Shodmon Otabek: Mahkam aka,adabiyotning ma’no-mohiyati haqida donolar, buyuk siymolar, so‘z san’atkorlari ko‘p va xo‘p aytgan. L.Tolstoy “San’at butun insoniyatning yagona his-tuyg‘uga birlashishi uchun vositadir” deganda avvalo adabiyotni nazarda tutgan, albatta. Arastuning siz tarjima qilgan o‘sha “Poetika”sida ham katarsis — badiiy adabiyot inson ruhini tozalashi, poklashi nazarda tutilgan. Nazarimda, adabiyot haqidagi bahs-munozaralarda, badiiy asarlarga baho berishda, qanday mezonlarni asos qilib olish borasida yakdil fikr yo‘q. Bitta asarni to‘rt kishi o‘qisa, to‘rt xil fikr aytadi. Adabiyotga har kimning o‘z qarashi bor. Kim uchundir adabiyot ko‘ngil izhori, kim uchundir qismat... Ayni chog‘da adabiyotning azaliy, o‘zgarmas tamoyillari, mezonlari ham bor-ku! Nazarimda, biz goho ularni unutib qo‘yayotganga o‘xshaymiz.
Mahkam Mahmudov: San’atda badiiylik mezonlari hikoya, qissa, roman, ballada, poema, lirik she’riyat, rassomlik, me’morchilik, musiqa, haykaltaroshlik asarlari uchun turlicha ekanligi tabiiy hol. Ammo, bu san’atlarning barchasi uchun umumiy, zaruriy, yurak va qon tomiriga o‘xshash muhim qonuniyatlar borki, bular avvalo adabiyot nazariyasi, keng ma’noda estetika fanida maxsus o‘rganiladi. Shu mezonlarning asosiylari: she’r uchun his-tuyg‘ular go‘zalligi, nafisligi, nozik kechinmalar, hikoya uchun – yaxlit bir voqeada inson xarakteri va muhim bir g‘oyani tasvirlash, qissada shu narsalarning kengroq ifodalanishi, romanda davr va jamiyat hayotida yuz berayotgan global jarayonlarni bir yoki bir necha odamlarning taqdiri, xarakterlari orqali ochish, tragediyada zamon oqimiga qarshi yakka o‘zi qarshi tura olgan shaxsning va atrofdagilarining kuchli xarakterlarini ko‘rsatish, komediyada jamiyatdagi illatlarni kulgi, hajv vositasida fosh qilish, rassomlik va haykaltaroshlikda – muhim ijtimoiy va estetik ahamiyatli manzara, holatlarni birgina nozik lahzada aks ettirish muhim hisoblanadi. Bu san’atlardan eng ta’sirchani, eng ko‘p (hatto cheksiz) imkoniyatlarga ega bo‘lgani she’riyat, musiqa va badiiy prozadir. Servantes “Don – Kixot” romanida bahodirlik, ritsarlik davrlari o‘tib ketganligini, endi miskin, bechoralarni zolimlardan himoya qiluvchi bahodir ritsar kulgili holatga tushib qolganini tasvirlar ekan, uning asosiy poetik g‘oyasi – Don Kixot kabi sofdil va sodda odamlar ustidan kulish emas, aksincha, yangi davrda ko‘pchilik ayyor, munofiq, ta’magir, ochko‘z, yulg‘ich bo‘lib, aslzoda xonimlar idealligini yo‘qotib, oddiy masxarabozlarga aylanib qolganidan qayg‘urish edi, deb o‘ylayman. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, Abdulla Qahhorning “Sarob” romanlariga yuksak baho bergan Oybek, Vadud Mahmud, Izzat Sulton, Ahmad Aliyev, Umarali Normatov, Abdug‘afur Rasulov, Dilmurod Quronov, Bahodir Karimov, Ulug‘bek Hamdam va boshqalar o‘z talqinlarida badiiylikning o‘lmas mezonlaridan kelib chiqqanlar. Sho‘rolar siyosatiga qul bo‘lgan Sotti Husayn esa bu romanlarni proletar diktaturasining poetikaga zid mezonlari bilan tanqid qilgan edi. Badiiy asarni baholashda bunday qarash asoratlari hozir ham uchrab turadi. Bu haqda Dilmurod Quronov “Adabiy jarayonda Mom sindromi” asarida yaxshi yozgan. Ba’zi tanqidchilar esa tahlil o‘rniga ijodkorga aql o‘rgatadilar.
Sh.O: Tabiiyki, mustaqillik yillarida yozuvchilar istiqlol bergan erkinlikdan yaxshi foydalanmoqdalar. Ammo bozor iqtisodiyoti tamo-yillari ma’naviy hayotni ham shiddat bilan o‘z domiga torta boshladi. Shunday sharoitda ayrim ijodkorlar hatto umidsizlikka ham tushib qolishdi. “Adabiyot o‘ladimi?” degan mavzuda jiddiy bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Xo‘roz hamma yerda bir xil qichqiradi degandek, bu davrda jahon adabiyoti ham o‘ziga xos bir sinov davrini boshidan kechirmoqda edi. Amerikada yashab ijod qilayotgan mashhur rus adibi Vasiliy Aksyonov shunday degan edi: “Amerikada mavjud bozor iqtisodiyoti nafis adabiyotning ildiziga bolta urayapti. Uning o‘rnini “ko‘cha adabiyoti ” – fahsh, nayrangbozlik, oldi-qochdi “adabiyoti” egallab olyapti...” Darvoqe, o‘zimizda ham Aksyonov tilga olgan “adabiyot namunalari” urchib ketgani sir emas. (“Adabiyot bozorga moslashadimi?” degan maqolamda bu haqda baholi qudrat yozgan edim.)
