OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olmaning xosiyati po‘stidami?

Olma sevib iste’mol qilinadigan ne’matlardan biri. Uning tarkibida temir va S darmondorisi ko‘p. Ba’zilar oshqozonida yarasi borlar sho‘r olma yeyish mumkin emas, deb hisoblaydi. Bu gap u qadar to‘g‘ri emas. 150 gramm tosh bosadigan o‘rtacha olmada atigi kunlik ehtiyojning bir foizidan oshmaydigan miqdordagina temir moddasi mavjud. Askorbin kislotasi ham nisbatan ko‘p emas — 7 milligramm yoki kunlik ehtiyojning 11 foizi darajasida. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, bu modda apelsinda bundan o‘n barobar ko‘p. Olma me’dasida yarasi borlar uchun hatto foydali. Italiyalik olimlar olma aspirinning oshqozonga salbiy ta’sirini jilovlab, foydali ta’sirga xalaqit bermasligini aniqlashdi. Shu sababli yurak xastaligi borlar va doimiy ravishda shu preparatlarni qabul qiluvchi bemorlar hapdori ustidan olma yeyishi maqsadga muvofiq. Bo‘g‘imlari og‘riydigan kishilar ham shu turdagi ­dorilardan foydalanganda olma iste’mol qilib turganlari yaxshi.

Olmaning shifobaxshligi yana shundaki, uni iste’mol qilayotganda mevadagi nitratlardan so‘lak bezlarida azot oksidi hosil bo‘ladi, bu modda so‘lak bilan me’daga tushayotib, nafaqat sizni oshqozon yarasidan, ayni chog‘da, saraton o‘smalaridan ham himoyalaydi. Olma tarkibidagi katexinlar va xlorogen kislotasi bu foydali moddaning ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Ayni chog‘da, nitratlardan zararli moddalar hosil bo‘lishi oldini oladi.

Olma taom hazm bo‘lish tizimi uchun betakror ne’mat hisoblanadi. Eksperimentlarda olmaning jigar va yo‘g‘on ichakda saraton to‘qimalari ko‘payishiga to‘sqinlik qilishi isbotlangan. Faqat klyukva (ertut) ekstraktigina bu borada olma ekstraktiga teng keladi, hatto ozroq ustunlikka ham ega.

Olimlar eksperimentlarda ikki xil: olmani po‘stini archmay va po‘sti archilgan holda ekstrakt tayyorlab ko‘rdilar. Po‘sti bilan birga tayyorlangan olma ekstrakti saratonga qiron keltirishda katta samara berishi aniqlandi. Negaki, olma po‘sti tarkibida antioksidantlar ko‘p ekan. Masalan, eng kuchli antioksidant hisoblangan flavonoidlar olmaning po‘stida mevaning o‘zidagiga qaraganda ikki-uch barobar, fenol kislotalari esa olti barobar ko‘p. Antioksidantlar faolligi ham olma po‘stida yuqori ekan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadi: olma iste’mol qilayotganda uning po‘stini archishga hojat yo‘q.

Olmaning po‘sti maxsus tekshirib ko‘rilganda tarkibida triterpenoidlarga taalluqli 12 xil yangi modda topilgan. Ular ham jigar, ko‘krak va yo‘g‘on ichakdagi xavfli o‘sma to‘qimalari ko‘payishini jilovlaydi. Bu moddalar ulardan maxsus hapdorilar tayyorlash maqsadida jiddiy o‘rganilmoqda. Hamshiralar salomatligini tadqiq etish bo‘yicha xalqaro tadbir ishtirokchilari ko‘p yillar mobaynida 80 ming nafardan ziyod oq xalatli ayollar sog‘lig‘ini nazorat qilib, shunday fikrga kelishdi: ayollarda o‘pka saratonini keskin kamaytirish uchun ular kuniga bir dona olma yeyishi kifoya ekan.

Olma o‘pka va, umuman, nafas yo‘llari tizimi uchun nihoyatda foydalidir. Olmaning bronxlar damqismasi rivojlanishini sezilarli darajada kamaytirishini birinchi bo‘lib angliyalik olimlar aniqlashdi. Ular hatto haftasiga atigi ikkita olma iste’mol etilganda ham bu xastalik shifosi uchun foyda berishini isbotladilar. Ushbu natijani katta yoshdagi odamlarni tekshirib ko‘rgan avstraliyalik va finlyandiyalik olimlar ham tasdiqlashdi. Fin olimlari boshqa tabiiy ne’matlarda bunday xususiyat yo‘qligini aniqlashdi. Niderlandiyalik olimlar 13 mingdan ziyod katta yoshdagi kishilarni tekshirib, olma va nok nafas olish tizimiga yaxshi ta’sir ko‘rsatishini aniqladilar: haftasiga olmani besh donadan kamaytirmay iste’mol qilib yuruvchilarda o‘pka hajmi katta bo‘lar ekan. Ko‘plab tadqiqotlarda esa olmaning qon tomir va yurak uchun nihoyatda foydali ekani isbotlangan, ya’ni olma ateroskleroz bilan bog‘liq infarkt, insult va boshqa xastaliklardan muhofaza qiladi.

Olmaning shifobaxshligi siri tarkibining antioksidantlarga boyligidadir. Tarkibida fenol va flavonoid antioksidantlari miqdori turlicha bo‘lishiga qaramay, olmaning barcha navlari foydalidir. Ular “bo‘sh radikal”, deb ataluvchi zararli moddalarni xavfsizlantiradi va bu bilan qarish jarayonini sekinlashtiradi, zararli mutatsiyalashuvni bartaraf etadi va hokazo. Xuddi hapdorilarga o‘xshab, genlar faoliyatini kuchaytiradi yoki susaytiradi, retseptor va fermentlar ishini tartibga soladi. Umuman, antioksidantlar odamga darmondorilar kabi zarur. Olmadagi kabi rang-barang antioksidantlarni boshqa biror ne’matda uchratish qiyin.

“AiF”dan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.