OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov: “Sen misli kamalak – yuksak va so‘lmas...” (2011)

Sarlavhaga chiqarilgan satr Abdulla Oripovning “Ruhim” she’ridan bo‘lib, shoir, avvalo, ko‘p sinovlarda toblangan ruhiga “Sen misli kamalak – yuksak va so‘lmas” deya ta’rif beradi. Ya’ni:

Sen misli kamalak – yuksak va so‘lmas,
Kamalakni esa parchalab bo‘lmas...

Bu satrlar hayotida ko‘p mashaqqatlarni, malomatlarni boshdan kechirgan shoir qalbining xitobidir.

Darhaqiqat, Abdulla Oripov qiyin va murakkab ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi. Zotan she’riyatimizda u yangi tuyg‘ularni kuyladi, kashf qildi, yangi iqlim yaratdi.

Bugun umrining har bir yilini yuksak ijodiy ruh bilan kechirayotgan shoir – 70 yoshda!

Men ustoz she’riyati bilan dastlab oshno bo‘lgan davrlarimni, uning o‘zi bilan ilk tanishgan kezlarimni hamisha maroq bilan eslayman.

Yillar o‘taverdi. Men o‘zim ham ma’lum bir yoshni qoralab qo‘ydim. Har bir soha vakili bosib o‘tgan umr yo‘llari davomida o‘z sohasiga oid voqealarni, kechinmalarni, xotiralarni yodiga oladi. Shoirga esa umr yo‘li qirg‘oqlaridan toshib oqqan, shafaq alangasida yal-yal tovlangan sermavj she’riyat nahri timsolida ko‘rinsa sira ajab emas.

Men ustoz bilan uning muborak ayyomi arafasida bir suhbat uyushtirishni va uni jurnalimizda yoritishni ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim. Dam olish kunlarining birida ustozga dabdurustdan sim qoqdim. Abdulla aka bugun jindek tobi kelishmay turganini aytdi. “Unda ertaga borsam-chi?”, – dedim men. “Mayli, telefon qilib ko‘rgin”, – dedi.

Kelishilgan vaqtda Abdulla akaning Do‘rmondagi hovlisiga chiqib bordim. Ustoz meni xushhol kayfiyatda qarshi oldilar. Suhbatimiz o‘z-o‘zidan qovushib ketdi.

Abdulla aka, suhbatni bolalik yillaringiz, she’riyatga ilk havas qo‘ygan davrlaringizdan boshlasak...

– Mayli, shundoq bo‘la qolsin. Men Qarshi (qadimgi Nasaf) shahridan besh-o‘n chaqirim shimolroq tomonda Qo‘ng‘irtov yonboshidagi Nekuz qishlog‘ida tug‘ilganman. Bolaligim o‘sha Qo‘ng‘irtov etaklarida o‘tgan. Bahor kelganda havoni o‘t-o‘lanning yoqimli, xushbo‘y hidi qoplar, sharros yomg‘ir quyganda biz tog‘ yonbag‘ri unguridagi kichik-kichik g‘orlarga berkinib olardik. Men ko‘pincha o‘sha yuksaklikdan shimol tarafdagi yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, to‘yib-to‘yib nafas olardim. Adirlar bu paytda ming xil o‘t-o‘lan, chuchmomayu qizg‘aldoqlar bilan, karragu hazoriisfand bilan, qo‘zigullar bilan qoplanardi...

She’riyatga havas sizda o‘sha go‘zal tabiat qo‘ynida uyg‘ongan ekan-da?..

– Balki... Lekin men bunda boshqa sababni ham ko‘raman. Biz oilada to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz o‘sganmiz. Men o‘g‘illar orasida kenjasi edim. Akalarim Buxoro va Toshkentda oliy o‘quv yurtlarida til va adabiyot fakultetlarida o‘qishardi. Ular har safar uyga kelishganida dasta-dasta badiiy kitoblarni ko‘tarib kelishardi. Mening allaqachon savodim chiqqan, kitoblarni sharillatib o‘qiy olardim. Yana bir narsa muhimki, bolaligimda xotiram nihoyatda kuchli edi. Bir o‘qiganim esimda qolaverar edi. Radio, televidenie yoxud boshqa tomoshalar bo‘lmaganidan keyin ermagim kitob edi-da. Duch kelgan narsani o‘qib, duch kelgan narsani yodlab olaverardim.

Albatta, bu kitoblar orasida xalq dostonlari ham, Navoiy bobomizu Pushkindan tarjimalar ham, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon she’riyati va yana boshqa ko‘p romanu qissalar bo‘lardi.

Odamning hayoti tasodiflar bilan bog‘liq. Agar men tasodif bilan adabiyot fakultetiga emas, boshqa fakultetga o‘qishga kirganimda boshqa sohaning odami bo‘lib ketardim. Masalan, osmon ilmi meni nihoyatda qiziqtirardi. Astronom bo‘lishni orzu qilgan paytlarimni yaxshi eslayman. Qishlog‘imiz osmonidagi piyoladay-piyoladay yulduzlarga mahliyo bo‘lib, qanday sir bor ekan u yerlarda deb ko‘p o‘ylardim. Hozir ham yulduzlar dunyosiga ko‘p qiziqaman. Yulduzlar haqidagi kitoblarni ko‘p o‘qiyman. Bog‘da kichikkina teleskopim bor. Bo‘sh vaqtlarimda yulduzlarni kuzatishni yaxshi ko‘raman.

– Matbuotda ilk chiqqan she’ringizni eslaysizmi?

She’rlarim avval tuman, viloyat gazetalarida bosilib turgan bo‘lsa-da, birinchi marta bolalar gazetasida “Qushcha” degan she’rim bosilib chiqqan. Undan keyin qanchadan-qancha she’rlarim, to‘plamlarim chop etildi. Biroq ilk she’rim bosilib chiqqan o‘sha kun, uning quvonchi sira-sira esimdan chiqmaydi. Ehtimol, bu ham adabiyotdagi birinchi muhabbat nash’asidir.

Sizni katta yo‘lga olib chiqqan ustozlaringiz haqida ham gapirib bersangiz...

