Sh. Otabek. — Bo‘rivoy aka! Qayta qurish va oshkoralik siyosati tufayli ko‘p muammolarga yangicha tafakkur nuqtai nazaridan qarash imkoni tug‘ildi. Sovetlar diyorida milliy masala uzil-kesil hal etilganligi haqidagi afsonalarning misi chiqdi. Ammo milliy nizolarni keltirib chiqargan sabablarga yengil-yelpi, yuzaki baho berilayotgani achinarli hol, albatta. Ko‘pchilik esa fojianing tub, asl mohiyatini anglashdan hali-hamon ojiz. Shu munosabat bilan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari tarixidagi umumiy, mushtarak jihatlar bu boradagi muammolar xususida gurunglashsak. Yaqin o‘tmishda yaxlit, qon-qarindosh bo‘lgan turkiy xalqlarning ajratib yuborilishi qanday ayanchli oqibatlarga olib kelganini ko‘rib turibmiz. Ilgari ularning ma’naviy boyliklari o‘rtada edi, kitoblarini tarjimonsiz tushunishardi. Dini, urf-odatlari mushtarak bu xalqlar endilikda hatto qirpichoq bo‘lganini ham ko‘rdik. Chingiz Aytmatovning ta’biri bilan aytganda, «bu o‘z-o‘zini turkchasiga qirish» — ya’ni «tyurkskiy samogenotsid»dir. Nahotki, ko‘hna tarix bizga saboq bo‘lmasa?!.
B. Ahmedov. — Shodmonbek! Gurungimiz avvalida bir istiholani aytib qo‘ymoqchiman. Odatda, bunday suhbatlar ko‘pincha mansabdor kishilar, davlat arboblari bilan bo‘lardi. Kamina esa kamtarin bir fuqaro. Shuning uchun mulohazalarimga oddiy olimning fikri, deb qaralishini istardim. Mutlaq haqiqatga da’vo qilolmayman, albatta.
Endi yuqoridagi gaplaringizga kelsak, ularda jon bor, albatta. Menimcha, yuz berayotgan ayrim nizolar, hatto qon to‘kilishiga olib kelgan noxushliklarning asosiy sabablaridan biri Turkiston xalqlari sun’iy chegaralar vositasida ajratib tashlanganida, zo‘ravonlik bilan imlolari o‘zgartirib yuborilganida, deb bilaman. Milliy nizolarga qandaydir jangarilarni, qayta qurish siyosatiga qarshi turgan ayrim doiralarni sababchi qilib ko‘rsatilayotganiga kelsak, shaxsan men bunday gaplarga ishonmayman. Bu — nari borsa quruq safsatadan, atay suvni loyqalatishdan o‘zga narsa emas. Millatlararo nizolar qaerdan kelib chiqqanini Farg‘ona, O‘sh va O‘zgan voqealari yaqqol ko‘rsatib turibdi. Aminmanki, o‘zbek bilan qirg‘iz, tojik bilan o‘zbek yoki boshqa xalqlar hech qachon o‘zicha bir-biriga qo‘l ko‘tarmagan, ko‘tarmaydi ham.
Sh. O. — Oktyabr inqilobi haqida anchadan beri bir-biriga zid fikrlar aytilmoqda. Bu o‘ziga xos sinov — tajriba o‘zini oqlamagani, turli xalqlar boshiga cheksiz azob-uqubatlar keltirgani, shuning uchun yettinchi noyabrni bayram emas, balki motam kuni sifatida nishonlash lozim, degan mulohaza va takliflar bildirilyapti. Shunday sharoitda biz loaqal Turkistonda Oktyabr inqilobi qay tarzda ro‘y bergani haqidagi bor haqiqatni aytolmasak adolatdan bo‘lmas. Lenin inqilobni bir yurtdan ikkinchi yurtga yuborish mumkin emas, degan edi.
B. A. — Oktyabr inqilobi, shubhasiz, jahon tarixida katta voqea. Uning muhimligi shundaki, bayrog‘ida «Butun hokimiyat Sovetlarga, yer — dehqonlarga, zavod-fabrikalar — ishchilarga!» degan so‘zlar bitilgan edi. Lekin, baxtga qarshi, bu shiorlar oqibatda quruq gap bo‘lib chiqdi. Hokimiyatni kommunistik partiya egallab oldi: dehqonlarga yer tegmadi, balki boridan ham ajralib, majburan kolxozlarga birlashtirildi. O‘rtahol dehqonlar esa quloqqa chiqarilib, quvg‘in qilindi, qamaldi. Zavod-fabrikalarning inon-ixtiyori ham Sovet davlatining (davlat ham aslida kompartiya tasarrufida edi) qo‘lida qoldi.
Turkistonda inqilob qay tarzda ro‘y berganiga kelsak, bu endi mutlaqo sir emas. Turkiston xalqlarining maqsad va manfaatlarini ifoda etgan va xalq saylagan Turkiston muxtoriyati (1917 yil 29 noyabr kuni tashkil topgan) oradan ko‘p vaqt o‘tmay, xalq komissarlari Soveti deb atalmish hukumatning (boshlig‘i F. I. Kolesov) amri-farmoni bilan Toshkentdan Qo‘qonga, o‘lka harbiy komissari Ye. Perefilev boshchiligida 11 ta eshelon bilan jo‘natilgan piyoda va otliq askarlar hamda artilleriya qismlari, shuningdek, arman burjua-millatchilari uyushmasining a’zolari bo‘lmish dashnoqlar tomonidan 1918 yil 19 fevralda ag‘darib tashlandi. Voqea qanday kechgani haqida gapirmay qo‘ya qolay. Batafsil ma’lumotni N. Norqulovning «Fan va turmush»da (1990 yil, 8-son) hamda Marat Hasanovning shu oynomada bosilgan (1990, 9—10-sonlar) maqolalaridan o‘qib olish mumkin. Aslida mustaqil bo‘lgan Buxoro amirligi hukumati ham kuch bilan (M. V. Frunze boshchiligida) ag‘darib tashlandi. Xorazm hukumatining mustaqilligi ham shu tarzda toptaldi.
