OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurislom To‘xliyev: "Bemilliy baynalmilalchilik — beildiz daraxt" (1989)

Sof manoda milliy masalalar muammosi yo‘q. Unday bo‘lsa milliy masaladagi keskinliklar, bir-birlari bilan misli og‘ayni — qarindosh millat vakillari nima uchun o‘zaro qon to‘kishyapti. Chunki mamlakatimizda iqtisodiy, sotsial, huquqiy, ekologik va demografik muammolar, til va madaniyatni rivojlantirish, mnlliy an’analarni asrab qolish muammolarining bir-birlari bilan chirmashib ketgan chigal tuguni hosil bo‘ldi. Bu haqda KPSS Markaziy Komiteti Bosh sekretari M. S. Gorbachevning partiya MK yaqinda bo‘lib o‘tgan sentyabr (1989 y.) Plenumida qilgan partiyaning hozirgi sharoitdagi milliy siyosati to‘g‘risidagi dokladida alohida ta’kidlanadi. Muhtaram jurnalxon, bu safar iqtisodiy rivojlanishning hozirgi darajasi, millatlararo munosabatlar taraqqiyoti, milliylik va baynalmilalchilikning nisbati, ularning dialektikasi to‘g‘risidagi savollarga iqtisod fanlari doktori, O‘zbek Sovet qomusi Bosh muharriri, O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining deputati Nurislom To‘xliev javob beradi.

—Nurislom To‘xlievich, sir emas, repressiya va turg‘unlik yillarida «sotsialistik tuzum sharoitida barcha millatlar taraqqiyoti erkin kechadi... va yagona sotsialistik millat va madaniyat vujudga keladi» degan nobop siyosat zo‘rlik bilan yurgizildi. Bu mamlakatimizda millatlararo munosabatlarning keskinlashuviga sababchi bo‘ldi. Partiya XIX konferentsiyasi, SSSR xalq deputatlari I s’ezdi va KPSS Markaziy Komitetining millatlararo munosabatlarga bag‘ishlangan maxsus Plenumi materiallarida umumdavlat, ittifoqdosh respublikalar ekonomikasidagi tanazzul va millatlararo munosabatlardagi keskinlikning oshganligi sabablari oshkora aytildi. Millatlararo munosabatlarni takomillashtirish, bu sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf qilish yo‘lida ayrim foydali tadbirlar o‘tkazilmoqda. Lekin keskinlik hamon saqlanib turibdi. Tabiiyki, bu holat masalaning tub ildizini aniqlashni va eng ma’qul tadbirlar belgilashni talab qiladi.

—Milliy munosabatlardagi muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Jamiyat hayotini demokratiyalash va oshkoralik yo‘lida qo‘yilgan dastlabki qadamlar bu muammolarni yanada yuzaga chiqardi. To‘g‘ri, bu sohada, ayniqsa, har bir millatning, xalq va elatning tilini, madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha anchagina tadbirlar belgilanmoqda. Lekin mening nazarimda, biz hammamiz filni payqamasdan qarg‘alarga o‘t ochib yotganga o‘xshaymiz. Fil esa bu — iqtisodiyot. Milliy munosabatlar keskinlashuvi va bu borada yuz berayotgan ayrim noxushliklar iqtisodiy qoloqlikka, qashshoqlarcha turmush sharoitiga bildirilayotgan aks-sadodir. Aholining katta qismi faqirona, qo‘l uchida kun kechirmoqda. Oddiy sotsial masalalar hal qilinmagan. Biz ana shunday kishilarning turmushini yaxshilash u yoqda tursin, hatto ularning aniq sonini ham bilmaymiz... Millionerlarimizni esa juda yaxshi bilamiz... 70 so‘m maosh oladigan kishilar bu zamonda qashshoq hisoblanadi. Holbuki, 50 so‘m va undan kam daromad oladiganlar bor. Buning ustiga narx-navolar oshib turibdi, xalq iste’moli mollari va go‘sht-sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj umuman qondirilmayapti. Bunday sharoitda nima qilish kerak? Kishilar bu sehrlangan doiradan chiqish yo‘lini turli tomonlardan, jumladan, katta oilaning boshqa farzandlaridan — boshqa millat vakillaridan axtaradi. Keyingi paytlarda milliy respublikalar ikki qismga: boqimanda va qarz olmaydiganlarga bo‘lindi. Ayrim respublikalar vakillarining alohida valyuta, iqtisodiy, siyosiy mustaqillik talab qilib chikishlarini shu bo‘linish bilan izohlash mumkin. Boltiqbo‘yi respublikalari va boshqa mintaqalarda iqtisodiy mustaqillikni kengaytirish uchun olib borilayotgan harakatlarni ijobiy baholamok kerak.