Yuqorida eslatilgan munozara garchi “Inson bor ekan, adabiyot o‘lmaydi, adabiyotning bosh muammosi – odam” degan umidbaxsh xulosa bilan yakunlangan bo‘lsa-da, hozirgi globalizm davrida adabiyotning taqdiri borasidagi xavotirlar hali barham topmagan. Atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov “Drujba narodov” jurnalida 2009 yili chop etilgan suhbatida bu haqda taassuf bilan shunday degan edi: “... Adabiyot hozir qiyin bir davrni boshidan kechirmoqda. Nogoh u keraksiz narsadek bo‘lib qoldi: endi tashvish – qiziqishlar bo‘lakcha, ehtiroslar bo‘lakcha, sobiq kitobxonlarimizning xayoli boshqa narsalar bilan andarmon, yangi kitobxonlar esa chinakam mutolaaning ongu shuurlarga beradigan beqiyos nash’u namosidan hoynahoy bexabardirlar. Shu bois bundan keyin nima qilmoq kerakligini hammamiz birgalikda o‘ylashimiz kerak”.
Yana o‘sha ko‘hna, an’anaviy savol – nima qilmoq kerak?..
M.M: Vasiliy Aksyonov va Chingiz Aytmatovning tashvishlari o‘rinli, albatta. Xususan, o‘tgan asrlarda Shekspir, Servantes, Hayne, Bayron, Balzak, Dyuma, Ch. Dikkens, U. Folkner, Jek London, Mark Tven, Stendal, Flober, Mopassan, Turgenev, Nekrasov, Dostoyevskiy, Lev Tolstoy, A. Chexov kabi daho adib va shoirlarni yetishtirgan Yevropada hozir o‘shalarga teng keluvchi san’atkorni topish juda qiyin. Menimcha, G‘arbda bu orqaga ketishning asosiy sabablari – butun yer yuzida, global ravishda moddiy boylik, foyda ketidan quvib, ruhiy olam, ma’naviyatning pasayib ketishi, gumanizm va xalqchillik yetishmasligi, iste’dod sohiblarini, ijodkorlarni qadrlamaslikdir. (Balzak, Dyuma, J.Sand asarlari uchun olgan qalam haqlari bog‘lar, qasrlar qurish uchun yetar edi, Bayron esa poemalari uchun olgan qalam haqiga jahon bo‘ylab sayohat qilar, Italiya va Gretsiya milliy ozodlik kurashchilariga katta yordam berar edi.) Hozirgi G‘arb adiblaridan AQShda Rey Bredberi, Frantsiyada Le-Klezio o‘tgan mumtoz ijodkorlar martabasiga yeta olgan. Le-Klezio butun dunyodagi yetim bolalarining go‘zal ruhiy olamini Andersen va Dikkens kabi yuksak badiiyat bilan himoya qilgani uchun xalqaro Nobel mukofotiga munosib topildi.
Ammo umidni yo‘qotmaylik, badiiy adabiyot pasayishi, yuksalishi mumkin, lekin hech qachon o‘lmaydi. Dalilimiz shundaki, inson badaniga, jismiga ozuqa qanday muhim bo‘lsa, ruh uchun ozuqa yanada muhimroqdir. Inson ruhi oziqlanmasa, ekzistentsiyachi adiblar A.Kamyu, Jan Pol Sartr aytganiday, insonlar faqat tiriklik, jon saqlash, mavjudlik uchungina yashasa, hayvonlarga o‘xshab qoladilar.
Ancha yillar avval ham yuqoridagidek savol tug‘ilganida kibernetika sohasida atoqli olim, akademik Vosil Qobulov “Guliston” muxbiri bilan suhbatda bunday degan edi: “Nafosat, san’at, badiiy adabiyot odamzod ongining kamol topishida asosiy manbadir. Qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, olamni to‘la-to‘kis bilishni istagan har bir odam badiiy adabiyotni jon-dilidan sevishi kerak. Ilm-fan ahli ham nafosatga, badiiy adabiyotga qanchalik ixlos qo‘ysa, uning ma’naviy olami, iqtidori shunchalik yuksaladi”.
Sh.O: Odamlarning adabiyotdan yiroqlashgani sababi zamona zayli bilan yuzaga kelgan ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa murakkab muammolar bilan ham bog‘liq, albatta. Goho kitob chiqarish qiyinligi haqida nolishlar quloqqa chalinib qoladi. Ammo kitob do‘konlari, katta ko‘chalar chetidagi yo‘lkalarga yoyib qo‘yilgan turfa xil kitoblarni ko‘rib ko‘zlar qamashadi. Ayrim sermahsul mualliflarning birdaniga besh-olti nomdagi kitobi sotuvga qo‘yilgan. Ular qanday chop etilmoqda degan savolning javobi esa oddiy – bozor iqtisodiyoti “mahalliy klassiklar”ga katta imkoniyat yaratib berdi. Masalaning ma’naviy, tarbiyaviy tomoni ko‘proq tashvishlantiradi. Oldindan xaridorgir bo‘lishi mo‘ljallab yozilgan bunday sayoz, yuzaki kitoblarni o‘qiyotgan kitobxonning saviyasi nima bo‘ladi? Didi buzilgan kitobxon adabiyot degani shunaqa bo‘lar ekan-da, degan tushunchaga borib qolmaydimi? Kitobxonni qo‘ya turaylik, ilgari jiddiy asarlar yozib yurgan, endilikda bozorga moslashayotgan ayrim yozuvchilar adabiyot degani qiziq voqeani qiziqarli hikoya qilib berishdan iborat degan jo‘ngina, yanglish xulosaga kelib qolishgani ham sir emas. Axir qachongacha biz andishali xalqmiz deya kamchiliklarimizni xaspo‘shlaymiz? Bundan kimga foyda-yu kimga ziyon? Siz bir zamonlar dadil, parodoksal fikrlaringiz bilan mashhur edingiz. Mustaqillikdan ilgari, marksizm-leninizmga til tekkizib bo‘lmaydigan zamonda estetika sohasida Marks-ni tanqid qilib chiquvdingiz. O‘sha voqea atrofida qanchalar shov-shuv bo‘lgan edi. Nega endi ayni haqiqatni bor ovoz bilan aytish mumkin bo‘lgan dorilomon kunlarda sukut saqlamoqdamiz? Men bu bilan bizda tanqid butunlay so‘nib qolgan demoqchi emasman. Nazarimda, tanqidchilikning hozirgi ahvolidan baribir qoniqish hosil qilish qiyin.