V. I. Lenin va I. S. Stalin imzo chekkan ikki hujjat: «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga» murojaatnomasida (1917 yil 20 noyabr) xalqlarga katta-katta va’dalar berilgandi. Ular ham amalga oshmadi. Oktyabr bunyod etgan tuzumning o‘z xalqiga o‘tkazgan zug‘umi-chi?! Myo’lumotlarga qaraganda, 1937—1952 yillar ichida 20 million begunoh kishilar qatag‘on qilinib, shundan besh millioni otib tashlangan. Qolganlarining suyagi Rossiyaning sovuq va borsa-kelmas o‘lkalarida chirib ketdi. Shu jihatdan qaralganda, 7 noyabr kunini milliy bayram sifatida emas, aksincha, motam kuni sifatida nishonlash to‘g‘risidagi takliflar to‘g‘ri, albatta.
Sh. O. — Kelib chiqishi mushtarak bo‘lgan qon-qardosh xalqlarning birlashish haqidagi intilishi, adolatli talabini to‘g‘ri tushunish, bunday harakatlarni boshqalarning manfaatlariga zid deb qaramaslik katta ahamiyatga ega. Masalan, nemis xalqining yagona Germaniya davlati bayrog‘i ostida birlashuviga biz ham xayrixoh bo‘ldik. Qayta qurish siyosatining Sharqiy Yevropaga, butun dunyoga ko‘rsatayotgan ulkan ta’sirini ko‘rib turibmiz. Shunday ekan, turkiy xalqlar qachon birlashadi? Yoki panturkist degan yorliqlardan hamon qo‘rqamizmi? Ezgu niyat yo‘lidagi ulkan kurashlarga tayyormizmi? Bu savollarni hayotning o‘zi kun tartibiga qo‘ymoqda.
B. A. — Turkiy xalqlar qadim-qadim zamonlardan, Oltoy va Sibirdan to Marmar dengizigacha, Xitoy va Mo‘g‘iliston hududidan Kavkaz ortigacha bo‘lgan juda katta muzofotda istiqomat qilganlar. Bularning bir bo‘lagi — anatoliya turklari allaqachonlar o‘z taqdirini o‘zlari belgilab olishgan. XIV asrdan beri Turkiya mustaqil, bugungi kunda taraqqiy etgan davlat hisoblanadi.
Sibir, Oltoy, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Volga bo‘yi va Kavkazda istiqomat qiluvchi turkiy xalqlarga kelsak, ularning ham ilgari Turk hoqonligi, Chig‘atoy va Jo‘ji uluslari, Sibir va Qozon xonliklari, Darband xonligi, Yerkand xonligi kabi mustaqil davlatlari bo‘lgan. Bular keyinchalik kuchli qo‘shni davlatlarning mustamlakasiga aylanib qoldi.
O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda istiqomat qiluvchi turkiy xalqlar IX asrdan boshlab tojiklar bilan qo‘shilib, bir davlat tarkibida, somoniylar (819—1005), xorazmshohlar (995—1220), qoraxoniylar (1005—1370), temuriylar (1370—1500), shayboniylar (1500—1601), ashtarxoniylar (1601—1757) davlati tarkibida hayot kechirdilar. Shayboniylarning yagona davlati XVI asrning boshlarida (1512) ikki qismga: Buxoro va Xiva xonligiga bo‘linib ketdi, 1709 yili Farg‘ona o‘lkasi Buxoro xonligi tarkibidan ajralib chiqdi va bu yerda Qo‘qon xonligi tashkil topdi. Bular ham MUSTAQIL DAVLATLAR edi. Har uchala xonlikda ham turkiyzabon o‘zbeklar, turkmanlar, qirg‘izlar, qozoqlar va qoraqalpoqlar bilan forsiyzabon tojiklar birgalikda ahil yashab keldilar. XIX asr ikkinchi yarmida Turkiston chor Rossiyasi tarafidan bosib olingach, mahalliy xalqlar milliy mustaqillikdan ajralib qoldi. Turkiston general-gubernatorligi o‘rnatgan sharoitda ham bu xalqlar birga edilar.
1920 yilning o‘rtalariga kelib ular sun’iy ravishda bo‘lib yuborildi. Bu ma’lum maqsad bilan qilingan, albatta. Ingliz mustamlakachilarining «Bo‘lib yubor va idora qil!» siyosati hokimiyat tepasidagilarga yaxshi ma’lum edi.
Kelajak haqida bashorat qilolmayman-u, lekin, fikrimcha, Turkiston ataladimi yoki O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Federativ jumhuriyati deb ataladimi, bundan qat’i nazar, bu xalqlar qachonlardir yana birlashadilar. Bunga imonim komil, albatta.
Sh. O. — Ming afsuski, goho qon-qardoshligimizga rahna soladigan, asosiy masalalar bir chetda qolib, mayda, bachkana manfaatlarni bayroq qilib olayotgan kuchlar ham yo‘q emas. Bunday g‘ayriilmiy qarashlar oddiy xalqdan emas, burnidan narini ko‘rolmaydigan ziyolilardan chiqmoqda.
«Drujba narodov» oynomasining 1990 yil 9-sonida Tojikiston Fanlar Akademiyasining akademigi M. Shukurov «Haqiqatni birgalikda qidiraylik» deya juda oliyjanob sarlavha qo‘yilgan maqola chiqarganidan xabaringiz bor. Unda ayrim ziyolilarimiz, olim va yozuvchilarimizga jiddiy ayb qo‘yilgan, ular millatchilikda, panturkizmda ayblanadilar. Shu jihatdan qaraganda, maqola biz uchun u qadar katta yangilik emas, negaki bunaqa da’volar, ta’na-dashnomlarni ahyon-ahyon tojik birodarlarimizdan eshitib turibmiz. Garchi maqolaga Hamid Ismoilov kinoya ohangida, ammo ko‘nglida cheksiz dardu g‘ussa bilan javob qilgan bo‘lsa-da, yirik tarixchi olim sifatida sizning fikringiz qimmatlidir. Ayting-chi, bunaqa bahs-munozaralarning ildizi nimalarga borib taqaladi? Nahotki, o‘zaro sa’y-harakatlar bilan muammolarga uzil-kesil nuqta qo‘yish mumkin bo‘lmasa?
