OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boriy Alixonov: “Tabiatning o‘zi buyuk bir asar, faqat uni tushunish kerak” (2012)

Iogann Volfgang Gyotening ajoyib tashbehi bor: «Tabiat bu har bir sahifasi buyuk mazmunga ega yagona asardir». Shunday bo‘lgach, uning biror sahifasiga putur yetsa, butun bir asar aziyat chekadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, ­O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy Kengashi Ijroiya ­qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov bilan suhbatimiz ­ekologik ­muvozanatning mana shunday nozik tomonlari haqida.

— So‘nggi yillarda xorijdagi ayrim matbuot nashrlari olimlarning «olamni suv ­bosarmish», «oxirzamon yaqin emish» qabilidagi bashoratlariga ko‘p urg‘u beryapti. Ekologiya nuqtai nazardan bu fikrlar qanchalik asosli?

Men olimlarning «olamni suv bosarmish», «oxirzamon yaqin» qabilidagi bashoratlari, degan gaplarga unchalik qo‘shilmayman. Chunki har qanday olim fikrini biror asos bilan olg‘a suradi va unda, albatta, mantiq bo‘ladi. Siz tilga olgan iboralarga kelsak, bu faqat XXI ­a srning «vahimasi» emas, avval ham odamlarni ko‘pgina hodisalar shunday qo‘rqitgan va bundan keyin ham ­bo‘lishi tabiiy.

To‘g‘ri, dunyoning goh u, goh bu yerida toshqinlar, o‘rmon yong‘ini, dahshatli zilzilalar ro‘y beryapti, bundan ko‘z yumolmaymiz. Aslida bularni tabiatga nisbatan tajovuzlarga javob, deb tushunmoq kerak. Shuning uchun turfa vahimalarga emas, aniq misollarga tayanaylik. Sayyoramizda biota, ya’ni tirik organizmlar paydo bo‘lganiga ikki milliard yil bo‘libdi. Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon mana shu biotaning qariyb 70 foizini yo‘q qilib yubordi yoki halokat yoqasiga olib keldi. Yer yuzida inson tomonidan hosil qilingan chiqindi miqdori esa tabiiy paydo bo‘ladigan chiqindilardan qariyb 2 ming barobar ko‘p.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 50 yilda sayyoramiz aholisi deyarli uch barobar oshgan, shundan har oltinchi kishi ekologik nomaqbul hududda yashaydi. Har o‘ninchi katta daryo bir necha oy ichida dengizga yetib bormaydi. Masalan, Kolorado daryosi endi dengizga quyilmayapti. 1 milliard aholi sanitariya me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan ichimlik suvidan foydalanadi. Har kuni dunyoda besh ming kishi ifloslangan suvni ichish tufayli olamdan ko‘z yummoqda. 2025 yilga borib suv tanqisligidan 2 mlrd. aholi aziyat chekish ehtimoli bor. Bugun haydaladigan yerlarning 40 foizdan ortig‘i yaroqsiz holga kelgan. Yiliga Yer yuzidan 13 million gektar maydondagi o‘rmonzor yo‘qolib ketadi. 2050 yilga kelib, hayvonot turlarining 25 foizi yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolishi mumkin: har to‘rttadan bitta sut emizuvchi, har sakkiztadan bitta qush, har uchtadan bitta quruqlik va suvda yashovchi hayvon turlari. Biologik turlar tabiiy sur’atlardan yuz marotaba tezroq tugab bitish xavfi bor. Shu choqqacha bir nechta tsivilizatsiya tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida yo‘qolib ketgan.

— Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha ko‘plab qonunlar, xalqaro konventsiyalar mavjud. Biroq, nazarimda, ularning natijasi kutilgan darajada emasga o‘xshaydi.