KPSS Markaziy Komitetining Plenumi 1989 yil 20 sentyabrda KPSSning harakat dasturi deb qabul qilgan «Partiyaning hozirgi sharoitdagi milliy siyosati»da birinchi marta, «Ittifoqdosh respublikalar yer, undagi konlar, o‘rmon, suv va boshqa tabiiy resurslar ittifoqdosh respublika va SSSR Ittifoqining mulki ekanligiga amal qilib, shu masala xususidagi Umumittifoq qonunlari asosida tabiiy resurslardan foydalanish to‘g‘risida qonunlar qabul qiladilar» deb ko‘rsatildi. Bu qoida regional xo‘jalik hisobiga o‘tishda, iqtisodiy mustaqillikni kengaytirishda muhim qadam. Menga qolsa, bundan tashqari, yana mahalliy joylarning manfaatlarini ifodalaydigan ijtimoiy mulkning munitsipal shakli ham mavjud bo‘lishi mumkin deb yozib qo‘yardim. Men siyosiy iqtisod atamalari tahliliga to‘liq to‘xtalmokchi emasman. Xo‘jalik hisobini takomillashtirishni bosqichma-bosqich, tajriba tufayli amalga oshirish mumkin. Nazariy jihatdan xo‘jalik hisobi asoslab berildi-yu, amaliyotda esa mehnatkashlar turmush darajasi yaxshilanish o‘rniga orqaga ketayotganini ko‘rib, kuzatib turibmiz. Moddiy asoslar markazlashtirildi. Davlat qonunlari va milliy respublikalar ehtiyojlari o‘rtasidagi nomutanosiblik saqlanmoqda. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: iqtisodiy qonuniyatlar birlamchimi yoki davlat qonunlari? Bizda hamonki davlat qonunlari yetakchiligi saqlanar ekan, iqtisodiy va milliy nizolarning bartaraf etilishi mumkin emas. Aslida esa 1991 yildan boshlab barcha ittifoqdosh respublikalar to‘la xo‘jalik hisobi va o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tishi kerak edi. Boltiqbo‘yi va Belorussiya respublikalarining 1990 yildan to‘la xo‘jalik hisobiga asoslangan iqtisodiy mustaqillikka o‘tishi ma’muriy buyruqbozlik qolipini sindirdi. Inqiroz chuqurlashgan sharoitda ham ma’lum bir ezgu maqsadga qaratilgan jasoratdan cho‘chimaslik kerak. Binobarin, eskicha talablar bilan ish tutilganida boy respublikalar boyligicha, kambag‘al respublikalar kambag‘alligicha qolib ketar edi. Respublikamizda iqtisodiy mustaqillikka o‘tish O‘zbekiston SSR Davlat Plan Komiteti, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi zimmasida. Biz hech bo‘lmaganda 1995 yilgacha respublikamizda asosan o‘z xom ashyomizdan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi texnologiyaga ega bo‘lishimiz kerak. Bu jar yoqasiga kelib qolgan ekonomikamizni ma’lum bir o‘tish davridan so‘nggina rivojlantira olishimiz mumkin xolos, degan gap. Iqtisodiy mustaqillik jami milliy respublikalar o‘rtasida teng huquqli bozorni shakllantiradi. Iqtisodiy tenglik milliy tenglikning asosidir. Biz respublikalar, regionlararo iqtisodiy notenglikni tugatish uchun ma’lum bir andozaga, jahon xalqlarining tajribasiga egamizmi? Darvoqe, Yevropa iqtisodiy hamkorligi («Umumiy bozor»)ga kiruvchi davlatlar yagona valyutaga, yagona pasport sistemasiga va hatto yagona armiyaga o‘tmoqda, ular o‘rtasidagi chegaralar borgan sari ramziy tus olmoqda. Demak, iqtisodiy o‘sish axloqiy tushuncha, u barcha progresslarniig asosini tashkil qiladi. Agar iqtisodiy, texnologik taraqqiyot yuqori bo‘lsa, quyidan to respublika darajasigacha xo‘jalik hisobi asosida ish tashkil qilinsa, kishilar o‘zlarining shajara, millatiga qarab emas, balki qobiliyatlariga qarab munosabat bildirilishini ta’minlaydilar.

—Biz uzoq yillar mobaynida respublikamiz iqtisodiy jihatdan baquvvat, xalqimizning turmush darajasi baland deb keldik. Bu fikrni isbotlash uchun sotsial-iqtisodiy ko‘rsatkichlarimizni 1913 yil bilan solishtirdik. Demak, xalqni aldab keldik!

—Hozirgi kunda bizning respublikamiz barcha asosiy iqtisodiy va sotsial ko‘rsatkichlar bo‘yicha ittifoqda eng oxirgi o‘rinlardan birida turibdi. Jahon standartlari bilan solishtirishni o‘ylamasak ham bo‘ladi. Agar 1987 yilda aholi jon boshiga foydalanilgan milliy daromad ittifoq bo‘yicha 2078 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich respublikamizda 1210 so‘mni tashkil kildi. O‘zbekistondagi ishchi va xizmatchilarning o‘rtacha oylik ish haki ittifok ko‘rsatkichidan 20, Estoniyadan 35, RSFSRdan 27, Latviyadan 23, Litvadan 20 protsentga, kolxozchilarimizning oylik mehnatiga to‘lov o‘rtacha ittifoq ko‘rsatkichidan 29, Estoniyadan 22, Latviyadan 75, Litvadan 57, RSFSRdan 43, Qozog‘istondan 42 foiz kam bo‘lsa, qaysi shovvoz barcha regionlar va millatlar iqtisodiy jihatdan teng deb ishontira oladi?!

