OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Taypatov. Kitob – mo‘jiza (ocherk)

Eski do‘st

Uch-to‘rt yil burun ayrim sabablarga ko‘ra, bir necha kun kayfiyatim buzildi. Qon bosimim ko‘tarilib, tunda yaxshi uxlolmaydigan bo‘ldim. Vujudimni tushkunlik qopladi.
O‘zimni chalg‘itish uchun ulfatlar davralariga bordim. Ko‘ngilga yaqin kishilar bilan suhbatlar qurdim. Bu narsalar vaqtincha xushnudlik baxsh etib, biroz taskin bersa-da, biroq umumiy tushkun kayfiyatdan xolos qilmadi.
Shunda tasodifan qo‘limga bir kitob tushib qoldi. Vaqt o‘tkazish, tushkun kayfiyatdan qutilish uchun kitobni o‘qiy boshladim. Bir necha sahifadan so‘ng asardagi qahramonlar hayotiga, taqdiriga qiziqib, uni qanday tugatganimni bilmay qolibman. Keyin boshqasini o‘qishga tushdim.
Uyqum ham, qon bosimim ham me’yoriga keldi. Eng muhimi, kayfiyatim yaxshilandi. Badiiy asarning inson ruhiy dunyosiga beradigan beqiyos huzurini yana bir bor his qildim. Ko‘p vaqtdan buyon badiiy kitob o‘qimay qo‘yganim, bu eski do‘stimni unutganimga iqror bo‘ldim. O‘zimdan o‘zim ranjidim.
Shundan so‘ng tez-tez kitob do‘konlarini aylanadigan bo‘ldim. Kutubxonaga bordim. Yoshlikda o‘qigan kitoblarimdan uch-to‘rttasini "mazza qilib" qayta o‘qidim.
...O‘quvchilik davrimizda qishlog‘imizning bir chekkasidagi ko‘rimsiz, eski binoda mo‘‘jazgina kutubxona bo‘lardi. Biz maktabdan chiqqach, eng ko‘p boradigan manzilimiz shu joy edi. Kutubxonadagi barcha kitoblarni o‘qib chiqqan bo‘lsak-da, yana qaytadan mutolaa qilishdan erinmasdik. Albatta, badiiy kitoblar yetishmasdi. Yangi kelgan kitoblar qo‘ldan-qo‘lga o‘tib o‘qilardi. O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti, jahon yozuvchilari ijodi bilan biz qishlog‘imizning shu kichik kutubxonasida tanishganmiz.
Qishlog‘imiz tuman markazidan ancha uzoqda. Goh-goh markazga borganimizda, birinchi navbatda, kitob do‘konlariga kirar va, albatta, besh-o‘nta kitob olib qaytardik.

Kitob o‘qimaydigan mutaxassis

Bir kuni hamkasblar keyingi paytlarda odamlarning kitob o‘qimay qo‘yganligi, maza-matrasiz kinolar ko‘payib ketayotganligi haqida suhbatlashib qoldik. Qo‘shni tahririyatga yaqinda ishga kelgan yosh jurnalist yigit bizning suhbatimizdan zerikdi, shekilli:
– Hozir kitob o‘qish shart emas! – dedi bepisand ohangda.
– Nega? – Baravariga ajablanib so‘radik.
– Masalan, mana men umrimda ikkita kitob o‘qiganman, xolos. Ammo tengqurlarimning hammasidan zo‘rman: mashinam bor, uyim bor, Toshkentda ishga qoldim.
– Qanaqa kitoblar o‘qigansiz? – kinoyali so‘radi davradagilardan biri.
– "Sariq devni minib"... – Muallifini eslolmadi u.
– Ikkinchisi?
Yosh hamkasbimiz boshini qashladi. Birozdan so‘ng:
– Yodimga tushmadi, – dedi pinagini ham buzmay.
Ustimdan kimdir bir paqir sovuq suv quyib yuborganday muzlab ketdim. Yuragimda og‘riq sezdim.
Shu suhbatdan so‘ng ba’zi bir yosh hamkasblarimning quruq, hissiz, rasmiy hisobot tarzidagi "uslub"lari sirini anglaganday bo‘ldim. Badiiy kitob o‘qimaydigan bunday mutaxassislarning ahvoliga achinaman.