B. A. — Qon-qardoshligimizni buzishga urinayotganlar haqidagi gapga kelsak, ming afsuski, bunday noxush ahvolga duch kelib turibmiz. Achinarlisi shundaki, bunday fikrlar, Siz haqsiz, ziyolilar, olimlar orasidan chiqmoqda. Tojikiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi Muhammadjon Shukurovning yuqoridagi maqolasini o‘qib, ko‘p ranjidim, afsuslandim. U xalqlar do‘stligini rivojlantirishga xizmat qilmaydi. Men ismi jismiga mos kelishi lozim bo‘lgan oynomada bu maqola bosilganini achinarli hol, deb hisoblayman. Xalqlar o‘rtasidagi umumiylikni ajratuvchi omillardan emas, balki birlashtiruvchi, qon-qardoshlikni mustahkamlovchi negizlardan qidirsa durust bo‘lardi.
Sh. O. — Yodingizda bo‘lsa, M. Shukurov o‘sha maqolasida Temur haqida alohida to‘xtaladi, unga ochiqdan-ochiq haqoratomuz yorliqlar yopishtiradi. Temur shaxsiga dunyo miqyosida qiziqish har qachongidan ham kuchaygan, u haqda yangi-yangi tadqiqotlar, kitoblar, filmlar yaratilayotgan bir davrda tojik akademigi tomonidan aytilgan mana bu shafqatsiz so‘zlar kishini o‘ylantirib qo‘yadi: «Bugungi kunda Temurni ulug‘lash ko‘plab xalqlarning tarixiy xotirasiga nisbatan hurmatsizlikdir, deb hisoblayman. Ayniqsa, uning qilichi uzoq muddat tojiklar boshidan tushmagan edi».
B. A. — Ha, hurmatli olimimizning yuqoridagi va boshqa maqolalarida Muhammadjon Shukurov uni «qonxo‘r», «xalqlar jallodi» deb ataydi. Amir Temur sha’niga ko‘p noxush gaplar aytilgan. Amir Temurni panturkizmda ayblaydi. (Qiziq, panturkizm degan ijtimoiy-siyosiy oqim Temur davrida emas, balki bizning zamonamizda, XX asr boshlarida paydo bo‘ldi.) Uningcha, Temur hatto tojik xalqining ham jallodi bo‘lganmish. Kiziq, Temur butun O‘rta Osiyo ustidan, shuningdek, tojiklar ustidan ham oliy hukmdor bo‘laturib, nega uning qilichi faqat birgina tojiklar ustida o‘ynagan ekan? Nima, XIV asrning 40—50-yillarida o‘zbeklar, turkmanlar, qirg‘izlar va boshqalar, aniqrog‘i, feodal tarqoqlik tarafdorlari bo‘lgan Xizr Yasavuriy, Husayn So‘fi, Anqa To‘ra va boshqalar ustidan ham qilich o‘ynatmaganmidi u? Tarixiy voqealar va ayniqsa, tarixiy shaxslarning ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga baho berishning ilm-fan tan olgan ma’lum mezoni bor. Bu mezon — xolislik. Shunga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan voqea va hodisalarga to‘g‘ri, halol yondashish talab qilinadi.
Ma’lum shaxsning kimligi, qaysi zamon farzandi ekanidan qat’i nazar, uning yaxshi va yomon tomonlari ham mavjud bo‘ladi. Bu gap muhtaram Muhammadjon Shukurovga ham, kaminaga ham tegishli. Shuning uchun ham bir shaxsning ijtimoiy faoliyatiga baho berganda xolis qarash zarur. Afsuski, ba’zilar Amir Temur shaxsiga baho berganda tirnoq ostidan kir qidirib, faqat salbiy tomonlarini ko‘rishadi. Temurning O‘rta Osiyoni birlashtirib, feodal tarqoqlikni tugatgani, hunarmandchilik, savdo-sotiq, ziroatchilik, ilm-fan va madaniyat rivojiga katta yo‘l ochib berganini esa ko‘rgilari kelmaydi. Aniqrog‘i, buni xaspo‘shlab o‘tadilar. Amir Temurning boshqa mamlakatlarga qilgan bosqinchilik yurishlari haqida og‘iz ko‘pirtirib gapiradilar-u, lekin, negadir u To‘xtamish hukmronligidagi Oltin O‘rda davlatiga qaqshatqich zarba berish bilan Rossiyaning mo‘g‘ullar asoratidan ozod bo‘lishini tezlashtirgani yoki 1402 yili Turkiya sultoni Boyazid Yildirimni tor-mor keltirib, Bolqon yarim orolidagi xalqlarni usmonli turklar istibdodidan qutqarib qolganligini hisobga olmaydilar ham. To‘g‘ri, Amir Temur Iskandar Zulqarnayn va Qutayba, Pyotr Birinchi va Ivan Grozniy singari o‘z sinfining vakili, zamonasining farzandi bo‘lgan. Tarixda yolg‘iz Amir Temurgina bosqinchi bo‘lgan deysizmi? Yuqorida sanab o‘tilgan podsholar farishtami? Ular qon to‘kmaganmi? O‘zgalar yurtiga bosqin qilmaganmi?
Sh. O. — Bo‘rivoy aka! Mavridi kelganda yana bir muhim gapdan mushtariylarni xabardor qilsak. Men Temur haqidagi filmni nazarda tutyapman. Unga bosh maslahatchisiz.
«O‘zbekfilm» ijodkorlari shu mahalgacha asosan o‘tmishimizni, ayniqsa, «bosmachilik» deb atalmish (haqiqiy bosmachi kim ekanligi endilikda ko‘pchilikka ayon bo‘lib qoldi) harakatlarni nihoyatda mas’uliyatsizlik bilan, yuzaki, tarix haqiqatiga zid ravishda ko‘rsatib kelgani sir emas. Shu tufayli ular el-yurtning nazaridan qoldilar. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur haqida yaratilayotgan yangi asar qanday chiqar ekan, degan xavotir ko‘nglimizni bezovta qilie6b turibdi.