M.M: Badiiy, estetik didning pasayishi haqidagi fikringiz to‘g‘ri. Didsizlik kitobxonning ma’naviy qashshoqligidan kelib chiqadi. Menimcha, didsizlik paydo bo‘lishining bir qancha sabablari bor.
1. Oilada ota-onalar farzandlarini boqish, kiyintirish, boshqa maishiy muammolar bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarini boy milliy ma’naviy merosimiz – ajoyib ertaklar olami bilan, “Alpomish”, “Kuntug‘mish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari bilan tanishtirmaydilar. Chunki ko‘pchilik ota-onalar bularni o‘zlari ham bilmaydilar. Buning o‘rniga ular nohaq yo‘l bilan bo‘lsa ham tezroq boylik topishni o‘rgatadilar.
2. Bolalarning cheksiz go‘zallik, nafosat, jo‘shqinlik manbai bo‘lgan tabiatdan uzoqlashuvi. Bolalar, o‘smirlarning qishloqdagi mehnatdan qochib, shaharga oqib kelishi. Bularning oldini olish uchun davlatimiz viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarini kuchaytirishga ko‘p mablag‘lar sarfladi. Joylarda turli sohalarda kollejlar, litseylar qurildi. Ammo ustozlarning o‘zini tarbiyalash qiyin muammo. Yosh avlodni umuminsoniy orzu-ideallar bilan yashashga o‘rgatish kerak. Bu esa badiiy adabiyotning vazifasi.
3. Estetik didsizlikning yana bir sababi – adabiy tanqidchilarning jahon mumtoz adabiyoti durdonalarini va ularning o‘ziga xos talqinlarini bilmasligi. Arastu “Poetika”sini, Jomiy, Navoiy, Bobur, Lessing, Gyote, Xerder, Bayron, Xayne, Balzak, Stendal, Gogol, Pushkin, Belinskiy, olmon romantiklari aka-uka Avgust va Fridrix Shlegellar, Novalis, Lyudvig Tik, E.A. Xofman, Jan-Pol Rixter, ingliz, frantsuz romantiklari va realistlarining badiiy ijod haqidagi nazariy fikrlari va kuzatishlarini yaxshi bilmasligi sababli ayrim adabiy tanqidchilarimiz didsiz, sayoz gaplarini katta yangilikday taqdim qiladilar.
Aslida qiziq voqeani qiziq hikoya qilib berish ham san’atkorlikdir. Faqat gap shundaki, ijodkor o‘sha voqea zamirida qanday muhim hayotiy muammolar yotganini ochib ko‘rsatishi zarur. Biz jahon mumtoz adiblaridan, ayni zamonda o‘zimizning mashhur ijodkorlarimizdan mahorat sirlarini o‘rganishimiz kerak. Italyan adibi Dino Butsattining “Yetti qavat” hikoyasidan ijodiy foydalangan Xurshid Do‘stmuhammad “Jimjitxonaga yo‘l” degan ajoyib hikoya yozdi. Bunday tajribalar ham mahoratni o‘stiradi. Dino Butsattining “Uchayotgan qiz” hikoyasi inson qalbini larzaga soladi. U “Kolombo” va “Avliyoning qaytishi” hikoyalarida romantik, fantastik va realistik tasvirlarni uyg‘unlashtirib, favqulodda voqeaning teran falsafasini ochadi. “Jahon adabiyoti”da bosilgan bu hikoyalarni Rahimjon va Farrux Otauli mahorat bilan tarjima qilganlar. Bu jihatdan o‘zbek hikoyachiligi faol izlanishlar pallasida.
Sh.O: Adabiyotda voqea bo‘ladigan, jiddiy asarlar kam yozilayotgan vaqt-da bozorga moslashib, detektiv yozadiganlar ko‘payib ketdi. Bunday “asar”larning aksariyati shunchaki oldi-qochdi voqealarning siyqa bayonidan iborat bo‘lib qolmoqda. Detektiv asarlar jiddiy adabiyot namunasi bo‘lolmaydi degan yanglish tasavvurning shakllanishiga ham ana o‘sha “asar”lar sabab bo‘lmoqda. Holbuki, jahon adabiyotida Jyul Vern, Daniel Defo, Jonatan Svift, Artur Konan-Doyl, Edgar Po, Agata Kristi kabi mashhur yozuvchilarning detektiv asarlari adabiyotning yuksak namunasi sifatida e’tirof etilgan. Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romani ham aslida detektiv asar. Demak, gap janrda emas. Gap “nima”ni “qanday” yozishda ekan-da...
M.M: G‘arb adabiyotida detektiv, sarguzasht adabiyoti yaxshi rivojlangan. Aslida har qanday yaxshi asarda hayot voqeasi favqulodda qiziqarli bo‘lishi badiiylik qonunlaridan biridir. Charlz Dikkens “Oliver Tvist” romanida bir bolaning chaqaloqligidayoq baxtsiz bo‘lib tug‘ilishini, yosh ayol tug‘ayotib nohaqlik va ochlikdan o‘lganini tasvirlaydi. Bundan avvalroq, Viktor Gyugo “Kulayotgan odam” romanida dengiz qaroqchilari yetim chaqaloqlarni ataylab mayib-majruh qilib o‘stirib, ularni tilanchi qilib, boylik orttirganligini ko‘rsatgan. Adibning bunday voqealarni tanlashi faqat voqea sarguzasht, qiziqarli bo‘lgani uchungina emas (aslida bu ham syujet muvaffaqiyatini ta’minlaydi), balki jamiyat hayotidagi ana shunday ijtimoiy illatlarga qarshi o‘t ochish, davlat, hokimiyat e’tiborini, xalq e’tiborini shu illatlarga qaratish niyatidan kelib chiqadi.
