Yalpiz tabiatda madaniy va yovvoyi holda o‘sadi. Uning bir necha turi taomlarga qo‘shiladi. Bular: qalampir yalpiz, limon yalpiz, jimjima bargli yalpiz va hokazo. Ular ko‘p yillik dorivor giyoh sanalib, ochiq dalada, qishda esa xonalarda ham o‘stiriladi. Tuvakka ekilsa, bahorda ayvonga olib chiqib qo‘yish kerak.
Odamlar yalpizning barcha turlaridan necha ming yillardan buyon foydalanib keladi. Qadimda yunonlar va yahudiylar undan dil qulfini ochadigan xushbo‘y atir tayyorlashgan. Me’da-ichak, siydik yo‘li xastaliklari, yo‘tal va bosh og‘rig‘ini davolashda hamda hasharot va ilon chaqqanda ham yalpizning foydasi ko‘p. Rimliklar esa, asal aralashgan yalpiz musallas ichilgandan so‘ng nafas yo‘lini tozalashini kashf etishgan. Yalpiz choyga yoki taomlarga qo‘shib iste’mol qilinsa, tanani biroz qizdiradi, qon aylanishini yaxshilaydi, xastalikdan tuzalayotganda quvvatni oshiradi.
Yalpizning yurak faoliyatini yaxshilashi, tez-tez urishi oldini olishi, qon aylanishini me’yorga keltirishi va terlatish xususiyatlari zamonlar sinovidan o‘tgan. Undan shamollashda va isitmani tushirishda foydalanilgan. Yalpizning bo‘shashtiruvchi va a’zolar yallig‘lanishiga qarshi malhamligi ma’lum. Me’dada og‘riq, sanchiq, siqilish bo‘lganda, qorin damlaganda, jig‘ildon qaynaganda, me’da sustligida, hiqichoq tutganda, qattiq bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynish va dengiz kasalligida bu ne’mat ajoyib muolaja bo‘ladi. Yalpiz tarkibidagi taninlar me’dani qo‘zg‘alishdan himoyalaydi, ichburug‘ning oldini oladi, qorindagi yarali ich qotishga shifo. Uning tarkibidagi taxir moddalar jigar va o‘t qopini mustahkamlaydi, shuning uchun jigarni tozalash, o‘t qopi toshlarini tushirishda ham yalpizdan foydalaniladi.
Yalpiz moyi xushbo‘y, terini mustahkamlash xususiyatiga ega. Shuning uchun vannaga solinadi. Bosh aylanish va hushdan ketish holatida hidlanadi. Artrit va bo‘g‘imlar podagrasida yalpizning yangi uzilgan barglari og‘rigan joyga ezib bog‘lanadi. Yalpiz tarkibidagi efir moylari, ayniqsa, kamfora va mentol moyi a’zolarni sovuq urganda, biror joy tilingan yoki chaqa bo‘lganda gazak olib yiringlashdan saqlovchi yaxshi antiseptikdir. Shuningdek, bu moyni nafas yo‘llari xastaliklarida hidlash va tomoq og‘rig‘ini qoldirish uchun og‘iz chayish foyda beradi. Yalpiz moyi tish og‘rig‘ini qoldiradi, bir tomchisi quloq og‘rig‘iga davo.
Buyuk hakim Ibn Sino yalpiz me’dani quvvatlantiradi, uni qizdiradi, taom hazmiga yordam beradi, shilliq modda va qon qusishni to‘xtatadi, sariq xastaligi muolajasida nafi ko‘p, deb yozgan va yalpiz bilan ichdan qon ketishni davolagan.
Yalpiz pazandalik, qandolatpazlik hamda likyor-aroq sanoatida keng qo‘llanadi. Shirin kulcha, o‘tkir spirtli ichimliklarga yalpiz yog‘i qo‘shiladi. Uning yangi uzilgan ko‘kati turli salatlar va qatiqli nordon sho‘rvalarga, go‘shtli taomlarga solinadi. Quritilgan yalpiz barglaridan yaxna ichimlik tayyorlash yoki uni choylarga qo‘shib damlash mumkin.
Quritilgan yalpiz bargini choyga qo‘shib yoki damlab ichilsa, turli me’da-ichak buzilishlarida yordam beradi. Yalpizning ozishda ham nafi ko‘p. Masalan, qishdan so‘ng ikki-uch kilo ozaman desangiz, har ikki soatda yangi uzilgan yalpiz bargini hidlang. Bu taomdan 23 foiz kam kaloriya olishga yordam beradi. Agar yangi yalpiz topilmasa, qalampir yalpiz moyidan hidlash kifoya.
Bosh og‘riganda qora yoki ko‘k choyni yaxshilab damlab, bir chimdim yalpiz qo‘shing va ikki piyolani iching. Oradan 20 daqiqa o‘tib bosh og‘rig‘ini unutasiz. Shamollamaslik uchun ham yalpizli choy ichib yuring. Bunday choy ruhiy bezovtalikni, asabiylikni daf etadi, uyquni yaxshilaydi. Deraza tokchada gultuvakda yalpiz o‘stirsangiz shamollashdan qutulasiz, o‘zingizni bardam sezasiz. Bir stakan qaynoq suvga bir osh qoshiq quritilgan yalpiz solib, o‘n daqiqa damlab ichgan ma’qul.
Uch-to‘rt kun oqshomlari besh osh qoshiq quruq yalpizni doka xaltachaga solib, ustidan issiq suv oqizgan holda vanna olib cho‘milsangiz charchoq ketadi, tetiklashasiz, teri toza bo‘ladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 29-sonidan olindi.