Fakultetimizda adabiyot to‘garagi muttasil faoliyat ko‘rsatardi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov kabi ustozlar biz bilan soatlab mashg‘ulot olib borardilar. Keyin Ozod akaning “Oq yo‘l”i bilan “Sharq yulduzi”da she’rlarim bosilib chiqdi. Yozuvchilar uyushmasidagi mushoiralardan birida “Munojotni tinglab”, “Burgut” degan she’rlarimni o‘qidim, o‘sha kuni Abdulla Qahhor nazariga tushdim. Mirtemir domladan ko‘p shogirdlari qatori saboq oldim. Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib, u kishi she’r o‘qigan minbarda men ham she’r o‘qidim. Esimda, Eski shahardagi “Turon” kutubxonasida o‘qigan she’rlarimni tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimizda Shayxzoda domla bilagimdan tutib, “Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot bo‘lgaysiz, ishqilib qarsaklardan taltayib ketmasangiz bo‘lgani”, degan. Bu gaplar ham qulog‘imga qo‘rg‘oshinday quyilib qoldi.

Ustoz G‘afur G‘ulom qatnashgan davralarda she’rlarini o‘z og‘izlaridan necha-necha bora eshitdim. Bir safar G‘afur aka yelkamga qoqib, “Kecha televizorda she’r o‘qigan bola senmisan. Yozaver, o‘g‘lim”, deganlarini hech qachon unutmayman. Oybek domla uylariga chorlab, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka tavsiya yozib, uni qo‘limga tutqazganlar. Bu voqea ham sira esimdan chiqmaydi.

Abdulla aka, o‘tgan asrning 60-yillari “iliqlik davri” deb nomlanadi. Bu yillar shaxsga sig‘inish davridan keyingi jamiyatda kurtak yoza boshlagan erkin nafas olish mumkin bo‘lgan davr edi. Ana shu yillarda adabiyotga yangi to‘lqin kirib keldi. Bu siz mansub bo‘lgan avlod ijodkorlari edi...

– Adabiyotimizda o‘tgan asrning qariyb yarmidan ko‘pi urra-urrachilik, g‘oyabozlik davri bo‘lgan edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Adabiy jarayonga yalpi nazar tashlaganda shunday taassurot tug‘ilishi tabiiydir. Darhaqiqat, o‘tgan asrning 60-yillarida sobiq mamlakat ma’naviy hayotida qandaydir o‘zgarishlar boshlangan edi. Bu siljishlar o‘sha davrda maydonga chiqqan shoirlar ijodida, ayniqsa, bo‘rtib ko‘rina boshladi. Rus adabiyotida Ye.Yevtushenko, A.Voznesenskiy, B.Axmadulina singari shoirlar paydo bo‘ldi. Yangi epkinning xosiyati shundan iborat bo‘ldiki, bunday ijodkorlar qattiq tanqidga uchradilar, lekin qamalmadilar.

Muhitdagi eng katta yutuq mana shundan iborat edi. Biznikilar ham, shubhasiz, Moskva soatiga qarab ish tutardilar. Biz ham dilimizni ochib, ayrim she’rlarimizni unda-bunda e’lon qila boshlagan edik. Erkin Vohidov kabi shoirlarning nafasida yangi bahor shabadalari ufurib turardi.

O‘zim haqimda gapiradigan bo‘lsam, ba’zi misollarni keltirish bilan cheklanaman. “Tilla baliqcha”, “Birinchi muhabbatim” kabi she’rlarimiz oshdan chiqqan tosh yanglig‘ o‘sha davr mafkurasining tishini qarsillatgani sir emas. Bu she’rlarga qo‘yilgan ayblarni eshitsa, bugungi kunda yosh bola ham kulib yuborishi mumkin. Jumladan, “Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim” satrini katta majlislarda tilga olishib, “partiyaga suyan, davlatga suyan” qabilidagi ko‘rsatmalar bilan “siylashgan”. Hatto biz tarixda ijobiy rol o‘ynadi degan 60-yillar adabiy muhitining ijtimoiy-siyosiy basharasi mana shunday edi.

“Qatag‘on yillari” bilan solishtirganda garchi bu davr “holva” tuyulsa-da, sovet tuzumi, kommunistik siyosat millatimizni sira ko‘kartirmadi. Erkka talpingan qo‘llarni hamisha kesib, ozodlikni o‘ylagan boshlarni har vaqt dorga tortdi. Shunday og‘ir davrlarni bugun eslab, eting seskanib ketadi...

– Siz haqsiz. Mustabidlar siyosatning eng ta’sirli yo‘lini tanlagan, xalqlar boshiga manqurtlik terisini kiydirib, qullik va qaramlikka yalpi ravishda ko‘niktirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edi. Bu ayniqsa biz uchun jarohatli va unutilmasdir. Chunki biz oqqan daryoning avlodlarimiz. Lekin istibdod davrida “Sen hech kim emassan, omisan, yovvoyisan”, degan haqoratga chidab kelindi. Yetti iqlimga oyog‘i yetgan, har ishda adolatni bayroq qilgan ulug‘ bobomiz Amir Temurni oqsoq va qonxo‘r deb badnom etdilar. Dunyo sardaftarini she’ru hikmat bilan boyitgan, yulduzlarni kashf etgan xalqni savodsizlikda, madaniyatsizlikda aybladilar. “Senlarni sho‘ro tuzumi odam qildi, yo‘qsa, hamon feodalizm botqog‘iga botib yotar edilaring”, deb tah-qirladilar.

Og‘ir o‘tmishni eslab, nega ko‘nglingda og‘riq uyg‘onmasin! Ayniqsa, qatag‘on yillarini! Siz tasavvur qiling, tuppa-tuzuk bir odam, shoir yoki o‘qituvchi “xalq dushmani” deb badnom etilsa! Chekistlar kelib uyini tintuv qilsa, ko‘z o‘ngida qizlarini, ayolini yechintirsa...

Men bu gapni osmondan olib aytayotganim yo‘q, xalq ta’limi xodimi Nosir Saidiyning qizi Ra’no Ashurbekova qon yig‘lab: “NKVD xodimlari uyimizni tintuv qilishdi, – deydi. – Biz yosh bolalarni ham ota-onamiz oldida yechintirib ko‘rishdi.

Onam homilador edi. Unga ham yechinasan, deyishdi, yechintirishdi. Bechora otam: “Gulsumxon, kechir, sizlarni himoya qilolmayman”, – deya jovdirab yig‘lagani hamon yodimda. Shundan so‘ng onam es-hushidan ayrilib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tushib qoldi...”