B. A. — Haqiqatan ham «Amir Temur» (ruschasi «Velikiy Temur») degan ikki qismdan iborat badiiy film ustida ish olib borilmoqda. Mualliflari Fridrix Gornshteyn (Germaniya), Ali Hamroev (SSSR), Anjelo de Djenti (Italiya). Uni «Samarqandfilm» studiyasi bilan Italiya kinokompaniyasi birgalikda suratga tushiradi. Hozir stsenariy ustidagi, shuningdek, kiyimlar, qurol-aslahalar, bezaklar, bosh rollarni ijro etuvchilarni tanlash va boshqa ishlar poyoniga yetay deb qoldi. Yaqin orada suratga olish boshlanadi. Filmning qanday chiqishi muallif va rejissyorning mahoratiga bog‘liq. Ayni chog‘da tarixni yaxshi bilish va yuksak e’tiqod ham zarur deb o‘ylayman. To‘g‘risini aytsam, stsenariyning dastlabki muhokamalaridan ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Baholi qudrat fikr-mulohazalar aytib, tuzatishlar kiritishga urinib ko‘rdim. Mualliflar buni qay darajada inobatga olishganini bilmayman. Dastlabki muloqotlar, taassurotlarga asoslanib film ko‘ngildagiday chiqadi, deb ishonch bilan aytishim qiyin. Siz aytgan xavotir ko‘nglimda ikki hissa ortiq, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sh. O. — Tarix sabog‘i haqida gap ketganda, ko‘pincha bir mahallar jumhuriyatimiz mafkurasiga rahbarlik qilgan Ra’no Abdullaeva shaxsi ko‘z oldimga keladi. Navro‘zning man qilinishi, dinga noto‘g‘ri munosabat, ijodiy ziyolilarga tazyiq kabi ma’naviy qatag‘onlar bevosita shu opa nomi bilan bog‘liq ekanligini o‘ylaganimda har gal bir savol menga tinchlik bermaydi: bugun odamlarning, el-yurtning ko‘ziga qanday qararkin? Navro‘z tantanalari bo‘layotgan davralarga qanday aralasharkin? Hoynahoy, butun umri tavba-tazarru bilan o‘tsa kerak?!
Yo‘q! Yanglishgan ekanman. «Sovet O‘zbekistoni» ro‘znomasida («Sovet O‘zbekistoni», 1991 yil, 12 iyun) opaning Sharof Ubaydullaev bilan suhbati bosildi. Unda sobiq kotiba shunday deydi: «Men oddiy qishloq o‘qituvchisidan Markazqo‘m kotibasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim va 32 yil rahbarlik lavozimlarida ishladim. Butun umrimni, hayot yo‘limni halol va vijdonim toza holda (ta’kid bizniki — Sh. O.) o‘tab keldim va ish manfaati uchun ba’zan o‘zimdan ham, oilam quvonchlaridan ham kechdim. Mening vijdonim toza va hech qachon xalqimga qarshi borgan emasman».
Bunday izhori dilga nima deysiz endi?
B. A. — Men ham «Kimsiz, Ra’no Habibovna?» sarlavhali suhbatni o‘qib, bir qadar taajjublandim. R. H. Abdullaeva bilan shaxsan tanish bo‘lmasam ham, ijtimoiy-siyosiy faoliyatidan bir qadar xabardorman. Bir vaqtlar yaxshi komsomol rahbari edi. Lekin jumhuriyat partiya Markaziy Ko‘mitasiga ishga o‘tgandan keyin tamoman o‘zgardi. O‘tmish tariximizga, madaniy merosimizga, milliy an’analar va marosimlarimizga hujum qilganlarning tepasida turdi. 1937—38 yil bo‘ronlaridan keyin odamlar o‘g‘illariga Fayzulla, Akmal deb ot qo‘yishga qo‘rqib qolgani ma’lum. Ilgari bolalariga shunday ism berganlar ham tavba-tazarru qilib, Telman, Melsbek, Oktyabrjon, Darvinjonga o‘zgartirib olishgandi. Mazkur opa davrida ham aynan shunday bo‘ldi. Bolasini Temur, Bobur deb ataganlar malomatga uchradi. Dahshatlisi shu bo‘ldiki, islom diniga qarshi jiddiy hujumga o‘tildi: dinni fosh qilish maqsadida aziz-avliyolarning mozori ostin-ustun qilindi, kommunistlar hatto otasining janozasiga borishdan ham qo‘rqib qolishdi. Borganlar esa firqadan o‘chirilib, ishdan olindi. Sharq xalqlarining an’anaviy bayrami — Navro‘z taqiqlandi. Yigitlar do‘ppida, qizlarimiz uzun ko‘ylak-lozimda ko‘chaga chiqishdan qo‘rqib qoldilar. Bugungi kunda: «Mening vijdonim toza va hech qachon xalqimga qarshi borgan emasman», deya obi diyda qilish kimga kerak bo‘lib qoldiykin?! Menimcha, xalqqa, jamiyatga yetkazilgan ma’naviy zarar har qanday boshqa jinoyatdan og‘ir bo‘lsa kerak. Moddiy zarar hamyonni g‘arib qilsa, ma’naviy zarar qalbni bir umrga vayron etadi. Lekin sovet jinoyat qonunlari majmuasida bunga qarshi jazo belgilanmagan. Ming afsus!..
Sh. O. — Bo‘rivoy aka! Yetmish yildan ziyod davom etgan xatolar, fojialar haqida o‘ylarkanman, eng katta ma’naviy yo‘qotishlardan biri — milliy g‘urur, Vatan tuyg‘usining zaiflanganidan o‘zimcha kuyunaman, ezilaman. 1917 yili Sankt-Peterburgda chop etilgan «Poljizni Turkestana» degan kitobda bunday so‘zlarni o‘qigandim: «...shunday katta tarixga ega bo‘lgan bu mahalliy xalqda faxr tuyg‘usi juda kuchsiz».
Bu fojianing ham ijtimoiy-tarixiy ildizlari biz o‘ylagandan ko‘ra chuqurroq bo‘lsa kerak?