Jahon mumtoz adiblaridan Valter Shottning “Ayvengo” (“Ivangoe”), “Kventin Dorvard”, “Rob Roy”, “Tumor” (Salohiddinning salibchilarga qarshi kurashi haqida) romanlari, Jurji Zaydonning “Farg‘ona kelini”, Jorj Sandning “Konsuelo”, “Indiana”, Jyul Vernning “O‘n besh yoshli kapitan”, “Sirli orol”, “Oyga sayohat”, G.Uellsning “Ko‘rinmas odam”, “Vaqt mashinasi”, A.Dyumaning “Uch mushketyor”, “Graf Monte-Kristo”, R.L.Stivensonning “Xazinalar oroli”, Mark Tvenning “Shahzoda va gado”, “Tom Soyerning sarguzashtlari” sarguzasht adabiyotining yaxshi namunalaridir.
O‘zbek badiiy adabiyotida detektiv-sarguzasht janrida keyingi vaqtlarda ko‘p asarlar yozilishi ham davr ruhini, hayot haqiqatini ifodalaydi. Globallashuv tufayli g‘arbga xos juda ko‘p jinoyatchilik turlari – korruptsiya, poraxo‘rlik va mafiyabozliklarni fosh etishda badiiy adabiyot ham jamoatchilik fikrini qo‘zg‘atib, qonun va huquq organlariga amaliy yordam bermoqdalar. Keyingi yillarda detektiv, sarguzasht janrida Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tohir Malik, Hojiakbar Shayxov, Alisher Ibodinov, Isfandiyor, Shoyim Bo‘tayev, Tilavoldi Jo‘rayev, Luqmon Bo‘rixon va boshqalar faol ijod qildilar.
Bu adiblar yozgan asarlarining badiiy saviyasi turlicha bo‘lib, hali munaqqidlarimiz ularni tadqiq etishga kirishgani yo‘q. Yaxshi asarlar keyin o‘zi saralanib qoladi. Bu asarlarning ko‘p nashr etilgani ijobiy hodisa. Qobil Mirzo “Tug‘ilmagan odam qissasi” romanida umuminsoniy qadriyatlarni yovuzlarning tajovuzidan asrashga chaqiradi. Asarda jamiyatimizning ma’naviy musaffoligiga xalaqit berayotgan mafiya, yangi “xonlar” va “sultonlar” fosh etilgan. Qahramon Ahmad “Xavfli sohil”, Odil Abdurahmon “O‘lib tirilganlar” romanlarida hayot muammolarini murakkabligi bilan, haqqoniy va hayajonli vaziyatlarda ko‘rsata oldilar. Ammo bular hali ilk izlanishlardir.
Sh. O: Keyingi vaqtlarda adabiy asar badiiyati haqida mavhum, noaniq, parokanda fikrlar ham bildirilmoqda. Nazarimda, tanqidchilar asar syujeti poetikasini yaxshi ochishga e’tibor bermayaptilar.
M. M: Adabiyotning badiiy-g‘oyaviy xususiyatlari deganda, Arastu “Poetika”sida bayon qilingan fabula (Homer, Aristofan, Sofokl, Evripid zamonlarida asosan mifologik fabuladan foydalanar edilar) va shu fabulaga bog‘liq holda syujet rivoji davomida – qahramonlarning xarakterlari ochuvchi voqealar tuguni, xarakterlararo simpatiya va antipatiyalarni, konflikt rivoji, ziddiyatlarning avj nuqtalari – kulminatsiya va shu kurashning yechimi, oqibati – epilog haqida so‘z borar edi. Tanqidchilar sho‘ro mafkurasidan bezganlari uchun g‘oyaviylik haqida gapirmay qo‘ydilar.
Badiiy asarning g‘oyasi o‘ta ijtimoiy, falsafiy va o‘ta shaxsiy ham bo‘lishi mumkin edi. Esxilning “Zanjirband Prometey” tragediyasidagi g‘oya o‘ta ijtimoiy-siyosiy: xalq manfaatini himoya qilish uchun qahramonning oliy hokimiyat – ilohlar hukmiga qarshi borishidir. “Medeya” (Evripid) tragediyasining g‘oyasi o‘ta shaxsiy, oilaviy sevgisi oyoqosti qilingan ayol bevafo eri Yasondan qasos olish maqsadida ikki farzandini o‘z qo‘li bilan o‘ldiradi. Keyinroq aniqlanishicha, Medeya bunday ish qilmagan, buni Evripid to‘qigan ekan. Har qanday badiiy asar syujeti orqali adib ijtimoiy va poetik g‘oyani ochishda xarakterlardan foydalanadi, xarakterlar to‘qnashuvi orqali asar g‘oyasini ochadi. “Arafa” ( Turgenev) romanida nomning o‘ziyoq asar g‘oyasini, buyuk o‘zgarishlar arafasini va qanday inson shu zamonda (Turgenev zamonida) qahramon bo‘lishi mumkinligini eslatadi. Arafa romanida estetik ideal bo‘lmish aqlli va go‘zal, aslzoda qiz Yelena ko‘p yigitlar orasidan xorijlik inqilobchi, Bolgariya fuqarosi Insarovni tanlaydi.
Sh. O: Badiiy asar syujetida milliy ruh, dialog va xarakterlarni ochilishida yozuvchining tilga boyligi muhimroqmi yoki hayotni, odamlarning ruhiyatini yaxshi bilishimi? Siz bu masalaga qanday qaraysiz?
M. M: Juda qiziqarli savol. Keyingi vaqtlarda adabiy tanqidchilikda badiiy ijod qonuniyatlarini yaxshi bilmaslik, yo bilganda ham, esdan chiqarish oqibatida badiiy asarlarni baholashda turli chalkashliklar yuz bermoqda. To‘g‘ri, Umarali Normatov, Naim Karimov, Ibrohim G‘afurov, Abdug‘afur Rasulov, Hamidulla Boltaboyev, Ulug‘bek Hamdamov, Suvon Meli, Ortiqboy Abdullayev, Dilmurod Quronov maqolalarida yangi asarlarni yuqori saviyada estetik baholash yaqqol seziladi va keng kitobxonlar ommasi bu olimlarning fikrlariga ishonch bilan qaraydilar.