Bu qanday bedodlik? O‘sha davrda bunday xo‘rlik va sitamlarning chek-chegarasi bo‘lganmi o‘zi?

Mustabidlar nazarida: butun el “xalq dushmanlari”dan iborat edi, ozod bo‘laman degan o‘limga giriftor etilardi.

Jumladan, yaqin o‘tmishni esga oling. “O‘zbeklar ishi” degan aybnoma qancha oilani qon qaqshatib yubordi, sha’nimizni yer bilan bitta qildi. Odamlarni “Men poraxo‘rman”, deyishga majbur qildilar. Bizni uyushgan jinoyatchilikda ayblab, dunyoga jar solishdi.

Ne baxtki, millatimiz, xalqimiz bir umr zulmat bag‘rida qolib ketmadi. Jafokash yurtimiz orzusi ro‘yobga chiqdi – istiqlolga erishdik. Ana shu muborak ayyom muhtaram Yurtboshimiz Vatan mustaqilligini e’lon qilgan anjumanda siz ham to‘lib-toshib she’r o‘qidingiz:

...Yelkamizga oftobning tekkanligi rost bo‘lsin... deya.

– Istiqlol millat sha’nini himoya qilibgina qolmay, uning dunyoqarashini ham ro‘yobga chiqaradi. Ruhi ozod inson o‘zi yashayotgan jamiyatga, shu bilan birga, butun bashariyat hayotiga daxldorlik hissi bilan yashaydi.

“Nega kecha bizga bepisandlik bilan qarashdi, nega qadrimizni yerga urishdi, nega bor boyliklarimizni talashdi, tilimiz, dinu dunyoimizdan mosuvo qilishga urindilar?” degan savolni o‘zimizga berib ko‘rsak, ko‘p narsalar o‘z-o‘zidan oydinlashadi. Eng asosiysi, bu dorilamon kunlarning qadriga yetmoq, bu kunlarga shukrona aytmoq lozimligini anglab yetamiz.

– To‘g‘ri aytasiz. Bugungi kunda u davrlarni esga olib xotirlasak, yoshlar uchun bir cho‘pchakdek bo‘lib tuyuladi. Ayni chog‘da istibdodning mohiyati tobora ravshanroq ko‘rinmoqda. Jumladan, kommunistik siyosatning yana bir dahshatli tomoni shunda ediki, u butun-butun xalqlarni temir qafas ichida saqlab, shodiyona qo‘shiqlar aytishga majbur qildi. To‘g‘rirog‘i, uni shunga o‘rgatib ham qo‘ydi. O‘z nog‘orasiga o‘ynamaganlarni qatl qildi, quvg‘in ostiga oldi. Aytmoqchimanki, siz o‘sha davrda “shodiyona qo‘shiqlar”ni emas, xalq dardiga yo‘g‘rilgan Vatan erkini orzulagan tuyg‘ularingizni dadillik bilan satrlarga tushirdingiz va boshingizda qora bulutlar aylandi. O‘sha damlarda kimlar sizga ruhiy suyanch bo‘ldi?

– Ustozlarim, albatta.

 – Aqlim tanidim-u qoshimda shu kun
 Jasur akalarim safini ko‘rdim...

satrlarida (“Tabiat” she’ridan), demak, o‘sha ustozlarni nazarda tutgan ekansiz-da?..

–60-yillar oxirida adabiyot dunyosida yoshlarni “tarbiyalash” mavsumi avj oldi. O‘sha davrda Erkin Vohidovga va menga qarshi xurujlar, bizni yakkalashga urinishlar bo‘ldi. Shunday bir vaqtda Abdulla Qahhorday atoqli bir zot bizni o‘z himoyasiga olib, asarlariga she’rlarimizdan epigraflar qo‘ydi. Ulkan adibimizning ushbu xatti-harakati “Hoy, birordarlar, bu bolalarni qarovsiz ekan deb o‘ylamanglar!” – degan xitobi edi.

Ijodimning dastlabki pallasida har tomondan turtkilanib, “boshim baloga qolib” yurgan paytlarimda ustoz Ozod akaning aytgan ushbu gapi sira esimdan chiqmaydi. Jasurqalb, qo‘rqmasyurak domlamiz: “Abdullajon, sizni olib ketishsa, men ham siz bilan birga ketaman”, – degandi...

– O‘sha davrlarda hasadgo‘ylarga, ichiqoralarga, o‘zganing muvaffaqiyatini ko‘rolmaslarga bu tuzum muhiti, siyosati qo‘l kelib qoldi ham... Aytmoqchimanki, Hasadgo‘y timsoli ko‘p she’rlaringizda yorqin namoyon bo‘ladi, xuddi hayotdan olib chizilgandek...

– Balki... Har holda men Hasadgo‘y obrazini o‘ylab topganim yo‘q, to‘qima obraz ham emas u. O‘z kuchi va kelajagiga ishonmaydigan odamning ko‘ngli tor bo‘ladi, boshqalarning muvaffaqiyatini hazm qilolmaydi. Hasad ana shunaqa chirkin xastalik. U, asosan, talantsizlar ko‘nglida ko‘karadi.

Qadimgilar aytadi, har kimning go‘ri boshqa, Azroili bo‘lak, deb. Hech kim birovning shon-shuhratini tortib ololmaydi yoki birovga shon-shuhrat baxsh etolmaydi ham. Olam, tabiat shunday qurilgan. Har kim o‘z ovozida, o‘z darajasida kuylaydi. Ana shu jihatga ko‘ra men hasad, g‘araz tuyg‘ulariga nihoyatda nafrat bilan qarayman...

– Abdulla aka, komil inson degan tushuncha bor. U qanday inson o‘zi? Shaxsan men komil inson haqida o‘ylaganimda, avvalo ko‘z o‘ngimda Navoiy siymosi gavdalanadi. Muhtaram Yurtboshimizning ulug‘ shoirimizga bergan ta’riflari naqadar topib aytilgan: “Navoiyni agar biz alloma desak, u – allomalarning allomasi, agar avliyo desak, u – avliyolarning avliyosi, agar shoir desak, u – shoirlarning sultoni”.

Buyuk bobomizning salohiyati, she’r san’ati, uning ijodining qay darajada o‘rganilayotganligi haqida fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz...

