Mustaqilligimizning 20 yilligi arafasida O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Shu munosabat bilan sakson yosh ostonasida turgan atoqli aktyorga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
— Po‘lat aka, avvalo, yuksak mukofot bilan qutlaymiz. Siz hozirgacha jo‘shqin faoliyat yuritib kelayapsiz. Bunga sahna va ekrandagi ko‘plab rollaringiz shohid. Ayni kunlarda qanday yumushlar bilan bandsiz?
— Xizmatlari davlat rahbari tomonidan taqdirlangan har qanday odamning ko‘nglida faxr-iftixor tuyg‘usi jo‘sh urishi tabiiy. Ozmi-ko‘pmi san’at sohasida qilgan ishlarim shunday yuksak mukofotga loyiq topilganidan boshim ko‘kka yetdi. Xalq nazaridan qolmaslik, hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lishda yoshning ahamiyati yo‘qligiga yana bir bor amin bo‘ldim. San’atdan baxt topdim, obro‘ topdim. Agar ko‘nglimdagidek rollarni taklif etishsa, teatr va kino san’ati orqali odamlar, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini boyitishga hali ham o‘z hissamni qo‘shishga tayyorman.
Aslida ijodkor odam yoshidan qat’i nazar, hamisha izlanishda bo‘ladi. Meni ham shu vaqtgacha ijodiy ruh bir zum tark etgani yo‘q. Ko‘pchilik muxlislar, ijodkorlar bilishadi, studiya tashkil qilganmiz. U yerda bir necha kinofilmlar suratga oldik. Maqsadimiz tom ma’noda jiddiy, muxlislarni mulohaza qilishga chorlovchi, dramaturgiya, rejissura jihatdan mukammal filmlar yaratishdir. Hozirgi o‘zaro raqobat muhiti tobora kuchayib borayotgan davrda muxlislar e’tiboriga haqiqiy san’at asarlarini havola etish, ayniqsa, biz ustoz san’atkorlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Studiyamizning “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi “5-studiya” yoshlar eksperimental jamoasi bilan yaqin hamkorlikda ish yuritayotgani mahsulotimiz sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bir necha stsenariy mualliflariga buyurtmalar berganmiz. Yaxshi asarlar kutyapmiz. Yaqin kunlarda yangi film suratga olish rejamiz bor. O‘zim ham barcha matbuot nashrlarida e’lon qilinayotgan hikoyalarni kuzatib boraman. Sevimli gazetamiz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini ham muntazam o‘qib boraman. Yaxshi mavzu qidiraman, baquvvat yozilgan asarlarni izlayman. Afsuski, ayrim ijodkorlar yengil boylik orttirish maqsadida ko‘proq komik asarlar yozishga ruju qo‘yishmoqda. Aslida ularni tom ma’noda komediya deb ham bo‘lmaydi. Haqiqiy san’at asari xalq hayoti, turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak.
— Bugun davlatga qarashli va xususiy kinostudiyalar tomonidan turli mavzuda ko‘plab filmlar suratga olinmoqda. Ularning saviyasi xususida ustoz san’atkor sifatida nimalar deya olasiz?
— Mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan kino san’atiga katta e’tibor berilayapti. Filmlar suratga olish uchun yiliga katta miqdorda mablag‘ ajratilayotgani fikrimizning isbotidir. Shu bilan birga, sog‘lom ijodiy raqobatni yuzaga keltirish maqsadida bugun yurtimizda bir necha xususiy kinostudiyalar ham faoliyat olib bormoqda. Fikrimcha, bu ayni muddao.
Lekin, achchiq bo‘lsa ham, bir haqiqatni aytishni o‘rinli deb bilaman. Davlat buyurtmasiga asosan suratga olinayotgan filmlar jiddiy mavzularda bo‘lib, tomoshabinni o‘ylashga, fikrlashga, har bir insonning o‘z taqdiri, oilasi, keng ma’noda jamiyat va el-ulus taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini his etishga chorlaydi. Bunday filmlar, tabiiyki, o‘quvchining ham ma’lum bir ma’naviy-axloqiy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishini taqozo etadi. Ehtimol shuning uchun bunday filmlar tomoshasiga odamlar yopirilib kelmasligi mumkin. Lekin film yakunida tomoshabin o‘zi sezib-sezmay hayot haqida, tevaragidagi odamlar, ular orasidagi o‘rni haqida o‘ylay boshlaydi. Menimcha, bu nihoyatda muhim.
