O‘z milliy qadriyatlarini bilmaydigan, ularga past nazar bilan qaraydigan nigilistlarga nisbatan, o‘z xalqining noyob qadriyatlarini e’zozlab, boshqa xalqlarga ham yetkazib bera oladigan fozil kishilar millatlarning o‘zaro yaqinlashuviga ming chandon yaxshiroq xizmat qiladi», — dedi atoqli yozuvchi Pirimqul Qodirov. Darhaqiqat, ulkan so‘z san’atkori ijodiy faoliyatida ham shu aqidaga amal qilib kelyapti. Uning qalamiga mansub bo‘lgan va xalqimizning olis o‘tmishi qayta boshdan jonlantirilgan «Yulduzli tunlar», «Olmos kamar» kabi ajoyib romanlar bugungi kunda ko‘pgina xalqlarning sevimli asariga aylangan.
Pirimqul Qodirov tarix haqida ehtiros bilan so‘zlaydi. Zero, o‘tmishini unutgan xalq kelajagini ham boy berishi muqarrardir. Ushbu badeha suhbatimiz mohiyat e’tibori bilan tarix, til va muhabbat haqida.
—Qadrli Pirimqul aka, «Yoshlik» jurnali mushtariylari sizning tarixiy shaxslarga bo‘lgan munosabatingiz bilan behad qiziqishadi. Narpaylik kitobxoningiz Manzura Sarmanova shunday savol bergan: qayta qurishda Boburning qaysi sifati asqotar edi? Ohangaronlik o‘qituvchi Jo‘rabek Imonovni esa boshqa masala qiziqtiradi: Boburning ayollarga munosabati aslida ham romanda ifodalangandek bo‘lganmi yoki yozuvchi uni ideallashtirganmi?
—Zahiriddin Muhammad Bobur necha asrdan beri xalqning tilidan tushmay kelayotgan, uning dilidan o‘ziga makon topgan o‘lmas tarixiy siymolardan biridir. Albatta uning fotih, shoh va davlat arbobi sifatida juda murakkab hayot kechirganligini ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Taqdiri murakkab kechgan Boburning shunday og‘ir muhitda iste’dodini boy bermasligi, insoniy fazilatlarni yo‘qotmasligi va Javoharlal Neru iborasi bilan aytganda, dilbar shaxs sifatida tarixda nom qoldirishi ulkan saodatki, bu kamdan kam odamga muyassar bo‘ladi. Men studentlik yillarimdan beri, qirq yildirki, «Boburnoma»ni qo‘ldan qo‘ymayman. Boburning hayoti va faoliyatiga oid borki manbalarni baholi qudrat tadqiq qilib chiqdim. Bobur qadamjolarini borib ko‘rishga intildim. Hindiston, Pokiston bo‘ylab sayr qildim, shularning hammasidan bugun chiqarish mumkin bo‘lgan xulosa shuki, hanuz bizga Boburni jozibali qilib ko‘rsatayotgan tomoni uning olijanob insoniy fazilatlari va noyob iste’dodidir. Hali juda yoshligidayoq Samarqandda og‘ir vaziyat hukm surganda u beklarga qarshi borib, ochlarga non ulashgani tarixdan ma’lum. Ocharchilik tufayli qishda dehqonlar bor urug‘ni yeb qo‘yadi, bahorda ekin ekishga don topisha olmaydi, shunda Bobur urug‘lik olib kelib beradi va oqibat beklari bilan orasi buziladi, beklar uni tashlab ketishadi.
Og‘ir vaziyatda Bobur o‘sha Ahmad Tanbalday beklarga qarshi turib, opasi Xonzoda begimni uning tajovuzidan qutqarib qolgan, shuning oqibatida boshiga og‘ir kunlar tushgan. Bular barchasi uning insoniy fazilatlarini belgilaydi. Bu haqda gapirayotganimning sababi shuki, bugun biz uchun — shaxsga sig‘inish davrini, turg‘unlik davrini boshidan kechirgan odamlar uchun tarixiy shaxslar qismatini o‘rganish, ularning xato va yutuqlaridan ibrat olish juda ham muhimdir. Biz kuni kecha o‘zlarini shaxsiy manfaatini xalq manfaatidan baland qo‘ygan, insoniyligini yo‘qotib, shon-shuhratga mukkasidan ketgan rahbarlarni ko‘rdik, ularning tazyiqi ostida ijod qildik. Ularning jabrini xalqimiz tortgani mayli, hali-haligacha o‘shalar tug‘dirib ketgan qiyinchiliklar bilan biz kurashib kelyapmiz. Shu bois goho biz tarixiy shaxslardan insoniy fazilat izlaymiz va davlat tepasida o‘tirgan odam atrofidagi kishilarga nisbatan, — opasimi u yo onasimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, — shularga nisbatan mardligi va insoniyligini yo‘qotmasligi, so‘zida turabilishi, umuman, dilbar shaxs bo‘lishi, hokimiyat degan juda og‘ir bir muhitda o‘zining go‘zal sifatlarini yo‘qotmasligi kerakligini teran idrok etamizki, shu fazilatlar mavjud bo‘lganligi uchun ham Bobur bizga azizdir.