 – Ijodkorlar orasida haqqa yetgani Navoiy degan tushuncha bor. Zero, uning asarlarini o‘qiganimizda ko‘z o‘ngimizda sohibi kamol, benazir bir inson siymosi gavdalanaveradi.

Alisher Navoiy o‘zining buyuk iste’dodi bilan o‘sha davrdayoq adabiyotimizni o‘rtamiyonachilik botqog‘idan olib chiqib ketdi. Navoiy she’riyat qofiyabozlik emas, balki ulug‘ san’at ekanligini har bir satri orqali isbotladi. Shoirning biror bayti yo‘qki, unda dohiyona tashbehlar uchramasin. Masalan, yorning labiga uchuq toshgan holatni Navoiy, mana qanday lutfu nazokat, mutoyiba bilan tasvir etadilar:

Ermas uchuq, shakarga yopishdi chibin pari,
Ikki labim bila oni olsam dudog‘idin.

Navoiy g‘azallarini bir yoqlama talqin qilish hollari ko‘zga tashlanadi ba’zan. Ayrim adabiyotshunos olimlarimiz uning har bir baytidan tasavvuf unsurlarini axtaradilar va bu ruhni boshqalarga ham singdirmoqchi bo‘ladilar. Lekin shuni unutmaslik kerakki, Navoiy ijodida hayotiylik hamisha bo‘rtib ko‘rinadi. Ushbu baytga e’tibor bering:

Dard tufroqqa nihon qildi Navoiy jismini,
Topibon bir shusha oltin, dafn qilgandek gado.

– Menimcha, Navoiy she’riyatini turli qoliplarga solib talqin qilmaslik kerak. Chunki Navoiy ijodiga har qanday qolip, har qanday ramka torlik qiladi. Shu boisdan Navoiyni o‘qish emas, anglash kerak.

Shoirona bir tashbeh aytay: xalqimizning bir fazilati yoqqanki, bizga o‘zbek turkiysida so‘zlovchi Alisherdek tabarruk zot jo‘natilgan ekan, buning uchun Yaratganga ming bora shukr qilamiz.

Bugungi kunda yer yuzining barcha puchmoqlarida buyuk shoirimizni faqat iltifot yuzasidan emas, balki bashariyatga mehnati singgan zot bo‘lganligi uchun ham ardoqlab turibdilar.

– Abdulla aka, shon-shuhrat degani nima ekanligini biz tengi ijodkorlar sizda ko‘rganmiz. Zero, o‘zbek she’riyatida sizdek dovrug‘ qozongan shoirlar barmoq bilan sanarlidir. Ana shu shon-shuhratni ko‘tarib yurish sizga og‘irlik qilmadimi?

– Albatta, har qanday shon-shuhratning zamzamasi-yu vasvasasi bisyor... Boya aytganimdek, ustozlarning, jumladan, Shayxzodaning “Ehtiyot bo‘ling, ishqilib qarsaklardan taltayib ketmasangiz bo‘lgani” degan gaplarini doim yodimda tutdim. Ijodkorning uchta dushmani bor: mol-davlat, mansab, shon-shuhrat. Ijodkor mana shu uchta narsani yengishi kerak. Mol-davlat va mansab bir-biriga mohiyatan yaqin turadi. Lekin shon-shuhrat xavfliroq. Mana shu uchta narsani yengolmaganlarning ko‘pini ko‘rdik. Shon-shuhratni yengdim deganlarda ham bir asorat qoladiki, bu – kibr. Kibr – yomon narsa. Allohdan birinchi dushmaning kim deb so‘rashganida, kibr, degan. Insonni o‘sha kibrdan mosuvo holda tasavvur qilib ko‘ring, kimni ko‘rasiz – komil insonni... G‘urur – boshqa, albatta, u faqat takabburlikdan xoli bo‘lsa.

Shon-shuhrat haqida yana gapirsam, mehnat bilan, riyozat bilan band kishi shon-shuhratga ko‘p ham e’tibor beravermaydi.

– Mutolaaga munosabatingiz qanday?

 – Buyuk olmon shoiri Iogannes Bexerning shunday gapi bor: “Kishi fikrlari o‘lmasligi uchun har kuni, har doimo fikrlab, tafakkurini charxlab turmog‘i shart”. Tafakkurni charxlashning eng benazir usuli mutolaadir. Mutolaasiz hayotimni tasavvur qilolmayman. Gazeta-jurnallarni ham muntazam kuzatib boraman. Yuz-ko‘zingiz emas-ku, “Jahon adabiyoti” jurnali mening eng sevimli jurnalimdir.

Kitob o‘qigan, o‘qiydigan odamning farishtasi bo‘ladi. Mulohazakor, oq bilan qorani ajrata oladigan, she’rni, kitobni qadrlaydigan insonlardir ular. Bizning haqiqiy do‘stlarimiz, tanqidchilarimiz ana o‘shalar.

Adabiyotimiz hamisha yozuvchilarga serob bo‘lgan adabiyot. Ularning har birining muxlisi, o‘quvchisi bor. Ammo endilikda sovet tuzumida yashab o‘tgan yozuvchi va shoirlar ijodini o‘ylaganda, ko‘ngilda bir ishtiboh tug‘iladi: ularning merosiga bugun qanday yondashishimiz kerak, balki qayta nashrlarda ularni jiddiy saralash, hatto ayrimlariga tahrir ham lozim bo‘lar?

Albatta, bu jiddiy muammo. Bu muammo G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Shayxzoda kabi ko‘plab ijodkorlarimizga taalluqli. Masalan, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom haqida, uning talantining kuchi atom qudratiga teng, lekin bu kuchni o‘tin yorishga sarflab yuribdi, degan. U bu bilan G‘afur G‘ulomning Moskva, Kreml, Kommunizm haqidagi she’rlarini nazarda tutgan. Bu she’rlarni bugun yoritib bo‘ladimi? Mutlaqo yo‘q. Bu borada rahmatli ustoz Turob To‘laning bir gapi yodimga tushadi. Abdullajon, degandi u bir kuni, uyimdagi kitob javoni oldidan o‘tayotganda o‘zimning tomliklarimni ko‘rmayin deb ko‘zimni yumib o‘taman... Turob aka, men qandoq o‘tay, men ham ko‘zimni yumib o‘taymi, deb so‘raganimda, yo‘q, siz ko‘zingizni pirpiratib o‘tsangiz bo‘laveradi, degandi. Samimiy odam edi Turob aka. Uning nazari bilan yondashadigan bo‘lsak, adabiyotimizda sobiq tuzum davrida yozgan asarlaridan ko‘z yumib o‘tadiganlar ozmunchami? Vaqt shafqatsiz hakam degani shu bo‘lsa kerak-da...

