib, bu yerdan haydashgan.  Aynan shu kishilar harbiy yuk avtomashinasiga ortilgan ob'ektni ko‘rishgan.

Don Sebastyan kabi qiziquvchilar radiodan shu haqidagi xabarni eshitib, voqea joyiga shoshilganda, politsiya xodimlari ularni to‘xtatishgan. O‘rmon va uning atrofini besh qo‘ldek biladigan Don esa tartib posbonlarini chalg‘itib, daraxtzor ichiga kirish yo‘lini topadi. "Men u yerda tish-tirnog‘igacha qurollanib olgan harbiylarni kuzatdim. Qat'iy tartib ostida saf tortgan askarlar dahshatli qichqiriq quloqlarni larzaga solgunga qadar, tek turishdi. Bu juda ham qo‘rqinchli ovoz edi. Daqiqa o‘tib, u yana takrorlandi. Bu shovqin odam zotiga tegishli emas edi. Asablarim dosh bermadi. Meni bu yerda itdek otib tashlashlari mumkinligini bilib, vaqtida ortga qaytdim", - deydi janob Sebastyan.

Kechqurun chamasi soat birlarda keksburgliklar ikki jip va harbiy yuk mashinalaridan iborat og‘ir yuk ortib olgan kichik kolonnani kuzatib qo‘yishdi. Ayrim mutaxassislarning fikricha, bu yerga qulagan jism sobiq ittifoq olimlari tomonidan Venerani tadqiq etish uchun yaratilgan "Kosmos-96" apparati edi. Ammo "Kosmos-96" NUJning Keksburg osmonida halokatga uchrashidan 13 soat oldin atmosferaga ko‘tarilgandi. Bu ma'lumotni sobiq ittifoq tarafi ham tasdiqlagandi.

MAVHUM MAVZU

 

"Odatda osmondan qandaydir ob'ektning qulashiga o‘nlab odamlar guvoh bo‘ladilar, agar ular ming­lab bo‘lmasa, albatta. Buni rad etib bo‘lmaydi. Shunga qaramasdan, ko‘pincha harbiylar vaziyatni o‘z qo‘llariga olib, mazkur hodisalar yuzasidan oddiy fuqarolarning tekshiruv o‘tkazishlariga ruxsat berishmaydi, - deydi olim Mixail Gershteyn. - "NUJlarning qulash sirlari" asarimda bu haqida ko‘p to‘xtalganman. Bunday payt­da armiyadagilar eng oddiy savolga javob berishdan ham qochadilar va boshqalar yangiliklar hamda maxfiylik yo‘qolmaguncha uzoq kutishga majbur qilinadi".

Ufologiya fani va uning vakillari allaqachon 1947 yil Rozuelda pastga qulagan disk sobiq ittifoq atom dasturi "Mogul" doirasida o‘tkazilgan operatsiyalarga tegishli ekani ma'lum bo‘lganda, tashvishga tushishgandi. To‘g‘ri, oradan oltmish yil o‘tmoqda. Aytish mumkinki, bu kabi g‘alati hodisalar yana ro‘y bermasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Hattoki, ular bundan-da, qiziqroq va hayajonliroq ko‘rinish kasb etishi mumkin.

Saidjon MAXSUMOV

"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.