Endi xususiy kinostudiyalar faoliyatiga kelsak. Albatta, bugungi hayotda ularning ham o‘z o‘rni bor. Fikrimcha, davlat buyurtmasi asosida suratga olinayotgan filmlar tomoshabinni o‘z izidan ergashtirishga qaratilgan. Xususiy studiyalar taqdim etayotgan filmlarning aksariyati esa tomoshabin kayfiyatiga moslashtirilgan. Shuning uchunmi, xususiy kinostudiyalarda yaratilgan yengil-elpi, hech qanday yuki yo‘q, bir xil qiyofalarning turli qiliqlariga boy, bachkana bo‘lsa-da, kulgi uyg‘otuvchi, mashhur filmlardan ulgu olib ishlangan kartinalarga tomoshabin tushayapti. Ular orasida o‘quvchilar va talabalar ham bor. To‘g‘risi, ekranlarga ko‘plab chiqib ketgan sayoz komediyalar bilan tomoshabin didini ancha buzib qo‘ydik. Agar bugun bu xatoning oldini olmasak, ertaga qiyin bo‘ladi.
Demak, biz ijodkorlarning asosiy vazifamiz tomoshabinni o‘z maqsad-muddaomizga ergashtirish barobarida uning kayfiyatini ham unutmaslik, shu bilan birga, tomoshabin izidan uloqib ketmay, kino san’ati eng kuchli tarbiya vositasi ekanini bir lahza bo‘lsa-da yoddan chiqarmaslikdan iborat.
— O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ellik yildan ortiq faoliyat ko‘rsatdingiz, sahnada o‘nlab turli xarakterdagi xilma-xil obrazlar yaratdingiz. Shogirdlaringizdan Farhod Abdullaev suhbatlaridan birida “Men Po‘lat akadan sahnada o‘zimni erkin tutishni o‘rganganman”, degan ekan. Ustoz-shogirdlik masalasiga munosabatingizni bilmoqchi edik.
— Farhodning so‘zlarida jon bor. Chindan ham doimo sahnada o‘zimni erkin tutishga harakat qilganman. Agar aktyor sahnani o‘z uyidek bilib, bemalol harakat qilmasa, ta’bir joiz bo‘lsa, sahnada yashamasa, tomoshabinni ishontirolmaydi. Teatr chindan ham boshqa bir olam. Uning o‘ziga xos qadriyatlari mavjud. Jumladan, Milliy teatrda azaldan ustoz-shogird an’analari shakllangan.
Albatta, davr, qolaversa zamon talabi ko‘p narsalarga o‘zgartirish kiritmoqda. Men faoliyatimni boshlagan davrda bu dargohdagi muhit ijodiylikka asoslangan, talabchan, iste’dodlarga g‘amxo‘r va o‘z o‘rnida shafqatsiz ham edi. Maqtanishga yo‘ymangu, bizning avlod vakillari chinakam ma’noda o‘ta fidoyi, o‘z kasbining shaydosi, uning obro‘si uchun har daqiqa kurashadigan kishilar bo‘lgan. Lekin, shuni unutmaslik kerakki, qadriyatlar hech qachon o‘zgarmaydi ham, eskirmaydi ham. Shu ma’noda, yoshlar ustozlardan o‘rganadigan narsalar juda ko‘p.
— “Iqtidorli aktyorlar kelajakda yaxshi rejissyor bo‘ladi”, degan gapni eshitganman. Sizning bu fikrga munosabatingiz qanday?
— Mening bu boradagi qarashlarim o‘zgacha. Har bir kasbning o‘z ustasi bo‘lgani ma’qul. Bir qarashda, rejissyorlik va aktyorlik sohasi uzviy bog‘liqqa o‘xshaydi, biroq bir-biridan farqli jihatlari bor. Haqiqiy rejissyorda Olloh bergan tug‘ma iste’dod, ruhan tayyorgarlik bo‘lishi kerak. Teatr sohasida men Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Toshxo‘ja Xo‘jaev, Aleksandr Ginzburg kabi san’atkorlarni ana shunday insonlar deb bilaman.
O‘ylashimcha, aktyordan chiqqan rejissyor asarda nima bo‘lsa, o‘shani sahnaga qo‘yadi, haqiqiy rejissyorda esa hamisha yangi g‘oya, yangi fikr bo‘ladi, hatto yo‘q joydan ham yaxshi spektakl yarata oladi.