Yaxshilik izsiz ketmaydi. Boburning boshiga og‘ir kunlar tushganda, Shayboniyxon uni halok etadigan bo‘lganda — Samarqand qamali chog‘i opasi Xonzoda begim unga shunday yaxshilik qiladiki, o‘zini asoratga solib bo‘lsa-da, ukasini qutqaradi. Bu xalqimiz tarixidagi dilbar sahifalardan biridir. Kishilarimizning bir-biriga mehru oqibati, sadoqati, fidoyiligi shunda yaqqol ko‘rinadi.
Xonzoda begim Shayboniyxon haramida o‘n yil arosatda yashaydi. Shayboniyxon o‘limidan keyin shoh Ismoil uni Najmisoniy degan juda zolim bir bekiga xotinlikka bermoqchi bo‘ladi. Shoh uning o‘n yashar o‘g‘ilchasi, yagona farzandini o‘ldirib yuborishga buyruq berib yuboradi. Bu paytda Bobur Qunduz shahrida edi, u darhol chopar yuborib Marvdagi opasini qutqaradi va Qunduzga olib keltiradi.
Samarqandga ikkinchi marta kelganida Bobur Ulug‘bekning ishlarini davom ettirmoqchi bo‘ladi, rasadxonani tiklashni niyat qiladi, «Xatti Boburiy» degan xalqimiz fe’liga moyil, tezroq o‘qish mumkin bo‘lgan yangicha yozuv ixtiro etadi, 22 yashar yigit uchun bu juda katta jasorat edi. Zero u qadimiy turkiy O‘rxun-Yenisey yozuvini afzalliklari bilan tiklamoqchi bo‘ladi, g‘ulu ko‘tarilib, qora kuchlar isyon qiladi va uni Samarqanddan quvib chiqarishadi. Mana shu og‘ir sharoitda Hisorda qo‘zg‘olon ko‘targan beklar uning jiyani — Xonzodabegimning yolg‘iz o‘g‘li Xurramshohni — o‘n bir yoshli bolani halok etadilar, vaziyat har qancha tang bo‘lmasin, Bobur opasini qutqaradi va unga bo‘lgan hurmat-ehtiromini umrining oxirigacha yo‘qotmaydi. Gulbadan begim «Humoyunnoma»da guvohlik berishicha, Hindistonning jazirama kunlarida, oftobga chiqish qiyin bo‘lgan paytlarda ham, Bobur garchi sog‘ligini oldirib qo‘ygan bo‘lsa-da, har juma kuni Xonzoda begimni ko‘rishga borar ekan. Borib xabar olar ekan opasidan! Bo‘lmasa, davlat boshlig‘i, har bir soati hisoblik, qanchalik band bo‘lishiga qaramay, borib opasini ko‘rar ekanki, bu uning olijanob qalb egasi ekanligidan, bir vaqtlar ko‘rgan yaxshiligini hamon unutmasligidan dalolat emasmi?! Uning o‘g‘li Humoyun bilan bo‘lgan munosabatlarichi?! Humoyunni onasi Mohim begim yaxshi tarbiyalaydi, shuning oqibatida bolaning otaga bo‘lgan ixlos-e’tiqodi juda yuksak bo‘ladi. Bobur ham o‘z navbatida «Mubayyin» degan kitobini o‘g‘liga bag‘ishlaydi. Tarixiy ahamiyati katta bo‘lgan bu kitob (qonunshunoslikka e’tibor, ya’ni o‘sha paytda soliq qanday olinishi kerak, odamlarga muomala qanday bo‘lishi kerak, shu haqda) Boburning o‘g‘liga nisbatan mehru muhabbati samarasi o‘laroq dunyoga keladi.