O‘zbekiston xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ekti sifatida mustaqillikka erishgach, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohalaridagi barcha nufuzli konventsiyalarga, shartnomalarga, kelishuvlarga imzo chekdi va a’zo bo‘ldi. Bir narsani qat’iy aytish joizki, mamlakatimiz o‘ziga olgan xalqaro majburiyatlarni to‘la-to‘kis bajarib kelmoqda. Shu yo‘nalishda mutasaddi xalqaro va maxsus tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ekoharakat Dasturida ta’kidlanganidek, «atrof-muhit muhofazasi davlat, jamiyat va har bir fuqaroning vazifasi bo‘lishiga erishish» eng muhim vazifadir. Shuningdek, bu masalalardagi qonunchilik va davlat miqyosidagi qarorlarni so‘zsiz bajarish, ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarur.

Ushbu hayotiy maqsad va vazifalarga erishish uchun Ekoharakat va Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari guruhi qamrovi va ko‘lami jihatidan ancha keng ishlarni bajarmoqda. Jumladan, atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida joylarda jamoatchilik eshituvlari tashkil etilayotir. Ekoharakat deputatlari guruhi esa parlament eshituvlarini uyushtirmoqda. Vazirlik va idoralarning atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishidagi qonun va qonunosti hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirgan ishlari haqidagi hisobotlar tinglanib, ularning ushbu yo‘nalishdagi ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilayotir. Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingandan so‘ng esa atrof-muhit muhofazasi va ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun kurash haqiqiy ommaviy harakatga aylanadi va bu kurashdan OAV xodimlari ham chetda qolmaydi. Natijada, bu boradagi amaliy ishlar yanada yorqinroq ko‘zga tashlanadi, degan umiddamiz.

— Yangi asrga kelib, Markaziy Osiyoda suv muammosi yuzaga keladi, degan gap-so‘zlar bugun o‘z isbotini topyapti. «Quloq boshida turgan» davlatlar suvni o‘zlariniki qilib olishga urinishmoqda. Masala shu tarzda qoladigan bo‘lsa, ertaga qanday hol ro‘y berishi mumkin?

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, chuchuk suv muammosi bugun sayyoramizda global muammoga aylanmoqda. Afsuski, ushbu muammo Markaziy Osiyoni ham chetlab o‘tmayapti. Bunga, birinchi navbatda, sobiq ittifoq paytida ekologik omillar hisobga olinmasdan paxta yakkahokimligini o‘rnatish, yangi yerlar o‘zlashtirish, mintaqamizning asosiy qon tomirlari bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryoning yuqori qismida bahaybat gidroinshootlar qurilgani sabab bo‘lmoqda. Ular avval mintaqaning suvga bo‘lgan ehtiyojini barqarorlashtirish va muvofiqlashtirish uchun bunyod etilgan bo‘lsa, endilikda Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimidagi mustaqil davlatlar ulardan birinchi navbatda o‘zlarining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun foydalanishni ko‘zda tutishyapti. Yangi yirik to‘g‘onlarni ana shunday maqsadlarda qurishga urinishlar suv masalasidagi muammolarni yanada kuchaytiryapti. Holbuki, «Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi (Xelsinki, 1992 yil), «Kema qatnamaydigan xalqaro suv oqimlaridan foydalanish to‘g‘risida»gi Konventsiyalarga (Nyu-York, 1997 yil) asosan transchegaraviy daryolar oqimida joylashgan boshqa davlatlar roziligisiz ushbu suv oqimlari rejimini o‘zboshimchalik bilan buzishga hech kimning haqqi yo‘q. Shunday ekan, mintaqamizda transchegaraviy daryolardan foydalanish masalasidagi muammolar faqat xalqaro huquq me’yorlariga asosan hal etilishi kerak. Bu masalada jizzakilik, quloqning boshi menikimi, unga men egaman, qabilida ish ko‘rish ketmaydi. Suv — Olloh yaratgan buyuk ne’mat. Bu ne’matdan quloqning boshidagi ham, oqimning oxiridagi ham birdek naf ko‘rishi kerak. Oqimni o‘zgartirishga urinish, oqimga qarshi borish esa hech qachon yaxshilik keltirmagan, keltirmaydi ham.

