Xitoydagi Szilin universiteti olimlari tuxum oqsili iste’moli arterial qon bosimini tushirishga yordam berishini aniqladilar. — «Tuxum oqsili gipertoniyaning oldini olish va davolashda foydali bo‘lishi mumkin. Biz o‘tkazgan tajribalar bu boradagi avvalgi ma’lumotlarni tasdiqladi»,— deydi tadqiqot muallifi Jipeng Yu.
Tuxum oqsili ayrim dori preparatlaridan qolishmas ekan. Holbuki, shu vaqtga qadar tuxumda xolesterin juda ko‘p deb hisoblab kelinardi. Olimlar buning siri tuxum oqsili tarkibidagi moddalarda, deb hisoblamoqda. Aynan ular yurak xastaliklarini keltirib chiqaradigan omillardan biri bo‘lgan qon bosimini tushirishga yordam beradi. Tuxum oqsillari iste’moli bemorlar qon bosimi me’yorini nazorat qilishga ko‘maklashadi.
Mutaxassislar tajriba chog‘ida qon bosimi yuqori bo‘lgan sichqonlarni tuxum oqsili tarkibidagi peptid moddasi bilan oziqlantirib, shunday xulosaga kelishdi. Endi tuxum oqsilining bu xususiyati odamlarda ham sinab ko‘riladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 16-sonidan olindi.