O‘qish va yozish zavqi

Inson havosiz, suvsiz, nonsiz yashay olmaganidek, kitobsiz ham umr kechirolmaydi. Badiiy adabiyotning inson ma’naviy dunyosiga ta’siri benihoya katta. Adabiyot qalbni tarbiyalaydi. Adabiyotga oshno insonning dili mehr-muhabbatga to‘liq bo‘ladi. Adabiyot insonni kurashga, yuksak maqsadlar bilan yashashga, xalqparvar, vatanparvar bo‘lishga undaydi, bunyodkorlik, yaratuvchilikka da’vat etadi. Goho davralarda bugungi yoshlar haqida gap ketib, ulardan nolish boshlanganda, men yoshlarning bizdan ustun jihatlariga e’tiborni qarataman. Ular kompyuterni yaxshi biladi, xorijiy tillarni o‘zlashtirgan... Sport va san’at, ilm-fan sohasida farzandlarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlardan g‘ururlanamiz. Biroq, nazarimda, badiiy asar o‘qish, kitobxonlik masalasi sal kamayganday tuyuladi.
Buning bir qator ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor, albatta. Shulardan biri kino, televidenie, kompyuterning hayotimizdan keng o‘rin egallaganidir. Qo‘limiz bo‘sh bo‘ldi deguncha, televizor murvatini buraymiz. Uyqudan turgach, to ishga ketguncha, ishdan qaytib, to uyquga yotguncha ermagimiz teleekran. Ishxonada esa uzzukun tikilganimiz kompyuter. Yosh bolalarni aytmaysizmi, maktabdan keliboq kompyuter oldiga o‘tiradi. Na ovqat yeydi, na suv ichadi, bilgani kompyuter o‘yinlari.
To‘g‘ri, televidenie, kompyuter insoniyat yaratgan eng katta mo‘‘jizalardan biri. Ammo bu vositalarning ijobiy tomonlari bilan birga salbiy jihatlari ham borligini aslo yoddan chiqarmaylik. Gohida xizmat yuzasidan turli idoralarga kirganimizda po‘rim kiyingan, tili biyron yigit-qizlarning ona tilida ikki jumlani bir-biriga qo‘sholmay, yarim varaq xatni yoza olmay terga botib o‘tirganini ko‘ramiz. Shunda badiiy asar o‘qimaydigan mutaxassisning fojiasi negizini anglaganday bo‘laman.
Kitob o‘quvchiga beqiyos ma’naviy zavq berish bilan birga, unda yozma nutq ko‘nikmasini shakllantiradi. Yozish insonga beradigan huzur esa kitob o‘qilganda tuyilgan ma’naviy huzurdan bir necha barobar ortiqdir. So‘zning ma’nosini, tovlanishlarini, ohangini, rangini, qudratini his qilgan odam nafaqat bilimli, savodli, balki jamiyatga kerakli kishidir. U Vatan ravnaqiga juda katta hissa qo‘shishi mumkin va bunday insonning elga nafi ko‘proq tegadi.