— Ancha yillar avval bir film ko‘rgandim. Unda bir katta korxona atrofida yashovchi aholi ichimlik suvning zaharlashi oqibatida turli kasalliklarga chalinadi. Bunga korxonaning «qing‘irliklari» sabab bo‘ladi. Vaziyatni boshqa bir tashkilotda ishlovchi qiz aniqlaydi va tegishli joylarga xabar beradi. Korxona yetkazilgan zararni moddiy jihatdan qoplaydi... Tojikiston alyuminiy zavodi Surxon vohasi shimolida yashovchi aholiga yetkazayotgan zararni moddiy jihatdan to‘lashi mumkin-u, biroq ma’naviy zararni, hayvonot va nabotot olamiga, inson irsiyatiga yetkazayotgan ziyonni qanday qoplaydi?

Bu o‘rinda, avvalo, «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar korxonasi (DUK) faoliyatining Surxondaryo viloyati shimoliy tumanlari tabiatiga, aholi salomatligiga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga yetkazayotgan zararga to‘xtalib o‘tish zarur. Chunki har qanday ma’naviy zarar kimlardir ko‘rayotgan moddiy manfaat evaziga yuzaga kelyapti. Ushbu korxona atmosferaga har yili o‘rtacha 22-23 ming tonna zaharli modda chiqarmoqda.

Uzoq yillar mobaynida voha tuprog‘i tarkibida yuqori kontsentratsiyali suvda eriydigan ftorning to‘plangani o‘simliklar rivojlanishiga ham salbiy ta’sir o‘tkazmoqda, buning natijasida sabzavot ekinlari hosildorligi hamda sifati pasayib borayotgani kuzatilmoqda. Ozuqa va biomateriallar tarkibida ftorning yuqori darajada bo‘lishi chorva mollari organizmida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmoqda va bu ularning chala va o‘lik nasl berishi, muhitga chidamliligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Bu tumanlarda qoramollarning o‘rtacha vazni boshqa tumanlarga qaraganda 15-20 kilogrammga kam. Bundan tashqari, tadqiqotlar davomida sutda ftor quyuqligi ruxsat etilgan kontsentratsiya miqdoridan 9-13, go‘shtda 10,9 foizga oshgani aniqlandi.

Alyuminiy olishda ftorli vodoroddan tashqari, katta miqdorda uglerod va oltingugurt oksidlarining zaharli gazlari ham ajralib chiqadi. Ular odamlarda yiringli bronxit, o‘pkaning surunkali shamollashi, bosh aylanishi, migren va qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, zaharli chiqindilar xotin-qizlar reproduktiv salomatligiga noxush ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu tumanlarda bolalar va katta yoshdagi aholining patologik o‘zgarishlar bo‘yicha kasallanishi viloyat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch barobar yuqori.

«Talko» DUK faoliyatining xavf­li oqibatlaridan tashvishga tushgan Surxondaryo viloyati aholisi 2010 yil mazkur korxona rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar e’tiborini tortish maqsadida qator norozilik aktsiyalarini o‘tkazgan edi. Ular BMT Bosh Assambleyasi, YuNYeP va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga qarata «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar korxonasining zararli ishlab chiqarishini zudlik bilan to‘xtatish, ushbu korxonaning unga tutash hududlar aholisiga, flora va faunasiga yetkazgan zararini aniqlash uchun nufuzli xalqaro mustaqil ekspertlarni jalb qilgan holda ekologik ekspertiza o‘tkazish, korxona to‘liq modernizatsiya qilinishi va zamonaviy tozalash qurilmalari bilan jihozlanishi, korxonaning bir necha o‘n yillik faoliyati davomida mintaqa aholisi salomatligiga va atrof-muhitga yetkazilgan zararni to‘liq qoplash majburiyatini yuklashdan iborat pozitsiyasi bayon etilgan Murojaatni qabul qilishgandi. 757 mingdan ortiq surxondaryolik imzolagan ushbu Murojaatda: «Biz ishonamizki, kindik qoni to‘kilgan o‘z ona yerida xavfli sanoat ishlab chiqarishining zararli chiqindilari tufayli sog‘lom atrof-muhitga ega bo‘lish huquqidan mahrum bo‘layotgan odamlar taqdiri xalqaro hamjamiyatni befarq qoldirmaydi», deb ta’kidlangani ham bejiz emas.