Gap bu yerda faqat mehnatkashlarning turmush darajasini baravarlashtirish ustida ketayotgani yo‘q. Bunday bo‘lishi mumkin ham emas. Xo‘jalik hisobining o‘zi mohiyatiga ko‘ra differentsiallashtirish demakdir. Gap turli respublika va regionlarda yashovchilarning mehnat sharoitini yaqinlashtirish ustida ketyapti. Bu markazlashgan kapital mablag‘lar respublikalar o‘rtasida adolatli taqsimlash yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. Lekin keyingi o‘tgan 8 yil mobaynida ittifoqda kapital sarflar 21,5 foizga, ya’ni barcha qardosh respublikalarda sezilarli oshgan bo‘lsa, respublikamizda 15 foizga kamaydi. Noishlabchiqarish sohalari bo‘yicha kapital sarflarning o‘sishi ham respublikamizda ittifoq ko‘rsatkichidan past. Bular o‘z navbatida ishlab chiqarishni intensivlashtirish, sotsial sohalarni rivojlantirish imkoniyatlarini cheklaydi, turli xil noroziliklarni keltirib chikaradi, milliy munosabatlarni yaxshilashga salbiy ta’sir etadi.

—Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilai ta’minlash mamlakatimiz, xususan, O‘zbekiston uchun katta muammo bo‘lib qoldi.

—Haqiqatan shunday. Aholining shaxsiy tomorqasiga munosabat ijobiy tus olganligi quvonchlidir. O‘lkamizda barcha tomorqa xo‘jaligi maydoni 203 ming gektarni tashkil etib, asosan turli ekinzor, mevali daraxtzor va uzumzordan iborat. Sovxoz va kolxozlar yeriga taqqoslaganda bu bor-yo‘g‘i 4 foizni tashkil etadi, xolos. Shunday bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda tomorqa xo‘jaligining salmoqli hissasi bor. Zero, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan kartoshkaning 35 foizi, sabzavotning 46, go‘shtning 45, sutning 65, tuxumning 35 va junning 65 foizi shaxsiy xo‘jaliklar ulushiga to‘g‘ri keladi. Savol tug‘iladi: qo‘l kuchiga asoslangan shaxsiy xo‘jaliklarning bunday yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishining boisi nimada? Sabab — dehqonning xo‘jalikka o‘zi egalik qilishi. Buning ma’nosi shuki, tomorqa xo‘jaligida mehnat qiluvchiga hech kim buyruq, topshiriq berolmaydi, u nimani, qachon, qanday va qancha ekishini, ekinlarga ishlov berish, ish kuni, soatini, shuningdek, yetishtirgan mahsuloti narxini belgilaydi. Darvoqe, tomorqa xo‘jaligidan tushgan daromad yillik oila byudjetining 26 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Respublikada bog‘dorchilikni rivojlantirish lozim. Bog‘dorchilik ravnaqi esa qandolatchilikka bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish bilan bog‘liq. Ittifoq bo‘yicha aholi jon boshiga 27 kilogramm qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilsa, O‘zbekistonda bu 9 kg. ga teng. Ayrim chekka shahar va rayonlarda aholiga atigi 1-1,5 kg. shirinlik ishlab chiqariladi. Axir, dunyoning eng shirin uzumlari, qovunlari, noklari pishib yetiladigan O‘zbekiston sharoitida qandolatchilikka e’tibor qaratilmagani mutlaqo mantiqsizdir.

Qorako‘l teri uchun ko‘plab qo‘zichoqlarni so‘yib yuborishga ham chek ko‘yish kerak. Bu qo‘ylarning umumiy soni ortishiga, aholining servitamin go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga asos bo‘ladi.

—Til masalalari hozir millatlararo munosabatlarning asosiy ob’ektiga aylandi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi boshqa tillarning ahamiyatini pasaytiradi, milliy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatadi deyayotgan kishilarning shubhalari hamon asosiy ishga to‘siq bo‘lmoqda.

—Tilni asrash, rivojlantirish faqat taraqqiy etayotgan jamiyatda bo‘lishi mumkin. Mabodo biror til, biror etnos yo‘qoladigan yoki boshqasi bilan qo‘shilib ketadigan bo‘lsa, bu hodisa biron bir kishining xohish-istagi yoki ma’muriy yo‘l bilan emas, balki tabiiy yo‘l bilan, tarixiy-evolyutsion taraqqiyot orqali amalga oshadi. 1926 yilgi aholi ro‘yxatida mamlakatimizda 200 ga yakin millat va xalqlar mavjudligi qayd qilingan. Keyinchalik «xalqlar otasi»ning xohish-istagi bilan ularning rasmiy soni 60 tagacha tushirildi. Keyingi yillarda esa statistikada bu raqam 100 dan ziyodroq deb o‘zgartirildi. Hozir esa 128 millat va 40 dan ortiq xalqlar mavjudligi rasmiy e’tirof etildi. Ayrim etnograflarning ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda yana 60 ga yaqin xalqlar mavjud. Ularning hammasi o‘z tili, madaniyati va urf-odatlariga ega.