N.V. Gogol, A.S. Pushkin, Tyutchev, Fet, N. Nekrasov, I.S. Turgenev, M. F. Dostoyevskiy, Lev Tolstoy, M. Ye. Saltikov – Shchedrin ijod qilgan va rus adabiyotining oltin asri deb jahon e’tirof etgan davrda adabiy tanqid dahosi V. G. Belinskiy adabiy jarayonga ne chog‘li buyuk ta’sir ko‘rsatganligini eslaylik. Tanqidchi Mixail Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” romani haqida, Maksim Maksimich xarakteri haqida gapirar ekan, avvalo Rossiyaning Kavkazdagi urushi, ya’ni, tog‘liklarning itoatsizligi, bosqinchilarni yomon ko‘rishi, Kazbich kabi mahalliy yigitlarning rus ofitserlarini doimo aldashi kabi hayotiy vaziyatlar Maksim Maksimich xarakteriga kuchli ta’sir ko‘rsatganligini aytadi. Bu yerda Lermontov tarix haqiqatiga sodiq qoladi, uni badiiy talqin qiladi.
Sh.O: Hozirgi ayrim tanqidchilar badiiy asarni baholash, talqin qilishda uning mazmunini bayon qilishga intiladilar, tahlil o‘rniga bayon – zaiflik emasmi?
M.M: Yo‘q, o‘rinli bo‘lsa, zaiflik emas. Tahlil ham, mazmun bayoni – voqeaning talqini ham kerak. V.G. Belinskiy asar g‘oyasini baholash uchun voqeaga katta e’tibor beradi. U asardagi ko‘p o‘rinlarni keltirib, ularni chuqur tahlil qiladi va tanqidchilikdagi bu usulni oqlaydi. V.G. Belinskiy fikricha, asarning mazmunini bayon qilganda butun asar ideyasini (g‘oyasini) ko‘zdan kechirmog‘i va bu ideyani shoir (adib) qanday yuzaga chiqarganini ko‘rsatib bermog‘i kerak. Xo‘sh, bu ishni qanday bajarish kerak? Asarning hammasini boshidan oxirigacha ko‘chirib bo‘lmaydi. Xo‘sh, asardan parchalar ko‘chirish haddan oshib ketmaslik uchun, g‘oyat mukammal bir asarning qanday o‘rinlarini tanlab olish va qanday o‘rinlarini olmaslik kerak? So‘ngra, asarning nafis va quyuq bo‘yoqlarini, shira va mazmunini o‘z so‘zlaring bilan qanday qilib bog‘lash kerak? Tanqidchi o‘z zimmasiga olgan vazifa juda og‘ir va mushkul ekanligini sezib turibmiz. Hozirgi adabiy tanqidchilarimiz, ehtimol, adabiy tanqid dahosining bu so‘zlaridan kulishi, asar mazmunini aytib berishning nimasi qiyin ekan? – deyishi mumkin. V.G. Belinskiy esa, tanqidchi asar mazmunidan kelib chiqib, undagi har voqea va xarakterlarga o‘z bahosini berishi, haqiqiy hayot bilan taqqoslab, ular haqida muhim fikr aytishi zarurligini tushuntiradi.
“Zamonamiz qahramoni” romanining sarlavhasida kinoya bilan ko‘rsatilgan asosiy g‘oya – Rusiya jamiyatidagi oliy tabaqa odamlari kibru havoga, xudbinlikka berilib ketib, faqat o‘z huzurini o‘ylab, boyliklarini, kuch-g‘ayratini xalq farovonligi, baxt-saodati uchun sarflamay, ma’naviy qurib, injiqlashib, zerikib yashayotganini, oqibatda bu kiborlar vatanga, jamiyatga keraksiz, ortiqcha odam bo‘lib qolganligini tanqidchi ana shu tarzda chuqur ochib ko‘rsatadi.
V.G. Belinskiy o‘ziga bino qo‘ygan bunday takabbur nigilistlarni I.S. Turgenevning “Arafa” va “Otalar va bolalar” romanlarida ham uchratadi. Ammo Bazarov yoki Insarov ma’naviy tanazzulga uchragan jamiyat kiborlarini inkor qilar edilar. Pechorin esa, shaytoniy ruhi qudratli, ammo insoniy ruhi tanazzulga uchragan odamdir.
Har bir jamiyatda sofdil, toza, sabr-qanoatli insonlar borligini, ammo xalq Pechorin kabi xudbin boylarning jabr-zulmi ostida xor-zorlikda yashayotganligini I.S.Turgenev va F.M. Dostoyevskiylar haqqoniy tasvirladilar. Keyinchalik, V.G. Belinskiy bu adiblarni tabrikladi.
Sh.O: Syujet poetikasi, dramatik holatlarini tasvirlash badiiy asarning janriga ham bog‘liq deb o‘ylayman. Romanda voqea va xarakterlar shoshmay, mufassal tasvirlanadi. Dramada esa voqea darhol shiddatli tus oladi.
M.M: To‘g‘ri kuzatish. Syujet tarangligini janr ham talab qiladi. Sheks-pir tanlab olgan fabulalarni, hayotiy voqealarni eslaylik. Sofokl “Antigona”da burch va qonun ziddiyatini, Shekspir “Romeo va Juletta”da bir-biriga dushman ikki oila farzandlarining otashin sevgisi, “Koriolan”da Rimdan quvilgan sarkardaning qo‘shin to‘plab kelib, bu shaharni qamal qilishi, “Sezar va Kleopatra”da Rim sarkardasining Misrni bosib olishi, so‘ng singlisiga qaytarib berishi, bu esa Rimda norozilik uyg‘otishi, “Qirol Lir”da sevimli farzandlar (qizlar)ning taxtdan voz kechgan otani cho‘lga haydashi (ko‘rnamaklik, otani emas, hokimiyatni sevish), “Richard III”da toju taxt uchun begunoh bolalar va onalarning o‘ldirib yuborilishi badiiy syujetga aylanar ekan, mualliflar syujet voqealari jarayonida xarakterlararo to‘qnashuvda va dramatik kolliziyalarda asar g‘oyasini ochib beradi.