Har holda ular ijodiga bugungi kun va kelajak nazari bilan yondashganda, milliy mafkuramizni boyitadigan asarlarni asrab-avaylashimiz kerak.

– Abdulla aka, ba’zi she’rlaringizning yozilish tarixi haqida gapirib bersangiz. Masalan, mudom tildan tushmay kelayotgan “Tilla baliqcha” she’ri...

– Oltmishinchi yillarda, nashriyotda ishlab yurgan kezlarimda ulkan binomiz yonida bir oshxona bo‘lardi. Biz u yerga borib tushlik qilardik.

O‘sha joyda bir hovuzcha bo‘lib, ichida ikkita tilla baliqcha suzib yurardi. Men shuni ko‘rib ushbu she’rni yozganman. Bundan boshqa xulosa kelib chiqib, o‘sha paytda ur kaltak-sur kaltak bo‘lib ketdi. Nechta olim, nechta adabiyotshunos undan turli ma’nolar chiqargan. She’rda bu sassiq hovuzga tilla baliqchani keltirib tashlangani, sho‘rlik tilla baliq turli yemishlar va ushoqlarni yeb kun kechirishi, alam qiladigan joyi – tilla baliqcha dunyoni shu sassiq hovuzdan iborat deb bilishligi haqida yozilgan. Menga qo‘yilgan ayb dahshatli edi: go‘yo men mamlakatni ko‘lmak, sassiq hovuz deb talqin etgan emishman. Bu gapga bugungi kunda jilmayib qo‘ya qolish mumkin. U davrda esa bu ayb og‘ir ayb edi. Zotan ana shunday ayblar Usmon Nosirni dorga torttirgan edi.

Uning:

Yo‘lchiman, manzilim ufqdan nari
Lojuvard dengizning tubiga yaqin,

satrlari uchun, shoir okean ortini qo‘msayabdi, deb ayb qo‘yishgan.

She’rim, yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang gullar sharmanda...

Bu satrlarga qo‘yilgan aybni eshiting: “Bu nima degani? Sovet gullari Usmon Nosir she’ridan xunukmi? Shoir she’rlarini sovet gullaridan ortiq ko‘rarkan-da?!”

Sovet tuzumi mafkurasi har bir she’rni, ijod namunasini ana shunday ramkalarga solgan va shunga ko‘ra hukm chiqargan.

“O‘zbekiston” qasidangiz uslub jihatidan ham, mazmun jihatidan ham benazir va betakrordir. Uni uzoq yillar davomida yaratgansiz...

– U davrlarda butun Sovet Ittifoqi ona-Vatan sifatida ulug‘lanar va kuylanardi. Bu holatda mening ko‘nglimda: “Unda – O‘zbekiston-chi?!” degan savol tug‘ilgan. Va bu savol butun she’r davomida “O‘zbekiston, Vatanim manim!” xitobi bo‘lib yangradi. Qiziq bir detal. She’rning buyuk sohibqironga bag‘ishlangan satrlarida “Deyman bu kun – u manim, manim” misrasi bor edi. Senzura tazyiqi bilan “Demam bu kun – u manim, manim” deb e’lon qilingan. Buyuk bobomizni meniki deyishga haqqimiz yo‘q edi o‘sha davrlarda!

– Abdulla aka, qishlog‘imizda bir ayol bo‘lardi. Eri urushdan qaytmagan. Yolg‘iz o‘g‘li bilan beva qolgandi. Sizning “Ayol” she’ringizni har gal o‘qiganimda ko‘z o‘ngimda uning siymosi gavdalanardi...

– “Ayol” nomli she’rim urushdan qaytmagan amakilarimning bevalariga bag‘ishlangan. Ularning iztiroblarini ko‘rib, kuzatib ulg‘aygan ko‘nglimning nidosi bu she’r.

Sevimli qo‘shiqqa aylanib ketgan “Birinchi muhabbatim”ning yozilish tarixi-chi? Agar sir bo‘lmasa, uning “prototipi” bormi?

– Albatta bor... Yaxshisi, bu sir bo‘la qolsin.

Abdulla aka, yaqinda “Onajon” she’ringizga qayta ko‘zim tushib, mijjalarim yana namlandi. Unda xuddi mening yonishlarim mujassam bo‘lgandek tuyulaveradi har gal. Qolaversa, men ham Onam haqida turkum she’rlar yozganman... Muhtarama volidangiz hamon yodingizga tushib turadimi? Sizni dunyoga keltirib, voyaga yetkazgan ul zotning joylari jannatda bo‘lsin...

– Onam rahmatlikni men juda ham minnatdor bo‘lib eslayman. Hammaning ham o‘z onasi bir farishtaday, ilohiy ko‘rinadi. Zotan Ona – bu mehr deganidir.

Men onamga bag‘ishlangan she’rimni, marsiya desam ham bo‘ladi, uzoq vaqt yozdim. O‘sha paytdagi ahvol-ruhiyatimdan so‘z ochmay qo‘ya qolay. Lekin men bu she’rni matbuot uchun yozgan emasman. Hech qachon g‘am odamning bayrog‘i bo‘lolmaydi. Ikki yil she’rni e’lon qilmadim. Sababi, mendan keyin uchta singlim bor edi. Bu she’rni o‘qishsa ular uchun onam ikkinchi marta qazo qilgandek bo‘lardi-da... Keyinchalik e’lon qildim.

Onalar haqida gap ketganda, muqaddas haj safarida Makkaning ulug‘ shayxi amri ma’rufida eshitganim yodimga tushadi:

“Ayo, ahli muslim, sizga ikki yo‘l ko‘rsatilgandir: sajda qiling, Ollohga va yana Ollohga. Sajdaga yana bir yo‘l bordir, u esa Onaga va faqat Onaga. Ayo, ahli muslim! Rasuli akramning o‘gitlarini takror qilamizki, shul ikki xilqatdan tashqari hech bir mavjudot sajdaga loyiq emas. Payg‘ambarlarimizga, padari buzrukvorimizga ham sajda qilinmaydi, ular ziyorat qilinadi”.