Shuni alohida qayd qilish lozimki, til faqatgina kishilar o‘rtasida muomala vositasigina emas. Fan-texnika taraqqiyoti jadallashayotgan bizning davrimizda til iqtisodiy yoki tarqoq ma’noda texnologik taraqqiyot vositasidir. Xo‘sh, o‘zbek tili shu oxirgi funktsiyani bajara oladimi? Yo‘q. Bu rolni hatto rus tili ham bajara olmaydi. Gap shundaki, biz uzoq vaqt davomida xalqaro munosabatlar maydonida, shuningdek, ilmiy-texnika taraqqiyotida, madaniy aloqalar ayirboshlashda, ishlab chiqarishni tashkil qilishda va bir qator jabhalarda mahdudlikka yo‘l qo‘yganmiz. Natijada, uzoq vaqt rus tili ham bir mamlakat doirasida biqilib qoldi, texnologik taraqqiyot «ishbilarmon doiralar» tili bo‘lmay qoldi. Bu sehrli doiradan chiqish yo‘li bormi? Bu yo‘lni eng avvalo Yaponiya angladi va bu masalani muvaffaqiyatli hal qildi. U Osiyo konservatizmiga sodiq kolib, o‘z tilini, ieroglifini, hatto imperator taxtini saqlab qoldi. Ikkinchi tomondan texnologik paritetni qo‘lga olish uchun ingliz tilini o‘rganishga katta e’tibor berdi, bu ishni keng rag‘batlantirdi, unga sharoit yaratdi. Chunki iqtisodiy taraqqiyot mamlakat, xalq taqdiri bilan bog‘liq edi. Lekin Yevropa tillarini mustahkam egallash yaponlar uchun o‘z ona tilining ahamiyatini pasaytirgani yo‘q. Boshqa tillarni mukammal egallash shuning uchun ham ona tilimizning, rus tilining ahamiyatini aslo pasaytirmaydi. Tarixga bir nazar tashlaylik. Ota-bobolarimiz ikki tillilikkina emas, balki uch va hatto to‘rt-besh tillilik bo‘lishgan. F. Engels «Tabiat dialektikasi» asarida shunday deb yozadi: «Odamlar o‘sha davrlarga xos bo‘lgan g‘aroyib sarguzashtlarning maftuni edilar. O‘shanda uzoq sayohatlarga chiqqan, to‘rt yoki besh tilni bilgan, ijodning bir necha sohalarida o‘zini sinab ko‘rgan shaxsni topish unchalik mushkul emas edi». O‘rta Osiyo xalqlari, masalan, arab tilida o‘qish va ijod qilishning afzalligini so‘zga chechanlikda, fors tilining afzalligini teran fikrlikda, turk tilining o‘ziga xosligini esa sodda va samimiylikni ifodalashda deb bilishgan. Ular bu tillarda bemalol gaplashib, hatto barakali ijod qilishgan. Keyinchalik urdu tilining ham ahamiyati oshib, bu til ham ko‘pchilik so‘zlashadigan til bo‘lgan, hatto bu tilga XVII asrda Qur’on ham tarjima qilingan edi. Mana shu sabablarga ko‘ra ham qaysi tilda ijod qilganiga qarab shu millatga mansub deyish hamma vaqt to‘g‘ri emas. Hatto Bartolddek yirik sharqshunos ham yozgan asarlariga qarab Beruniyni fors deb ta’kidlaydi.

Milliy o‘ziga xoslikni ta’minlaydigan yana bir vosita, bu — Tabiat. Orol, Amudaryo va Sirdaryo O‘zbekistonning milliy g‘ururi. Ular haqida xalqimiz asrlar osha qo‘shiq va ertaklar kuylab keldi. Agar dengiz va daryolar qurisa, keng ko‘lamda pala-partish qishloq xo‘jaligini ximiyalashtirish va melioratsiyalash natijasida tabiatning buzilishi davom etsa, tog‘larimiz qorsiz bo‘lib qolsa bu qo‘shiq va ertaklar ham tugashi aniq. Bu naqadar dahshatli!

Sharq rivoyatiga ko‘ra, hali kishilik jamiyatining tongida ikki qabila o‘zaro qonli to‘qnashib, eng oxirgi jangchisi qolguncha qirg‘inbarot davom etar ekan. Ana shunday qonli janglarning birida har ikkala tomondan sanoqli askar qolganda ularga yirtqichlar galasi xamla qilibdi. Har ikkala muxolif tomon endi birlashib yirtqichlar hamlasini qaytaribdi va ularni yengishibdi. Hozir esa insoniyatga xavf solayotgan yirtqich bu — ekologiya. Hukumat va ijtimoiy tashkilotlar tomonidan tabiatni qo‘riqlashga qaratilgan har bir harakat, tadbir har taraflama qo‘llab-quvvatlanishi va ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qilmog‘i lozim. Til kabi ona tabiat ham yordamga muhtoj. Agar til va urf-odatlar yo‘qolib ketsa, milliy respublikalarda hech narsa qolmaganidek, ekologiya buzilsa, tabiatning ham Antarktidadan farqi qolmaydi.