O‘zbekiston ekologik harakati ushbu Murojaatni BMT Bosh Assambleyasiga, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotlariga yo‘lladi va ularni korxonaning sanoat chiqindilaridan zarar ko‘rayotgan mintaqa aholisi hamda atrof-muhitni himoya qilishga chaqirdi. Jamoatchilikni tashvishga solayotgan bu masalalar «Talko» DUK rahbariyatiga ham bir necha marta yetkazildi... O‘zbekiston hududlarining korxona tomonidan transchegaraviy zararlanish oqibatlari tahlili natijasida quyidagi xulosaga kelish mumkin: «Talko» DUK ­O‘zbekiston Respublikasiga 447,3 million dollar miqdorida yetkazilgan zararni qoplashi zarur. Endi siz aytgan ma’naviy zararga kelsak, surxondaryoliklarga ushbu korxona faoliyati oqibatida yetkazilgan va yetkazilayotgan moddiy ziyonni to‘lash masalasi xalqaro huquq me’yorlari asosida hal etiladigan bo‘lsa, ma’naviy zarar masalasi ham kun tartibiga qo‘yiladi.

— Ekologik vaziyati og‘irroq joylar, aytaylik, Orol bo‘yi va alyuminiy zavodi ta’siridagi hududlarga ijodkorlarning safarlarini uyushtirish yuzasidan Ekoharakat ko‘zda tutayotgan tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Har bir ijodkor, — u yozuvchimi, shoirmi, jurnalistmi yoki musavvirmi, — o‘zini elu yurt quvonch va tashvishlariga dahldordir deb biladi. Binobarin, zamonamizning ekologik muammolariga, ekologik bosh og‘riqlariga aylangan Orol muammosi va Orol dardiga, «Talko» DUKning Surxondaryo viloyati tabiatiga va aholisiga yetkazayotgan zararga bugun ijodkorlarimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘proq e’tibor qaratishlari lozim. Bu fojialar haqida dunyo e’tiborini tortadigan asarlar yozish, kinofilmlar yaratish, jurnalistik tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Buning uchun ijodkorning o‘zida ijodiy tashabbus, ijodiy mahorat, ijodiy salohiyat va ijodkorga xos jur’at va jasorat ham kerak.

Ekoharakat esa ushbu yo‘nalishda ham ish olib boryapti. Jumladan, «O‘rta Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolari: ularni hal etishda xalqaro huquq mexanizmlarini qo‘llash» mavzusida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjuman doirasida biz aynan Orolbo‘yiga va Surxondaryo viloyatiga mahalliy va xorijiy jurnalistlarning safarini uyushtirdik. Iyul-avgust oylarida Surxondaryoga yana shunday safar tashkil etish ko‘zda tutilyapti. Qolaversa, yaqinda bir guruh ijodkorlar tomonidan Surxondaryo viloyatidagi ekologik muammolarga bag‘ishlangan «Ekologik ofat o‘chog‘i» nomli hujjatli filmni tasvirga olish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Shu yilning kuzida esa Italiya kinoijodkorlari shu yo‘nalishdagi hujjatli filmni ­suratga olish uchun biz bilan aniq kelishuvni imzoladilar.

— Taniqli musavvir Rafael Matevosyan butun umr Orol manzaralari tasvirini yaratish bilan shug‘ullanib keldi. Uning uchun Orol mavzusi, Orol dardi boshqa mavzulardan ko‘ra ta’sirliroq bo‘lgan...