B. A. — Mushkul savolni o‘rtaga tashladingiz, Shodmonbek. Avvalo shuki, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar, jinoyatlarning hammasini ham ochiq-oshkora aytayotganimiz yo‘q. Hali ko‘p narsalarni bilmaymiz. Milliy g‘urur masalasiga kelsak, darhaqiqat bu narsa bizda yo‘q darajada. G‘urur, avvalo, o‘zligini tanigan-bilganlarda bo‘ladi. Biz esak baynalmilallik, «hamma narsa umumiy» degan aqidalar ruhida tarbiyalanganmiz. Bizda «seniki-meniki» degan kalima yo‘q. Shuning uchun ham ma’lum lug‘atlarda «milliy g‘urur» degan gapni deyarli uchratmaymiz. «G‘urur» so‘zi, masalan, «O‘zbekcha-ruscha lug‘atida (Moskva, 1959) 1. «zador» (g‘urur, g‘ayrat, shijoat); «gordost» (iftixor, faxr, faxrlanish): 2. «tщeslavie» (shuhratparastlik, manmanlik, kekkayishlik, dimog‘dorlik); «vыsokomerie» (g‘ururlanish, kibrlanish, kekkayish, takabburlik, dimog‘dorlik); «napыshennost» (manmanlik, takabburlik, mag‘rurlik); «spes» (kibr, g‘urur, dimog‘dorlik) deb izohlangan. Qarang, so‘zning salbiy ma’nolariga ko‘proq e’tibor berilgan! «G‘urur» so‘ziga keltirilgan misollarni qarang: «G‘urur bilan gapirmoq (faqat gapirish mumkin!)— govorit s gordostyu, govorit napыshenno; «G‘ururdan tushmoq» (g‘ururdan tushmasa bo‘lmaydi, taqdirga tan berish kerak!) — smiritsya; «G‘urur — g‘urbatga solur». (Ha, buni doimo yodda tutish kerak!) 1981 yili Moskvada chop etilgan (taajjublanmang, lug‘atlar asosan markazda chop etiladi) «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da «g‘urur» so‘zi (1-tom, 666-bet) mana bunday tushuntiriladi:
- Insonning o‘z qadr-qimmatini bilish, uni hurmat qilish hissi; izzat-nafs. Bu to‘g‘ri, lekin misollarga e’tibor bering-a! Yigitlik g‘ururi, qizlik g‘ururi. (G‘ururning boshqa ma’nolariga yo‘l bo‘lsin!)
- Insonning biror narsadan mamnun bo‘lib faxrlanish hissi; faxr, iftixor. Misol: Bugun qurultoyning minbarida g‘urur bilan so‘zlar paxtakor.
- Faxrlanishga asos bo‘ladigan narsa, kimsa va shuning kabilar. Misol: paxta o‘zbek xalqining milliy iftixori va g‘ururi.
Faqat paxta yetishtirishdan boshqa narsani bilmaydigan, boy tarixi, madaniyatidan uzilib qolgan xalqda milliy g‘urur qaerdan paydo bo‘lsin!
Sh. O. — Juda ko‘p muammolarimiz aylanib kelib xalqning milliy ongiga, o‘zligini anglashiga taqalaveradi. Bu yangi fikr emas, albatta. Ammo afsuski, qayta qurishning oltinchi yilida ham xalqimizning ko‘zi ochilmayotir. Bu, ayniqsa, shu yili o‘tkazilgan Butunittifoq referendumida yaqqol ko‘rindi. Men ana shu tadbir arafasida mahalladoshlardan fikrlarini so‘raganimda shunday javoblar oldim. «E, okosi, biz «za Soyuz-da!»
«Nega endi?»
«Axir ittifoqdan chiqsak bizni bironta dushman davlat qayta bosib olishi mumkin-da! Qolaversa, iqtisodiy yordam bo‘lmasa qiynalib qolamiz!...»
Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov «Qarshingda hasratli o‘yga tolaman, Qachon xalq bo‘lasan sen, ey olomon!» deya bejiz kuyunmagan ekan.
Yuksak minbarlardan turib bizda demokratiyani tushunishmasliklari, xalqning saviyasi pastligi, shuning uchun ham miting, namoyishlarni o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi aytilayotir. Tabiiy savol tug‘iladi: Xo‘sh, shunday ekan, xalqning ongiyu tushunchasini o‘stirish uchun nimalar qilishimiz kerak? Bunga imkoniyat berilayaptimi o‘zi? Beixtiyor xalqning milliy ongi o‘smasligidan manfaatdor bo‘lgan kuchlar bormi, deya o‘ylab ketasan...
B. A. — Biz o‘zbeklar, umuman mo‘minu musulmonlar — barchamiz o‘zimizga xos odat va an’analar ruhida tarbiyalanganmiz. Ota-bobolarimiz: «O‘zingdan kattaga (yosh ma’nosida emas, amal ma’nosida) tik qarama», «Sabr qilsang g‘o‘radin holva bitur», «Bu kuningni o‘yla, ertaga xudo razzoq», «O‘ng yuzingga urganga, chap yuzingni ham tutib ber», «Otangni o‘ldirganga onangni ber», deb tarbiyalashgan. Garchi itday ishlab, och qolsak ham tishimizning oqini birovga ko‘rsatmaymiz.
Bir kuni, aprel oyining boshlarida, narx-navo oshirilgandan keyin, zangori ekran muxbiri kolxoz brigada boshlig‘i bilan suhbatda shunday savol berdi:— Amaki, turmushingiz qalay? Narxnavolar ko‘tarilib ketib, qiyinchilik bo‘lmayaptimi?
— Yo‘q. Xudoga shukur, tinchmiz; yaxshimiz. To‘rt o‘g‘lim, ikki qizim bor. Nevaralarim yigirma to‘rttaga yetdi. O‘tgan yili brigadamiz bo‘yicha har gektar yerdan 37 tsentnerdan paxta topshirdik. Bu yil 40 tsentnerni mo‘ljallab turibmiz...»
Boyoqish muxbir ertasi, indini ham odamlardan aynan shunday javoblar oldi.
Xuddi to‘tiqushning o‘zi. O‘lguday mutemiz, go‘yo bir umr qul bo‘lish uchun yaratilgandaymiz. Ha, Shodmonbek, biz azaldan shunaqa odamlarmiz...
Sh. O. — Tarix — buyuk tarbiyachi. Ongi-shuuri zaiflashgan, g‘ururi toptalgan xalqni bu qudratli vositadan ko‘proq, samaraliroq bahramand qilish zarur. Ming afsuski, tarix fani ham uzoq yillar qukmron siyosatning qurboni bo‘lib keldi. Endilikda o‘tmishimizning ko‘p sahifalari chalkash, hujjatlar oyog‘i osmondan qilib ko‘rsatib kelindi. (Bunaqa tarix qanday tarbiyachi bo‘lsin?} Ayniqsa, yaqin o‘tmishimiz haqidagi qarashlar juda ziddiyatli. Siz, Hamid Ziyoev, Haydarbek Bobobekov, Marat Hasanov singari olimlarni mustasno qilganda, ko‘pchilik tarixchilar o‘tmishga hali hamon eskicha mafkura andozasi bilan yondoshmoqdalar. Hatto aytish mumkinki, ular olimlik e’tiqodi, adolat va vijdon tuyg‘usini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, ongli ravishda suvni loyqalatishga urinadilar.