Baynalmilalchilikka milliylik orqali boriladi. Nomilliy baynalmilalchilik beildiz daraxtga o‘xshaydi. Tabiatda o‘simlikning shunaqa turi mavjud: u yerda, tuproqda ildiz otmasdan boshqa o‘simliklarga chirmashib, o‘ralib yashaydi...

—Nazarimda, nafaqat tilga, umuman, tarixga munosabatni butunlay o‘zgartiradigan vaqt yetib keldi. Juda katta boy tarixga egamiz. Lekin unda oq va qora dog‘lar juda ko‘p... Nima uchun biz Temurni angliyalik Xilda Xukemdan o‘rganishimiz kerak?

—Uzoq vaqt davomida moziyni o‘rganish tugul, unga qiziqqanlar ham ta’qib etib kelindi, tarixga qiziqqanlar feodalizmni ilohiylashtiruvchi, o‘tmishni qo‘msovchi degan yorliqlar oldi. O‘z FA muxbir a’zosi, taniqli marhum sharqshunos R. Nabievning «Qo‘qon xonligi tarixidan ocherklar» nomli yirik monografiyasi uzoq vaqt hibsda saqlandi. Aytish kerakki, turg‘unlik davri bu borada shaxsga sig‘inish davridan qolishmaydi. Agar 20-40 yillar tarixiy adabiyotlarida, partiya, sovet hujjatlarida O‘rta Osiyoning chor Rossiyasi koloniyasiga aylantirilganligi to‘g‘risidagi vokealar o‘z nomi bilan aytilgan bo‘lsa, 50-yillarning ikkinchi yarmidan «pardali» diplomatiyaga o‘tib olindi. Bu davrda qo‘shib olinish va uning faqat progressiv ahamiyati haqida yozildi. Buning ajablanarli tomoni yo‘q. Turg‘unlik ma’muriy sistemaning qonuniy davomi. Agar Stalin odamlarni otgan bo‘lsa, Brejnev odamlardan ma’naviyatni o‘g‘irladi. Achinarlisi shuki, kishilarning katta bir avlodi noto‘g‘ri tarbiyalandi. Hatto I. Glazunovdek buyuk odam ham Rossiya koloniya nima ekanligini bilmaydigan Yagona mamlakat deb yozmoqda. Ma’lumki V. I. Lenin O‘rta Osiyo koloniyaning sof tipi deb atagan edi.

Bu borada, ayniqsa, Temur va temuriylar davrining «omadi» kelmadi. To‘g‘ri, bu davr nihoyatda ziddiyatli va chigal. «Butun dunyo ikki podshoh hukmronlik qilishiga arzimaydi», degan Temurda ham yovuzlik, ham yaratuvchanlik mujassamlashdi. Bu ikki bir-biriga qarama-qarshi faoliyat o‘rtasidagi nisbat ikkinchisi foydasiga faqat temuriylar davridagina o‘zgardi. Agar tarixga munosabatda ehtiyotkorona, ba’zida esa ob’ektiv haqiqatga xilof ish tutadigan bo‘lsak, unda sinfiy yondoshish printsipi qaerda qoladi? Hamma narsani, jumladan, tarixni ham rivojlanishda olib qaramoq lozim. Bir davrda yuz bergan hodisa boshqa bir davrda yuz bermasligi mumkin. Dialektikaning konuniyati shunday. O‘z xalqining tarixini, madaniyatini, urf-odatlarini hurmat qiladigan, ularni o‘rganadigan kishi millatchi emas. Millatchilik bir xalqni ikkinchi xalqqa qarshi qo‘yishdan yoki birini ko‘klarga ko‘tarib, ikkinchisini kamsitishdan boshlanadi.

—O‘rta Osiyo boy madaniyat o‘chog‘i. Lekin bu haqiqatni yoritishda ham ba’zan jizzakilikka, ortiqcha ehtiroslarga berilib, daho talashishgacha borib yetamiz...

— Hech bir madaniyat bo‘sh joyda vujudga kelmaydi. albatta. Madaniyatlarning qon-qarindoshligini isbotlaydigan taryxiy dalillar juda ham ko‘p. Eramizdan ikki ming yil oldingi hind Vedalarini, eramizdan oldingi VIII—VII asrlarda yashagan qadimgi yunonda afsonaviy Gomer qatorida turadigan Gesiodni yo o‘rtaosiyolik Forobiyni yoki Tomas Mor utopiyasini, Kampanellaning «Quyosh shahri»ni olaylik. Ularning har birida o‘zlari yashagan zamon va makondan qat’i nazar, umumiylik — ideal, adolatli va hammani baxtiyor qiladigan jamiyatga — oltin asrga, ijtimoiy munosabatlarni yaxshi insoniy fazilatlar asosida kurishga intilish ko‘zga tashlanadi. Har bir xalq faqat o‘zidan ustun madaniyatni qabul qiladi. Nima uchun O‘rta Osiyoda arab madaniyati dominantlik qildi? Gap faqat Qutaybaning tig‘ va nayzalarida emas. O‘lkani istilo qilgan arablar madaniy taraqqiyot jihatidan mahalliy aholidan ancha ustun turar edi. Ko‘p xudolikdan yakka xudoga sig‘inishga o‘tishning o‘zi ham olg‘a tashlangan qadam edi. Bobur va boburiylarning Hindistondagi tutgan o‘rni haqida ham shu gapni aytish mumkin.