Bilasizki ayrim shohlar shaxsiy manfaatlari yo‘lida aka-ukasiyu opa-singillarini ham qurbon qilib ketaverishgan, o‘limga mahkum etish hech gap bo‘lmagan yaqin qarindoshlarini! Stalin ham shunday bo‘lgan-ku, axir! Hatto xotinini o‘limga giriftor etgan-ku! G‘arbiy Yevropada makiavellizm degan oqim bo‘lgan, ularning aqidasicha podshohlar oddiy odamlar kabi halol va barchaga birdek qoidalarga bo‘ysunishi shart emas, ular shunday yuksaklikda turadilarki go‘yo, har qanday odamni kerak bo‘lganda o‘ldirishga haqlidirlar! Ya’ni ular podshohlarni axloq normalaridan baland qo‘yishadi. Gitlerning dunyoga kelishiga imkon bergan aqida ham shu, Gitler ham men inson zotini axloq degan, vijdon degan narsalardan ozod qilaman deb aytgan edi. Lekin bizning Sharqda, Alisher Navoiy va shu kabi boshqa ulug‘larning ta’limoti shuki, kim qaysi darajada, mavqei qanday bo‘lishidan qat’i nazar, shoh ham, gado ham vijdon amridan tashqarida turishga haqli emas. Ha, halollik, poklik, insoniylik birinchi o‘rinda turishi kerak. Alisher Navoiy ta’limoti shunga asoslangan, Bobur ham yoshligidan shuni o‘ziga a’mol qilib olgan. O‘sha zamonlar jo‘mardlik degan bir qoida bo‘lgan (g‘arbda buni ritsarlik deb atashgan). Javoharlal Neru kafolat berishicha, Bobur makiavellizmdan farqli o‘laroq, o‘sha jo‘mardlik qoidalarini oliy maqomda bajo keltirgan. Ma’lumki, podshohlar hamisha solnomalarda maqtab kelingan, lekin «Boburnoma»ni olib qarasangiz, Bobur sahv-xatolarini ham ochiq yozgan. Hatto Hindistonga qilgan yurishini «Yorab, netayin, bu ne yuzi qarolik bo‘ldi» deb, o‘zi baho bergan. Rost, qirg‘in janglarda ozmuncha qon to‘kilmagan, ba’zi tarixchi olimlarimiz shuni misol tariqasida keltirib, Bobur shafqatsiz bo‘lgan deyishadi. Axir, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas edi-da, davlat tuzish uchun qattiqqo‘l bo‘lish taqozo etilardi. Bu bilan Boburni oqlamoqchi emasmiz, lekin o‘sha olimlardan «bu faktlarni qaerdan olgansiz?» deb so‘rasangiz, «Ha, Boburnomada o‘zi yozib qo‘yibdi-ku», deyishadi. Xo‘p, o‘zi yozgan bo‘lsa, shunisiga qoyil bo‘lmaysizmi axir. Qilgan noto‘g‘ri ishlarini e’tirof etgan ekan shu odam, demak, to‘g‘ri so‘z bo‘lgan-da. Axir biz Jan Jak Russoni nima uchun ulug‘ deb bilamiz, chunki u ham o‘z xatolariga o‘zi iqror bo‘lgan. Russoning «Iqror» asarini Lev Tolstoy dasturilamal deb bilgan. Ulug‘ adib faqat yutuqlarini, yaxshi ishlarini emas, qilgan xatolari, noxush narsalarni — boshidan kechirgan hamma voqeani ochiq yozgan. Xuddi shunday iqror Lev Tolstoyda ham bor. Adib hatto urushda odam o‘ldirganligini ham qayd etgan. Boburni ham dunyo tanigan ekan, bu «Boburnoma»sida boshidan kechirganlarini haqqoniy yozganligi bilan ham izohlanadi. Sharqda Bobur bu jihati bilan shohlar orasida yagona va benazirdir. Umrini oxirida toju taxtdan bezib, o‘zini butunlay ijodga bag‘ishlamoqchi bo‘lganligi-chi?! «Humoyunnoma»da aytilishicha, o‘sha davr e’tiqodiga ko‘ra shunday hisoblanganki, agar istasa, o‘g‘liga kelgan ajalni ota o‘ziga olishi mumkin. Tag‘in shayxulislom mashhur Ko‘hinur olmosini tasadduq qilsangiz Humoyunni tuzatamiz deya Boburning oldiga shart qo‘yadi. Bobur uzoqni ko‘zlaydi: o‘g‘lining tuzalib ketishiga umidi bor. Agar u sog‘aysa, shayxulislom sadaqa tarzida olmosni olsa, maqbarada saqlanadigan matoh emas, dunyoni bezaydigan olmos, uni qo‘riqlashga askariy kuchlar kerak, ya’ni ta’ma bo‘layotganligi oshkor. Humoyun tuzalib ketsa, ular umrbod uni qarzdor qilib qo‘yishadi, «mana shu tasadduq evaziga Humoyunni biz tuzatdik», degan gap bilan Abdullatif kabi o‘zlariga uni mute qilib olishlari mumkin. Bobur o‘g‘lining bugungi kunini emas, balki istiqbolini ham o‘ylaydi va aytadiki, «O‘sha olmos azizmi yoki mening jonim?» Shayxulislom: «Har qanday olmosdan ham sizning joningiz aziz», deyishga majbur bo‘ladi. «Unday bo‘lsa, men o‘g‘lim uchun shunday bir tasadduq qilayki, uni sizu bizga o‘xshagan bandalari emas parvardigorning o‘zi qabul qilsin!» Bobur shunday deb behush yotgan o‘g‘li boshidan uch marta aylanib o‘tib iltijo qiladiki, «Ey, parvardigor, menki Boburmen, o‘g‘limning betoqatligiga toqat keltiring, shunga bergan ajalni menga beringu meni jonimni oling, Humoyunning jonini qaytarib bering!» Mana shuning o‘zi ham Boburning insoniyligi naqadar buyuk ekanligidan dalolat emasmi?! Bobur vasiyatida Xumoyunga aytadiki, ammang Xonzoda begimning Samarqandda menga qilgan yaxshiligini umr bo‘yi unutmadim. Men ham fidoyilik qilishga intildim, Temuriylarning juda ko‘pchiligi bir-biriga baxillik, o‘gaylik qilishib hammasi razolat qurboni bo‘lib ketishdi. Yomonlikning qurboni bo‘lguncha, yaxshilikning fidosi bo‘lish afzal emasmi?! Ha, Bobur yon-atrofidagilarni yaxshilikka, mardlikka da’vat etgan.