Kutubxona qurgan muallim

O‘z mablag‘i hisobiga kutubxona qurgan otaxon haqida eshitganimda, ko‘pchilik qatori meni ham biroz ajablanish, biroz hayratlanish tuyg‘ulari qamrab oldi. Bu odam bilan tanishish, kutubxonasini ko‘rish istagi paydo bo‘ldi. Surishtirsam, u kishini nafaqat Qashqadaryoda, balki butun mamlakatimizda ko‘pchilik ziyolilar yaxshi bilishar, bu ma’naviyat jonkuyari haqida qator ommaviy axborot vositalarida maqolalar ham chop etilgan ekan.
Bugun shaharu qishloqlarimizda har qadamda qad rostlab turgan biri-biridan ko‘rkam to‘yxonayu choyxonalar, savdo do‘konlariyu aholiga turli xil xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Bular mustaqillik bergan sharoit va imkoniyatlar tufayli xalqimizning turmushi kun sayin farovonlashib borayotganidan bir nishonadir.
Xo‘sh, oddiy qishloq muallimi Xolboy Xonqulov nega har kuni foyda kelib turadigan savdo do‘koni, to‘yxona yoki oshxona emas, aynan kutubxona qurdi?
– Bolaligimdan kitobga mehr qo‘ydim. Shu mehr, havas tufayli Toshkentda o‘qib, oliy ma’lumot oldim. Butun umr maktabda o‘zbek tili va adabiyotidan yoshlarga saboq berdim. Ularda kitobga, ilm-fanga mehr uyg‘otishga harakat qildim. O‘quvchilarimni yaxshi inson, malakali mutaxassis bo‘lib el-yurtimizga xizmat qilishga da’vat etdim, – deydi otaxon. – Nafaqaga chiqqach, bunday qarasam, uyimda bir dunyo kitob yig‘ilib qolibdi. O‘zim yillar davomida sotib olganman, farzandlar olib kelishgan. Bulardan odamlar bahramand bo‘lsin, dedim. O‘g‘il-qizlarimni yig‘ib, ularga maslahat soldim. Farzandlarim niyatimni ma’qullashdi.
Kasbi tumani hokimligi rahbarlari oilamiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, kutubxona qurish uchun yer ajratib berishdi. Ba’zilar o‘zi bir oddiy muallim bo‘lsangiz, pulni qaerdan oldingiz, deya so‘rashadi mendan. Tomorqamiz keng-mo‘lgina. Kattagina bog‘imiz, chorvamiz bor. Shularning daromadidan jamg‘arib qo‘ygan pulim bor edi. Kamiga bankdan kredit oldik. Farzandlarim, hamqishloqlar ham qarab turishmadi...
Qatag‘on qishlog‘ida o‘n mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ikkita umumta’lim maktabi, ikkita qishloq vrachlik punkti bor. Xolboy otaning kutubxonasi hamisha maktab, kollej o‘quvchilari, kitobxonlar bilan gavjum. Mo‘‘jazgina kutubxona 20 mingdan ziyod kitob fondiga ega. Bu yerda ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, ilm-fanga oid o‘quv qo‘llanmalari, badiiy adabiyotlar va bolalar uchun kitoblar tartib bilan javonlarga terib qo‘yilgan. O‘quv zali zamonaviy mebellar, isitish va sovutish uskunalari bilan jihozlangan. Uch dona kompyuter o‘quvchilar ixtiyorida. Ba’zi kitoblarning elektron shakllari ham mavjud.
Kutubxona fondi yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Chunki o‘qituvchilar, jurnalistlar, nashriyotlar bu mo‘‘jaz ma’rifat maskaniga tez-tez kitoblar sovg‘a qilishadi. Yozuvchi va shoirlar yangi chop etilgan asarlaridan namunalar jo‘natib turishadi.
Bir kuni viloyat markazidan bir odam keldi. Kutubxonadagi kitoblarni sanab, bugungi bahoda narxlab, hisob-kitob qilib chiqdi. So‘ngra Xolboy otaga taklif qildi: falon million so‘m beraman, kitoblaringizni menga soting, boyib ketasiz, otaxon, dedi. Balki u bir olibsotardir, balki muallimning o‘ziga o‘xshagan kitob “jinni”sidir. Ammo Xolboy ota ko‘p o‘ylab o‘tirmay, uni ziyo maskanidan haydab chiqardi.
“O‘zingiz o‘ylang, Prezidentimiz ma’naviyat, ma’rifatga qanday yuksak darajada e’tibor berayaptilar. Shunday paytda biz – o‘qituvchilar, ziyolilar u kishiga kamarbasta bo‘lib, baholu qudrat qo‘limizdan kelguncha yordamlashsak, yurtimiz yanada obod bo‘lib, xalqimiz farovon yashaydi-ku! Axir, bugun ozod Vatanimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar zamirida ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat turibdi-ku!” deydi X.Xonqulov.
– Kutubxonaga tez-tez kirib turaman, – deydi Qatag‘on qishloq vrachlik punkti shifokori Nurali Ochilov. – Bu yerda Prezidentimizning asarlari, O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasining barcha jildlari, markaziy gazetalar taxlamlari, ilm-fan, tariximizga, zamonaviy tibbiyotga oid kitoblarni ham topish mumkin. Biz shunday fidoyi, jonkuyar, kitobsevar hamqishlog‘imiz borligi bilan faxrlanamiz!
Kutubxona 2010 yildan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda. Xolboy ota Xonqulovning ezgu niyatlari ko‘p. O‘zi bosh bo‘lib qurayotgan ikki qavatli “Yoshlar markazi” binosi ishga tushgach, bu yerda yoshlar uchun har xil to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallagan.
Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida shunday yozadi: “Xalqimiz doimo ma’naviy jasorat hissi bilan yashagan va bu ulug‘ tuyg‘u uning hayotida yillar, asrlar o‘tgani sayin tobora kuchayib, yuksalib bormoqda. Chunki xalq ma’naviyati shunday bir buyuk ummonki, har qaysi avlod undan kuch-qudrat, g‘ayrat va ilhom olib, o‘zining naqadar ulkan ishlarga qodir ekanini namoyon etadi”.
Qashqadaryoning olis bir qishlog‘ida butun umr yiqqan-terganiga kutubxona qurib, odamlarga ziyo, ma’rifat tarqatayotgan oddiy muallim, jonkuyar insonning ma’naviy jasorati ana shu fikrlarning amaliy isboti bo‘lib ko‘rinadi bizga.

2014 yil 24 fevralda O‘zAdan uzatilgan.
”Ma’rifat”,”Turkiston”,”Qishloq hayoti” gazetalarida chop etilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.