Sh.O: Hozirgi ba’zi yozuvchilar va olimlar adabiyotda g‘oyaviylik degan gaplar eskirdi, hikoya, qissa, romanda g‘oya emas, insonlar ruhiyatini, xarakterlarini, vaziyatni, nozik holatlarni ko‘rsatish muhimdir deb o‘ylaydi. Frants Kafka va Jeyms Joysga, Markesga va Paulo Koeloga havas qilish, hayotiy voqeaga emas, modern deb, ong oqimi tasviriga qiziqish kuchaymoqda. Mumtoz jahon adabiyoti, klassik realizm vakillari ijodiga qiziqish kamayib, realist Dostoyevskiy va Lev Tolstoydan ham modern izlab, “ko‘p ovozlilik”ni maqtay boshladilar.
M.M: Baxtin “kashf etgan” ko‘povozlilik faqat F. Dostoyevskiy va L.Tolstoyda emas, balki ikki yarim ming yil davomida vujudga kelgan realizm, klassitsizm, romantizm asarlarida ham mavjud. Bu – badiiy asarda har bir qahramon o‘z dunyosida yashab, o‘zicha o‘ylashi, o‘z ovozi bosh-qa ovozlardan ayricha ekanligi, goho bir shaxsda bir-birini inkor qiluvchi ovozlar borligi, ba’zan esa turli ovozlar qo‘shilib ketishidir. Homerning “Iliada” dostonida Ahill va lashkarboshi Agamemnon jangdagi bir o‘ljani – troyalik asira qizni talashib, nizolashib qoladilar. Ahill ovozida adolat, haqiqat, insoniy g‘urur bor, Agamemnon ovozida esa podshohlarga xos kibru havo, xudbinlik bor. Buyuk yunon hajvchisi Aristofan “Qurbaqalar” komediyasida narigi dunyoda, marhumlar olamida Esxil bilan Evripidning ijodiy bahs-munozarasini ko‘rsatadi. Evripid o‘z asarlarimda hayotdagi qahramonlarni qanday bo‘lsa, shunday murakkab, rang-barang his-tuyg‘ulari bilan ko‘rsataman, Esxil qahramonlari esa buyuk, olijanob, matonatli bo‘lsa ham, ammo jonli odamga o‘xshamaydi, kitobiy tilda gapiradi, menda esa yigit yigitday, chol – cholday, bola – boladay gapiradi (ya’ni ko‘povozli), deydi. Arastu “Poetika” asarida ham bu holatni mimesis – hayotga taqlid, ya’ni hayotiylik (realizm), badiiylikning asosiy qonuniyati ekanligini aytadi. Demak, ko‘povozlilik XX asr kashfiyoti emas, balki Evripid va Arastu zamonidan kelayotgan kashfiyotdir.
O‘zbek badiiy nasrining XX asr boshlarida ijod qilgan korifeylari Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Abdulla Qahhorlar o‘z romanlarini yozishdan avval Firdavsiy, Navoiy, Shekspir, Gogol, Pushkin, Lermontov asarlari bilan va V.G.Belinskiyning tanqidiy asarlari bilan tanish edilar.
Sh.O: Keyingi yillarda Asad Dilmurod va Omon Muxtorlar juda tez va ko‘p yozmoqdalar. Sizningcha, bunday tezlik badiiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
M.M: Asad Dilmurod “Girih”, “Sherdor” qissalari bilan xalqimiz o‘tmishining murakkab va porloq sahifalarini yoritib berdi. U “Mahmud Torobiy” romanida kunchiqardan kunbotargacha, Chin, Xitoy, Tang‘utdan O‘rta Yer dengizigacha bo‘lgan mamlakatlarning xalqlariga falokat, vayronlik, jabr-zulm, qonli qirg‘inlar keltirgan Chingizxonning ikkinchi farzandi, Qoshg‘ar va Movaraunnahr hukmdori, Chig‘atoy davrida xalqimizning eng yetuk rahnamolari qullikda xor-zor qilingan qora kunlar manzaralarini, xalqimizning zulmga qarshi, milliy ozodlik uchun qahramonona kurashini bor dramatizmi, fojealari bilan haqqoniy aks ettirdi. Asad Dilmurod “Fano dashtidagi qush” romanini juda oz, nozikta’b odamlargina tushunadigan, botiniy fikr va tuyg‘ularga boy bir uslubda yozdi. Bu romanda inson hurligi va uni zanjirlovchi yovuz kuchlarning iblisona kuch-qudratini majoz, istiora, timsollar bilan tasvirladi. Asad Dilmurodning “Pahlavon Muhammad” romanida Navoiy davri ravshan koloriti, jonli muhiti bilan ko‘rsatildi. Uning “Mezon burji” romanida sohibqiron Amir Temur xarakteri, shu davrdagi kuchli shaxslarning xatti-harakatlari tarix haqiqatiga muvofiq aks ettirildi.