Bugungi kunda Bobur shaxsining biz uchun bag‘oyat qimmatli tomoni shundaki, eng og‘ir damda ham u olijanob fazilatlarini saqlay bilgan. Fotihlikdan, shohlikdan insoniylikni ustun qo‘ygan. Agar Bobur shunday qalbga ega bo‘lmaganida, bunday go‘zal g‘azallar yarata olmagan, juda katta madaniy meros qoldira olmagan bo‘lur edi.
—Kuni kecha O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti sobiq birinchi sekretari I. B. Usmonxo‘jaev, shuningdek,Markaziy Komitet sobiq sekretari R. H. Abdullaeva stollarini mushtlab, Boburga dag‘dag‘a qilishgani, uning nomini o‘chirishga jon-jahdlari bilan urinishganlari sir emas. Hayot o‘zgarmoqda, eng muhimi, yaxshi tomonga qarab o‘zgarmoqda, tabiiyki, ulug‘ shoirimizga bo‘lgan qarashlar ham yangicha tus olmoqda. Pirimqul aka, Boburga yodgorliklar o‘rnatish, uning ijodiy merosini izchil tadqiq etish va mukammal asarlar to‘plamini nashr etish payti kelmadimikin?
—Ha, adolat qaror topdi, bu yil Navro‘z xalqimizning ulug‘ shodiyonasiga aylandi. Xuddi shu kabi, Boburga, ayniqsa, uning madaniy merosnga yangicha tafakkur asosida yondashish kuchayib boryapti. Bu jihatdan «Pravda» bizga yaxshi bir ibrat ko‘rsatdi. Gazeta shu yil ikkinchi yanvar sonida «Bobur hujrasi» degan yorqin bir lavhani e’lon qildi. Unda besh asr oldin Sulaymon tog‘i ustida Bobur qurdirgan hujra yigirma olti yil burun johil kimsalar tomonidan buzib tashlangani, hozir o‘shliklar pul yig‘ib, hashar qilib, shu tarixiy yodgorlikni qayta tiklayotganliklari hikoya qilingan. Bobur — klassik shoir, faylasuf va davlat arbobi sifatida tilga olingan. Afsuski, u tug‘ilib o‘sgan yurtda hanuzgacha shoirga yomon ko‘z bilan qaraydigan, ijobiy snfatlarini «Boburomaniya» deb ataydigan tarixchilar yo‘q emas. Ular hech bo‘lmasa, qirg‘izistonlik, o‘shlik birodarlarimizdan va «Pravda»dan ibrat olsalar bo‘lar edi.
Albatta, yuqorida aytganimdek, Bobur murakkab tarixiy shaxs. Lekin... Axir, Lev Tolstoy ham graf bo‘lgan, «Tolstoychilik» deb ataluvchi g‘ayriinqilobiy harakatga asos solgan. K. Marks va F. Engels «Xronologik yozuvlar»ida Boburning tarjimai holi, ijodi va faoliyatiga oid eng muhim nuqtalarni xolisona ko‘rsatib berganlar. O‘rta Osiyodan chiqqan ulug‘ tarixiy shaxslarning hech birini K. Marks va F. Engels bunchalik ko‘p va xo‘p qalamga olgan emas. Biz buning qadriga yetishimiz kerak.
Boburga nigilistik ko‘z bilan qaraydigan tarixchilar nuqul unga «Hindistonni bosib olgan» deb ayb taqaydilar. Ammo ulug‘ hindistonliklar Boburga qanday baho berganini yana bir eslaylik: Rajiv Gandi Moskvada 1987 yilda bosilib chiqqan «Hindistonning kashf etilishi» kitobida yozadi: «Farg‘onalik yigit, dovyurak jangchi va xassos adib Bobur Gang tekisligiga kelib, bizning Buyuk Mo‘g‘ullar saltanatimizga asos soldi va o‘zini hindistonlik deb hisobladi».
