OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

“Mutlaqo toza“ degani... afsona yoxud “toza“siga aldanmang

“Hozirgi paytda ikki yarim million rossiyalik alkogolizm xastaligiga duchor bo‘lgani rasmiy ravishda qayd etilgan, — deb yozadi “AiF” haftanomasi. — Amalda katta yoshdagi har uch kishining biri ruhiy zarbalardan xalos bo‘lish uchun muntazam ravishda ichkilik ichadi. Narkolog shifokorlarning uqtirishicha, ular hayotini xavf-xatarga qo‘ygan, oqibati o‘lim bilan yakunlanadigan guruhga kiradi”.

Har yili alkogolizm balosiga duchor bo‘lgan 700 ming kishining hayotdan ko‘z yumayotgani ham shu bilan izohlanadi. “Ichkilikni suiiste’mol qilayotgan paytda faqat “shishadosh do‘st”ni emas, o‘z organizmingizni ham o‘ylang. Shishadoshlar tarqalib ketadi, siz esa tanangizdagi aroq kemirayotgan jigar bilan yashashingiz kerak bo‘ladi”, deb yozadi O.Kostenko. Uning qayd etishicha, ichkilikni suiiste’mol qilishda odamlar orasida aroqning nechog‘li tozaligiga oid noto‘g‘ri fikrlar shakllanib qolganining ham ta’siri bor.

— Ichkilikka mukkasidan ketganlar aroqni viski, konyak, rom va boshqa “qo‘lbola” ichkiliklardan ham toza, hatto “Iso payg‘ambarning ko‘z yoshidek musaffo”, deya noto‘g‘ri talqin etishadi, — deydi narkologiya shifokori Ye.Bryun. — Mahsulotini reklama qiluvchilar “mutloq toza” degan iboradan ichkilikning fazilati sifatida foydalanib qolishga urinadilar. Holbuki, spirtni tozalashda uning tarkibidan chiqib ketadigan moylar, efirlar, aldegid va boshqa moddalar konyak, viski va shu kabi boshqa ichkiliklarga ta’m va hid berish bilan birga undagi zararli unsurlar ta’sirini yumshatadi ham. Agar bu moddalar xuddi etil spirti kabi ajratib olinsa, u o‘ta zaharli bo‘lardi.

1895 yilga qadar, ya’ni spirt-rektifikatga suv qo‘shgan holda ommaviy ravishda sanoat usulida ichkilik (hozir u aroq deb ataladi) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgunga qadar, Rossiyada “non musallasi”, ya’ni samogon “qo‘lbola” usulda tayyorlangan. Sanoat usulida ommaviy tarzda ishlab chiqarila boshlagan ichkilik esa, unga 1936 yilda davlat tomonidan rasman “aroq” deb nom berilguniga qadar, “oshxona ichimligi” yoki “tozalangan musallas“ deb atab kelingan. Ana shu “tozalangan musallas” nomi bilan sanoat usulida aroq chiqarila boshlashi bilan avvalgi “non musallasi” tayyorlash usuli izdan chiqadi. 1895 yildan boshlab vinoga davlat monopoliyasi o‘rnatilishi bilan dondan olinadigan shu kabi barcha distillyatlar taqiqlanadi va uning o‘rniga spirt-rektifikatning suvdagi eritmasi, ya’ni “non musallasi”ni “o‘limga mahkum” etgan hozirgi “aroqxon to‘ra” hokimi mutloqqa aylanadi.

— Negadir ko‘pchilik hanuzgacha “vodka” “rus non musallasi” (samogon)dan keskin farq qilishiga ishonmaydi, — deydi mashhur toksikolog V.Nujniy. — Holbuki, aroq tarkibidagi odamni tez sarxush qiluvchi etanolning o‘zigina emas, uning ta’sirida organizmda ajralib chiqadigan atsetaldegid degan o‘ziga xos ferment juda zaharli. U chinakam kantserogen (saraton kasalligini yuzaga keltiruvchi modda yoki sharoit) bo‘lib, alkogolning barcha zaharli asoratlari, shu jumladan, og‘ir karaxtlik ham ana shu ferment bilan bevosita bog‘liq.

“Aroq eng toza mahsulot” degan uydirmaga chuv tushgan har beshta rossiyalikning biri alkogol asoratidan hayot bilan vidolashmoqda. Holbuki, yuz yil muqaddam Bexterov, Pavlov va Vvedenskiydek mashhur olimlar hushyor hayot tarziga doir “sobriologiya” degan maxsus fanni yaratishgan edi. Biroq daholar ham ichkilikni suiiste’mol qilgan-ku, degan tushunchalarga yopishib olganlar yo‘q emas. Ular Van Gogning absent, Yeseninning 30 yoshga yetganda ketini uzmay ichadigan mayzadalik kasaliga giriftor bo‘lgani, Xeminguey esa icha-icha jigar tsirroziga yo‘liqqanini tilga olishni unchalik xushlamaydilar. Ha, alkogol ularga jazavali, jozibador ijod onlari og‘ushida bo‘lishga yordam bergan bo‘lishi mumkin, biroq hayoti bilan tovon to‘lashga majbur etgani ham hech kimga sir emas. Yana shuni aytish kerakki, ularga o‘xshab hech bir moneliksiz “so‘nggi chegara”ni ham unutgan holda ichkilikka mukkasidan ketish — bu darhol ikkinchi “Alvido, qurol”ni yozib tashlash degani emas. Ko‘p hollarda mast odamlar ilhom parisi ulardan yuz o‘girganini sezishmaydi ham...

Injilda keltirilgan masallarda alkogolli ichkilik xuddi ilon chaqqanidek yoxud yovuz odamning zahridek azob va dard-alam keltiradi, deyilgan. Negadir bu juda kam tilga olinadi.

Dunyoviy dinlar orasida faqat islomdagina ichkilik ichish baralla va oshkora taqiqlanadi, alkogol harom hisoblanadi. Qur’onu hadislarda nafaqat ichuvchilar, ayni chog‘da, uni tayyorlaydigan va sotadiganlar ham la’natga mahkum deyiladi.

“AiF”ning 37-39-sonlaridan “O‘zAS” tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.