Omon Muxtor Istiqlol yillarida o‘ziga xos til va uslubda, insonlarning ruhiy olamidagi sir-sinoatlarga boy tuyg‘ular va kechinmalarni tasvirlab, bizda Mixail Bulgakov kabi shoirona nasr ustalari yetishayotganini amalda isbotladi. Sevinarlisi shundaki, Omon Muxtorning “Tepalikdagi xaroba”, “Ming bir qiyofa”, “Ishq ahli” kabi sirli, ancha-yin murakkab asarlarini kitobxonlar qizg‘in kutib oldilar. Shoyim Bo‘tayev “Shox” romanida tabiat ekologiyasini buzib, nodir hayvonlarni vertolyotda avtomat bilan qirib, o‘ldirib, shoxidan olingan dorini kontrabanda yo‘li bilan chet mamlakatlarga sotib, boylik orttirishga uringan yosh “ishbilarmonlar”ning qilmishlarini hajviy usulda fosh etadi va ularning ruhiyatini iblislar egallab olganini ustalik bilan ko‘rsatadi. Tilavoldi Jo‘rayev “Bozor dunyo”, “Arvohlar tunda izg‘iydi” romanlari, “Yiqilgan oy” qissasi, “Asr tuqqan odamlar” turkumidagi hikoyalarida xalq hayoti, qishloq turmushi muammolarini, xalqchil, hayotiy xarakterlarni chizadi. “Yiqilgan oy” qissasi qahramonlari, otlarni yaxshi ko‘rib, ularning fe’l-atvorini, qiliqlarini yaxshi biluvchi, uyidan qochib ketib, umri otxonada o‘tayotgan bolakay taqdirini, dunyoda hech kimi yo‘q, hatto o‘zi ham yo‘qday – qadrsiz va sofdil sayis – otboqar Matal buva taqdirini Chingiz Aytmatovning “Oq kema” qissasidagi yetim bola va Mo‘min chol kabi juda ravshan, hayotiy, haqqoniy hikoya qiladi. Xuddi hayotdagi kabi, bu asarlarda urush davrida GPU xizmatchilari va mahalliy sotqinlar sofdil, jafokash odamlarni oyoqosti qiladi. Adabiyotshunos Siddiq Mo‘min “Asr tuqqan odamlar” turkumidagi hikoyalarni Prosper Merimening “Matteo Falkone”, Nodar Dumbadzening “Ellada” hikoyalariga tenglashtiradi, ammo ularni qiyosiy tahlil etmaydi. So‘zboshi uchun ajratilgan juda kichik o‘rin bunga imkon bermagan bo‘lsa kerak.
Tilavoldi Jo‘rayevning “To‘ng‘iz”, “Narigi uy”, “Bevaqt o‘lim”, “O‘rgangan ko‘ngil” hikoyalarida qahramonlarning jonli xarakterlari va turli qismatlari faqat ruhiy tahlil (psixoanaliz), ong oqimi orqali ko‘rsatiladi.
Insonlarning amaliy ishlari, qilmishlari, nutqi, so‘zlaridan, dia-loglardan tashqari, ruhiy kechinmalari, o‘ylari ham ularning tabiatini, xarakterlarini aks ettiradi. Ayni vaqtda bu xarakterlar zamonni, asrni, jamiyatning ma’naviy holatini, o‘sish yoki tanazzulni ochishga xizmat qiladi. Tilavoldi Jo‘rayev hikoyalarida yovuz, mansabparast, poraxo‘rning botinidagi xunuklik, mog‘or bosganlik, shafqatsizlik, bir so‘z bilan – odamiylikdan begonalik sababli yaxshi odamlar bechora, baxtsiz, oyoqosti bo‘lib qolganligi, jamiyatni yomonlardan tozalashi zarur bo‘lgan ba’zi qonun posbonlari ham odamiylik qiyofasini yo‘qotganligi shafqatsiz realizm ruhida tasvirlanadi. Biz ham munaqqid Siddiq Mo‘min fikriga qo‘shilib, bu hikoyalarni ijobiy ma’noda Jeyms Joysning “Dublinliklar” turkumiga qiyoslaymiz. Bu hikoyalar yana bir jihatdan Gogol, Chexov va Mopassan asarlarini eslatadi, ammo bularda mumtoz san’atkorlarning tilidagi ravonlik, muxtasarlik (lakonizm) va inson aql-idrok bilan qarashiga umid yetishmaydi. Aslida yaxshilar ham ahil va kuchli bo‘lishlari zarur. Xalq orasida aqlli, sofdil, mard odamlar juda ko‘p. Salomat Vafo “Ovoraning ko‘rgan-kechirganlari” romanida matonatli odamlarning ruhiy boyligini ko‘rsatadi. Asar qahramoni ikki farzandli yosh beva o‘z qadr-qimmatini yerga urayotgan zamona zo‘ravonlaridan tap tortmay kurashadi.
Shoir, adib va adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdamov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”gazetasida bosilgan “Davr talabi va yangi mezonlar” maqolasida muhim nazariy muammolarni o‘rtaga qo‘yadi. Shulardan biri jahon ko‘lamidagi madaniy “istilolar” masalasidir. Yevropa adabiyoti (xususan ingliz, olmon, frantsuz, rus adabiyotlari) o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab, o‘zbek milliy adabiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Yuqorida aytganimizdek, XX asrdagi barcha yetuk o‘zbek adiblari rus va Yevropa yozuvchilari ijodidan yaxshi xabardor bo‘lib, ularning realistik tasvir uslubidan foydalanganlar. Ammo, Ulug‘bek Hamdam eslatganiday, Yevropaning buyuk san’atkorlari asarlaridan o‘rganish, bahra olish bosh-qa, Yevropa adabiyoti, san’at nazariyasi, estetikasidan foydalanish va ergashish boshqa narsadir. “Agar hammasini chetdan – rus, olmon, ingliz, frantsuz, ispan va Amerika adabiyotidan “qarz” olib turishda davom etaversak, oqibati nima bo‘ladi? ” – deydi Ulug‘bek Hamdamov, – “Qarz” olingan andazalar milliy ruhda yozilgan badiiyat namunalarini doimo tushuntirib bera olarmikin?” Bu adolatli fikr. Bizda davom etayotgan absurd, modern, “Sizif mehnati”, ekzistentsializm haqidagi bahslarning milliy adabiyotimizga qanchalik nafi bor? Ulug‘bek Hamdamov “oltin o‘rtalik”ni, ya’ni, har ikkisidan oqilona foydalanishni taklif etadi. U sharqona milliy badiiylik andazalari Hamidulla Boltaboyev tuzgan “Sharq mumtoz poetikasi” kitobida mavjudligini ta’kidlaydi. Bu ham to‘g‘ri. Ammo, afsuslanarlisi shundaki, XX va XXI asr o‘zbek she’riyati haqida yozadigan olimlarning ko‘pchiligi sharqona she’riy san’atlardan xabarsiz. Xabari bor olimlar – U. To‘ychiyev, Yo.Ishoqov, A.Hojiahmedov, V.Rahmonov va boshqalar esa zamonaviy o‘zbek she’riyati haqida deyarli yozmaydilar. Yozayotganlar esa badiiy san’atlarni emas, ko‘pincha she’r tuzilishini tahlil qiladilar.(Ayrim istisnolar bor, albatta.)
