Salomatlikka ziyon yetmasligi uchun taomlarda tuz miqdori qancha bo‘lishi kerak? Amerika yurak xastaliklarini tadqiq etish assotsiatsiyasi ekspertlari osh tuzini (NaSl) me’yordan ortiqcha iste’mol qilish miokard kasalliklarini rivojlantiruvchi eng kuchli omil sifatida baholamoqda. Ular salomatlikka (yurak va qon tomirlarga) zarar yetkazmasligi uchun taomlardagi kunlik osh tuzi miqdorini 2440 mg. natriydan oshirmaslikni tavsiya etishadi.
Odamlar, odatda, kuniga taomlar tarkibida o‘rtacha 3500 mg. miqdorida osh tuzi iste’mol qiladi. Bu oddiygina bir choy qoshiq miqdorida tuz bo‘lib, uning 2440 mg. natriydan ortiqchasi ham favqulodda ko‘p hisoblanadi. Agar siz fast-fud va dudlangan tuzlamalarni yaxshi ko‘rsangiz, kuniga 5000 mg. natriy iste’mol qilgan bo‘lasiz. Bu me’yordagidan ikki barobar ko‘p.
Britaniyalik mutaxassislar kunlik iste’mol mahsulotlari tarkibida qancha tuz borligini hisoblab chiqishdi:
— bir bo‘lak oq va qora nonda 230 mg. osh tuzi bor;
— bir portsiya (300-400 gr.) kolbasa va qoqlangan go‘shtda 1050 mg. tuz mavjud;
— o‘rtacha hajmdagi (diametri 40 sm.) pitstsa 760 mg. osh tuziga ega;
— bir bo‘lak tovuq go‘shti va uning fast-fudga solinadigan qanotchalarida 200 mg., sonida esa 600 mg. tuz bo‘lishi mumkin;
— sendvich, gamburger yoki xot-dogda qaylalari retseptiga qarab, 400 dan 900 mg.gacha osh tuzi mavjud bo‘ladi.
Yurak va qon tomirlar bardam-baquvvat bo‘lsin desangiz, ana shu me’yorlarga qat’iy amal qilishni unutmang.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 3-sonidan olindi.