Chindan ham, Bobur Hindistonni o‘zining ikkinchi vatani deb bilganini va umrining oxirgi yillarida butun kuch va iste’dodini unga farzandlarcha baxsh etganini «Boburnoma»ning oxirgi boblari ham, shoirning «Hind devoni» deb atalgan so‘nggi kitobi ham yaqqol ko‘rsatib turadi, Shuning uchun ilg‘or hind jamoatchiligi Boburning tarqoq o‘lkalarni birlashtirib, qudratli markaziy davlat tuzganini va bu yerda bog‘lar, obod manzillar barpo etganini doim yuksak baholaydi.
Buning bir misolini Moskvada rus tilida chiqadigan va Hindistonning SSSRdagi elchixonasi chop etadigan «Indiya» jurnalida o‘qish mumkin. Jurnalning 1984 yil 4-sonida mashhur hind olimi G. N. Panat yozadi: «Boburnoma»ni haqqoniyligi uchun J. Russoning iqrorlari va Nyutonning esdaliklari bilan yonma-yon qo‘yish mumkin. Boburning Hindiston tarixi oldidagi xizmatlari ulug‘dir, lekin uning tarixnavis sifatidagi xizmatlari bundan ham ulug‘roqdir».
Hind olimi Boburni Russo va Nyuton kabi buyuk shaxslar bilan yonma-yon qo‘ygan paytda biz ham mana endi, hech bo‘lmasa, uning ijodiy merosini e’zozlaylik. Uning tug‘ilgan yurti Andijonda klassik shoirga arzigulik bir yodgorlik o‘rnataylik. Ilgarigi Ark mahallasining o‘rnida tig‘iz xonadonlar joylashgan ekan. Ularni ko‘chirish qiyin bo‘lsa, Sirdaryo bo‘yida To‘raqo‘rron rayonida Axsikent tepaligi bo‘sh turibdi. Boburning otasi shu yerda halok bo‘lgan. Yosh Bobur ota-onasi bilan Axsikentda yillar davomida istiqomat qilgan. Yigit paytida ham Axsida dramatik voqealarni boshidan kechirgan.
Yoshlarimiz Farg‘ona vodiysida Boburning yoshligiga atab yodgorlik o‘rnatmoqchi bo‘lishganda mendan maslahat so‘radilar. Men ularga Axsikent tepaligini eslatdim. Hozir kimsasiz tashlandiq joyga aylangan. Xarobalar ostida arxeologlar uchun qimmatli ashyolar yotgan bo‘lishi mumkin. Arxeologlar bilan ham maslahatlashib ularning bo‘lajak qazilmalariga zarar yetkazmaydigan joyni tanlash mumkin. Butun vodiy ko‘rinadigan balandlikda Boburga O‘shdagi kabi mo‘‘jaz bir yodgorlikni hashar yo‘li bilan o‘rnatsa arziydi.
Sirdaryodan nasos bilan suv chiqarish qiyin emas. Obod bir manzil bunyod etilsa, yoshlarning tarbiyasi uchun ham, turli tomonlardan keladigan sayyohlar uchun ham maroqli va foydali yodgorlik paydo bo‘lardi.
O‘rta Osiyoni, ayniqsa, bugungi O‘zbekiston tuprog‘ini Boburchalik ko‘p kezgan va hamma joyiga oid xotiralar yozgan, yana ko‘p joylarda o‘chmas iz qoddirgan tarixiy shaxs juda kam.
Tojik birodarlarimiz Boburning Mastchohda toshga o‘ydirgan forsiy she’rlarini quduq tagidan topib olganlar va Dushanbedagi tarix muzeyiga eltib, e’zoz bilan saqlamoqdalar. Toshkentda adabiyot muzeyida Bobur zali yaxshi jihozlangan. Shoirlar Xiyobonida uning haykali bor. Samarqand o‘lkashunoslik muzeyida ham Boburga maxsus zal ajratsalar bo‘lmaydimi? Axir Bobur ijodi va faoliyati Samarqand shahriniig tarixida o‘ziga xos o‘rin egallaydiku!
Qo‘qon atroflarida, So‘x va Hushyor degan joylarda Bobur ikki yil quvg‘inda yurgan. Unga So‘x va Hushyorda yaxshilik qilgan odamlar keyinchalik Boburni yo‘qlab Hindistonga borganlar, undan katta e’zoz ko‘rganlar. «Boburnoma»da bu odamlarning nomlari ham yozilgan. Ehtimol, ularning avlodlari hamon tirikdir?
Boburning So‘x, va Hushyordan Xurosonga quvg‘in bo‘lishi haqida «Tilla beshik» degan mashhur rivoyat ham yaratilgan. Uning beshikda qolgan o‘g‘li keyinchalik el e’zozlaydigan odam bo‘lib yetishgan, vafot etgach, Qo‘qon yaqinida maxsus maqbaraga dafn etilgan, degan hikoyatlar bor. Bu rivoyat va hikoyatlar hayot haqiqatiga qanchalik to‘g‘ri kelishini tarixchilarimiz aniqlasalar yaxshi bo‘lardi.