B. A. — O‘tmishni xonlar, podshohlar, mushtumzo‘rlar davri, deb qoralab yozdik. Sovet davri tarixini esa yorqin bo‘yoqlarga bo‘yab, ko‘klarga ko‘tarib maqtadik. Oqibatda o‘tmishni soxtalashtirdik, xolos. 1989 yil 15 dekabrda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ijtimoiy fanlar sho‘‘basi bu haqda muhim qaror qabul qilgan edi. Lekin, achinarlisi shundaki, biz tarixchilar uni ko‘ngildagidek bajarayotganimiz yo‘q. O‘rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi masalasini ko‘raylik. O‘tgan asrning 60-yillarida Turkistonga faqat moskvalik, tverlik, nijniy novgorodlik movut ortgan savdogarlar karvoni yoki oq podshoning elchisi emas, qilich taqqan, miltiq osib, zambarak sudragan ko‘p sonli harbiy askarlar kelishdi. Qirg‘in urush bo‘ldi, qon to‘kildi, butun bir mamlakat asoratga solindi. Lekin ba’zi muarrixlar bu tarixiy hodisani «O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shilishi» deb yurishibdi. Ahvol aslida qanday bo‘lganligi haqida hanuzgacha bironta yirik ilmiy asar yaratilganicha yo‘q. Hech bo‘lmasa inqilobdan avval o‘tgan rus harbiy arboblari va olimlarining (Kaufman, Kolokoltsev, A. G. Serebrennikov, M. A. Terentev, G. K. Gins, N. I. Grodekov va boshqalar) asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop etsak bo‘lardi! — Hatto davlat arxivlarida sarg‘ayib yotgan rasmiy hujjatlarni e’lon qilish u yoqda tursin, ularni durustgina o‘rganayotganimiz ham yo‘q. Kisqasi, mutaxassis olimlarimiz O‘rta Osiyoning chorizm tarafidan bosib olingani va o‘lkaning mustamlakaga aylantirilgani haqida yaxshi bir kitob yozib berishlari lozim.
Sh. O. —Domla! Siz yirik manbashunos olim sifatida bu sohadagi muammolarni yaxshi bilasiz. Ayting-chi, madaniy meros, xususan, qadimiy qo‘lyozma asarlarning o‘rganilishi va ularga hozirgi munosabat Sizni qanoatlantiradimi?
B. A. — Jumhuriyatimizda ota-bobolardan qolgan qo‘lyozma kitoblar ko‘p. Ular ilm-fanning juda ko‘p sohalarini qamrab olgan. Lekin bu noyob asarlarni saqlash ham, o‘rganish ham, mazmuni bilan xalqni tanishtirish ham mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Bu haqda tinmay gapirib kelayapmiz. Lekin hech narsa o‘zgargani yo‘q. Ko‘lyozma asarlar har yerda (jumhuriyatimizdagi o‘nga yaqin kutubxonada) sochilib yotibdi. Ularga ajratilgan binolar kitob asrashga mutlaqo moslashmagan. Har besh-o‘n yil ichida zo‘rg‘a bitta asar tarjima qilinib, chop etiladi. Hatto qo‘lyozmalarni kataloglashtirish ishi qachon poyoniga yetishini hech kim aytib berolmaydi. To‘g‘rirog‘i, biz hali aksar kitoblarning nomini ham bilmaymiz. E’tiboringizni qiziq, ayni chog‘da achinarli bir dalilga jalb qilmoqchiman. Ulug‘ Vatan urushidan keyin o‘tgan 40—45 yil mobaynida jumhuriyatimizda boryo‘g‘i sakkizta tarixiy asar (6 tasi to‘la, 2 tasi qisman) tarjima qilinib, chop etilibdi. Vaholanki, feodal hukmdor, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II (1865—1910) davrida, aniqrog‘i, 1830—1910 yillar orasida, faqat Xorazmning bir o‘zida o‘ndan ortiq yirik asar arab va fors tillaridan tarjima qilingan. Bular ichida Tabariy, Mas’udiy, ibn al-Asir, Rashididdin, Mirxond va boshqa mashhur olimlarning kitoblari bor.
Men bir narsaga achinaman. Armaniston, Ozarboyjon, Tojikistonday jumhuriyatlar qo‘lyozma kitoblarni asrashga moslashtirilgan va hozirgi zamon texnika vositalari bilan jihozlangan binolarni allaqachon qurib olishgan. Ko‘rib, havasing keladi. Nadomatlarki, yigirma bir million aholisi bo‘lgan, iqtisodiy imkoniyati jihatidan baquvvat O‘zbekistonda muhtasham ma’muriy binolarga pul topiladi, lekin kitobga pul yo‘q.
Sh. O. — Milliy mulk deganda asosan yer osti va yer ustidagi moddiy boyliklar nazarda tutiladi. Bu boradagi tasavvurimiz ham ancha cheklangan. Sir emas, xalqimizning talon-toroj etilgan mulki behisob. Ko‘plab san’at durdonalari, qadimiy qo‘lyozmalar yurtimizdan olib ketildi. Ammo ularni qaytarish haqida jiddiy gap bo‘layotgani yo‘q. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida N. Sodiqovaning bu haqda jon kuydirib aytgan mulohazalariga qo‘shilmay iloj yo‘q.
B. A. — O‘rta Osiyoda bitilgan juda ko‘p nodir kitoblar hozir Angliya, Frantsiya, Germaniya, Turkiya hamda Leningrad, Moskva kutubxonalarida saqlanmoqda. Hech bo‘lmaganda ularni mikrofilm tarzida qaytarib olishimiz zarur. Bu muhim ish. Uni paysalga solib bo‘lmaydi. Jumhuriyat hukumati, Fanlar Akademiyasi astoydil kirishsa, mazkur muammoni hal qilish mumkin.