Sh.O: Ma’lumki tarjimonlar iste’dodining yo‘nalishi, o‘ziga xosligiga qarab asar tanlaydi. Masalan, Erkin Vohidov Gyotening “Faust”ini, Abdulla Oripov Dantening “Ilohiy komediya”sini, Qodir Mirmuhamedov Homerning “Iliada”sini, “Dekameron”ni, M.Bulgakovning “Usta va Margarita”sini, Mirzakalon Ismoiliy Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”romanini, Ibrohim G‘afurov Xemingueyning “Chol va dengiz”, “Alvido, qurol!”, Nitshening “Zardusht tavallosi”ni, Nizom Komilov Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni”ni, X.Sultonov Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda”sini, Jamol Kamol Rumiyning “Masnaviy”sini, Farididdin Attor dostonlarini, Abdulla Sher chet tillardan Hayne va Bayron dostonlarini, M. Ali “Ramayana”ni, Amir Fayzulla “Mahobxorat”ni, Ortiqboy Abdullayev I.Bunin, Lev Tolstoy, Vereshchagin asarlarini, siz, Mahkam aka, Sharq va g‘arb mumtoz hikoyalari, romanlarini tarjima qilgansizlar. Tabiiyki, jahon adabiyoti durdonalarining tarjima qilinishi o‘zbek adabiyotining o‘sishiga ham hayotbaxsh ta’sir ko‘rsatadi. Mahkam aka, sizningcha, jahon adabiyotidan yana qaysi nodir asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish zarur deb o‘ylaysiz?
M.M: Mumtoz jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari o‘zbekchaga ko‘plab tarjima qilinganligi ilg‘or taraqqiy etgan xalqlarga xos hodisadir. Ammo o‘zbek o‘quvchilari va yozuvchilari havas qilib, o‘qib o‘rgansa bo‘ladigan yana qator nodir asarlar navbatini kutmoqda.
Jahon adabiyoti juda katta, misli yo‘q ummon. Men bu o‘rinda faqat o‘z fikrlarim, nuqtai nazarimga asoslanib, bir necha misol keltiraman. Ingliz adabiyotidan Shekspirning romantizm ruhidagi dramalari (“Bo‘ron”, “Simbelan”, “Qish ertagi”), Jeffri Choserning “Kenterberi hikoyalari” she’riy romani, Bayron dostonlari, Volter Shottning ko‘pchilik tarixiy va lirik romanlari (“Tumor”, “Lammermur kelini”), “Sen-Ronan suvlari”, Charlz Dikkens qissa va romanlari, R.Kipling qissalari, R.Xaggardning “Kleopatra”, “Hazrat Sulaymon tilla konlari” romanlari, nemis adabiyotidan Gyote, Novalis, L.Tik, E.T.A.Gofman, Tomas Mann (“Yusuf va birodarlari”), Lion Feyxtvanger (“Soxta Neron”, “Ispan balladasi”), frantsuz, italyan, AQSh va Lotin Amerikasi, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, arab adiblari va shoirlarining ajoyib asarlari o‘zbek o‘quvchilarini kutmoqda.
Sh.O: Ingliz adibi Uilki Kollinzning “Oytosh” romani ustoz Ozod Sharafiddinov tarjimasida bosilgan. Siz bu adibning “Oq kiyimli ayol” romanini, yana frantsuz yozuvchisi Ejen Syuning “Agasfer” romani haqida yaxshi gaplar aytib yurasiz. Bu asarlarning qaysi fazilatlari sizda kuchli taassurot qoldirgan?
M.M: Ejen Syu va Uilki Kollinz romanlarining badiiy va g‘oyaviy quvvati nimalarda ko‘rinadi? “Agasfer”da syujet yo‘llari labirint yo‘llari kabi tutashib ketadi, ajoyib-g‘aroyib, sirli voqea-hodisalar Yer yuzining turli qit’alarida va jamiyatning turli toifalarining o‘zaro to‘qnashuvlarida, bir-birlariga aloqasiz bo‘lib ko‘ringan odamlarning qadimiy bir voqeaning turli joylardagi, turli vaqtlardagi davomchilari bo‘lib chiqishida ko‘rinadi. Ayni vaqtda, asarning bosh ijobiy qahramonlari yuksak insoniy fazilatlari, jozibadorligi bilan maftun qiladi.
“Oq kiyimli ayol” romanida (asarni 80 yoshdan oshgan tabarruk qariya Abduqahhor Iminov ingliz tilidan tarjima qilgan) esa o‘zini aslzoda ko‘rsatgan jinoyatchi, qalloblarning nayranglariga qarshi kurashda go‘zal ruhli insonlar falokatlar girdobida qolishi, yovuz kuchlarning o‘ta aqlli, tashabbuskor, faol, qudratli ekanligi, bir voqeaning ildizlari yetti xil qiyofali qahramonlarning nigohi, tili bilan tasvirlanishi, kutilmagan falokatlarning yog‘ilishi, o‘ta xudbin mulkdorlarning tasviriy san’at va musiqa nafosatini nozik tushunib, o‘ta “madaniyatli” ko‘rinsa ham, qalban razil va ablah ekanligi, kamtarin, jafokash, oshiq rassomning go‘zal ruhiy olami, mehnatkash, halol odamlarning kambag‘allikda ham inson sifatida yuksakligi, personajlar tili va tabiatining rang-barangligi bilan o‘quvchida hayrat uyg‘otadi.
O‘zbek adiblari bunday asarlarni o‘qibgina qolmay, badiiy yuksaklikni, jahonshumul axloqiy, ma’naviy, falsafiy, insoniy muammolarni va romantizmga xos sir-sinoatlarni nafis tasvirlashni o‘rganishlari kerak. Badiiy tarjimalar – buyuk ijod maktabi hamdir.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 12-son.