Qashqadaryoda ham «Boburtepa», «Boburko‘l» degan joylar bor. Boburga bag‘ishlangan xalq dostonlari mavjud. Buning hammasi Boburning xalq xotirasida o‘chmas iz qoldirgan ulug‘ siymolardan ekanini isbot etadi.
Afsuski, Boburning 500 yilligi turg‘unlik davriga to‘g‘ri keldi. YuNYeSKO «Boburnoma»ni frantsuz tilida ikki qayta chop etdi. Boburning 500 yilligini jahon miqyosida keng nishonlashga YuNYeSKO bosh qo‘shishi mumkin edi, lekin o‘zimizdagi turg‘unlik muhiblari Boburga o‘gaylik va baxillik maqomida ish tutdilar. Besh yuz yillikka hatto «Boburnoma»ning o‘zbekcha nashri qayta chiqarilmadi ham, uning ijodiy merosi hamon to‘liq yig‘ilmagan holda qolib kelyapti. «Boburga sinfiy nuqtai nazardan yondashish kerak» degan to‘g‘ri fikrni I. Usmonxo‘jaev va R. Abdullaeva kabi nopok shaxslar noto‘g‘ri talqin qilib, vulgar-sotsiologizmga yo‘l ochib berdilar. Bu hodisa butun mamlakatda ijtimoiy adolat tiklanayotgan qayta qurish yillarida yuz bergani jamoatchilikni behad norozi qildi.
Holbuki, Bobur ijodi umuminsoniy ahamiyatga ega ekanini Moskva ham, Dehli ham, Parij ham allaqachon e’tirof etgan. O‘rtoq M. S. Gorbachev umuminsoniy qadriyatlarning tor sinfiy manfaatlardan yuqori turishini bir necha marta ta’kidlab aytdi. Yangicha tafakkurning o‘zi ham alohida sinflar va xalqlar manfaatlarini umumbashariy qadriyatlarga qarshi qo‘ymaslikka, balki ularni bir-biriga dialektik ravishda birlashtirishga qaratilgandir. Chunki atom asrida insoniyatning omon qolishi umuminsoniy qadriyatlarni hamma narsadan afzal ko‘rishga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Qayta qurish sharofati bilan Bobur kabi umuminsoniy qadriyat yarata olgan ijodkor siymolarning ahamiyati ortib bormoqda. Biz bundan keyingi ishlarimizda davrimizning mana shu talabini doim hisobga olishimiz kerak.
—Pirimqul aka, yoshlik va o‘sha faslga xos muqaddas tuyg‘ular Sizda qanday xotira qoldirgan? Yoki o‘sha tuyg‘ular haliyam yuragingizda jo‘sh urib turibdimi? Qayta boshdan yashasangiz bu faslni qanday kechirgan bo‘lur edingiz?
—Yoshlik inson umrining avji bahori, bahorda tabiat uyg‘onadi. Mening yoshligim ham o‘z umrimning gurkiragan bahori kabi kechgan, bu o‘sha — suronli yillarga to‘g‘ri keladi. Endi aytishim mumkin, yoshimiz oltmishdan o‘tgan, nevara ko‘rganmiz, bilsangiz «Uch ildiz»dagi Mahkam bilan Ochil, shularning xamirturushi asli o‘zimdan olingan, Ochilning she’rlarini men o‘zim studentlik yillari yozganman. Xuddi shu kabi Zamira bilan Gavharning ko‘p jihatlari ham umr yo‘ldoshim bo‘lmish Sofiyaxonimdan olingan. Gavharga o‘xshab bizning xonim ham Moskvaga o‘qishga ketgan, men ortidan borganman, mana shunaqa bir samimiyat bilan oila qurganmiz, to‘rtta farzandimiz, to‘rtta nevaramiz bor, shular hammasi umrimizning avji bahori ekilgan nihollar.
Yoshlik, mening nazarimda, bahorda ekilgan, vaqti bilan voyaga yetgan, har bahor yangidan yaproq chiqaradigan, yangidan meva tugadigan daraxtlar kabi bo‘ladi. O‘tgan yoshligim har yili yangi libos kiygan daraxt kabi qayta va qayta yasharib kelmoqda. Shuning ta’siri bo‘lsa kerak, tarixiy asarlar yozayotganda ham, deylik, Hamida begimning Humoyun bilan, Akbarning Salima begim bilan bo‘lgan munosabatlarida ba’zi tafsilotlarni o‘z hayotiy tajribam yordamida topaman.