Mana, Onaga berilgan baho.

– Abdulla aka, siz tarjima sohasida ham ulkan faoliyat ko‘rsatdingiz. Aniqsa, Dantening “Ilohiy komediya”sini tarjima qilganingiz tarixiy ish bo‘ldi.

– Hozircha uning “Do‘zax” qismi tarjima qilinib, nashr etildi. Tarjima jarayoni men uchun ulug‘ maktab bo‘ldi. Agar qog‘oz ustida eng ko‘p ter to‘kkan bo‘lsam, o‘sha tarjima ustida to‘kkanman. Ona tilimizning naqadar boy ekanligiga imon keltirgan bo‘lsam, o‘sha tarjima jarayonida imon keltirganman. Azbaroyi tarjima asl nusxadan kam bo‘lmasligi uchun tilimiz boyligidan imkon boricha to‘liq foydalanish uchun izlandim, til xazinamizdan so‘zlar axtardim.

– Nega bu ulug‘ asar tarjimasini nihoyasiga yetkazmayabsiz? Oldinda hali “A’rof” va “Jannat” qismlari turibdi...

– Buning o‘ziga xos sabablari bor... Bir sababi asarning nihoyatda buyukligi va murakkabligidir. Uning tarjimasini bir kirishganda poyoniga yetkazmoqlik mumkin bo‘lmagan ish. Bu asarning ulug‘ligini, zalvorini ro‘y-rost, qalbdan his qilish kerak. Orada ma’lum bir tanaffus bo‘lmasa, bu ezib tashlaydi odamni. “Do‘zax”ni tarjima qilganimda, tushlarimda odamlarning suyaklarini qazib yurardim. Bunday tush ko‘rish – ketmon bilan qabrlarni kavlab, kallalar, suyaklar bilan gaplashib chiqish – kimga yoqadi, deysiz.

Dante aytishicha, do‘zax darvozasiga “Ey banda, bu yerga umidlaringni tashlab kir”, deb yozib qo‘yilgan ekan. Bu gap aynan tarjimonga ham tegishlidir. Ya’ni tarjimon ham jahannamiy mehnatni bo‘yniga olib, bu ishga kirishmog‘i shart. Men “Do‘zax” tarjimasida ana shu uqubatlarni boshdan o‘tkazdim. Endilikda “A’rof”ning ham anchagina qo‘shiqlari o‘girildi. Xudo umr bersa, tarjimani to‘la-to‘kis nihoyalashni niyat qilganman.

Abdulla aka, shoir uchun qachon oson bo‘lgan – besh yuz yil oldinmi, hozirmi yoki besh yuz yil keyinmi?

– Shoir uchun hech qachon oson bo‘lgan emas, hech bir zamonda oson bo‘lmaydi.

Umr yo‘lingizga qarab, ba’zan armon va pushaymon ham tuyasizmi?

– Albatta. Armonim – behuda kechgan vaqtlarim, pushaymonlarim – sobiq tuzum siyosatiga mahliyo bo‘lib yozganlarim...

Ko‘nglingizda ba’zan bisotingizdagi she’rlarni saralash niyati uyg‘onmaydimi?

– Vaqt saralagani ma’qul, meningcha...

Boshqa janrda nega ijod qilmaysiz?.. Masalan, prozada...

– Prozada ham yozish niyatim bo‘lgan, hozir ham yo‘q emas, lekin o‘quvchini zeriktirib qo‘yishdan qo‘rqaman. She’r boshqa, proza boshqa, She’r menga o‘z yotog‘imga, nasr esa mehmonning uyiga o‘xshab ko‘rinadi.

“Dunyo bu – quvg‘indi ohuday yelar...” degansiz bir she’ringizda. Mana shu bezovta dunyo, yugurik umr ko‘nglingizda qanday tuyg‘ular uyg‘otadi?

– Umrning yugurikligini qabristonlarga yo‘lim tushganda sezib qolaman va yuragim titrab ketadi... Goh-gohida Forobiy qabristoniga o‘tib turaman, tilovat qilaman. Ajabo, o‘ngimga burilsam – ustozim yotibdi, chapimda esa – shogirdim! Umr buncha yugurik, dunyo buncha bevafo!..” degan tuyg‘u kechadi ko‘nglimdan.

Tug‘ilgan yurt mehri degan tushuncha bor. Shoir uchun esa bu ayniqsa qadrli. Sizni ham tug‘ilgan zaminingiz – Qashqadaryo mehri bot-bot tortib turadimi?

– Nimadandir siqilsam, kayfiyatimda so‘niqlik paydo bo‘lsa, ko‘nglim Qashqadaryo kengliklarini qo‘msab qoladi. Bu diyorning soddadil, samimiy, jo‘mard odamlari ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Qitmirlikni bilmaydigan, faqat mehnat bilan umrguzaronlik qiladigan ezgu insonlar haqida o‘ylaganimda dastlab ko‘zim o‘ngida men bolaligimdan bilgan o‘sha odamlar gavdalanadi.

Abdulla aka, jahon adabiyoti sahnasiga o‘zbek adiblari ham chiqadigan kunlar kelishiga ishonasizmi? Toki, dunyoda turli jarayonlar davom etar ekan, ularga baho berishda katta doiradagi odamlar, kelinglar, bu borada bir o‘zbek adibi bor, uning fikriga ham quloq solib ko‘raylik-chi, deyiladigan davr ham kelarmikin?

– Nega kelmas ekan? Bizning xalqimizning iqtidori jahonning boshqa xalqlarinikidan kammi? Albatta, shunday ijodkorlar bizdan chiqadi. Chiqishi kerak. Bobolarimiz dunyoni o‘ziga qaratgandi-ku, axir. Muhtaram Yurtboshimizning ijodkorlarga ko‘rsatayotgan ulkan g‘amxo‘rliklari zaminida shu muddao bor emasmi?

– Modern she’riyatiga munosabatingiz qanday?

– Men hamisha aytib kelganman, ko‘k she’r yozasanmi, oq she’r yozasanmi yoki qizil she’r yozasanmi uni, avvalo, odam tushunib, o‘qib bahra olsin.

