OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olmaning yetti xil foydasi

http://ziyouz.uz/images/olma.jpg

Manbalarda keltirilishicha, dunyoda olmaning yetti mingga yaqin navi mavjud. Bizning yurtimizda esa yuzdan ziyod olma navlari o‘stiriladi. Parhezshunos N.Suslinaning yozishicha, olmani salomatlikka ziyon yetkazmaydigan darajada iste’mol qilish — me’yorini saqlash uning tarkibidagi uglevodlar miqdoriga qarab aniqlanar ekan.

— Qizil olmaga qaraganda ko‘m-ko‘k olmaning kaloriyasi biroz kam, — deb ta’kidlaydi ekspert. — Agar vaznni kamaytirmoqchi yoki qand xastaligidan himoyalanmoqchi bo‘lsangiz, ko‘k olma, ya’ni ­nordon-shirin olmalarni iste’mol qilgan ma’qul.

— Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, kuniga 700-800 gramm har xil sabzavot va mevalar iste’mol qilish kerak. Olmalar g‘arq pishgan mavsumda esa ularni olmaga almashtirsa ham bo‘ladi. Faqat bunda erkaklar olmani 700 g. ayollar esa 500 g.dan oshirmasligi kerak. Shuni hisobga olingki, olma tarkibida me’da shirasi hosil bo‘lishiga ta’sir qiladigan kislota mavjud. Shu bois olmani odatda tushlikdan avval iste’mol qilgan yaxshi. Bu ishtahani ochadi, olma tarkibidagi kletchatka (biriktiruvchi to‘qimalar) esa, me’dani to‘ldiradi, natijada tushlikda haddan ziyod ko‘p ovqat yeb qo‘ymaysiz. Olma tarkibida S darmondorisi va foydali pektin ham mavjud.

— Olma urug‘ida ko‘p miqdorda yod bor. Shuning uchun kuniga 2-3 dona olmani urug‘lari bilan iste’mol qilish foydali. Bu bilan bir kecha-kunduzlik yodga bo‘lgan ehtiyoj ta’minlanmasa-da baribir, u foydali. Ikkinchidan, yaxshi pishmagan olma urug‘ida zaharli sinil kislotasi bor. Bir necha kilogramm shunday olma urug‘i bilan iste’mol qilinsagina u zararli ta’sirga ega bo‘ladi.

— Ayrimlar oddiy olmaga qaraganda qo‘rda pishirilgani kaloriyali, deb hisoblaydi. Agar pishirish chog‘ida olmaga asal, shakar, tvorog qo‘shilmasa, uning kaloriyasi oddiy olmaniki bilan bir xil bo‘ladi. Agar qishga g‘amlash uchun olmalarni quritib olsangiz 100 g.dan 20 g. olma qoqi chiqadi. Ularning kaloriyasi esa bir xil. Biroq olma qoqini choynakka qaynoq suv solib damlasangiz, yaxshi olmali choy bo‘ladi. Bunday damlama tinchlantiruvchi xususiyatga ham ega. Qo‘rda pishirilgan olmada esa, me’da shirasi ajralishiga ta’sir ko‘rsatadigan kislotalar kam.

— Olmani ko‘p iste’mol qilish qonni ko‘paytiradi, degan xato qarash ham mavjud. Olma tarkibida temir miqdori shu darajada ozki, amalda organizm uni o‘zlashtirolmaydi. Gemoglobin ozayganda qizil go‘sht, jigar, tuxum iste’mol qilish yordam beradi. Biroq olmada darmondorilar, ichakdagi zaharli moddalarni ­zararsizlantiruvchi kletchatka ko‘p.

— Olmaning har qanday navi tarkibida 80 foizga qadar suv mavjud. Biroq kuz va qishga borib pishadigan ko‘k olmalarda suv biroz kam bo‘ladi. Shuning uchun aynan mana shunday navlarni quritish uchun tanlagan ma’qul. Yozda pishadigan qizil olmalar shirin va shiraliligi bois ularni yangiligida iste’mol qilgan afzaldir. Ko‘k olmalar qishga g‘amlab qo‘yilsa, mikroelementlari yaxshi saqlanadi.

— Oshqozon yarasi, ich qotish, eroziya, jarohat kabi taom hazmi bilan bog‘liq xastaliklar xuruj qilgan paytlarda olma ko‘p iste’mol etilsa, og‘riq paydo qilishi, xastalikni rivojlantirib yuborishi mumkin. Chunki olmada, ayniqsa, uning po‘stlog‘ida ­dag‘al kletchatka ko‘p.

Olmani boshqa sabzavot va mevalardan alohida saqlagan ma’qul. Kuz va qishga kelib pishadigan antonovka, semirenko navli olmalar, ya’ni ko‘m-ko‘k va qattiq, nordon-shirin olmalar uzoq vaqt saqlanadi. Bunda salqin va qorong‘i joylar qo‘l keladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 35-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.