Sh. O. — «Millat tarixini yam-yashil boqqa qiyoslasak, biz o‘sha bog‘dagi qurigan, mevasiz daraxtlarmiz», deya kuyunib yozadi shoir Xurshid Davron. Darhaqiqat, millat tarixini maktablarda, bilim yurtlari va oliy ilmgohlarda mukammal o‘qitish, yangi, sifatli darsliklar yaratish masalasi hamon nochor ahvolda. yosh avlodning, murg‘ak qalblarning ongu shuuri hamon eski aqidalar, eski dunyoqarash bilan sug‘orilmoqda. Bu ahvolda maorif, ta’lim-tarbiya sohasida ikki dunyoda ham qayta qurish (afsuski, bu ibora endi kinoyaga aylandi) bo‘lmaydi, shekilli.
B. A. — Rostini aytsam, bu sohalar yaqin orada o‘zgarishiga ishonmayman. Chunki maktabga munosabat xamon avvalgidek. Mutassaddi o‘rtoqlar hozircha quruq gapdan nariga o‘tganlaricha yo‘q, vaholanki, o‘quv dasturlari talabga javob bermaydi.
Darsliklarga kelsak, bu muhim va mas’uliyatli ish ham e’tibordan chetda. U haligacha egasini topmagan. Ko‘llanma yozib yurganlar ko‘p, lekin ular orasida o‘z sohasining yetuk mutaxassisi juda kam. «O‘zbekiston xalqlari tarixi» qo‘lyozmalari bilan tanishman. Afsuski, birontasini ham darslik deb bo‘lmaydi. Darsliklarni alternativ yo‘l bilan yaratish usuli, menimcha, to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin», degan maqol bor. Bu ishni mutaxassislar jamoasiga topshirish zarur. Yetuk olim, yaxshi uslubchi va o‘z fanini puxta bilgan o‘qituvchi qo‘llanmani ham, dasturni ham, o‘qitish uslubini ham ko‘ngildagidek yozib bera oladi. «Bolalar bizning kelajagimiz» degan haqiqatni hammamiz ko‘p takrorlaymiz. Jumhuriyatimiz, xalqimiz tom ma’nodagi mustaqillikka erishmoqchi ekan, bolalarga bo‘lgan munosabatimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozim. Menimcha, CHINAKAM MUSTAQIL JUMHURIYATNI BOLALARIMIZ QURADI. Bunga qattiq ishonaman.
Sh. O. — Sizning nazaringizda, tarixchi va sharqshunoslar oldida qanday dolzarb vazifalar turibdi? O‘zbek xalqining etnik tarixini o‘rganish masalasi qay ahvolda?
B. A. — Hozir tarixchilar oldida turgan galdagi vazifalardan biri ko‘p jildlik «O‘zbekiston xalqlari tarixi»ni tezroq, xolislik bilan yozib tamomlash zarur. Shuningdek, bir qator chigal masalalar: Chig‘atoy ulusi tarixi, Temur va temuriylar davrida O‘rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-siyosiy ahvoli, Uch xonlik (Buxoro, Xiva, Ko‘qon xonliklari) tarixi. O‘rta Osiyo xalqlarining milliy-ozodlik kurashi tarixi, Turkistonda Oktyabr inqilobi va uning saboqlari, bosmachilik, jadidlik va uning O‘rta Osiyo xalqlari ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni kabi masalalarni chuqur tahlil etish kerak. O‘zbeklarning etnik tarixini yaratish ham tarixchi olimlar zimmasidagi dolzarb vazifalardandir. To‘g‘ri, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tarix institutida shu mavzuga doir uch jildlik asar yozib tamomlandi. U tom ma’nosi bilan mazkur muammoni to‘g‘ri ochib bera oldimi-yo‘qmi, uni xudo biladi. Agar yana avvalgi qolipda fikr yuritib, «O‘zbekistonda dastlab eroniy qavmlar yashagan, turkiy xalqlar kelgindilardir, bu zaminda ular keyingi asrda paydo bo‘lgan» qabilida fikr yuritilsa, aminmanki, haqiqat ochilmay qolaveradi. Qancha mehnat va xalq mablag‘i bekorga sovuriladi. Sharqshunoslarning ham xalqdan qarzi katta. Jumhuriyatimizda kamida o‘n joyda qo‘lyozma kitoblar va huquqiy hujjatlar saqlanayotganini aytib o‘tdik. Ularni kataloglashtirish, fan uchun muhimlarini o‘zbek va rus tillarida chop etish muhim yumushlardan biridir. Mahalliy kadrlarni, vorislarni tarbiyalashga ham katta e’tibor berish lozim. Madaniy meros va jumhuriyatimizdagi tarix, sharqshunoslik ilmlarining taqdiri ko‘p jihatdan shunga bog‘liq. Katta sharqshunos olim, professor Ne’matilla Ibrohimov bu xususda jiddiy ish boshladi. Uning tashabbusi bilan ToshDU qoshidagi sharq fakulteti alohida oliy ilmgohga aylantirildi. Bu ilm dargohi kelajakda yuksak malakali sharqshunoslar tayyorlanadigan markaz bo‘lib qolishi turgan gap.
Sh. O. — Bo‘rivoy aka! Sal noqulay bo‘lsa ham yana bir narsani so‘ramoqchiman. Hozirgi avlod (ayniqsa, keksa avlod) haqida gap ketganda, goho ularni G‘OYAGA, YOLG‘ON G‘OYAGA aldangan kishilar deyishmoqda. Siz ham shu avlodga mansubsiz. Urush va mehnat faxriysisiz. Utgan umr yo‘lingizga qayta nazar solganda ko‘nglingizdan qanday kechinmalar o‘tadi? Mamnunlik ko‘proqmi yoki afsus-nadomat tuyg‘ulari?
B. A. — Men yetmishni qoralab qo‘ygan odamman. KPSS a’zosi edim. To‘g‘risi, uning oddiy a’zolaridanman. (Afsuski, partiya Lenindan keyin tabaqalanib, kommunistlar imtiyozli va imtiyozsiz a’zolarga bo‘lindilar). Oddiy harf teruvchidan professor, Fanlar Akademiyasining muxbir-a’zosi darajasigacha ulkan hayot yo‘lini bosib o‘tdim. Xursandchilik, baxtli kunlarim ham bo‘ldi. Lekin qiyinchiliklarni, og‘ir kunlarni ko‘proq kechirdim. Uchta ocharchilikni ko‘rdim, uch yildan ko‘proq qonli urushda qatnashib, salomatligimni yo‘qotdim. Partiya va sovet hukumatining qarorlarini mehnatkash xalqqa tushuntirish qismatiga tushgan tashviqotchilar safida yurt kezdim. Qo‘yingki, butun hayotimni marksizm-leninizm deb atalmish g‘oyaga baxshida qildim.