Amerikalik Robert Frost degan shoir bor. Uning bir she’ri yodimda qolgan. Qafasdagi maymunga bir masalani yechishga berishadi. U yecholmaydi. Keyin u katalakda har yonga sakray boshlaydi. Bu bilan maymun, ko‘rib qo‘yinglar, aql birinchi o‘rinda emas, chaqqonlik birinchi o‘rinda turadi, demoqchi bo‘ladi. Ayrim “modern” she’rlarni o‘qisam, ana shu muqom esimga tushadi. Aytmoqchimanki, umr qisqa, uni tajribalar uchungina isrof qilib qo‘ymaslik kerak. Adabiyotdagi muvaffaqiyatni faqat shakliy izlanishlargina ta’minlamaydi. Ular nechog‘li zamonaviy va ilg‘or bo‘lmasin, she’rda ruh va mazmun muhimdir.

Lekin, afsuski, adabiy tanqidchiligimizda bu muamolarni chuqur tahlil qila oladigan, to‘g‘ri yo‘nalishlarni ko‘rsatib beradigan tanqidchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz ham yo‘q-da. Buni ham tan olishimiz kerak.

– Mana bu she’rga quloq tutsangiz, o‘zingiz xulosa chiqarib olasiz.

TANQIDCHILARGA HAZIL

Antiteza yo‘li bilan
Absurdlarni yaratdik.
Real hamda virtualni
Modernga qaratdik.
Kontseptual eklektika
Aralashdi har gapga.
Tushimizga kirib chiqar
Ekzyuperi va Kafka.

Yosh ijodkorlarga qanday istaklarni aytgan bo‘lardingiz?

– Birinchidan, yosh qalamkashlar o‘z adabiyotini teran bilishlari kerak, ikkinchidan, ular jahon adabiyotini o‘rganishi zarur. Uchinchi shart – ular mehnatga tashna bo‘lishlari kerak. O‘rni kelganida yosh shoir ukalarimizga bir gapni aytib o‘tay, zinhor bitta she’rni bir o‘tirishda yozdim, deb maqtanib yurmang, she’r, ya’ni undagi so‘zlar unli va undoshlariga qadar tinimsiz sayqal topgandagina va ayni chog‘da birinchi yozilishdagi ruhiy quvvati va sehrini yo‘qotmagan taqdirdagina mukammal asarga aylanishi mumkin. Albatta, men bundoq kamolotga erishganman demoqchi emasman. Lekin mumtoz adabiyotimizni o‘qib-o‘rganib, Dante singari shoirlarni tarjima qilib, shu xulosaga kelganman.

Sizda she’r tug‘ilishi jarayoni qanday kechadi? Dastlabki uchqun misra tarzida namoyon bo‘ladimi, fikr yoki majoz bo‘libmi? Buni bilish o‘zim uchun ham qiziqarli...

– Menda she’r dastlab fikr tarzida, ba’zan majoz tarzida namoyon bo‘ladi. Keyin u she’r bo‘lib shakllanadi. Boya aytganimdek, qattiq mehnat natijasida, albatta. Lekin mehnatda zavq bo‘lishi kerak. Ilohiy zavq. Zero, qattiq mehnatni yuk tashuvchi jonvor ham qiladi. Bu ilohiy zavq sizga uyqu bermasin. Bu ilohiy zavq bo‘g‘zingizga qadar kelsin, ichingizdan toshib tursin. Ko‘zingiz yumilib ketayotgan esa-da, qo‘lingiz qalamga talpinsin. Xullas, mehnat, yana mehnat... Cho‘ntagida ikkita she’r qoralamasi yurmagan shoirni men shoir sanamayman: kezi kelganda tuzatish kiritish uchun «ammo»ning o‘rniga «lekin»ni qo‘yish kerak bo‘lar, masalan. Yoshligimda men uxlamaslikdan qo‘rqmasdim, endilikda uxlamagan tunim ertasiga darhol o‘z ta’sirini bildiradi.

Abdulla aka, hozir ko‘nglingiz ko‘proq nimani tusaydi?

– Samimiy, beg‘ubor do‘st suhbatini. Bir to‘rtligimda aytganman: do‘stlashgan ikki odamning boyligi boyligiga teng bo‘lishi shart emas, bo‘yi bo‘yiga teng bo‘lishi shart emas, mansabi mansabiga teng bo‘lishi shart emas, ularning ko‘ngillari bir-biriga teng bo‘lsa, bas...

Abdulla aka, Vatanimiz o‘z mustaqilligining yigirma yilligini nishonlash arafasida, xalqimiz istiqloldan quvvat olib, hurriyat nashidasidan il-homlanib istiqbol sari dadil qadam tashlayotgan bir pallada shoirman, yozuvchiman degan qalam sohiblarining vazifasi nimadan iborat bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?

– Qalam sohiblari, o‘tkir tafakkur egalari har bir zamonda ham davrning eng oldingi marralarida bo‘lishgan. Kerak bo‘lsa, xalq saodati, Vatan ozodligi uchun jonlarini fido qilishgan. Buni tarixdan yaxshi bilamiz. Bugungi kunda mamlakatimiz mustaqil, xalqimiz buyuk bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqda. Biz ijodkorlar mana shu manzaraning shohidi bo‘lib turibmiz. Ammo bizlar mana shu ruhga, mana shu shiddatga munosib asarlar yaratayotibmizmi? Davrimizning qahramonlarini yuksak ohanglarda tarannum eta oldikmi? Mana shu tuyg‘u barchamizni bezovta qilishi zarur, tunlar uyqu bermasligi kerak.

Chinakam shoirman, yozuvchiman degan qalam sohibi bugungi kunimiz shukuhidan qalbida surur tuyushi kerak. Shu sururni tuymagan ijodkorning iste’dodiga men shubha bilan qarayman.

Ustoz, ushbu savolimni sizga ko‘p istihola bilan bildirmoqchiman. Bir to‘rtligingiz xususida. To‘rtlik shunday:

“Afsus, jahon aro dengizimiz yo‘q...”

Goho o‘kinch bilan yangrar so‘zingiz.

Lekin, Islom aka, mening ko‘nglim to‘q:

O‘zbekiston uchun dengiz o‘zingiz.