Tarix unutilib ketadigan narsa emas. Ajdodlar boshidan kechirgan hodisalar, kechinmalar yuz, besh yuz yil o‘tgach ham avlodlar hayotida turlicha yo‘sinda takrorlanishi mumkin ekanki, bu o‘sha irsiy yo‘nalish, genlar orqali yuzaga keladi, deb o‘ylayman. Bizning tarjimai holimiz o‘zimiz mansub bo‘lgan davr bilan kifoyalanmaydi. Agar hayot daraxt bo‘lsa, ko‘zga ko‘rinmaydigan ildizlari ajdodlarimizdan meros ma’naviyatdan, boshqa omillardan oziq oladi. Shu ma’noda har birimizning tarjimai holimiz ming yillarga teng tarixdan iboratdir. Zero, ota-bobolarimiz «har kim o‘zining yetti pushtini bilishi shart», deb bejiz aytishmagan. Bu odat qozoqlarda hamon mavjud. Albatta biz o‘tmishimizni, tarixiy ildizlarimizni teran bilishimiz kerak. O‘zbek 92 urug‘dan iborat, deyishadi. Ha, obi-hayot bormay qolgan ildizlarimizni parvarishlash, tiriltirish lozim. Shunday qilsak yoshlarga to‘g‘ri ta’lim bergan bo‘lamiz, ular ma’naviy zaminda gurkirab o‘sishadi.
—Pirimqul aka, Siz ERK tushunchasiga o‘ziga xos haykal qo‘ygansiz. Erksizlik insoniy imkoniyatlarni cheklab tashlaydi, u ma’lum bir qolipga tushib qoladi. Bu hol turg‘unlik davrida yaqqol ko‘rindi. Siz mana shu ko‘rgulikni «Erk» qissangizda ifoda etgansiz, Sattorning qismatida ko‘rsatgansiz. Samarqandlik Dilorom Islomova «Men «Erk»ni yostig‘im ostiga qo‘yib o‘qiyman! Chunki aynan shunday voqea hayotimizda yuz berdi: turmush o‘rtog‘im Toshkentda o‘qib yurib, boshqa bir qizni sevib qoldi», deb yozadi...
—To‘n ilig‘ini egasi biladi, deganidek, har kimning oilaviy hayoti, qiyinchiliklari o‘ziga ayon. Shu, masalan, ichki bir sir sifatida saqlanishiga tarafdorman. Xalqimizda shunday maqol bor: odamlarning bir-biriga mehri qushning paloponiga o‘xshaydi. Palopon, ma’lumki, juda nozik, hadeb uni qo‘lga olaversangiz, qo‘lning zahri urib kasallanishi muqarrar. Shu ma’noda ko‘ngil sirlari, shaxsiy tuyg‘ular xolis yashagani, chetdan aralashuvlar bo‘lmagani ma’qul. Gyote deydiki, mening qalbim ochiq shahar, lekin unda shunday bir qasr borki, unga faqatgina mahrami asrorimni kiritaman.
Oilada ham hurmat, insoniylik birinchi o‘rinda turmogi kerak. Sattor orqali shuni ko‘rsatishga harakat qilganman.
«Olmos kamar»da ham bunday hol Abror bilan Vaziraning boshiga tushadi. Oilada qiyinchiliklar bo‘ladi, albatta, faqat uni sabr-bardosh bilan yengib o‘tish kerak. Tajribalar shuni ko‘rsatyaptiki, ikkinchi marta qurilgan oila ko‘p hollarda birinchisidan ko‘ra mo‘rtroq bo‘lib chiqadi. Hayot bir izdan chiqqach, uni tuzatish qiyin.
—Muhabbat!.. Unga munosabatingiz? Qisqacha ta’rifingiz?
—Endi bunga qisqacha ta’rif berib bo‘lmaydi-da. L. Tolstoydan «Anna Karenina» romanining qisqacha mazmunini aytib bersangiz deyishganda, u bir og‘iz qilib aytish mumkin bo‘lganda men uni roman qilib o‘tirmagan bo‘lardim, degan ekan. Men sevgini olovga o‘xshataman. Bu olovning asosi — mehr. Quyoshning nurlari lupada bitta nuqtaga yig‘ilsa, o‘sha joyni u kuydirib yuboradi... Muhabbat ham shunga o‘xshaydi, insoniy tuyg‘ularni bir nuqtaga jamlaydi, yurakda yashirinib yotgan barcha ma’naviy kuchlarni harakatga keltiradi. Muhabbat kelganda zaif odam ham o‘zini juda qudratli sezadi. Boshqa vaqt qo‘lidan kelmaydigan ishlarni muhabbatning kuchi bilan uddalay oladi. Muhabbat insonning barcha fazilatlarini uyg‘otadigan bahor pallasiga o‘xshaydi.
—«Ehtiyot» so‘ziga munosabatingiz? Xurofotga qarshi ochiq kurashganmisiz va yoki ehtiyotkorlik bilan?
—Xurofot tarixda mavjud. Bizda esa uning atalishi bo‘lakcha: dogmatizm, vulgar-sotsiologizm. Aslida bular bid’atning turlari. Stereotiplar ham...