Qayta qurish, demokratiya, poklanish siyosati ko‘zimizni ochdi. Bundan bir necha yil muqqaddam O‘zbekistonning sobiq rahbarlaridan biri «Bizlar gipnoz qilib qo‘yilgan edik», deb aytgan edi. U bu yerda aniq bir shaxsni, o‘zidan oldin o‘tgan rahbarni ko‘zda tutgandi. Menimcha, bizni o‘sha G‘OYA — MARKSIZM-LENINIZM G‘OYAsi sehrlab qo‘ygan edi. Endilikda sotsializm va kommunizm degan tushunchalar Suho yulduzi misoli juda olisdagi bir narsa bo‘lib chiqdi.
Qalbimda armon ko‘p. Qaysi birini aytay. Yuragimni o‘rtab kelayotgan bir iztirob bilan o‘rtoqlashay. Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari, Moldova, Ukraina, Gruziya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, hattoki kichkinagina Yoqutiston o‘zligini taniyapti. Biz esa amaliy ishga endi o‘tayapmiz. Odamlarda loqaydlik juda kuchli. Shu yil 17 martda o‘tkazilgan soxta referendumni eslang. Yer osti va yer ustidagi asosiy boyliklarimiz hamon o‘sha «markaz»ning inon-ixtiyorida.
Partiya bir hovuch muttahamlar qo‘lida shaxsiy manfaat quroliga aylanib qolganligini yaqin-yaqinlargacha anglamadik. 1991 yil 19—21 avgustda Moskva, Leningrad, Sverdlovsk va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tgan mudhish voqealar ko‘zimizni ochdi. Axir Yanaev, Yazov, Kryuchkov, Pavlov, Pugo va ularning sheriklari hamda bularga xayrxoh bulgan odamlar KPSS a’zolari va rahbarlari edilar-ku! To‘g‘risini aytsam, shundaylar bilan bir firqa safida bo‘lganimga o‘kinaman. Afsuski, mamlakat va mehnatkash xalq uchun benihoya og‘ir bo‘lgan o‘sha kunlarda ayrim KPSS rahbarlari aholini osoyishtalikka, har qachongidan ham yaxshiroq mehnat qilishga chaqirishdan nariga o‘tolmadilar, ertani o‘ylab, jimgina o‘tirdilar. E’tibor bering, shunday chaqiriq xuntaning 19 avgustdagi murojaatida ham bor edi. Menimcha, o‘sha odamlar xuntaga ochiq-oshkora xayrxohlik bildirganlardan xavfliroq bo‘lsa kerak. Bundaylar ertaga kim zo‘r kelsa, o‘shaning nog‘orasiga o‘ynayveradi. Itoatkor xalqimiz nahotki bu asrda ham, kelasi asrda ham o‘zligini taniy olmasa?! Menga katta armon bo‘lib qolayotgan narsa ana shu!
Sh. O. — Domla, Siz yaqinda tug‘ilgan yangi partiyaga a’zo bo‘lib kirdingizmi?
B. A. — Siz 1991 yilning 1 noyabrida ta’sis qilingan xalq demokratik partiyasini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz kerak. Yo‘q, men bu partiyaga a’zo bo‘lib kirmadim, kirmoqchi ham emasman. Sababi, u siz o‘ylayotgandek yangi partiya emas, balki 70 yil mobaynida yurtga to‘kin-sochinlik, xalqqa baxt-saodat va farovonlik va’da qilib, uning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib aldab kelgan Kompartiyaning aynan yangi niqobdagi ko‘rinishidir. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, uni yangi odamlar emas, balki mamlakatni har jihatdan halokat yoqasiga olib kelib qo‘ygan o‘sha kechagi partapparatchilarning o‘zlari tuzdi-ku! Kechagi raykom amakilar, obkom tog‘alar ana shu yangi deb atalayotgan partiyaga rahbar bo‘lib oldilar-ku! Xo‘sh, nima o‘zgardi, O‘sha-o‘sha eski hammom, eski tos. Yana o‘sha bir siyosiy partiyaning yakkahokimligi, yana o‘sha totalitarizm....
Sh. O. — O‘zbekiston Oliy Kengashining shu yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan majlisida NIHOYAT jumhuriyatimiz MUSTAQIL DAVLAT sifatida e’lon qilindi! Juda ko‘p qardoshlarimizdan keyin bo‘lsa-da, davlatimiz nomiga «sovet sotsialistik» atamasi qo‘shib aytilmaydigan bo‘ldi. Ammo do‘ppini osmonga otib, xursandchilik qilishga hali erta deb o‘ylayman. Biz e’lon qilgan mustaqillik bilan Boltiqbo‘yi, Gruziya, Moldova, Ukraina davlatlari e’lon qilgan mustaqillik o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, albatta. Lekin shunga qaramay, mustaqillik yo‘lida olg‘a tashlangan bir qadam tarixiy ahamiyatga ega.
B. A. — CHINAKAM MUSTAQILLIK yo‘lida hali juda ko‘p ter to‘kishimiz, kurashishimiz kerak bo‘ladi! Ozodlik, erkinlik o‘z-o‘zidan kelmaydi, albatta!
Sh. O. — Oxirgi an’anaviy savol. Hozir nima ishlar bilan bandsiz? Kelgusidagi rejalaringiz bilan tanishtirsangiz?
B. A. — Bajonidil. Hamkasblarimdan bir guruhi hamda shogirdlarim bilan hamkorlikda ikki masala ustida ish olib borayotibman. Birinchisi, Turkiston va Markaziy Osiyo xalqlarining, xususan turkiy xalqlarning etnik tarixiga oid qo‘lyozma asarlarni ilmiy muomalaga kiritish, ikkinchisi, Amir Temur va Ulug‘bek zamonida O‘rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-siyosiy ahvoli haqida ixcham bir kitob yozish. Yana boshqa rejalar ham bor, buyog‘i tinchlik, xotirjamlik va salomatlikka bog‘liq. «Gar salomatlikni qo‘ysa, muddao kam-kam bo‘lur», degan ekan shoir.
Sh. O. — Samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat. Hamisha sog‘u salomat bo‘ling, Bo‘rivoy aka!
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 1-son