Men ushbu satrlarni ilk bor o‘qiganimda undagi g‘oyat o‘rinli tashbehingizga qoyil qolganman. Iste’dodingizga yana bir karra tan berganman. (Men ham shoirman, axir!) Siz ushbu to‘rt satr she’ringizda muhtaram Yurtboshimizning siymosini tugal chizib bergansiz desam, msubolag‘a emas. Zero, dengizning abadiy tug‘yon timsoli ekanligini, zohiran ham, botinan ham nihoyatda ulug‘vorligini, bag‘rikengligini kim ko‘rmagan deysiz? Siz xalqimiz baxti, Vatanimiz saodatini tunu kun o‘ylab shu yo‘lda jonbozlik ko‘rsatayotgan fidoyi, benazir rahnamomizni dengizga qiyoslab, poetik tashbih yaratgansiz. Dunyodan ogoh insonlar sifatida, tevaragimizda, yaqin-yiroqlarda qanday jarayonlar kechayotganligini yaxshi bilamiz.

Yurtboshimiznig dunyoviy tashvishlardan ortib, mamlakatimizning ichki va tashqi muammolariga har kuni ro‘baro‘ bo‘lgan holda ma’naviyatimiz haqida hamisha qayg‘urayotganliklari, ijodkorlarga alohida e’tibor berayotganligi uning qalbidagi bag‘rikenglikning dalil-isbotidir. Yaratilayotgan shart-sharoitdan, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan biz – ijod ahlining ko‘nglimizda minnatdorchilik tuyg‘usi jo‘sh urib turibdi. Shunday emasmi?

Ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlikning zamiriga nazar solsak, undagi qalam ahliga nisbatan yuksak ishonch va katta umidni ilg‘ashimiz qiyin emas. Zero buyuk sohibqiron ta’kidlaganidek, o‘z qavmimizda bosh bo‘g‘in ekanmiz, shunga munosib fikrlashimiz joiz. Tafakkurda dunyoviy mavqelarga ko‘tarilmog‘imiz kerak. Bunday parvozga biz faqat Mustaqillik shohsupasidan, Istiqlol zaminidan ko‘tarilishimiz mumkin edi. Istiqlolning qadri shuning uchun buyukdir.

Ko‘hna tarixga nazar solsak, ozodlikni hech bir millat osongina, o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritmaganligini ko‘ramiz. Eh-he, qanchadan-qancha ko‘z yoshlar to‘kilgan bu yo‘lda, qanchadan-qancha qurbonlar berilgan. Bizning millatimiz, xalqimiz uchun ham Istiqlol osmondan tushgani yo‘q. Bu yil mana shu muborak ayyomga 20 yil to‘ladi. Bu davr mobaynida biz eski tushunchalardan qutuldik, buyuk kelajak sari yuz burdik. Biz mana shu murakkab kurash yo‘lini dono yo‘lboshchimiz rahbarligida bosib o‘tdik, deya faxr va iftixor bilan aytaman. Ne-ne xavf-xatarga, qaltis vaziyatlarga ro‘baro‘ kelmadik. Eng mashaqqatli muammolarni ham Yurtboshimiz boshchiligida hal qilib, dunyo sahnasida obro‘-e’tibor qozonmoqdamiz. O‘zbek degan nom dunyoda bugun mag‘rur jaranglamoqda.

Bugun tarixda shaxsning o‘rni naqadar muhim ekanligiga amin bo‘lib turibmiz.

Islom Karimovni davrning o‘zi maydonga olib chiqdi.

Hali oldimizda ko‘p dovonlar bor. Barchamiz istiqlolimiz asoschisi Yurtboshimiz atrofida mustahkam jipslashishimiz kerak.

Abdulla aka, davrimizning allomasi, qolaversa, hayotning achchiq-chuchugini tatib, 70 yoshni qoralagan mo‘ysafid sifatida umrning mazmunini yoshlarimizga bir og‘iz so‘z bilan qanday ifodalagan bo‘lardingiz?

– Shu ozod Vatanimiz baxti uchun yashashda!..

Darhaqiqat, siz bu tuyg‘ungizni bir she’ringizda shunday ta’kidlagandingiz:

O‘zbekiston – yagona Vatan uchun yashaylik,

Vatan ichra go‘zal bu chaman uchun yashaylik!

Ustoz, men sizning birinchi rasman shogirdingizman. Bu gapim g‘alati tuyulmasin. Chunki bundan qirq yillar chamasi oldin birinchi bo‘lib menga “Guliston” jurnalida “Oq yo‘l” tilagan edingiz. Mendan keyin, albatta, ko‘pdan-ko‘p yosh shoirlar sizdan duoi-fotiha oldi. Men esa birinchi raqamli shogirdingiz ekanligimdan mudom faxrlanib yuraman.

Sizga barcha shogirdlaringiz nomidan, jurnalimiz tahririyati nomidan muborak ayyomingiz munosabati bilan mustahkam sog‘liq, uzoq umr tilayman. Hamisha she’riyatimiz darg‘asi bo‘lib qoling.

Rahmat. Minnatdorman...

Men ustoz xonadonidan yorug‘ tuyg‘ular bilan qaytdim. Yo‘l-yo‘lakay uning fenomeni haqida o‘yladim. “Abdulla Oripov fenomeni” – XX asr o‘zbek she’riyatining yuksak sururi. Uning ijodida – tug‘yonli she’riyatida xalqimizning erkka, ozodlikka, yaxshi kunlarga bo‘lgan ishonchi, boqiy Vatan tarannumi, inson qalbida kechadigan teran kechinmalar, hayotga bo‘lgan cheksiz muhabbat, dunyoni chuqur anglash tuyg‘ulari tajassum topdi.

Bir og‘iz so‘z bilan, o‘zbek she’riyati Abdulla Oripov ijodi timsolida XX asr jahon she’riyatiga o‘z hissasini qo‘shdi, deya baralla aytishimiz mumkin.

She’rlarida Erkni, Ozodlikni, insonga Muhabbatni avj pardalarda kuylagan, muqaddas zamin – O‘zbekistonimiz kelajagini o‘tli qo‘shiqlarida tarannum etgan shoir xalq mehri-e’zoziga, Vatanning eng yuksak unvonlariga sazovor bo‘ldi.

Bugungi kunda Abdulla Oripov she’riyati millatimiz osmonida kamalakdek tovlanib turibdi.

Mirpo‘lat Mirzo

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.