OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyqusizlikni yengish mumkinmi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, har uch kishidan biri qirq yoshdan so‘ng uyqusizlikdan aziyat chekarkan. Xo‘sh, vaqtida miriqib uxlashga nima xalaqit beradi?

— Agar odam haftasiga uch marta to‘yib uxlolmasa, unga “uyqusizlik”ka chalingan bemor sifatida tashxis qo‘yiladi, — deydi somnolog-shifokor M.Poluektov. — Odatda, onda-sonda bo‘lib turadigan uyqusizlik o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi. Biroq biror ruhiy zarbadan so‘ng uch oy o‘tgach ham uyqu maromiga tushmasa, demak, muammoni organizm o‘zicha mustaqil bartaraf etolmayotgan bo‘ladi. U holda shifokorga murojaat qilish lozim.

— Odamlar uyqusizlikni dori-darmon bilan yengishga urinadi. Ayrim keksa kishilar bedorlikning oldini olish uchun uyquga yotish oldidan ”tomchi” dorilardan foydalanishadi.

— Uxlashga yordam beruvchi dori-darmonlarning zararini hamma biladi. Rossiyada 4,5 foiz aholi bunday dorilarni suiiste’mol qiladi. G‘arbda esa aholining 0,2 foizi uyqu dorilarni qabul qilsa-da, bunga katta muammo sifatida qaraydi. Shu bois uyqu dorilardan shifokorning tavsiyasi bilan foydalangan ma’qul. Uyqusizlikning ayrim turlarida (masalan, surunkali uyqusizlikda) ular foyda bermaydi, qolaversa, bemor bu dorilarga odatlanib qolishi ham mumkin. Keksa kishilar ko‘p iste’mol qiladigan fenobarbital juda kuchli preparat bo‘lib, ko‘pgina noxush ta’sirlari ham bor. Yangi tug‘ilgan kalamushlarga berilganda bu dori intellektga doir neyron hujayralari faoliyati buzilishiga olib kelgan.

— Uyqusizlik nimadan paydo bo‘ladi?

— Uyquga ketish uchun mushaklar to‘la bo‘shashishi zarur. Uyqusizlik (uning to‘qqizta turi bor), asosan, bosh miyada kechayotgan jarayonlarning ortiqcha faolligi tufayli kelib chiqadi. Surunkali uyqusizlik odamning uxlay olmasligini o‘ylashi, o‘zi sezmagan holda uyqu kelishini kutishi sababli ham paydo bo‘ladi. Bunday holda ba’zan eng kuchli dolrilar ham naf bermaydi.

— Keksa kishilarning tunda yaxshi uxlay olmasligi sababi nimada?

— Ular kamharakat. Kunduzlari mudrab olish imkoniga ega. Bu esa tungi uyquga ehtiyojni kamaytiradi.

— Shifokorlar uyqusizlikni qanday davolashadi?

— Surunkali uyqusizlikda uyquni cheklash usuli yordam beradi. Agar uxlagani to‘shakka yotgan odamning uyqusi kelmasa, o‘rnidan turib biror ish bilan shug‘ullanishi va uyqu kelgandagina o‘ringa yotish kerak. Ayrim hollarda ruhiy siqilishga qarshi preparatlar tayinlanadi. Ular odamni xotirjam qilib, uyqusizlikni yengishga yordam beradi. Biroq shuni ham inobatga olish lozimki, umr mobaynida asablarini izdan chiqargan kishining uyqusizligini tezda bartaraf etish mushkul. Odatda, uyquni me’yorga solish uchun uch oy vaqt ketadi.

— Odam o‘ringa yotgandan so‘ng uxlay olmasa, nima qilishi kerak?