Orol dardi bugun butun bir davrning dardi bo‘lib qoldi. Afsuski, endi bu xastalikdan forig‘ bo‘lish juda mushkul, faqatgina ushbu jarohat oqibatlarini yumshatish mumkin, xolos. Har qanday ijodkor bugun ham Orolbo‘yiga borsa, qurigan Orol tubida hosil bo‘lgan 5,5 million gektardan ziyod «Orolqum» cho‘lini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, u yerda yashayotgan jafokash xalqimiz dardiga sherik bo‘lsa, odamlarni ogohlikka chorlovchi yangi-yangi asarlar yaratishi turgan gap. Bugun yurtimiz xalqaro tashkilotlar va donorlar bilan hamkorlikda Orol va Orolbo‘yi muammosini yengillatish uchun keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. Bunday ishlarni to‘laqonli tasvirlash uchun esa, takror aytaman, ijodkorlarimiz belni mahkam bog‘lashi kerak. Bu dardni boshidan o‘tkazayotgan zamondoshlar taqdiri, bu dard yukini yengillashtirayotgan fidoyi insonlar haqida badiiy mukammal asarlar yaratish zarur, deb o‘ylayman.

— Taraqqiyot ekologik muvozanatga zarar yetkazish bilan birga uni o‘nglash yo‘llarini ham kashf etmoqda. Tejamkor chiroqlar, benzin o‘rniga propan, metan, butan singari yonilg‘i vositalaridan foydalanish, tomchilatib sug‘orish usullari, muqobil energiya turlarini joriy etish va hokazo.

Tabiat o‘z qonunlari asosida taraqqiy etgani kabi, insoniyat ham o‘z manfaatlarini, o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun taraqqiyot yo‘lidan borishga, izlanishga majbur. Chunki tabiat yaratayotgan ne’matlar asl holicha olib qaraganda bugun insoniyatning tobora oshib borayotgan ehtiyojini qondirishga kamlik qilayotir. Shunday ekan, iqtisodiy tejamkor elektr chiroqlari, ekologik toza yonilg‘i va energiyadan foydalanishga o‘tishda hikmat ko‘p, deb o‘ylayman. Chunki bundan 20-25 yil oldin kompyuter, uyali telefoning paydo bo‘lishini odamlar mo‘‘jizadek qabul qilishgan bo‘lsa, bugun ular oddiy xizmat vositasiga aylanib qoldi. Bu yil dunyo bo‘yicha muqobil energiya sohasini rivojlantirish uchun 180-200 mlrd. dollar mablag‘ ajratilganining o‘zi ertaga ushbu yonilg‘i va energiya turlari kundalik turmushimizda oddiy narsaga aylanishidan dalolatdir. Mamlakatimizda muqobil va qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha qonunchilikka tamal toshi qo‘yildi, hisob. Yurtimizda «Muqobil yonilg‘i va energiya korxonalari» assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bundan bir necha kun oldin ushbu assotsiatsiya Ekoharakat va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda gazda harakatlanuvchi avtomobillarga bag‘ishlangan, mintaqamizda ilk bor tashkil etilgan yirik xalqaro ko‘rgazma-konferentsiya tashkilotchisi bo‘ldi. Mamlakatimizda quyosh va shamol energiyasi qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar yil sayin ko‘paymoqda. Quyosh energiyasi qurilmalari uchun asosiy xomashyo manbai hisoblangan kremniy ishlab chiqaruvchi korxonalar hademay ishga tushadi. Demak, atrof-muhitga zarar keltiruvchi an’anaviy energiya va yonilg‘idan ularning muqobil turlariga o‘tish davr taqozasi. Mana ko‘rasiz, yana 3-4 yil, balki undan sal ko‘proq vaqt o‘tar, mamlakatimizning har bir go‘shasida tabiatga ozor yetkazmaydigan shamol va quyosh energiyasi tizimlari paydo bo‘ladi.

— Germaniyada o‘qib qaytgan bir tanishim gurung berdi: «O‘tloqqa dam olgani chiqqanimizda o‘zimiz bilan har xil narsalar — gamburger, xot-dog, ichimliklar olib boramiz. Kech tushib hamma tarqalgach, o‘sha joydan bitta shisha qopqog‘ini ham topolmaysiz!» Havas qilsa arziydigan ­jihat-a! Biz esa aksar hollarda elektr chiroqni, gaz olovini o‘chirishni «esimizdan chiqaramiz». Tabiat qo‘yniga dam olgani borsak-ku, qopqoq tugul, idishlarning o‘zini ham qoldirib kelamiz...

