OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qalampir va ko‘k choyning shifosi

Yaqin-yaqingacha mutaxassislar qalampir va boshqa o‘tkir ta’mli ziravorlarni iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lish zarurligini uqtirib kelishardi. Ovqatni hazm etish a’zolari xasta bemorlarga ulardan foydalanish man etilgandi. Endilikda esa, bu moddalarga munosabatda shifokorlar fikri o‘zgarmoqda. Xususan, qalampir va murch kabi ziravorlarning jigarga umuman ziyoni yo‘q ekan. Biroq bu mazkur ziravorlardan har kim ta’biga qarab bemalol foydalanaversa bo‘ladi, degani emas. Ayniqsa, tsirroz va yurak kamquvvatligi xastaligida, shishlar hosil bo‘lganda ulardan osh-ovqatda foydalanish tavsiya etilmaydi. Jigar xastaliklari bo‘yicha mashhur shifokor, tibbiyot fanlari doktori A.Buverovning fikricha, qalampir va murch chanqoqni oshirib, ko‘p suv ichishga sabab bo‘ladi va bu bilan bemorning ahvoli-ruhiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qalampir tarkibidagi bromelayn fermenti oqsillarni parchalaydi, kapsaitsin moddasi esa o‘tkir achchiq ta’m berish bilan birga, termogenez jarayonini kuchaytiradi. Buning natijasida a’zoi badanimiz o‘zidan ko‘p issiqlik chiqaradi va tanadagi yog‘larning bir qismi parchalanib ketadi. Nonushta payti iste’mol qilingan achchiq ta’mli taom organizmdagi quvvatning 23 foizi sarf bo‘lishiga olib kelar ekan. Ayni chog‘da, kapsaitsin yigirmadan ortiq oqsillar tarkibini o‘zgartirish bilan birga, yog‘li to‘qimalarning o‘sishiga to‘sqinlik ham qiladi.

Qora murch tarkibidagi piperin, zanjabil tarkibidagi gingerol va shogaol moddalari ham termogenez jarayonini kuchaytiradi. Bu ziravorlarni birgalikda qo‘llash esa turli ortiqcha yog‘larning hazm bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatib, hosil bo‘lgan energiya sarfi kuchayishiga olib kelar ekan. Ularni birgalikda ishlatishning fazilati shundaki, birida kamroq bo‘lgan foydali modda o‘rnini ikkinchisi to‘ldiradi. Hindistonda ularning hammasidan keng foydalanilishi sababi shunda. Masalan, hindlar qizil qalampir va qora murch, zanjabil va zira, shuningdek, koriandra, kurkum va boshqa ziravorlarni bir-biriga munosib nisbatda qo‘llab, yaxshi ziravorlar majmuini yaratishgan. Turli ziravorlardan ko‘p foydalaniladigan Hindiston, Xitoy va butun Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida G‘arbdagiga qaraganda haddan tashqari semiz odamlar kam. Bu mazkur mamlakatlar aholisi irsiyati bilan u qadar bog‘liq emas. Negaki, mintaqada so‘nggi paytda G‘arbning oziq-ovqat kontsernlari ish boshlashi va turli “fast-fud”larning ko‘payishi natijasida semirish epidemiyasi va qandli diabetning ikkinchi tipi paydo bo‘ldi.

Mintaqada odamlarning tez semirishiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan yana biri bu — ko‘k choydir. Uning tarkibida katta miqdorda katexin mavjud. Bu modda yurak va qon tomirlarni himoya qilib, saraton hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birga, ko‘k choy jigar va teri ostida yog‘ to‘planishining oldini oladi, termogenez jarayonini kuchaytiradi.

Albatta, birgina ushbu jihatlariga ko‘ra, hindlar kabi o‘ta achchiq taomlarni iste’mol qilishga odatlanishning hojati yo‘q. Biroq taom tayyorlashda qalampir va murchdan foydalanish, dasturxonda esa hamisha maydalangan turfa ziravorlarning bo‘lishi foydadan xoli emas. Ular tuz iste’mol qilishni kamaytirishiga ko‘ra ham foydali. Ziravorlardan birinchi va ikkinchi taom hamda turli salatlarga ozgina qo‘shib yuborish foydali bo‘lish bilan birga, taomlarga yaxshi ta’m ham beradi.

Olimlarning so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, kavsh qaytaruvchi jonivorlar (qo‘y, echki, sigir) suti va ulardan tayyorlangan sut hamda go‘sht mahsulotlari parhez taomlar hisoblanib, semirishga to‘sqinliq qiladi. Spirt qo‘shilmagan qizil vino ham semirib ketishga to‘sqinliq qiladi. Ayni chog‘da jigarni spirtning salbiy ta’siridan himoyalaydi. Qandli diabet va aterosklerozdan saqlaydi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 36-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.