Ehtiyotkorlik haqida shuni aytish mumkinki, bu davr ruhi va shaxs tabiati bilan bog‘liq xususiyat. Shaxsga signnish davrida hamma ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rgan. Ehtiyotkorlik qo‘rqoqlik bilan chegaralanadi. Lekin mulohazakorlik bilan qo‘rqoqlikni ajrata bilish kerak. Nozik masalalarga mulohazakorlik bilan yondashish qo‘rqoqlik emas.
Qayta qurish ishiga dadil harakat qiladigan odamlar kerak. Shu ma’noda men ijodiy jasorat tarafdoriman.
—Ona tilimiz, unga davlat tili mavqei berilishi lozimligi haqidagi da’vatlarga qanday qaraysiz?
—Adabiyotning asosiy quroli — til. Shuning uchun ham til hamisha bizning diqqat markazimizda. Ayniqsa, turg‘unlik davrida — 60—70-yillarda tilimizga e’tibor susaydi, shunda men bir necha ilmiy ishlar qilgan edim: «Til va dil», «Xalq tili va realizm» degan kitoblarim o‘sha paytda chiqqan. Xalq boshidan kechirgan tarixiy hodisalar tilda jamlanib boradi. Shuning uchun har bir xalqning ona tili vatanining ma’naviy timsoli hisoblanadi. Demak, tilidan ayrilgan xalq ma’naviy Vatanidan judo bo‘ladi.
Yoshlarning tilga e’tibori, tilimiz istiqboli uchun qayg‘urishi ezgu ish. Yoshlarimiz tiliga, xalqiga mehr bilan qarashar ekan, yon-atrofimizdagi boshqa xalqlar, ularning tiliga ham hurmat, mehr bilan qarash kerakligini ba’zan unutib qo‘yadilar. Rus tili — qardoshligimiz tili. Ona tilimiz biz uchun birinchi til bo‘lsa, rus tili ikkinchi til bo‘lishi kerak.
Men tilda ham, ijtimoiy hayotda ham teng huquqlilik tarafdoriman. Deylik, paxtakorlarimiz mamlakat oldidagi burchlarini halol ado etib, SSSRning paxta mustaqilligini muttasil ta’min etib kelmoqdalar. Lekin paxtakorlar uchun boshqa regionlardan yetkazib berilishi kerak bo‘lgan go‘sht mahsulotlari so‘nggi yillarda juda kamayib ketdi. Agar tenghuquqlilik printsipiga astoydil rioya qiladigan bo‘lsak, bizning paxtakorlarimiz go‘sht va boshqa mahsulotlar bo‘yicha shartnomani bajarmayotgan markaziy agrosanoat idoralariga, SSSR yengil sanoat ministrligiga paxtani kamroq berishi, masalan, uni million tonnaga kamaytirib, o‘rniga bir necha million tonna serdaromad oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishlari va shu tarzda oziq-ovqat ta’minotini ittifoqdagi o‘rtacha darajaga yetkazib olishlari mumkin edi. Bizda oziq-ovqat ta’minoti ittifoq darajasidan ikki barobar past ekanini olimlar raqamlar bilan isbot etmoqdalar. Paxtaning mehnati esa og‘ir. Parvarish yaxshi bo‘lmagandan so‘ng og‘ir mehnat sog‘liqni yemiradi. Kichiklikdan durust parvarish ko‘rmagan qizlar voyaga yetganda ko‘pincha sog‘lom farzand ko‘rmaydi, ayrim yigitlarimiz armiya xizmatiga yaramaydigan bo‘lib o‘sadi. Onalar kamqonliligi, bolalar o‘limi...
Iqtisodiy notekislik odamlar taqdiriga mana shunday salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan paytda ayrim markaziy ministrliklar o‘z mahkamalarining manfaatlarini «umumxalq manfaatlari» deb lof uradilar.
SSSR Yozuvchilar soyuzining bultur Moskvada bo‘lib o‘tgan va milliy munosabatlarni takomillashtirishga bag‘ishlangan plenumi ittifoqdosh respublikalar ona tillariga davlat maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlab chiqqan edi. Xuddi shunday taklif va tavsiya tilshunos olimlarning Toshkentda bo‘lib o‘tgan butunittifoq kengashida ham qabul qilindi.
Kelajakda respublikalarning xo‘jalik hisobiga o‘tishi, o‘zini o‘zi boshqarishi va daromadiga qarab haq olishi — suveren huquqlarni ekonomika va sotsial sohalarda amalga oshirish uchun zarur. Ona tilimizga davlat maqomi berilishi esa xalqimiz suveren HUQUQlarining ma’naviyat va madaniyat bobida amalga oshishi uchun kerak.
—Samimiy suhbatingiz uchun rahmat, Pirimqul aka!
Suhbatni Shukur Sodiq olib bordi.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 5-son