OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uzoq umr ko‘rishning yetti sharti

http://n.ziyouz.com/images/umrzoq

Amerikalik kardiolog Klayd Yansi har bir kishi kamida 90 yil yashash, hatto yuz yoshga yetib, uni to‘yday nishonlash uchun to‘qson foiz imkoniyatga ega, deb hisoblaydi. Olimning ta’kidlashicha, buning uchun bor-yo‘g‘i yettita oddiy qoidaga, har zamonda bir esga tushganda emas, izchil rioya etish shart ekan.

1. Ko‘p harakat qilish. 6-8 soatlab o‘rnidan jilmay ishlaydigan kishida 60 yoshga qadar insult yoki yurak xurujiga uchrash xavfi ikki barobar yuqori bo‘ladi. Yurak shifokori T.Ogneva ham olimning fikrini tasdiqlab, har kuni 40 daqiqadan kam bo‘lmagan vaqtda faol jismoniy harakat qilish zarur, deb hisoblaydi. Negaki, aynan shu vaqt mobaynidagi faol harakatdan so‘nggina organizm sut kislotasi ishlab chiqara boshlaydi, a’zolar va to‘qimalar kislorod bilan to‘yinib, yurak bir maromda ishlaydi. Shuningdek, ish kuni mobaynida har yarim soatda besh daqiqadan zinapoyalarga chiqib-tushish yoki qisqa muddat badantarbiya bilan shug‘ullanmoq kerak.

2. Xolesterin me’yorini bilish va uni nazoratga olish. “Yomon” xolesterin qon bosimi oshishi va yurak yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi.

Xolesterinning me’yordagi ko‘rsatkichi:

- umumiy — 5 mmol/l(200 mg/dl);

- siyrak zichlikdagi “yomon” xolesterin (LPNP) miqdori — 3,5 mmol/l(130 mg/dl) ;

- yuqori zichlikdagi “yaxshi” xolesterin (LPVP) — 1mmol/l (39 mg/dl).

30 yoshdan o‘tgan kishilar yiliga bir marta, 45 yoshdan oshganlar esa yiliga ikki marta qonidagi xolesterin ­miqdorini tekshirtirishlari zarur.

3. Sifatli va rang-barang taomlarni iste’mol qilish. Qon tomirlarning hayotiy faolligini ta’minlash va gormonlarning me’yorida ishlab chiqilishi uchun har kuni biriktiruvchi to‘qima (kletchatka)larga, o‘simlik va hayvonot oqsillariga, yengil hazm bo‘ladigan karbon suvlar (uglevodlar) va aminokislotalarga boy ­taomlarni iste’mol qilish kerak. Har kuni hech bo‘lmaganda biror-bir turdagi yangi meva-sabzavot iste’mol qilish odatga aylanmog‘i lozim.

4. Arteriyalardagi bosimni kuzatib borish. Hozir yoshlar o‘rtasida ham qon bosimining oshishi epidemiyaga aylangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir yoshi 35-40 dan oshgan kishilarning 40 foizidan ortig‘ida qon bosimi barqaror emas.

Me’yordagi qon bosimi darajasining eng ozi — 115-110/70.

Eng maqbuli — 120/80.

Me’yordagisi — 120-129/80- 84

Me’yordagi darajaning eng yuqorisi — 130-139/85- 89.

Arterial gipertoniya — 140/90 va undan yuqori.

5. Vaznni me’yorda saqlash. Vaznning 15 kg. ortiqchaligi umrni o‘n yilga qisqartirishi tadqiqotlarda isbotlangan. Yosh oshishi bilan belning hajmiga ham e’tibor qaratish zarur: ayollarda bel hajmi, qomatiga qarab, 80-85 sm.dan, erkaklarda esa 95—105 sm.dan oshmasligi kerak. Qorin atrofida yog‘ to‘planib qolishi modda almashinuvi buzilishiga hamda qon tomirlar bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

6. Qon tarkibidagi qand miqdorini bilish. Qorin och paytda qondagi normal qand miqdori 3,3 – 5,6 mmol/l.ni tashkil etadi. Taomdan so‘ng faqat 7,8 mmol/l.gacha oshishi mumkin. Undan oshgani yaxshi emas. Rossiyada o‘n million kishi qand kasalligidan aziyat chekadi. Uning asoratlari, ayniqsa, yurak-qon tomir hamda organizmning gormonal tizimi bilan bog‘liq xastaliklarda xavfli hisoblanadi.

7. Chekmaslik. Chekishni tashlagandan so‘ng, oradan 15 yil o‘tgandan keyingina organizm o‘zini to‘la tiklashi mumkin ekan. Eng oxirgi tamakini chekkandan keyin oradan bir necha soat o‘tgach nikotin bilan zaharlangan organizm o‘zini tiklay boshlaydi. Binobarin, chekishni qancha erta tashlasangiz, uzoq umr ko‘rish imkoniyatingiz shuncha ortishi mumkin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 16-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.