Mo‘g‘ul istilosi ham yurtimizga arab istilosidan kam kulfat keltirmadi. Lekin mo‘g‘ullar O‘rta Osiyo xalqlaridan madaniy jihatdan ancha past turardilar, ko‘p xudolarga sig‘inish va hatto hali ularda odamlarni qurbonlikka berish saqlanib qolgan edi. Boz ustiga ular bu yerda o‘troqlashib qolmadilar, islomga va arab yozuviga befarq bo‘ldilar. Shuning uchun ham ular xalqlarimiz madaniy hayotida deyarli iz qoldirmadilar. Agar islomgacha bo‘lgan 1000 yillik antik madaniyat ustunligi bilan xarakterlansa, keyingi ming yillik, ya’ni O‘rta asrlar sharq madaniyati donorlik qilgan davrdir. Bu davrda Sharq, jumladan, O‘rta Osiyo jahon madaniyatini mislsiz boyitdi, uning umuminsoniy tsivilizatsiyada tutgan ob’ektiv o‘rni ham ana shu bilan belgilanadi.

—Ma’lumki, ko‘chmanchi qabilalarning to‘xtovsiz hujumi natijasida Rim quladi. Ayni paytda bu antik madaniyatning ham inqirozi edi. Endi bu tsivilizatsiya deyarli butunlay buzib tashlandi va uning o‘rniga yangi ijtimoiy munosabatlar vujudga keldi. Madaniy ustunlikning Sharqdan Yevropaga o‘tishi ham tasodifiy emas.

—Bu yerda umumiylikdan ko‘ra, o‘ziga xos xususiyatlar ko‘proq. Sharqda inqiroz asta-sekin yetishdi va uning zaminida asosan iqtisodiy shart-sharoitlar yotadi. Buyuk jug‘rofiy kashfiyotlardan keyin yangi dengiz yo‘llarining ochilishi karvon yo‘llari faoliyatini ancha pasaytirib yubordi. Yevropada shaharlar tez sur’atlar bilan o‘sa borib, ular madaniy markazlarga aylana boshladi. Bunda islomning ham konservativ roli o‘zini ko‘rsatmasdan qolmadi. Masalan, yevropaliklardan sharqiylar o‘t ochar miltiqlar, zambaraklar, poroxni hech ikkilanmay qabul qildi. Turklarda flot boshlig‘i «kapitan» deb atalganligi (Qapudan podsho) yoki admiral (Amir-ul Bahr) arab so‘zi ekanligi harbiy sohada aloqalar nihoyatda intensiv bo‘lganidan darak beradi. Lekin kitob bosish sistemasini Sharq G‘arbdan 3 asr keyin qabul qildi. Kitob bosish o‘quv sistemasi islohi bilan bog‘liq edi. O‘quv ishlari islohi esa islomning aralashuvisiz mumkin emasdi. O‘rta Osiyoga hatto ruslar kelgunga qadar na tipografiya, na litografiya bor edi. Temur va temuriylar davlatining parchalanib ketishi, o‘zaro feodal nizolar ham albatta bu ishda o‘z muhrini bosdi.

—Yaqinda Siz «Sotsialisticheskaya industriya» gazetasida e’lon qilingan «Buzilish ildizlari» nomli maqolangizda «Savodsizlikni tugatish yuzasidan tig‘iz muddatda o‘tkazilgan tadbirlar madaniy yo‘qotish o‘rnini to‘ldira olmadi», deb yozdingiz. Bu yerda gap jumhuriyatimizda qisqa muddat ichida 2 marta alfavit almashib, xalq 2 marta butunlay savodsiz bo‘lib qolgani haqida borgan bo‘lsa kerak?

—Ma’lum ma’noda shu haqda ham. Shubhasiz, arab alfavitidan voz kechish xalqni 13 asrlik ona tarixidan uzoqlashtirdi. Buning ustnga o‘sha yillarda butun mamlakatda bo‘lganidek ziyolilar — eskicha o‘qish-yozishni biladiganlar, eski alfavitda yozilgan diniymi, falsafiymi, poetikmi — qanday bo‘lishidan qat’i nazar kitobga ega bo‘lgan kishilar qatag‘on qilindi. Natijada, ko‘plab kitoblar yo‘q qilindi, butun bir ma’naviy dunyodan mahrum bo‘ldik. Bu qaysi varvarlikdan qolishadi?! Yangi sistemadagi maktablar ham, o‘qituvchilar ham yetishmas edi. 1930 yilda Moskvada chiqarilgan «Natsionalnaya politika VKP (b) v tsifrax» kitobida ko‘rsatilishicha, 1926 yilgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra o‘zbeklarning atigi 4 foizi o‘qish va yozishni bilishar ekan. Xo‘sh, bu holatda manqurtlardan farqimiz nimada? Xuddi ana shu yillarda ma’muriy-byurokratik sistema uchun asos yaratildi. Chunki u xalqning madaniy saviyasi, kadrlarning ma’lumot darajasi past bo‘lgan joyda chuqur ildiz otadi. Tabiiyki, ana shunday sharoitda kam savodli kishilar, ayniqsa, boshqarish apparatlarida qiyinchiliklarga duch keladi va yuqoridan ipidan ignasigacha instruktsiyalarga muhtoj bo‘ladi.