Aktyorlik ham shunday. Agar odamning o‘zida tug‘ma salohiyat, o‘z ishiga fidoyilik bo‘lsa, shundagina haqiqiy aktyor bo‘lib taniladi. Faqat o‘qib aktyor bo‘lish qiyin. Hech qachon san’atga pul topish manbai deb qaramaslik kerak. Haqiqiy aktyor boy bo‘lib ketmaydi, lekin yomon yashamaydi ham. Bir gap aytaymi? O‘rtamiyona aktyor yoki o‘rtamiyona rejissyor bo‘lib yurgandan ko‘ra boshqa foydali ish qilgan savobliroq, deb bilaman. Shu tufayli garchand, imkoniyatim, salohiyatim, san’at borasida tajribam yetarli bo‘lsa-da, hech qachon rejissuraga qo‘l urmaganman va urmayman ham. O‘zi iqtidorli aktyor bo‘la turib, rejissyorlikka jazm qilib, tanqidga uchrayotgan ijodkorlarni ko‘rganimda g‘ashim keladi. Negaki, xalqimizda “Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin”, degan naql bejiz aytilmagan.
Bo‘lmasa, nega o‘zingiz studiya tashkil etdingiz, deyishingiz mumkin. Bundan maqsadim rejissuraga qo‘l urish emas. G‘oyaviy pishiq, badiiy mukammal, tomoshabin ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi filmlar ko‘payishiga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etganmiz bu studiyani. “Afyun girdobi”, “To‘qqiz oy” kabi filmlarimiz ijodkorlar tomonidan ham, kinotanqidchilar tomonidan ham ijobiy baholandi.
Men aktyorman. Shu bilan birga mavzu qidiraman, dramaturglar bilan ishlayman, stsenariylarni ko‘rib chiqaman, film suratga olishning tashkiliy masalalariga bosh-qosh bo‘laman, zarur o‘rinlarda tavsiya va maslahatlarimni aytaman. Lekin studiyamizda rejissyor o‘z ishini qiladi, aktyorlar o‘z vazifasini bajaradi.
— Ayni kunlarda kinoda ijod qilayotgan qaysi rejissyorlarning faoliyati sizga ma’qul?
— Kinoda faoliyat yuritayotgan rejissyorlar orasida Zulfiqor Musoqov, Yolqin To‘ychiev, Ayub Shahobiddinov ijodini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Ular jiddiy mavzularda filmlar yaratishyapti. Bu ijodkorlarning asarlari ko‘plab xalqaro festivallarda faxrli mukofotlarga loyiq topildi. Ularning ijodi orqali dunyo kino muxlislari O‘zbekistonda kino san’ati va sanoati jiddiy rivojlanayotganidan boxabar bo‘ldi.
— Har ishda tajriba o‘z so‘zini aytadi. Mohir san’atkorning epizodik roli ham muxlislar dilida o‘chmas iz qoldiradi. Siz bosh qahramon rolini qoyillatib ijro etgan “Chol va nabira” filmi ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
— Ko‘pdan beri yaxshi stsenariy kutayotgan edim. Rixsivoy Muhammadjonovning stsenariysini o‘qib ko‘rdim-u, yuragim “jiz” etdi. Unda avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik, milliy qadriyatlarimiz maromida aks etgan. Baxtimizga nabirani munosib darajada ijro etadigan bola ham topildi. Bu ham o‘ziga xos omad. Necha-necha nomzodlarni kino sinovdan o‘tkazdik. Ma’ruf esa chinakamiga shu rolga mos keldi. Suratga olish jarayonida u o‘zining so‘zlariga qo‘shib, hatto mening gaplarimni ham yod olgandi. Zehni o‘tkir, tug‘ma iqtidori bor bola. U dublyajda ham o‘z roliga o‘zi ovoz berdi. Hamma ijodkorlar hayratda qoldik. Sira qiynalmay ovoz berish ishlarini uddaladi. Shu oddiy dalil ko‘rsatib turibdiki, yurtimizda iqtidorlar ko‘p. Faqat ularni topish lozim. Mamlakatimizda bunday bebaho boylikni asrab-avaylash va parvarishlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilyapti. Demak, yurtimizning kelajagi har jihatdan buyuk. Jumladan, kino va teatr san’atida ham olamni lol qoldiradigan mo‘‘jizalar ro‘y beradi. Men bunga ishonaman.
Nazokat Umarova suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 40-sonidan olindi.