— Agar bu surunkali muammoga aylanmagan bo‘lsa, unda kishi joyida yotgani ma’qul. Uyqu, albatta, keladi: bu organizmning tabiiy ehtiyojidir. Bunday holda yaxshi narsalar haqida o‘ylash, uxlashga o‘zni majbur etmaslik kerak! Agar uyqu kelavermasa, xayolan birdan yuzgacha yoki yuragingiz urishini sanang — miyaning bir me’yordagi aqliy faoliyati bosh miyani toliqtiradi va uyqu “chaqiradi”. Bunday holatda kitob o‘qisa ham bo‘ladi. Issiq sut ichilganda esa uning tarkibidagi triptofan aminokislotasi melatonin deb ataluvchi uyqu gormoniga aylanadi. Dam oldiradigan yoqimli musiqa ham, agar ovozini ko‘tarmay eshitsangiz, uxlashga yordam beradi.

Uyqusizlikdan, asosan, o‘rta yoshdagi ayollar ko‘proq aziyat chekishadi. Ular bu yoshdagi erkaklarga nisbatan ikki barobar ko‘proq uyqusizlikka chalinadilar. Keksa yoshdagilarning 72 foizi uyqusizlikdan shikoyat qiladi.

Och holda uxlashga me’da monelik qilmaydi. Haddan ortiq to‘ygan holda uxlash esa qiyin kechadi. Ortiqcha taom hazm a’zolarini jarohatlovchi reflyukslarni kuchaytiradi. Natijada jig‘ildon qaynab, uxlashga xalaqit beradi.

Umurtqa osteoxondrozi, me’da yarasi, bo‘g‘im og‘riqlari, allergek rinit xastaliklari ham uxlashga xalaqit beradi.

Aksariyat odamlar 7-8 soat uxlaydi. Bundan kamroq uxlashga odatlangan kishilar ham bor. Biroq ular buning evaziga turli ruhiy va jismoniy xastaliklarga duchor bo‘ladilar.

Miriqib uxlash uchun tashqi ta’sirlar xalaqit bermasligi kerak. Yelkasi yoki bo‘yni og‘riydiganlarga ordopedik to‘shaklar yordam berishi mumkin. Agar uxlolmaslikka ruhiy zo‘riqish sabab bo‘lsa, qimmatbaho ko‘rpa-to‘shak yordam bermaydi. O‘rug‘lik to‘sadigan niqob yoki shovqin o‘tkazmaydigan berush yaxshi uxlash imkonini beradi, biroq ularning noo‘ng‘ay jihatlari ham bor. Bunda qaysi bir tashqi ta’sir ko‘proq o‘ng‘aysizligini aniqlash lozim bo‘ladi.

Havodagi karbonat kislotalari miqdori ko‘pligi uyqu sifatiga ta’sir etmaydi. Biroq toza havo hissiyotga ta’sir ko‘rsatib, ruhiy jihatdan yoqimli sharoit tug‘diradi.

Amerikalik olimlar o‘tkazgan tadqiqotlar ota-onalari bilan bir to‘shakda yotgan yosh bolalar yaxshi uxlashini, biroq ular voyaga yetgach, alohida yotishga o‘rgatganlarida, tug‘ilgan kunidan boshlab alohida yotgan bolalarga nisbatan yaxshi uxlay olmasliklarini ko‘rsatdi.

Amerikada maktabgacha yoshdagi bolalarni kechqurun soat sakkizda uxlatishadi. Darvoqe, tashqi yorug‘lik va shovqin kamaygandan so‘ng bemalol uxlash mumkin. Quyosh botganidan so‘ng organizmni kechki uyqu rejimiga hozirlaydigan melatonin gormoni hosil bo‘lishi kuchayadi. Quyosh botmasdan avval esa, melatonin gormoni yetishmasligi bois tezda uxlash qiyin kechadi.

Oqshomda mashq qiluvchi sportchilar yaxshi uxlaydi. Biroq shuni unutmangki, jismoniy mashqlar uyquga yotishdan olti soat oldin tugagandagina, miriqib uxlash mumkin.

AiF”ning 40-, 42-sonlaridan “O‘zAS” tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.