—O‘rta asrlar madaniyatini o‘rganishdagi murakkabliklardan yana biri uning islom ta’limoti bilan qo‘shilib ketganligida bo‘lsa kerak. Biz endi dinga hurmat bilan yondoshishni o‘rganyapmiz. Unter Prishibeevcha ateizm faqat zarar keltirdi.

—Ha, islomni faqat xurofot va bid’at deb keldik. Islomning o‘z davri uchun, masalan, ko‘p xudolikka nisbatan, yoki insonni qurbon qiluvchi qabila dinlariga nisbatan bir qadam olg‘a ekanligi, uning xristianlik va iudaizmga o‘xshab markazlashgan davlatni tashkil qilishdagi roli to‘g‘risida kamroq gapirishga harakat kildik. To‘g‘ri, islom o‘rta asr kishisi uchun axlokiy normalar yig‘indisini, ko‘p jihatdan uning turmush tarzi asosini belgilaydi. Ulug‘ adib T. Mann Yevropa madaniyati ikki bosh elementdan — ellinizm va nasroniylikdan tashkil topgan deb yozgan edi.

Albatta, Siz bilan bizning hozirgi mavzuimiz islomni reabilitatsiya kilish emas. U bunga muhtoj ham emas. Islom quldorlik va feodalizm sharoitida bosh ideologiya rolini o‘ynadi. Kapitalizm va sotsializmda baqamti yashab kelyapti. «Islom sotsializmi», «Islom kommunizmi» g‘oyalari ham yo‘q emas. An’anaviy musulmon ukladining hozirgi zamon tsivilizatsiyasi bilan qo‘shilib ketgaii-chi?

Agar biz islomning faqat qorong‘i tomonini ko‘radigan bo‘lsak, Ibn Sinolar, Al-Xorazmiylar, Beruniylar va Forobiylar qanday paydo bo‘lganini to‘g‘ri belgilay olmaymiz. Axir ular islom mafkurasi hukmron bo‘lgan davrda yashab ijod kilishdi-ku. Ularning soyasida ko‘rinmay kelayotgan allomalar sanoqsiz. Bu davr fan va madaniyat namoyandalari shunchalik ko‘pki, ular menga katta bir suv kaskadini eslatadi. Gollandiyalik sharqshunos Adam Mets «Musulmanskiy Renessans» kitobida yozishicha, har bir kattaroq masjid o‘z kutubxonasiga ega bo‘lgan, chunki kitoblarni masjidlarga vasiyat qilib qoldirish odat edi. Bu kutubxonalarda nafaqat diniy, shu bilan birga falakiyot, riyozat, tibbiyot va poetik asarlar ham saqlangan. Kitob bor joyda ma’rifat, madaniyat ustivor. Men bu o‘rinda dinning ziddiyati, salbiy tomonlarini ham nazarda tutyapman. Garchi islom katolitsizmdagi inkivizatsiyani bilmasa-da, o‘ziga itoat qilmaydigan va u bilan hisoblashmaydigan kishilarni kechira olmaydi. Bunga buyuk Firdavsiyning taqdiri misol bo‘la oladi. «Shohnoma»ning qahramonlari islomgacha mavjud bo‘lgan ko‘p xudolikka sig‘inuvchilar bo‘lgani uchun ham bu o‘lmas asarning muallifi o‘z yurtida izzat-ikromga sazovor bo‘lmadi, muhtojlikda, darbadarlikda kun kechirdi, vafot etganida esa unga musulmonlar qabristonidan bir necha qarich yer topilmadi... Shuning uchun ham ko‘pchilik allomalarga din dunyoviy bilimlarni ifodalash vositasi bo‘lgani aniq.

—Ko‘rinib turibdiki, xalqimiz boy tarixga, madaniyatga, o‘zining traditsiyalariga ega. Bu boyliklarning boshlanishini o‘lchaydigan bo‘lsak, ming yillar kamlik qiladi. Xalqimiz tarixan baynalmilal. Lekin keyingi paytlarda chuqur o‘ylamasdan ayrim kishilar tomonidan aytilgan «boqimanda», «qarzdor» va nihoyat «o‘zbeklar ishi» degan ta’nalar xalqimizni ranjitdi, umuman olganda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmadi.