Eng avvalo, har birimiz o‘zimizga «tabiat menga nima berdi» emas, balki «tabiatni muhofaza qilish uchun men nimalar qildim», degan savolni berishimiz lozim. Aslida «olish» bilan «berish» o‘rtasida juda katta farq bor. Tabiatdan olib, unga bir narsa berish ham xuddi shunday. Axir, aytishadi-ku, «Qo‘l bilan bersang, oyoq bilan olasan», deb. Tabiat o‘z in’om-ehsonini insonlarga ikki qo‘l bilan berib tursa-yu, lekin biz uning bu saxovatiga javoban boyliklarini, kelajak avlodga meros bo‘lishi kerak bo‘lgan turfa ne’matlarini oyoq osti qilsak, shu to‘g‘rimi? Shunday ekan, ota-bobolarimizdan meros azaliy qadriyatlarimizni, tabiatga, uning ne’matlariga, to‘rt muqaddas unsur — suv, tuproq, olov, havoga bo‘lgan ehtiromimizni qayta tiklashimiz kerak.

Binobarin, ekologiya faniga oid tadqiqotlar ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilayotgan bo‘lsa-da, biroq xalqimizning ekologik madaniyati, milliy ekologik an’analar hanuzgacha chuqur o‘rganilmay kelinmoqda. Shu bois, milliy ma’naviyatimizning salohiyatini aks ettiruvchi, tabiatni va uning saxovatini qadrlash, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqimizdagi milliy madaniyat, bilimlar, an’analar, tajribalarni bir tizimga keltirib, tahlil qilib, yurtimiz oldida turgan dolzarb ekologik muammolarni hal etish yo‘lida foydalanish beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Siz aytayotgan bekorga yonib turgan chiroq, behudaga yonayotgan gaz ham xuddi ana shu ezgu qadriyatlarimizni oyoq osti qilayotganimiz tufayli. Qachonki, bizning o‘zimizda ekologik saviya yuqori bo‘lmasa, ekologik ta’limning foydasi kam bo‘ladi. Demak, eng avvalo, o‘zimiz boshqalarga ibrat, namuna bo‘lishimiz kerak. Aks holda, reklamalar, targ‘ibot-tashviqotdan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Suhbatimizni buyuk bobokolonimiz Abu Rayhon Beruniyning bir sabog‘i bilan yakunlasak: «Agar insonlar tabiatga nisbatan zo‘ravonlik qilib, uning qonunlarini qo‘pollik bilan buzsalar, bir kun kelib tabiat ularning boshiga shunday kulfatlarni solishi mumkinki, buni hech qanday kuch qaytara olmas».

Orol to‘lqinlarining shovullab o‘zini qirg‘oqqa urishi, har biri handalakdek Dashnabod anorlari haqidagi gaplar bugun biz uchun afsona bo‘lib tuyuladi. Qoraqalpog‘istonlik va sariosiyolik keksalardan bunday hikoyatlarni eshitganda hayratimizni yashirolmaymiz. Nima bo‘lgandayam, bunday «afsona»lar haqiqatga aylanishini istaymiz.

Shahrimiz ko‘chalarida shoxlaridan sigaret qoldig‘i o‘sib chiqqan daraxt tasviri tushirilgan bannerlarga ko‘zim tushadi. Ushbu reklamaga quyidagicha izoh ­berilgan: «Tabiat ham bizga shunday javob qaytarsa-chi?» Tabiat shunday javob qaytarishigacha kutib turmaylik! Tabiiy boyliklarni chegaralar bilan taqsimlash mumkindir. Biroq ekologiyani tikonli sim bilan ajratib, bir mintaqaning tabiatini ikkinchi bir mintaqanikidan ayricha holda asrab bo‘lmaydi. Orol dengizi tuzlarining jahon muzliklaridan topilgani shundan dalolat emasmi? Zamin yagona. Shuning uchun ochunni birgalashib asrash kerak, birodar!

Fozil Ulug‘berdiyev suhbatlashdi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 27-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.