—To‘g‘ri, xalqimiz azaldan baynalmilalchi. Konsolidatsiya jarayoni xususan O‘zbekistonda juda tez bordi. Birgina misol. Oktyabr revolyutsiyasigacha o‘zbeklarning 182 ta urug‘i ma’lum bo‘lgan. Hozir xohlagan kishingizdan so‘rang, u qaysi urug‘ga mansub? Ko‘pchilik o‘z urug‘ini bilmaydi. O‘tgan yarim asrcha vavt ichida barcha vabila va urug‘lar yagona o‘zbek millatiga birlashdi. Boshqa yana bir shunday xalq borligini men bilmayman. 1979 yil aholi ro‘yxatiga ko‘ra o‘zbeklar respublikamiz aholisining 68,7 foizini tashkil qildi. Lekin ular hozir ishchi va xizmatchilarning sanoatda 53, qishloq xo‘jaligida 76, transport va aloqada 55, qurilishda 50, savdo va umumiy ovqatlanish tarmoqlarida 66, aholiga kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida 55, sog‘liqni saqlash, fizkultura va sotsial ta’minotda 64, maorifda 69, madaniyat va sanoatda 63, fanda 39, boshqarish organlarida 57 foizni tashkil qilmoqda. Shundan ko‘rinib turibdiki, respublikamizda kasb tanlashda, xizmatga qabul qilishda kishilarning millatiga qarab amalga oshirilmaydi. Afsuski, shunga qaramasdan keyingi paytlarda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda o‘zbek bo‘lmagan millat vakillarining hissasi kamaymoqda, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputatlari sostavida respublikada istiqomat qiluvchi barcha millat vakillari yo‘q deb ayuhannos soluvchilar ham topilib qoldi. Ammo bu o‘rtoqlar o‘zlariga mana shunday savollarni berib ko‘rsa, balki o‘z fikrlarini o‘zgartirardi: qishloq xo‘jaligi mutaxassisliklari bo‘yicha boshqa millatlarning hissasi ancha past-ku?! Nahotki, Sovet hokimiyatining 8-10 yilligida oliy maktabga bilimiga, ixtiyoriga, regioniga qarab emas, millatiga qarab qabul qilish lozim bo‘lsa? Yoki bo‘lmasa O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputatlari orasida barcha millat vakillari bo‘lishi shart bo‘lsa, respublikada ularning soni 100dan ortiq, aholining kariyb 70 foizini tashkil qiladigan o‘zbeklarning manfaatiga zid bo‘lmaydimi? Oliy Sovetdan tashqari mahalliy sovetlar deputatlar korpuslari ham mavjud-ku. Xullas, sun’iy muammolarni tug‘dirmasdan, oliy hayotiy jarayonlar ob’ektiv tahlil qilinsa, ancha foydali bo‘lardi. Ayniqsa, milliy masalada.

Keyingi paytlarda ittifoq matbuotida «o‘zbeklar ishi», «o‘zbek poraxo‘rlari», «o‘zbek detektivi» degan terminlar paydo bo‘ldi. Yu. Chernichenko O‘zbekistonga vijdon eksport qilinmoqda deb yozdi. D. Lixanov «o‘zbek poraxo‘rlari» degan iborani ishlatishdan o‘zini tiya olmadi. Holbuki, sud kursisida o‘tirgan militsiya general va polkovniklari orasida rus va yahudiy ham bor edi. Men bu atamalarga ortiqcha to‘xtalib ham o‘tmas edim, lekin yaqinda «Ogonyok» jurnalida (37-son) publitsist-iqtisodchi, jurnalistlar R. Simonyan va A. Druzenkolar: qaerda sotsializm ko‘proq: monarxiya Shvetsiyasidami yoki sotsialistik O‘zbekistondami degan luqmani o‘rtaga tashladi. «Novoe vremya» jurnalida (38-son) esa sotsiolog K. Myalo va iktisodchi P. Goncharovlar «Yashirin ekonomika» va narkomafiyani ham respublikamizga yopishtirishga urinib ko‘rishdn. Mana ularning o‘z uydirmalariga isboti: «O‘zbekiston SSRda narkokapitalning yillik oboroti talaygina so‘mlarni tashkil qiladi». Bu talayginasi qancha ekan? Bu o‘quvchiga ham, avtorlarga ham, jurnal hay’atiga ham qorong‘i. Bularning hammasi nafaqat xalqni haqoratlaydi, milliy munosabatlarni keskinlashtiradi, balki turg‘unlik davrining sharmandali oqibatiga bejama tus beradi, unga qarshi kurashdan chalg‘itadi. V. I. Lenin 1909 yil singlisi Ulyanova-Yelizarovaga yozgan xatining izohida shunday degan edi: «Ravshanki pora bermay turib, Rossiya to‘pposlari bilan ish qilib bo‘lmaydi. Agar kitob 10.IV da chiqadigan bo‘lsa, metronpajga 10 so‘m berish kerak, noshirdan tashkari bosmaxonaga ta’sir o‘tkazish lozim». Yoki Gogolning «O‘lik jonlar»ini o‘qib, qo‘shib yozishni hech kim rus milliy xarakteridan axtarmaydi-ku. Agar kimki aynishlarning ildizini topmoqchi bo‘lsa, uni milliy qalblardan emas, boshqarishning ma’muriy-buyruqbozlik sistemasidan, sotsializmning deformatsiyasidan va uning takomil darajasidan, iktisodiy va siyosiy volyuntarizmdan axtarsin!

Suhbatdosh: Barnobek Eshpo‘latov.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 11-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.